Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Iyul, 2025   |   1 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:36
Quyosh
05:13
Peshin
12:35
Asr
17:36
Shom
19:50
Xufton
21:19
Bismillah
26 Iyul, 2025, 1 Safar, 1447

HOMILADOR YoKI EMIZIKLI AYoL RO'ZA TUTIShI MUMKINMI?

08.04.2021   7807   3 min.
HOMILADOR YoKI EMIZIKLI AYoL RO'ZA TUTIShI MUMKINMI?

— Emizikli bolam bor. Bunday holda ro'za tutsam bo'ladimi?

— Bismillahir Rohmanir Rohim. Homilador yoki emizikli ayol ro'za tutganda bolasiga yoki o'zining joniga zarar etishidan qo'rqsa, ro'za tutmaydi va keyinchalik ro'zaning qazosini tutib beradi. Bu haqda fiqhiy manbalarimizda bunday deyiladi: “Homilador va emizikli ayol o'z joniga yoki bolasiga zarar etishidan qo'rqsa, ro'zani ochadi va (imkon bo'lganda) qazosini tutadi. Ularga ro'zani ochgani uchun kafforat lozim bo'lmaydi. Zero, “Hulosa” kitobida shunday deyilgandir” (“Fatavoi hindiya”).

Boshqa bir manbada bunday deyiladi: “Homilador va emizikli ayol bolasi yoki o'ziga zarar etishidan qo'rqsa, ro'zani ochishi joiz. Bu ruxsat qiyinchilikni ketkazish uchundir. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh musofirdan ro'zaning (hammasini) va namozning yarmini, homilador va emizikli ayoldan ro'zaning (hammasini) ko'targan”, deganlar (Imom Nasaiy Anas ibn Molikdan rivoyat qilgan).

Homilador yoki emizikli ayolning ro'zani ochishi zarardan qo'rqishga bog'lab qo'yildi. Bu qo'rquv yo tajribalar natijasida paydo bo'lgan kuchli gumon bilan yoki musulmon, mohir tabibning xabar berishi bilan yuzaga keladi. “Fatavoi Zohiriya” kitobida shunday kelgan. Agar homilador yoki emizikli ayol bolasi yo o'zining joniga zarar etishidan qo'rqmasa, ro'zani ochishiga ruxsat berilmaydi” (“Bahrur-roiq”).

Demak, homilador yoki emizikli ayol ro'za tutsa bolasiga yoki o'zining joniga zarar etishini tajriba orqali bilsa, yoki buni tajribali, bilimdon musulmon (din-diyonatli) tibbiyot xodimi xabar bersa, ro'za tutmaydi. Imkon topganda qoldirilgan kunlarni har bir kuniga bir kundan qazosini tutib beradi.

Shuni ham ta'kidlab o'tish kerakki, homilador va emizikli ayollar ro'za tutmaganlari uchun fidya bermaydilar. Chunki ular kelajakda ro'zaning qazosini tutishga qodir hisoblanadilar.

Homilador va emizikli ayollar farzandi yoki joniga zarar etmaydigan bo'lsa, ro'za tutishlari shartdir. Ularga yuqoridagi ruxsatlar tegishli hisoblanmaydi. Ayniqsa bolalari taom eyishga o'rgangan emizikli ayollar bu borada taqvo bilan ish tutishlari lozim.

RAMAZON-2021
Boshqa maqolalar

Bunday holatda namoz qaytadan o‘qiladimi?

21.07.2025   5104   1 min.
Bunday holatda namoz qaytadan o‘qiladimi?

Savol: O‘qilgan namozimdan ko‘nglim to‘lmadi. Shu namozni qayta o‘qishim kerakmi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu masalaning biroz tafsiloti bo‘lib, unga ko‘ra namoz quyidagi holatlarda qayta o‘qilishi lozim:
•  Namozda biror farz amal bajarilmay qolib ketgan bo‘lsa;
•  Namozda biror vojib amal qasddan bajarilmay qolib ketsa;
•  Namozda biror vojib amal unutib bajarilmasa va namoz oxirida sajdai sahv ham qilinmay tugatilgan bo‘lsa.

Agar namozda sunnat amallar tark qilingan bo‘lsa yoki namoz makruhlik bilan o‘qilgan bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qish vojib emas, balki mustahab  (chiroyli sanalgan) ish hisoblanadi. Ushbu holatda qaytadan o‘qimasa ham gunohkor sanalmaydi.
Savolda so‘ralgan holatga kelsak, ko‘ngil to‘lmasligi yuqorida sanab o‘tilgan farz yoki vojib amal tark qilingan holatlar sababli bo‘lsa, namoz qayta o‘qilishi kerak. Ammo haqiqatda sobit bo‘lmagan shubha-gumonlar, vasvasalar sababli ko‘ngil to‘lmayotgandek bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qilmaydi. Chunki ko‘p hollarda “ko‘nglim to‘lmayapti”, deb namozni qayta-qayta o‘qiyverish insonni o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi va vasvasa kasaliga chalinishiga olib keladi.

Shunday ekan, namozda bajariladigan farz, vojib, sunnat amallar haqida yaxshi o‘rganish, eng asosiysi turli xayollarga chalg‘imasdan namozni e’tibor bilan ado etish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.