Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) o'ta saxiy zot bo'lsalar-da, Ramazon kirishi bilan saxovatlari, yaxshiliklari yanada ortib ketar edi. Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhumo) aytadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) odamlarning eng saxovatlisi edilar. U zotning saxovatlari Ramazon oyida – har kecha Jabroil (alayhissalom) Qur'onni ta'lim berish uchun huzurlariga tushadigan paytlarda – ayniqsa, ziyoda bo'lardi. Darhaqiqat, Allohning rasuli (sollallohu alayhi va sallam) odamlarga muruvvat ko'rsatishda shiddat bilan esayotgan shamoldan-da tez edilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Afsuski, hayotimizdagi barcha mayda ishlarni ham e'tibordan chetda qoldirmay hisob-qitob qilamiz-u, biroq ramazon oyi rejasini tuzishni unutamiz. Oqibatda dunyo va oxirat uchun foydali bo'lgan yaxshilikdan beparvolik sababli mahrum bo'lamiz. Zero, oxiratning obodligi bu dunyoni obod qilish bilan boshlanadi. Abadiy saodatga erishish uchun ibodatlarni go'zal tarzda ado etishga odatlanish lozim. Shu sababli, mo'min-musulmonlarning Ramazon oyining har bir kunduziyu kechasini o'tkazish tartibini rejalashtirib olishlari maqsadga muvofiq.
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Kim ikki iyd kechalarini Allohdan savob umidida qoim qilsa, qalblar o‘ladigan kunda uning qalbi o‘lmas", dedilar (Ibn Moja va Tobaroniy rivoyati).
Ramazon hayitiga o‘tar kechaning butunlay yoki bir qismini, xususan kechasining uchinchi qismini Qur’on tilovati, zikr, tasbih va nafl namozlar bilan bedor o‘tkazish ko‘plab yaxshiliklarga, ulkan savoblarga sabab bo‘ladi.