Bismillahir Rohmanir Rohim.
Kasal yoki musofir kishilar, homilador yoki emizikli ayollar, ro'za tuta olmaydigan qariyalarga ro'za tutmaslikka ruxsat berilgan. Qur'oni karimda: “Bas, sizlardan kimki bemor yoki safarda bo'lsa, sanog'i boshqa kunlardandir. Madori etmaydiganlar zimmasida bir miskin kimsaning (bir kunlik) taomi fidyadir...”, deyilgan (Baqara surasi 184-oyat).
Ro'za tutsa, kasalligi ziyoda bo'lishidan qo'rqqan bemor, ro'za tutmaydi. Safardagi kishiga ro'zasi zarar qilmasa, ro'za tutgani afzal. Lekin ro'za tutmasa ham uzrli hisoblanadi, gunohkor bo'lmaydi.
O'zi yoki bola (homila)siga zarar etishidan qo'rqqan emizikli yoki homilador ayol ham, ro'za tutmaydi. Ro'za o'ziga yoki bolasiga zarar qilmaydigan emizikli va homilador ayollar, albatta, ro'zani qoldirmay tutadilar. Yuqorida sanalgan uzrli kishilarning barchasi Ramazondan keyin imkon bo'lishi bilan qolib ketgan kunlarning ro'zasini tutib beradilar.
Ro'za tuta olmaydigan qariyalar fidya, ya'ni, Ramazonning har kuniga bir miskinga bir kunlik taom yoki uning qiymatini beradilar. Ro'za tuta oladigan qariyalar odatdagidek ro'za tutaveradilar.
Hayz va nifos ko'rgan ayollar ham uzrli kunlarida ro'za tutmaydilar. Pok bo'lishlari bilan ro'zani tutib boshlaydilar. Qolib ketgan kunlarni Ramazondan keyin tutishadi. (“Hidoya”, “Ixtiyor”, “Fathu bobil inoya” kitoblari).
Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo hay'ati
O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida halol sanoati yo‘nalishidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda. Qishloq xo‘jaligi vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki mamlakat vakillari “Malaysia–Uzbekistan International Halal Fest 2027” xalqaro forumi va ko‘rgazmasini Toshkent shahrida o‘tkazish istiqbollarini muhokama qildilar.
Malayziyaning TWOJ CREATIVE SDN BHD kompaniyasi delegatsiyasi tomonidan taqdim etilgan loyiha halol sanoati ekotizimini rivojlantirish, xalqaro biznes aloqalarini mustahkamlash hamda yangi investitsiya loyihalarini shakllantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Rejalashtirilayotgan festival doirasida xalqaro ko‘rgazma, biznes-forum va B2B uchrashuvlari, halol oziq-ovqat, turizm, moliya hamda ishlab chiqarish yo‘nalishlariga bag‘ishlangan maxsus ekspozitsiyalar, investitsiya sessiyalari, madaniy dasturlar va mahsulotlar taqdimotlarini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu tadbir O‘zbekistonning halol mahsulotlar bozoridagi salohiyatini namoyish etish va mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi eksport imkoniyatlarini yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Muzokaralar davomida JAKIM standartlari asosida halol sertifikatlashtirish tizimini rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni xalqaro bozorlarga olib chiqish, fermer va tadbirkorlar uchun o‘quv-seminarlar hamda malaka oshirish dasturlarini tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi.
Tomonlar festivalni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar, oliy ta’lim muassasalari, biznes hamjamiyati hamda tarmoq uyushmalarini jalb etgan holda qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib oldilar.
Mutaxassislarning fikricha, “Malaysia–Uzbekistan International Halal Fest 2027” nafaqat ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlaydi, balki investitsiyalarni jalb etish, halol sanoati infratuzilmasini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadigan muhim xalqaro maydonga aylanishi kutilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati