Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Iyul, 2026   |   12 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:36
Quyosh
05:07
Peshin
12:35
Asr
17:36
Shom
19:51
Xufton
21:19
Bismillah
26 Iyul, 2026, 12 Safar, 1448

Internetdagi tahdidlardan saqlanaylik

08.04.2021   3335   3 min.
Internetdagi tahdidlardan saqlanaylik

Hammamizga ma'lumki, 21-asr axborot asridir. Bu asrda axborot texnologiyalari shu darajada rivojlandiki, dunyoning bir chekkasidagi voqea shu zahotiyoq keng jamoatchilikka etib boradi. Axborotning bunday tezlikda tarqalishiga internet global tarmog'ining kashf qilinishi sabab bo'ldi. Hozirgi davrda hayotni internetsiz tasavvur qilish qiyin. Albatta, axborot etkazishda, inson bilim doirasini kengaytirishda, biznes olamida va boshqa sohalarda uning o'rni beqiyos. Lekin internet omma mafkurasini buzishda, buzg'unchi g'oya va aqidalarni tarqatishda, inson ongini zaharlashda ham qora kuchlarni asosiy targ'ibot manbasi bo'lib qolmoqda. Global tarmoqning salbiy xarakterga ega bo'lgan bir necha omillari borki, bu omillar har bir inson uchun asosiy xatar hisoblanadi. Biz quyida ana shu omillarning ba'zilarini sanab o'tamiz. 

1.Sog'lom e'tiqodga tahdid.

Internet ayniqsa, yoshlarni sog'lom e'tiqodiga tajovuz qiluvchi manbalar makonidir. U erda o'zlarini “do'st sanovchi” yoki “hidoyatga boshlovchi” qilib ko'rsatuvchilar ko'p. Aslida ularning din ilmidan xabarlari yo'q. O'z rahnamolaridan eshitganlarini takrorlashdan nariga o'tmaydilar. Ular o'z johilliklari bilan boshqalarni ham jarga etaklaydilar. Bunday aqidaparast oqimlar targ'ibotini olib borayotgan saytlar soni ma'lumotlarga ko'ra 7000 dan oshgan. “Al-Qoida”, IShID kabi terroristik tashkilotlarning targ'ibot manbalarining asosiy qismi internetga to'g'ri keladi. Afsuski butun dunyo bo'ylab ilmsiz, e'tiqodsiz yoshlar ularning o'ljalariga aylanmoqda. 

2.Turli fitnalar makoni.

Internet xalqlar, millatlar orasida nizo keltirib chiqaruvchi manbalar makonidir. Ular ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar orqali keng faoliyatni yo'lga qo'yishgan. U erda yolg'on-yashiq, irqiy kamsitilishga sabab bo'luvchi xabarlar tarqatiladi va kishilarni ommaviy norozilik uyushtirishga chaqirib fitna qo'zg'ashga harakat qilinadi. Fitna har bir rivojlanishga intilayotgan davlat uchun katta halokatdir. Shuning uchun Alloh o'z kalomida: “Fitna qotillikdan ham ashaddiyroqdir”,  deb marhamat qiladi. Shuningdek, diniy tushunchalar ham buzib ko'rsatiladi. Ular “Shahid”, “Jihod”, “Hijrat” kabi tushunchalarni ba'zi savodsiz “olim” larning fatvolariga tayanib buzib talqin qilishadi. Shu yo'l bilan omma orasida diniy asosda nizo chiqarishga urinishadi. Bu ishlar esa dinimizda qat'iyan man qilingan ishlardir. 

3.Bekorchilik va buzuqlik o'chog'i.

Yoshlarning ko'p hollarda internetdan faqat ko'ngilochar manba sifatida foydalanishi achinarlidir. Bu inson uchun juda qadrli bo'lgan vaqtning behuda o'tishiga sabab bo'ladi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda behuda vaqt o'tkazish, keraksiz narsalarni tomosha qilish yoshlarning zehnini o'ldiradi, fikrlashini susaytiradi. Aslida, keraksiz narsalarga vaqt sarflash gunohdir. Payg'ambarimiz (s.a.v) hadislarida: “Behuda ishlarni tark etish kishi islomining go'zalligidandir”, deb marhamat qilganlar. Ommaviy madaniyatni, ayniqsa, buzuqchilikni targ'ib qiluvchi saytlar ma'naviyat uchun halokatlidir. Bunday saytlar kishilarni hissiz, atrofidagilarni qadrlamaydigan manqurtlarga aylantirib qo'yadi. Bunday buzuqchilikni doimiy ko'rish qalbni o'ldiradi. Hikmatlarda shunday deyiladi: “Ko'z bilan qilingan gunohning qalbga ta'siri katta.Chunki ko'z qalb bilan bog'liqdir”.

Yuqorida sanab o'tilganlar global tarmoqdagi xatarlarning ba'zilari xolos. Lekin ana shu “ba'zilari”ning ta'siriga berilib vayronkorlik bilan shug'ullanayotganlarni, bu vayronkorlik butun davlatlarni o'z domiga tortayotganligini guvohi bo'lib turibmiz. Bunday illatlardan saqlanish, yoshlarimizni saqlash o'zimizning qo'limizda. Shu yo'l bilan yurtimiz kelajagini, tinch hayotimizni asrash uchun kurashishimiz lozim.

 

F.Seytimmetov

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Suv ichishdagi 5 sunnat

23.07.2026   11381   1 min.
Suv ichishdagi 5 sunnat

1. Bismillohni aytish.

2. O‘ng qo‘lda ichish.

3. Dam olib, (idishning tashqarisida) nafas olib, uchga bo‘lib ichish.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam ichimlikda uch marta nafas olar edilar” (Imom Muslim rivoyati).

4. O‘tirib ichish.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Birortangiz tik turib ichmasin”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Doktor Abdurazzoq Kilyaniy aytadi: “Suvni o‘tirib ichish sog‘liq uchun foydalidir. Bunda insonning oshqozoni tinch va bo‘shashgan holatda bo‘ladi, bu esa o‘z navbatida suvni oshqozonga hech qanday to‘siqlarsiz to‘g‘ri kelib tushishini ta’minlaydi. O‘tirib ichilganda suv avval oshqozonga tushib, kislotali muhit bilan qorishadi, so‘ngra organizmdagi mikroblarni tozalaydi va o‘n ikki barmoq ichakka o‘tadi. Bu inson organizmini turli kasalliklardan himoyalanashiga sabab bo‘ladi. Inson tik turib suv ichganda esa, suv to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘n ikki barmoq ichakka o‘tib ketadi. Bu inson salomatligi uchun zararlidir”.

5. Ichib bo‘lgach, Allohga hamd aytish.

“Albatta, Alloh taolo banda taom yeb Unga hamd aytganidan, ichimlik ichib, Unga hamd aytganidan rozi bo‘ladi” (Imom Muslim rivoyati).

Davron NURMUHAMMAD