Habar berganimizdek, Eron tashqi ishlar vaziri Toshkentda qurilayotgan Islom tsivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, u muzey, ko'rgazma zallari, katta kutubxona, arxiv, axborot texnologiyalari markazi, qo'lyozmalar bo'limlari, xattotlik, islom merosi saqlanadigan joy, qo'lyozmalarni tiklash laboratoriyasi va boshqalarni o'z ichiga oladi.
Javod Zarif ushbu loyiha yoshlarga islom tarixi va sof qadriyatlari bilan tanishishga yordam berishini aytdi.
Shuningdek, u markaz islomiy qadriyatlarga ishonchni mustahkamlashini, ekstremizmga qarshi kurashda yordam berishini va islomning zo'ravonlik ila talqin qilinishining oldini olishini ta'kidladi, deya xabar beradi Tasnim News.
Markaz rahbari Shoazim Minovarov vazir janoblariga islom qo'lyozmalarini asrab-avaylash va tarqatish maqsadida butun dunyo islom tadqiqotchilari uchun barpo etilayotgan Islom tsivilizatsiyasi markazi haqida ma'lumot berdi.
Ma'lumot uchun, Eron tashqi ishlar vaziri Javod Zarif Markaziy Osiyo davlatlariga safar qilmoqda. O'zbekistondan keyin Qirg'iziston, Qozog'iston va Turkmanistonga ham tashrif buyuradi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Kuni kecha mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan muhtaram Prezidentimiz tomonidan yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan bir guruh vatandoshlarimiz taqdirlandi.
Eng quvonchlisi shuki, tadbirda diniy-ma’rifiy sohada fidokorona xizmat qilib kelayotgan, xalqimizning ma’naviy yuksalishiga beqiyos hissa qo‘shayotgan taniqli ulamolarimiz va faxriylarimizning zahmatli mehnatlari yuksak darajada e’tirof etildi!
Xususan, Diniy idora tizimida uzoq yillardan beri samarali xizmat qilib kelayotgan ustozlardan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Faxriylar kengashi raisi Shayx Abdulaziz Mansur, Samarqand viloyati Payariq tumani "Imom al-Buxoriy" jome masjidi faxriy imomi Mahmudjon domla Ibodullayev, Buxoro viloyati Kogon tumani "Bahouddin Naqshband" jome masjidi imom-xatibi Abdug‘ofur domla Razzoqov "Imom Buxoriy" ordenini Davlatimiz Rahbaridan qabul qilib olishdi.
Ustozlarning ilmiy-ma’rifiy faoliyati, xalq ichida ma’rifat ulashishdagi fidoyiliklari davlatimiz tomonidan yuksak qadrlangani butun diniy-ma’rifiy sohada mehnat qilayotganlar uchun katta faxr va sharafdir.
Ushbu voqea Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga, milliy qadriyatlarimizni avaylab-asrash hamda rivojlantirishga qaratilayotgan izchil va xayrli siyosatning amaliy ifodasidir.
Xalqimizda qadimdan ma’rifat ahlini ulug‘lash, ularning zahmatli mehnatini qadrlash ezgu an’ana sanaladi. Islom ta’limotida ham ilm egalariga alohida maqom va hurmat bilan qaraladi. Zero, Imom Termiziy bobomiz rivoyat qilgan hadisi sharifda: «Ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir», deyilgan.
Ulamolarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tiborning nechog‘li xayrli ekani quyidagi hikmatda ham o‘z ifodasini topgan. Ulug‘ zotlardan biri Tovus rahmatullohi alayh otasidan quyidagicha rivoyat qilgan: «To‘rt kishini hurmat qilish sunnatdir: olim, yoshi ulug‘ inson, podshoh va ota» (Imom Abdurazzoq rivoyati).
Mazkur yuksak mukofot milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash, Islom ma’rifatini keng targ‘ib etish, jamiyatda bag‘rikenglik va tinchlik-omonlikni bardavom saqlash yo‘lidagi ko‘p yillik xayrli xizmatlarning munosib e’tirofidir.
Davlatimizning bunday e’tibori diniy soha xodimlariga yanada ulkan mas’uliyat yuklaydi, ma’naviy yuksalish yo‘lidagi xayrli xizmatlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qiladi, insha Alloh.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati