«The New York Times» gazetasi o'z veb-sahifasida bir hafta davomida O'zbekiston haqida interaktiv viktorina o'tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
«O'zbekiston to'g'risida qanchalik ko'p bilasiz?» mavzusidagi viktorinada mamlakatimiz tarixi, geografiyasi, iqtisodiyoti va ekologiyasi to'g'risida to'rtta savol berilgan. Hususan, «The New York Times» veb-sayti o'quvchilari O'zbekiston chorrahasi bo'lgan 2 ming yillik savdo yo'lining nomini topishi kerak edi. Ushbu savolga javob berar ekan, o'quvchi mamlakatimiz Rim va Hitoyni birlashtirgan Ipak yo'lining markazida joylashganidan xabardor bo'ldi. Ushbu yo'l erkin madaniyatlararo almashinuv ramzi bo'lib, u orqali Hitoy qog'ozi (ahamiyati jihatidan komp'yuter yaratilishiga teng ixtiro) G'arbga, O'rta asrlar Yevropasiga etib borgan.
Geografiya bo'yicha savolda o'quvchilar O'zbekiston poytaxti haqidagi bilimini sinovdan o'tkazdi. Nashr Toshkent nafaqat qadimiy islom me'morchiligi, balki zamonaviy bunyodkorlik namunalarini ham o'zida mujassam etganini ta'kidlagan. Hususan, 1977 yilda ochilgan Toshkent metropoliteni Markaziy Osiyodagi ikkita er osti transport tizimidan biri ekani qayd etilgan. Metro bekatlarining aksariyati turli mavzular aks etgan milliy mozaika va qandillar bilan bezatilgan.
Navbatdagi savol O'zbekiston iqtisodiyotiga bag'ishlangan. Nashrda ta'kidlaganidek, bugun mamlakat hukumati inson huquqlarining eng ko'p tarqalgan ko'rinishi - paxta dalalarida majburiy mehnatga qarshi izchil kurashmoqda. Ilgari paxta yig'im-terimi paytida 1 millionga yaqin odam majburan terim mavsumiga jalb qilingani aytilgan.
Interaktiv viktorina yakunida mualliflar Orol dengizining asta-sekin qurib borayotganiga ham alohida e'tibor qaratgan. Ta'kidlanishicha, Orolning qurishi sobiq sovet tuzumi davrida, qurg'oqchilikka qaramasdan, Markaziy Osiyoda qishloq xo'jaligini sanoatlashtirish to'g'risida qaror qabul qilingan paytda boshlangan. Amudaryo va Sirdaryo suvlari bug'doy va paxta dalalariga yo'naltirilgan. Shuningdek, iqlim o'zgarishi ham mintaqadagi suv tanqisligini keltirib chiqarmoqda.
Bugungi kunda dengiz qurishi oqibatida qumloqqa aylangan sobiq Mo'ynoq porti mintaqaning diqqatga sazovor joylaridan biriga aylanmoqda. Sayyohlar bu erga kemalar «qabristoni»ni ko'rish va Instagramga selfi tushish uchun keladi. Qachonlardir dengiz suvi to'lqinlari yuvib turgan qirg'oqlarda bugungi kunda dinozavr suyaklarini eslatadigan, zanglagan va tashlandiq trauler va kema qoldiqlari qolgan, xolos.
Ma'lumot uchun, «The New York Times» AQShning 1851 yildan beri nashr etib kelinayotgan eng yirik kundalik gazetalaridan biridir. Gazeta 127 marta Pulittser mukofotiga sazovor bo'lgan. Nashr veb-saytiga oyiga 30 million o'quvchi tashrif buyuradi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Alloh taolo aytadi: “Kim Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur”, (Taloq surasi, 2-oyat).
Izoh:
- Ibn Abbos roziyallohu anhu oyati karimaning “chiqish yo‘li” qismini “dunyo va oxiratdagi har turli tashvishlardan uni qutqaradi”, deb tafsir qilganlar.
- Ali ibn Solihga ko‘ra, “chiqish yo‘li” Alloh taoloning o‘sha bandaga rizq berish bilan uni xushnud etishidir.
- Kalbiy oyatni bunday tafsir qiladi: “Kim musibat paytida sabr qilib, Allohdan qo‘rqsa, Parvardigor unga do‘zax otashidan jannat sari bir chiqish yo‘li ko‘rsatadi”.
- Abul Oliya oyatni: “Turli mashaqqat va tashvishlardan chiqish yo‘li”, deya sharhlagan bo‘lsa,
- Rabi’ ibn Haysam: “Odamni siqadigan hamma narsadan unga chiqish yo‘li ko‘rsatadi”, shaklida tafsir qilgan.
- Husayn ibn Fazlga ko‘ra, oyat tafsiri bunday: “Kim farzlarni ado etish borasida Allohdan qo‘rqsa, Alloh unga jazolanishdan qutulish yo‘lini ko‘rsatadi”.