Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Mart, 2026   |   4 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:01
Quyosh
06:20
Peshin
12:34
Asr
16:50
Shom
18:43
Xufton
19:56
Bismillah
24 Mart, 2026, 4 Shavvol, 1447

Islom va ayol

06.04.2021   4578   7 min.
Islom va ayol

Muqaddas dinimiz ayol-qizlarni yuksak qadrlaydi. Ularning sharafi, iffati va haq-huquqlarini mukammal ta'minlab bergan. Ayollarning har bir ezgu amali uchun ulug' ajru-mukofotlar, xushxabarlar va'da qilingan.

Qur'oni karimda: «Erkakmi yo ayolmi – kimda-kim mo'min bo'lgan holida biror ezgu ish qilsa, bas, Biz unga yoqimli hayot baxsh eturmiz va ularni o'zlari qilib o'tgan go'zal (solih) amallari barobaridagi mukofot bilan taqdirlaymiz» (Nahl surasi, 97-oyat).

Islom ayolga ta'lim olish va ma'naviy saviyasini oshirish haqqini berdi va erkaklarni bu ishga mas'ul qildi. Ilm talabi erkak vaayolga barobar farzligini, qizlarga va singillarga ta'lim-tarbiya bergan kishi jannatiy bo'lishini yaxshi bilamiz.

Payg'ambarimiz alayhissalom: Qay bir kishining huzurida joriya bo'lsa-yu, u unga yaxshilab ta'lim bersa, yaxshilab odob bersa va so'ngra ozod qilib, unga o'zi uylansa, unga ikki hissa ajr bo'lur”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Ayol kishi faqat ta'lim olish bilan emas, balki yosh avlodga ta'lim berish va boshqa ilmiy ishlar bilan mashg'ul bo'lishi ham lozim. Muslima ayollar ilm-fan va madaniyat sohasida ulkan yutuqlarga erishganlari hammaga ma'lum. Gapimiz quruq bo'lmasligi uchun misol ham keltiraylik.

Shifo binti Abdulloh roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Hafsaning oldida o'tirgan edim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kirib qolib, menga:Bunga yozishni o'rgatganingdek, namila ruqyasini ham o'rgatmaysanmi?dedilar»(ImomAbu Dovud, Imom Nasoiy va Imom Ahmad rivoyati).

Oysha onamiz hadis rivoyat qilish bo'yicha ikkinchi o'rinda turadilar. Ulkan sahobiylar o'zlari bilmagan narsalarini, hal qila olmay qolgan masalalarini Oysha onamizdan so'rar edilar. O'sha vaqtning sharoitida bu narsalar dunyo miqyosida katta o'zgarishlar edi.

Muslima ayolning jamiyat, siyosat va shariat maydonlarida ham keragicha o'z ulushi bo'lgan. Muslima ayolning to'g'ri fikrini, Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam ham, Alloh taolo ham eshitgan, qabul qilgan.

 Payg'ambarimiz alayhissalom hijriy 6 yili 1400 sahoba bilan Madinadan Baytulloh ziyorati uchun borganlarida, Hudaybiya nomli joyda mushriklar yo'lni to'sishdi. O'sha erda sulh tuzilib, musulmonlar Ka'bani ziyorat qilmay qaytib ketadigan bo'ldilar. Nabiy alayhissalom sahobalariga bu gapni e'lon qilib: «Shu erda qurbonliklaringizni so'yib, sochlaringizni oldiringlar!» dedilar. Sahobalar og'rinib, bu ishni qilishdan norozi  bo'ldilar. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam amrni uch marta qayta-qayta takrorlasalar ham, biror kishi qimirlamadi.

U zot g'oyat mahzun bo'lib, chodirga, jufti halollari Ummu Salama roziyallohu anhoning oldilariga kirdilar. Bo'lgan voqeani u kishiga aytib, o'tgan ummatlar ham shunday ishlar tufayli halok bo'lganligi, shuning uchun g'oyat tashvishda ekanliklarini qo'shimcha qildilar.

Shunda Ummu Salama roziyallohu anho u zot sollallohu alayhi va sallamga go'zal maslahat berdilar: «Ey Allohning Rasuli, amringiz bajarilishini xohlaysizmi? Tashqariga chiqing. Ulardan birortasiga bir kalima ham so'z aytmay, qurbonlik tuyalaringizni so'ying. So'ng sartaroshingizni chaqiring, sochingizni olsin», dedilar.

Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam Ummu Salama roziyallohu anho aytganlaridek qildilar. Buni ko'rgan sahobai kiromlar ham shoshib qurbonliklarini so'yib, sochlarini oldira boshladilar.

Bir muslima ayolning tadbiri ila Islom ummati halokatdan qutulib qoldi.

Islom ayollarning hurmat-ehtiromini o'rniga qo'yib, ayollik latofatlarini saqlab qolishlari uchun, ayollik vazifalarini to'liq ado etish orqali o'z jamiyatlariga, vatanlariga, dinlariga kerakli xizmatni ado etishlari uchun barcha sharoitni yaratib bergan.

Islom erkaklarga mos bo'lgan og'ir ishlarni ayollarga farz qilmagan. Lekin ayollarga xos ba'zi ishlarni erkaklarga xos ishlar ila tenglashtirib, ular bilan teng ajr olishni joriy qilgan. Misol uchun, ayollarning tug'ishdagi qiynoqlarini erkaklarning dushmanga qarshi jihodiga tenglashtirgan. Bu ma'nolar o'z haq-huquqini talab qilib chiqqan muslima ayollar sharofati ila Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam tomonlaridan bayon qilingan.

Ta'kidlash joizki, Islomda ayolning ishlashi man qilinmagan, balki bu masala ayol kishining, uning oilasining, jamiyatining manfaatlaridan kelib chiqib tartibga solingan.

Yosh bolalarni ta'lim va tarbiya qilish, xotin-qizlarga tibbiy xizmatlar ko'rsatish kabi ishlar ayollarning ishi hisoblanadi.

Hotin-qizlarni, bolalarni komillik sari etaklash vazifasi ayol ustozlar – otinlar zimmasida bo'lgan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, falakiyot ilmi bilimdoni Mirzo Ulug'bek, dunyo tibbiyotiga ustoz bo'lgan Abu Ali ibn Sinoning ulug' olim bo'lishlariga ma'rifatli ayollar, mo''tabar onalar sababchi bo'lgan. Navoiydek shoirlarni ham, Mirzo Boburdek hukmdorlarni ham ana shunday onalar tarbiyalashgan. Ushbu ilm darg'alarining bolalik yillariga nazar solinsa, boshlang'ich ta'limni go'daklik chog'larida onalaridan olishgani ma'lum bo'ladi.

Albatta, bunday shaxslar kamoloti zamirida mo''tabar va ma'rifatli ayol mehnati yotadi. Shoiralar murabbiyi Jahonotin Uvaysiy, ma'rifatparvar shoira Nodirabegim va dono maslahatchi Bibixonim kabi oqila momolarimiz yaxshi tarbiya ko'rganlari bois, o'z davrlarining mash'allari, xayrli va ulug'vor ishlarning yo'lboshchilari bo'lishgan.                                                                 

Bugungi kunga kelib, ayollarimizning jamiyatdagi o'rni kengayib, oila mustahkamligi, farzand tarbiyasi kabi masalalarni o'rganish, turli salbiy oqibatlarning oldini olish ishlariga e'tibor kuchayib bormoqda. Ayollarning ilmiy salohiyatini yanada oshirish, ma'naviyati va ma'rifatini yuksaltirish orqaligina jamiyat taraqqiy topadi.

 

Zulayho SOATOVA,

Toshkent shahar bosh imom-xatibining

xotin-qizlar masalalari bo'yicha yordamchisi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imom Moturidiy majmuasi yangi qiyofaga kirmoqda

19.03.2026   10838   1 min.
Imom Moturidiy majmuasi yangi qiyofaga kirmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifining ikkinchi kuni Imom Moturidiy yodgorlik majmuasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbarining qaroriga muvofiq, o‘tgan yili yurtimizda aqida ilmining asoschisi Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligi keng nishonlandi. Shu munosabat bilan Samarqand shahridagi Chokardiza qabristoni hududida Imom Moturidiy majmuasini qayta ta’mirlash va obodonlashtirishga kirishilgandi.

Ayni paytda majmua va uning atrofida qurilish-obodonlashtirish ishlari davom etmoqda. Umumiy maydoni 10,2 gektar bo‘lgan hududda Imom Moturidiy majmuasi qayta qurilib, 250 o‘rinli masjid, kirish peshtoqi, ilmiy markaz, kutubxona, muzey va avtoturargoh bunyod etilmoqda.

Shuningdek, qurilish ishlari jarayonida Chokardiza qabristonida buyuk faqih Burhoniddin Marg‘inoniy dafn etilgan joy ham aniqlanib, bu yerda maqbara qurilmoqda.

Allomalar yodga olinib, Qur’on tilovat qilindi.

Davlatimiz rahbari bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirib, ushbu maskan dunyo musulmonlari talpinadigan ziyorat manzillaridan biri ekanini qayd etib, bu yerda ular uchun zamon talablariga mos sharoit yaratish zarurligini ta’kidladi.

– Majmuaga kelgan kishi avvalo Imom Moturidiy bobomizning ilmiy-ma’naviy merosi, islom olamida tutgan mavqei haqida yorqin tasavvurga ega bo‘lishi, allomaning ma’rifatparvar qarashlari bugun ham dolzarbligini his qilishi kerak, – dedi Prezident.

Qurilishni sifatli va o‘z vaqtida bajarish, hududda yashil maydonlarni ko‘paytirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

https://president.uz/ru/lists/view/9028

 

Imom Moturidiy majmuasi yangi qiyofaga kirmoqda Imom Moturidiy majmuasi yangi qiyofaga kirmoqda Imom Moturidiy majmuasi yangi qiyofaga kirmoqda Imom Moturidiy majmuasi yangi qiyofaga kirmoqda Imom Moturidiy majmuasi yangi qiyofaga kirmoqda Imom Moturidiy majmuasi yangi qiyofaga kirmoqda
O'zbekiston yangiliklari