Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim o'z uyida tahorat qilib, Allohning uylaridan biriga Allohning farzlaridan birini ado etish uchun yurib borsa, uning ikki qadamidan biri ila xatosi o'chadi, boshqasi ila darajasi ko'tariladi», dedilar» (Muslim, Nasaiy va Termiziylar rivoyat qilganlar).
Hadisi sharifda yaxshi niyat bilan masjid tomon bosilgan har bir qadam behuda ketmasligi ajoyib uslubda vasf qilinmoqda.
Ehtimol, masjidga jamoat namoziga qatnaydigan har bir kishi ham o'zining qilayotgan amali naqadar ulkanligini tasavvur eta olmas. Agar haqiqatda tasavvur eta olmasa, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadisi shariflari ila yaxshilab tanishib olsin. Unday odam masjidga jamoat namozi o'qish uchun borish niyatida tahorat qilib, birinchi qadamini bosishi bilan bir gunohi yuviladi, ikkinchi qadamini bosishi bilan darajasi bir pog'ona ko'tariladi. Masjidga etib borgunicha har qadamda darajasi ko'tarilib boraveradi.
Tahorat va namoz uchun beriladigan savoblar, kechiriladigan gunohlar alohida bo'ladi. Shuningdek, darajalar masalasi ham o'ziga yarasha bo'ladi.
Demak, farz namozlarni doimo masjidda, jamoat ila ado qilishga urinishimiz, iloji boricha masjid tomon bosadigan qadamlarimizni ko'paytirishimiz lozim.
«Hadis va hayot» kitobidan
O‘zbekistonda Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan nufuzli xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkaziladi. 2026 yil 9–11 aprel kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan mazkur anjuman mamlakatimiz ilmiy-ma’rifiy hayotidagi eng muhim voqealardan biri bo‘lishi kutilmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi Kengaytirilgan ilmiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida ana shu xalqaro anjumanni o‘tkazish chora-tadbirlar rejasi atroflicha muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 5 fevralda qabul qilingan PQ-46-son qaroriga muvofiq, joriy yilda Sohibqiron tavalludining 690 yilligini keng nishonlash doirasida bir qator ustuvor vazifalar belgilangan. Mazkur qaror ijrosi doirasida “Amir Temur va temuriylar tamaddunining jahon tarixi va madaniyatidagi o‘rni va ahamiyati” mavzusida o‘tkaziladigan xalqaro konferensiyani yuqori darajada tashkil etish yuzasidan keng qamrovli chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Islom sivilizatsiyasi markazi Kengaytirilgan ilmiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida ana shu chora-tadbirlar rejasi atroflicha muhokama qilindi.
Markaz direktori, Ilmiy kengash raisi Firdavs Abduxoliqov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Markaz ilmiy kengashi a’zolari – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori Jannat Ismoilova, Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori Xurshid Fayziyev hamda mutaxassislar va ishchi guruh vakillari ishtirok etdi.
Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov mazkur xalqaro anjumanning ahamiyatiga alohida to‘xtalib, bu oddiy ilmiy tadbir emas, balki temuriylar davri sivilizatsiyasini zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida qayta anglash va jahon hamjamiyatiga keng taqdim etishga xizmat qiluvchi strategik platforma sifatida baholadi.
Mazkur xalqaro anjuman bir qator hamkor tashkilotlar, ilmiy dargohlar ishtirokida o‘tkaziladi. Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi shular jumlasidandir.
O‘zbekiston FA vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimovning ta’kidlashicha, Fanlar akademiyasi mazkur xalqaro konferensiyani tashkil etishda barcha ilmiy va tashkiliy resurslar bilan qo‘llab-quvvatlashga tayyor.
Konferensiya doirasida keng ko‘lamli madaniy-ma’rifiy tadbirlar ham tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Jumladan:
• “Amir Temur va temuriylar davri qo‘lyozmalari” ko‘rgazmasi
• “Temuriylar numizmatik merosi” ko‘rgazmasi
• Yevropa muzeylari bilan hamkorlikda tayyorlangan maxsus ekspozitsiyalar
Shuningdek, “Tirik tarix” loyihasi doirasida:
• Amir Temur davriga oid kinoloyihalar
• Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy hayotiga bag‘ishlangan filmlar namoyishi ham rejalashtirilgan.
Anjumanda Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq va Shimoliy Amerika davlatlaridan 100 nafardan ortiq xorijiy olimlar va ekspertlar ishtirok etishi kutilmoqda.
Konferensiya doirasida xorijdan olib kelinadigan temuriylar davriga oid nodir artefaktlarni vaqtinchalik namoyish etish, ularni saqlash va muhofaza qilish bo‘yicha ham alohida tashkiliy choralar belgilandi.
Yig‘ilish yakunida ta’kidlanganidek, mazkur xalqaro ilmiy konferensiya Amir Temur va temuriylar davri merosini, zamonaviy ilmiy yondashuv asosida qayta tahlil qilish, uni jahon hamjamiyatiga keng taqdim etish yo‘lida muhim ilmiy va madaniy voqea bo‘ladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi