M'yanma Respublikasi – Janubi-sharqiy Osiyoda, Hindixitoy yarim orolining shimoli-g'arbiy qismida joylashgan davlat. Maydoni – 678,5 ming km2. Aholisi 42 million kishi. Poytaxti – Yangon shahri. Ma'muriy jihatdan 14 ma'muriy hududga bo'linadi.
Davlat tuzumi – respublika. Konstitutsiyaga binoan, davlat boshlig'i – prezident, qonun chiqaruvchi hokimiyat – Millat majlisi; ijro hokimiyati hukumat zimmasida.
Tabiati. M'yanma – tog'li mamlakat. Eng baland joyi 5881 metr (Kxakaborazi tog'i). Sharqida Shan tog'i va uning dengiz bo'yigacha cho'zilgan tizmalari, g'arbida Rakxayn (Arakan-Yoma), Patkay va boshqa tizmalar bor.
Yirik shaharlari: Yangon, Mandalay, Molam'yan.
M'yanma 1948 yildan beri BMT a'zosi. O'zbekiston Respublikasi bilan diplomatik munosabatlari 2001 yil fevralda o'rnatilgan.
Aholisi. M'yanma – ko'p millatli davlat. Mamlakatda 76 ga yaqin millat va elat bor. M'yanmada (birmaliklar) karen, shan, chin, kachin, mon va boshqa xalqlar yashaydi. Hindlar, xitoylar, evropaliklar (asosan, inglizlar) ham bor. Rasmiy tili – m'yanma tili. Dindorlari, asosan, buddaviylar (70 foiz), musulmon, hindu va nasroniy jamoalari ham bor.
M'yanmada musulmonlar soni 2,5 milliondan ziyod. Mamlakat aholisining 4,3 foizini tashkil qiladi. Shundan rohinja musulmonlari 1 million nafardan ortiq.
M'yanmaning shimoli-g'arbidagi Rakxayn shtatida musulmon-rohinjalarga qarshi zo'ravonliklar kuzatilgan. BMT ma'lumotlariga ko'ra, so'nggi 4 yil mobaynida mazkur mintaqadagi 120 ming odam tazyiqlar tufayli o'z uylarini tashlab, boshqa joylarga ko'chib ketishga majbur bo'lgan.
Islom Hamkorlik Tashkiloti bayonotida M'yanmada davom etayotgan mantiqsiz voqealarga nisbatan o'z yondashuvini bildirib, mamlakatdan rohinja-musulmonlarining quvilishi, ularni o'ldirish bilan qo'rqitish, o'z erlarida yashash huquqidan mahrum qilish jinoyat ekani ta'kidlangan.
Ma'lumotlarga ko'ra, M'yanmaning Arakan viloyatida tabiiy boyliklarning juda katta erosti zaxirasi mavjud. Aynan rohinja aholisi yashaydigan hududda 1,2 trillion kub-metr tabiiy gaz va 2,1 milliard barrel' neft' konlari borligi taxmin qilinmoqda. Bu esa mintaqada davom etayotgan mojarolarning asl sababini ilg'ashga imkon beradi.
O'zbekiston hukumati M'yanmadagi holat yuzasidan o'z munosabatini bildirib, 2017 yil 18 sentyabr' kuni zarur mahsulotlardan iborat insonparvarlik yordamini Bangladesh Qizil yarim oy jamiyatining Dakkadagi milliy bosh qarorgohiga etkazib bergan. Bu insonparvarlik yordami Bangladeshda bo'lib turgan 50 mingdan ortiq qochoq ehtiyojini qondirishga xizmat qilgan.
Nurmuhammad NOSIROV tayyorladi.
“Hidoyat” jurnalining 3-sonidan olindi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Imomga namozni avvalidan iqtido qilgan kishi imom rukudan turganidan so‘ng ruku qildi. Imomdan ortda qolgani uchun uning namozi buziladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Imomga iqtido qilgan kishi barcha amallarni imomning ketidanoq qilishi afzal sanaladi. Shuning uchun imomga kechikmasdan ergashish afzal bo‘ladi.
Ammo shunga qaramay bir oz kechikish namozni buzmaydi. Masalan, imom rukudan turganidan keyin unga iqtido qilguvchi (muqtadiy) ruku qilsa, kechiktirgani uchun kamchilikka yo‘l qo‘ygan bo‘lsa ham namozi buzilmaydi. Lekin aksincha, imomdan oldin ruku yoki sajda qilib qo‘ysa va imom bilan birga yoki undan keyin qayta qilib qo‘ymasa, namozi buziladi.
Bu haqda alloma Ibn Obidin batafsil bahs yuritib, quyidagilarni xulosa sifatida keltirganlar:
“Ha, imomga ergashish farz bo‘ladi. Shu ma’nodaki, farz amalni imom bilan birga yoki keyin bajarishi lozim. Masalan, imom ruku qildi, muqtadiy ham u bilan birgalikda ruku qildi. Yoki keyinroq qilib, rukuda imomni topdi, yo imom rukudan boshini ko‘targandan keyin ruku qildi (bularning barchasi ergashish hisoblanadi).
Agar umuman ruku qilmasa yoki imomdan avval rukuga borib, imom rukuga borgunicha rukudan qaytsa va imom bilan birga yoki undan keyin ham ruku qilmasa, namozi buziladi”.
“Demak, ergashishning o‘zi uch xildir:
1. Imomning fe’liga muqorin (bir vaqtda) bo‘lish, masalan, imomning takbiriga o‘z takbirini, rukusiga o‘z rukusini, salom berishiga o‘z salomini muqorin qilish. Agar imomdan oldin ruku qilsa-yu, imom uni rukuda topsa, bu ham shunga kiradi.
2. Imomning fe’liga ketma-ketlikda ergashib, qolgan qismida sherik bo‘lish.
3. Kechikib ergashish (ya’ni, amallarni ketma-ketlikdan ham kechroq bajarish). Mana shu uch turni o‘z ichiga oluvchi mutlaq ergashish farzda farz, vojibda vojib va sunnatda sunnat bo‘ladi. Bunga biror zidlik bo‘lmasa yoki xilof qilish lozim bo‘lmasa (namozi buzilmaydi)”. (“Raddul muhtor” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.