Muqaddas dinimiz ayol-qizlarni yuksak qadrlaydi. Ularning sharafi, iffati va haq-huquqlarini mukammal ta'minlab bergan. Ayollarning har bir ezgu amali uchun ulug' ajru-mukofotlar, xushxabarlar va'da qilingan.
Qur'oni karimda: «Erkakmi yo ayolmi – kimda-kim mo'min bo'lgan holida biror ezgu ish qilsa, bas, Biz unga yoqimli hayot baxsh eturmiz va ularni o'zlari qilib o'tgan go'zal (solih) amallari barobaridagi mukofot bilan taqdirlaymiz» (Nahl surasi, 97-oyat).
Islom ayolga ta'lim olish va ma'naviy saviyasini oshirish haqqini berdi va erkaklarni bu ishga mas'ul qildi. Ilm talabi erkak vaayolga barobar farzligini, qizlarga va singillarga ta'lim-tarbiya bergan kishi jannatiy bo'lishini yaxshi bilamiz.
Payg'ambarimiz alayhissalom: “Qay bir kishining huzurida joriya bo'lsa-yu, u unga yaxshilab ta'lim bersa, yaxshilab odob bersa va so'ngra ozod qilib, unga o'zi uylansa, unga ikki hissa ajr bo'lur”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ayol kishi faqat ta'lim olish bilan emas, balki yosh avlodga ta'lim berish va boshqa ilmiy ishlar bilan mashg'ul bo'lishi ham lozim. Muslima ayollar ilm-fan va madaniyat sohasida ulkan yutuqlarga erishganlari hammaga ma'lum. Gapimiz quruq bo'lmasligi uchun misol ham keltiraylik.
Shifo binti Abdulloh roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Hafsaning oldida o'tirgan edim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kirib qolib, menga:“Bunga yozishni o'rgatganingdek, namila ruqyasini ham o'rgatmaysanmi?”dedilar»(ImomAbu Dovud, Imom Nasoiy va Imom Ahmad rivoyati).
Oysha onamiz hadis rivoyat qilish bo'yicha ikkinchi o'rinda turadilar. Ulkan sahobiylar o'zlari bilmagan narsalarini, hal qila olmay qolgan masalalarini Oysha onamizdan so'rar edilar. O'sha vaqtning sharoitida bu narsalar dunyo miqyosida katta o'zgarishlar edi.
Muslima ayolning jamiyat, siyosat va shariat maydonlarida ham keragicha o'z ulushi bo'lgan. Muslima ayolning to'g'ri fikrini, Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam ham, Alloh taolo ham eshitgan, qabul qilgan.
Payg'ambarimiz alayhissalom hijriy 6 yili 1400 sahoba bilan Madinadan Baytulloh ziyorati uchun borganlarida, Hudaybiya nomli joyda mushriklar yo'lni to'sishdi. O'sha erda sulh tuzilib, musulmonlar Ka'bani ziyorat qilmay qaytib ketadigan bo'ldilar. Nabiy alayhissalom sahobalariga bu gapni e'lon qilib: «Shu erda qurbonliklaringizni so'yib, sochlaringizni oldiringlar!» dedilar. Sahobalar og'rinib, bu ishni qilishdan norozi bo'ldilar. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam amrni uch marta qayta-qayta takrorlasalar ham, biror kishi qimirlamadi.
U zot g'oyat mahzun bo'lib, chodirga, jufti halollari Ummu Salama roziyallohu anhoning oldilariga kirdilar. Bo'lgan voqeani u kishiga aytib, o'tgan ummatlar ham shunday ishlar tufayli halok bo'lganligi, shuning uchun g'oyat tashvishda ekanliklarini qo'shimcha qildilar.
Shunda Ummu Salama roziyallohu anho u zot sollallohu alayhi va sallamga go'zal maslahat berdilar: «Ey Allohning Rasuli, amringiz bajarilishini xohlaysizmi? Tashqariga chiqing. Ulardan birortasiga bir kalima ham so'z aytmay, qurbonlik tuyalaringizni so'ying. So'ng sartaroshingizni chaqiring, sochingizni olsin», dedilar.
Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam Ummu Salama roziyallohu anho aytganlaridek qildilar. Buni ko'rgan sahobai kiromlar ham shoshib qurbonliklarini so'yib, sochlarini oldira boshladilar.
