Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) o'ta saxiy zot bo'lsalar-da, Ramazon kirishi bilan saxovatlari, yaxshiliklari yanada ortib ketar edi. Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhumo) aytadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) odamlarning eng saxovatlisi edilar. U zotning saxovatlari Ramazon oyida – har kecha Jabroil (alayhissalom) Qur'onni ta'lim berish uchun huzurlariga tushadigan paytlarda – ayniqsa, ziyoda bo'lardi. Darhaqiqat, Allohning rasuli (sollallohu alayhi va sallam) odamlarga muruvvat ko'rsatishda shiddat bilan esayotgan shamoldan-da tez edilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Afsuski, hayotimizdagi barcha mayda ishlarni ham e'tibordan chetda qoldirmay hisob-qitob qilamiz-u, biroq ramazon oyi rejasini tuzishni unutamiz. Oqibatda dunyo va oxirat uchun foydali bo'lgan yaxshilikdan beparvolik sababli mahrum bo'lamiz. Zero, oxiratning obodligi bu dunyoni obod qilish bilan boshlanadi. Abadiy saodatga erishish uchun ibodatlarni go'zal tarzda ado etishga odatlanish lozim. Shu sababli, mo'min-musulmonlarning Ramazon oyining har bir kunduziyu kechasini o'tkazish tartibini rejalashtirib olishlari maqsadga muvofiq.
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi
Shu yil 17 dekabr kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi «Xo‘jakent» jome masjidida navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy yig‘ilish o‘tkazildi.
Sayyor uchrashuvda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov, O‘MI Moliyaviy nazorat va tahlil bo‘limi boshlig‘i Islomiddin domla Zuhriddinov, Masjidlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Muzaffar domla Kamolov, Toshkent viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Musoxon domla Boboyev, viloyatning tumanlar/shaharlari bosh imom-xatiblari, shuningdek, Bo‘stonliq tumanidagi masjidlar imom-xatiblari, noiblar, “Haj – 2025” ziyoratchilari va mahalla faollari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda dastlab O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Inson qadri” kitobi taqdimoti o‘tkazildi. Unda Zayniddin domla Eshonqulov mazkur kitobning bugungi hayotimiz bilan naqadar uyg‘un ekani, dinimizda ham inson va uning qadr-qimmati ulug‘lanishi, har bir diniy soha xodimining bugungi kundagi faoliyati uchun dasturamal bo‘lishini alohida ta’kidlab o‘tdi. Ushbu kitob viloyatdagi barcha masjidlarga tarqatildi.
Tadbir davomida viloyat bosh imom-xatiblari va tuman-shahar bosh imom-xatiblari uchun namunaviy maxsus kiyim namunasi taqdimot qilindi. Unda chakmon, duxoba va milliy do‘ppilar namoyish qilindi.
Shuningdek, Toshkent viloyati, xususan, Bo‘stonliq tumanida 2025 yil davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Unda viloyatdagi imom-xatiblar faoliyatidagi yutuqlar e’tirof etilib, ba’zi kamchiliklar bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Sayyor yig‘ilish ishtirokchilari Bo‘stonliq tumanining 24 ta masjidi hamda 24 ta mahallasiga biriktirildi.
Imom-xatiblar 7 toifaga mansub 110 ta oilaga, otinoyilar 4 toifaga mansub 23 ta oilaga, umumiy hisobda 133 ta oilaga kirilib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot hamda amaliy yordam tadbirlari olib borildi.
3 ta xonadonda yot g‘oyalar ta’siriga moyil bo‘lgan fuqaro bilan suhbatlashildi, uning tushunchalari to‘g‘rilandi.
Notinch oilalar o‘rganilib, ular yarashtirildi.
Shuningdek, 10 ta xonadonda ichkilikka ruju qo‘ygan kishilar bilan suhbatlar o‘tkazildi.
Ma’naviy ko‘makka muhtoj 12 ta oila ila muloqot qilindi.
Muxtasar aytganda, birgina shu tadbir doirasida barcha jihat qamrab olindi.
Toshkent viloyatidagi navbatdagi sayyor yig‘ilish Yuqori Chirchiq tumanida o‘tkazilishi rejalashtirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati