O'zbekistonning Islom hamkorlik tashkilotidagi (IHT) doimiy vakili Ulug'bek Maqsudov tashkilotning Jidda shahridagi qarorgohida Bosh kotibning fan va texnologiyalar bo'yicha o'rinbosari Asqar Musinov bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Suhbat chog'ida O'zbekiston va IHTning fan va texnologiyalar sohasidagi hamkorlik istiqbollari, Prezident Shavkat Mirziyoevning 2017 yili IHTning Ostonada bo'lib o'tgan fan va texnologiyalar bo'yicha birinchi sammitida ilgari surgan tashabbuslar bo'yicha qilinayotgan ishlar muhokama qilindi.
A.Musinov IHT bilan samarali hamkorlik uchun O'zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi. Hususan, IHTning Islomoboddagi Ilmiy-texnologiya bo'yicha hamkorlik doimiy qo'mitasi (COMSTECH) bilan hamkorligini qo'llab-quvvatlashini, respublikamizda har yili o'tkaziladigan robototexnika bo'yicha xalqaro musobaqalarni yuqori baholashini qayd etdi.
Bosh kotib o'rinbosari O'zbekistonning tashabbuslarini IHT qo'llab-quvvatlashini ta'kidladi. Uning so'zlariga ko'ra, Samarqandda davlatlararo teleskop o'rnatilishi va O'zbekistonda oltita yuqori ko'rsatkichli komp'yuter markazlaridan birini joylashtirish tashabbusi Tashkilot tomonidan qabul qilingan “IHT fan, texnika va innovatsiya sohasidagi harakat dasturi – 2026”ning maqsad va vazifalariga mos keladi.
Suhbatdoshning ma'lum qilishicha, IHTning fan va texnologiya bo'yicha ikkinchi sammiti joriy yil 16 iyun' kuni videoanjuman shaklida Birlashgan Arab Amirliklari o'tkazishi va unda “IHT fan, texnika va innovatsiya sohasidagi harakat dasturi – 2026” bo'yicha amalga oshirilgan vazifalarni bugungi kun talabiga moslashtirish ko'zda tutilgan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Yomg‘irdan keyin nogironlik aravachasida ko‘chaga chiqqan onaxon yo‘ldagi ko‘lmakda yotgan non bo‘lagini ko‘rib, olib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Ammo yo‘l o‘rtarog‘iga yetganida aravachaning oyog‘i bir chuqurga tushib, siqilib qoldi.
Ko‘chadan tezlikda o‘tayotgan bir moshinaning onaxonga suv sachratib o‘tgani mayli, non bo‘lagini bosib ketganidan dili xufton bo‘ldi. Avtoulov sal nariga borib to‘xtadi. So‘ng orqalab onaxonning yaqiniga qaytdi. Undan bir yigitcha tushib, boshini biroz egib, aybdorona qiyofada onaxonning oldiga keldi.
– Men sizga suv sachratib o‘tdim, shekilli. Kechiring, hoji ona, telefonga chalg‘ibman.
Yigit onaning biroz titrab turgan qo‘llaridan tutib o‘pdi va peshonasiga surdi. Aravachani dast ko‘tarib yo‘lning chetiga oldi. Onaxon bir zumda erib tushdi. Yigitdan judayam minnatdor bo‘ldi va nasihat qildi:
– Menga sachragan suv-ku, qurib ketadi. Ammo sen nonni bosib o‘tding, bolam. Bizlar bolaligimizda to‘yib non yesak, o‘sha bizga katta bayram edi. O‘zing tarbiyali yigit ekansan, yo‘lda bunaqa tez haydama. Har narsaning uvoli bor, shuni unutma.
Yigit, “Xo‘p bo‘ladi”, der ekan, Ramazon oyining fazlidan dillar mum kabi erishini, qo‘ldan kelgancha yaxshilik qilish, odamlarning ko‘nglini ranjitmaslikka harakat qilish kerakligini dildan his etdi.
Akbarshoh Rasulov