Bir muslima ayolning tadbiri ila Islom ummati halokatdan qutulib qoldi.
Islom ayollarning hurmat-ehtiromini o'rniga qo'yib, ayollik latofatlarini saqlab qolishlari uchun, ayollik vazifalarini to'liq ado etish orqali o'z jamiyatlariga, vatanlariga, dinlariga kerakli xizmatni ado etishlari uchun barcha sharoitni yaratib bergan.
Islom erkaklarga mos bo'lgan og'ir ishlarni ayollarga farz qilmagan. Lekin ayollarga xos ba'zi ishlarni erkaklarga xos ishlar ila tenglashtirib, ular bilan teng ajr olishni joriy qilgan. Misol uchun, ayollarning tug'ishdagi qiynoqlarini erkaklarning dushmanga qarshi jihodiga tenglashtirgan. Bu ma'nolar o'z haq-huquqini talab qilib chiqqan muslima ayollar sharofati ila Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam tomonlaridan bayon qilingan.
Ta'kidlash joizki, Islomda ayolning ishlashi man qilinmagan, balki bu masala ayol kishining, uning oilasining, jamiyatining manfaatlaridan kelib chiqib tartibga solingan.
Yosh bolalarni ta'lim va tarbiya qilish, xotin-qizlarga tibbiy xizmatlar ko'rsatish kabi ishlar ayollarning ishi hisoblanadi.
Hotin-qizlarni, bolalarni komillik sari etaklash vazifasi ayol ustozlar – otinlar zimmasida bo'lgan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, falakiyot ilmi bilimdoni Mirzo Ulug'bek, dunyo tibbiyotiga ustoz bo'lgan Abu Ali ibn Sinoning ulug' olim bo'lishlariga ma'rifatli ayollar, mo''tabar onalar sababchi bo'lgan. Navoiydek shoirlarni ham, Mirzo Boburdek hukmdorlarni ham ana shunday onalar tarbiyalashgan. Ushbu ilm darg'alarining bolalik yillariga nazar solinsa, boshlang'ich ta'limni go'daklik chog'larida onalaridan olishgani ma'lum bo'ladi.
Albatta, bunday shaxslar kamoloti zamirida mo''tabar va ma'rifatli ayol mehnati yotadi. Shoiralar murabbiyi Jahonotin Uvaysiy, ma'rifatparvar shoira Nodirabegim va dono maslahatchi Bibixonim kabi oqila momolarimiz yaxshi tarbiya ko'rganlari bois, o'z davrlarining mash'allari, xayrli va ulug'vor ishlarning yo'lboshchilari bo'lishgan.
Bugungi kunga kelib, ayollarimizning jamiyatdagi o'rni kengayib, oila mustahkamligi, farzand tarbiyasi kabi masalalarni o'rganish, turli salbiy oqibatlarning oldini olish ishlariga e'tibor kuchayib bormoqda. Ayollarning ilmiy salohiyatini yanada oshirish, ma'naviyati va ma'rifatini yuksaltirish orqaligina jamiyat taraqqiy topadi.
Zulayho SOATOVA,
Toshkent shahar bosh imom-xatibining
xotin-qizlar masalalari bo'yicha yordamchisi
Yurtimizda azaldan uch xil taqvim, hijriy, milodiy va dehqonchilik kalendari bilan ish yuritish odat tusiga aylangan. Yillar hisobini bilishimiz uchun Alloh Qur’oni karimning “Isro” surasi, 12-oyatida shunday zikr qiladi: “Kunduz alomatini esa, Rabbingizdan fazl (rizq) istashlaringiz uchun hamda yillar sanog‘ini va hisobini bilishingiz uchun yorug‘lik qilib qo‘ydik. Barcha narsani batafsil bayon qilib qo‘yganmiz”. Ulug‘ mufassirlarimiz mazkur oyatning “yillar sanog‘ini” qismini qamariy (Oy) taqvim bilan ish yuritish (binobarin, diniy yumushlarda), “yillar hisobini” qismini esa shamsiy (Quyosh) taqvim bilan ish yuritish (ayniqsa, dehqonchilikda) mazmunida tafsir qilib, fatvo yozib qoldirganlar.
Xalqimizning “Hamal kirdi – amal kirdi” degan maqoli juda mashhur. Hijriy-shamsiy taqvim bo‘yicha Quyoshning birinchi burjga va oyning o‘n ikki burjdan biri – Hamalga kirishi bilan “Navro‘z”, ya’ni “Yangi kun”, u bilan birga esa yangi fasl – bahor kirib keladi. Dehqonlarimiz bu imkoniyatdan foydalanib, erta bahordan pok niyatlar bilan yerga urug‘ qadaydilar.
Ulug‘larimiz fiqhiy kitoblarda xalqimizning an’anaviy hamda milliy bayramlarini, jumladan, Navro‘zni bayram tariqasida nishonlash haqida fatvo berganlar. Binobarin, “Fatovoi zahiriya”da shunday deyiladi: “Navro‘z uch xildir: Navro‘zi Jamshidiy, Navro‘zi Majusiy va Navro‘zi Sultoniy. Navro‘zi Sultoniyni o‘tkazmoqlik maqbuldir va hech dinga ziyoni yo‘qdur”.
Beruniy, Ibn Sino, Umar Xayyom, Chag‘miniy, Ulug‘bek kabi dunyoviy ilm sohiblari ham tun bilan kun barobar bo‘ladigan va Quyosh Hamal burjiga kiradigan kunni Navro‘z ayyomi sifatida nishonlash maqbul ekanligini ta’kidlashgan. Ulug‘ mutasavvif Hakim Termiziy “Solnoma” asarida, buxorolik buyuk faqih Abdulaziz ibn Moza “Al-Muhit ul-burhoniy fil-fiqh an-nu’moniy” qomusida Navro‘z haqida qimmatli ma’lumotlar qoldirishgan. Qadim Sharqda Quyosh qaysi burjga kirsa, oyga o‘sha burjdagi yulduzlar turkumi shakliga qarab nom berishgan. Jumladan, Hamal oyini – burj shakli homilador qo‘yga o‘xshagani uchun Hamal deb, Savr oyini – yulduzlar turkumi ho‘kizga o‘xshab ko‘ringani uchun Savr deb atashgan.
Shuni ta’kidlash joizki, o‘n ikki yil davomida ketma-ket bir-biriga o‘rin almashtirib keladigan muchal tushunchasi aslida “mo‘ljal” so‘zidan olingan. O‘n ikki yil davomida osmon jismlarining joylashishi qanday shaklni berishiga qarab, yillarga muchal nomlari berilgan.
Jumladan, yulduzlar turkumining sichqonga o‘xshashi yilning sichqon yili, sigirga o‘xshashi sigir yili va h.k. deb nomlanishiga asos bo‘lgan.
Ulamolarimiz mana shu o‘n ikki yilga o‘n ikki maqom berilganligi maxsus hujjat bilan tasdiqlashgan. Jumladan, Zayniddin Mahmud Vosifiy (vaf. 1554 y.) “Badoye’ ul-vaqoye’” (Ajoyib voqelar) nomli asarida muchal haqida nodir qaydlar yozib qoldirgan.
Abu Rayhon Beruniy o‘z asarlarida Navro‘zning yaratilishiga oid qimmatli fikrlarni keltiradi. Bu fikrlarning diqqatga sazovor tomoni shundaki, alloma Navro‘zni koinot va olam bilan bir butunlikda ta’riflaydi.
Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig” asarida bu holga shunday ta’rif bergan: “Sharqdan bahor nasimi esib keldi, olamni bezamoq uchun firdavs yo‘lini ochdi. Oq rang ketib, bo‘z yerni alvon rang qopladi, olam o‘ziga oro berib bezanmoq taraddudiga tushdi. Zerikarli qishni bahor nafasi haydadi, musaffo bahor yana o‘z hukmiga kirdi. Quyosh yana qaytib o‘z o‘rniga keldi, Baliq (Hut) dumidan Qo‘zi (Hamal) burjiga ko‘chdi. Uyquga kirgan daraxtlar yana yashil to‘n kiydi, ol, sariq, ko‘k, qizil rangli harir yopinchiqlar bilan bezandi”.
Navro‘z haqidagi fikrlar, afsona-asotirlar turlicha bo‘lishiga qaramay, bunyodkorlik, ezgulik, yasharish va obod etish kabi umumbashariy, mushtarak g‘oyalar ularni bog‘lab turadi. Zotan, Navro‘z butun insoniyat uchun uyg‘onish va yangilanish ayyomidir.
Abdulg‘afur domla Razzoqov,
Bahouddin Naqshband jome masjidi imom-xatibi