M'yanma Respublikasi – Janubi-sharqiy Osiyoda, Hindixitoy yarim orolining shimoli-g'arbiy qismida joylashgan davlat. Maydoni – 678,5 ming km2. Aholisi 42 million kishi. Poytaxti – Yangon shahri. Ma'muriy jihatdan 14 ma'muriy hududga bo'linadi.
Davlat tuzumi – respublika. Konstitutsiyaga binoan, davlat boshlig'i – prezident, qonun chiqaruvchi hokimiyat – Millat majlisi; ijro hokimiyati hukumat zimmasida.
Tabiati. M'yanma – tog'li mamlakat. Eng baland joyi 5881 metr (Kxakaborazi tog'i). Sharqida Shan tog'i va uning dengiz bo'yigacha cho'zilgan tizmalari, g'arbida Rakxayn (Arakan-Yoma), Patkay va boshqa tizmalar bor.
Yirik shaharlari: Yangon, Mandalay, Molam'yan.
M'yanma 1948 yildan beri BMT a'zosi. O'zbekiston Respublikasi bilan diplomatik munosabatlari 2001 yil fevralda o'rnatilgan.
Aholisi. M'yanma – ko'p millatli davlat. Mamlakatda 76 ga yaqin millat va elat bor. M'yanmada (birmaliklar) karen, shan, chin, kachin, mon va boshqa xalqlar yashaydi. Hindlar, xitoylar, evropaliklar (asosan, inglizlar) ham bor. Rasmiy tili – m'yanma tili. Dindorlari, asosan, buddaviylar (70 foiz), musulmon, hindu va nasroniy jamoalari ham bor.
M'yanmada musulmonlar soni 2,5 milliondan ziyod. Mamlakat aholisining 4,3 foizini tashkil qiladi. Shundan rohinja musulmonlari 1 million nafardan ortiq.
M'yanmaning shimoli-g'arbidagi Rakxayn shtatida musulmon-rohinjalarga qarshi zo'ravonliklar kuzatilgan. BMT ma'lumotlariga ko'ra, so'nggi 4 yil mobaynida mazkur mintaqadagi 120 ming odam tazyiqlar tufayli o'z uylarini tashlab, boshqa joylarga ko'chib ketishga majbur bo'lgan.
Islom Hamkorlik Tashkiloti bayonotida M'yanmada davom etayotgan mantiqsiz voqealarga nisbatan o'z yondashuvini bildirib, mamlakatdan rohinja-musulmonlarining quvilishi, ularni o'ldirish bilan qo'rqitish, o'z erlarida yashash huquqidan mahrum qilish jinoyat ekani ta'kidlangan.
Ma'lumotlarga ko'ra, M'yanmaning Arakan viloyatida tabiiy boyliklarning juda katta erosti zaxirasi mavjud. Aynan rohinja aholisi yashaydigan hududda 1,2 trillion kub-metr tabiiy gaz va 2,1 milliard barrel' neft' konlari borligi taxmin qilinmoqda. Bu esa mintaqada davom etayotgan mojarolarning asl sababini ilg'ashga imkon beradi.
O'zbekiston hukumati M'yanmadagi holat yuzasidan o'z munosabatini bildirib, 2017 yil 18 sentyabr' kuni zarur mahsulotlardan iborat insonparvarlik yordamini Bangladesh Qizil yarim oy jamiyatining Dakkadagi milliy bosh qarorgohiga etkazib bergan. Bu insonparvarlik yordami Bangladeshda bo'lib turgan 50 mingdan ortiq qochoq ehtiyojini qondirishga xizmat qilgan.
Nurmuhammad NOSIROV tayyorladi.
“Hidoyat” jurnalining 3-sonidan olindi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Ayol kishi uyida eriga iqtido qilib namoz o‘qisa bo‘ladimi? Agar joiz bo‘lsa, ayol qayerda turadi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, ayollar uyda erlari yoki boshqa erkak mahramlariga iqtido qilgan holda jamoat bo‘lib namoz o‘qishlari joiz bo‘ladi. Bu borada alloma Alouddin Kosoniy rahimahulloh bunday zikr qiladilar:
“Agar imom bilan bir ayol namoz o‘qimoqchi bo‘lsa, uning orqasida turadi. Chunki ayolni erkak bilan bir safda yonma-yon turishi erkakning namozini buzadi. Agar imomdan tashqari bir erkak va bir ayol bo‘lsa, erkak imomning o‘ng tomoniga va ayol esa, orqasida turadi. Agar imomdan tashqari ikki erkak va bitta ayol bo‘lsa, ikki erkak imomning orqasida va bitta ayol ularning orqasida turadi. Agar erkaklar va ayollar hamda yosh o‘g‘il va qiz bolalar jamoat bo‘lib namoz o‘qimoqchi bo‘lsalar, u holda imomning orqasida dastlab balog‘atga yetgan erkaklar turadi. So‘ng balog‘atga yetmagan yosh o‘g‘il bolalar, so‘ng balog‘atga yetgan ayollar, so‘ng yosh qizlar turadilar” (“Badoyeus-sanoye’” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi