– Ro'zani qazo qilish degani nima?
– Buzilgan ro'zasining o'rniga ramazondan keyin ro'za tutishdir. Necha kun ro'zasi
buzilgan bo'lsa, o'shancha kun ro'za tutadi.
– Kafforat qilish degani nima?
– Bir qul ozod qilish, agar bunga qodir bo'lmasa, ramazondan keyin orada biror kun qoldirmay, muttasil oltmish kun ro'za tutish, agar zaiflik va notavonlik sababidan oltmish kun ro'za tutishga qodir bo'lmasa, oltmish miskinga taom berish – kafforat qilishdir.
– Oltmish kun ro'za muttasil bo'lmasa, kafforatga kifoya qiladimi?
– Kifoya qilmaydi, kafforatga oltmish kun muttasil bo'lishi lozim.
– Bir kishi kafforat uchun ro'za tuta boshlasa, oltmish kunga etmasdan biror kun ro'za tutmay qolsa, nima qiladi?
– Kafforat uchun yangidan boshlab oltmish kun muttasil ro'za tutadi, avvalgi tutgan ro'zasi kafforatga kirmaydi.
– Bir kishi niyat bilan tutgan ramazon ro'zasidan bir necha kunni xato qilib buzsa, masalan, to'rt-besh kunni xato qilsa, nima qilishi lozim?
– Har bir xato qilgan kun uchun bir kundan qazo ro'za tutadi, undan keyin necha kun xato qilgan bo'lsa, hammasi uchun bir kafforat lozim bo'ladi.
– Bir kishi bir yo bir necha kun ro'za tutishni niyat qilmasdan fosiqlik ila kunduz kun taom eb yursa, u kishi nima qilmog'i lozim?
– U kishi ro'za tutmay qolgan kunlari uchun qazo ro'za tutadi, ushbu qilgan fisq ishiga pushaymon bo'lib, tavba va istig'for qiladi. Ammo u kishiga kafforat lozim emas, chunki uning gunohi g'oyatda zo'r va katta gunohdirki, kafforat bilan avf qilinadigan emas, balki tavba va istig'for lozimdir.
– Bir kishi o'zining ro'za ekanini bilib turib xatolik bilan og'zidan biror taom ketsa yoki suv ichib yuborsa yoki bir kishining zo'rlik bilan ro'zasini buzsa yoki ro'zador kishi og'zini to'ldirib qayt qilsa yoki tong otmagan deb o'ylab taom esa, holbuki, tong otgan bo'lsa yoki quyosh botgan deb iftor qilsa, shu kishining ro'zasi buziladimi?
– Buziladi.
– Endi u kishi nima qilishi kerak?
– O'sha kuni quyosh botguncha ro'za kishidek ro'zani buzadigan narsadan o'zini saqlashi va ham ramazondan keyin o'sha kun uchun ro'za tutib berishi lozim. Ammo kafforat lozim emas.
– Ro'za tutgan kishining dimog'iga chang-g'ubor yoki tuproq, jun yoki tutunga o'xshash narsalar kirsa, ro'zasi buziladimi?
– Buzilmaydi, qazo ham, kafforat ham lozim emas.
– Og'ziga qor yoki yomg'ir kirsa, ro'zasi buziladimi?
– Buziladi. Qazo qilish lozim bo'ladi, ammo kafforat lozim emas.
– O'zining tupugini yutsa, nima bo'ladi?
– Ro'za buzilmaydi.
– Bir ro'zador kishi o'zining ro'za ekanini esdan chiqarib biror taom esa, suv ichsa, jinsiy aloqa qilsa, ro'zasi buziladimi?
– Buzilmaydi, qazo ham, kafforat ham lozim emas.
– Bir ro'zador kishi uyqudan junub bo'lib tursa, xotiniga qo'l tekkizib ehtilom qilsa, ro'zasi buziladimi?
– Buzilmaydi.
– U kishiga g'usl qilish durustmi?
– Suv ichiga tushib uzoq muddat o'tirmasdan va ham obdasta bilan g'usl qilish durust. Ammo suv ichiga tushib uzoq muddat turishda ba'zi joylaridan suv kirib ro'za buzilishi ehtimoli bor.
– Ro'za tutgan kishi tish orasida qolgan taomni esa, ro'zasi buziladimi?
– No'xatdan kichik bo'lsa, og'zidan tashqariga chiqarmay yutib yuborsa, ro'zasi buzilmaydi, agar no'xot miqdoricha bo'lsa yoki og'zidan chiqarib keyin yutsa, buziladi.
– U kishi nima qilishi lozim?
– Ro'zasini qazo qilmog'i lozim bo'ladi, kafforat lozim emas.
– Qazo va kafforat uchun tutiladigan ro'zalarga qay vaqt niyat qilish lozim bo'ladi?
– Kechasi niyat qilish lozim bo'ladi. Tong otgandan keyin niyat qilish mo''tabar emas.
– Hayz va nifosli ayollarga ro'za tutish lozimmi?
– Durust emas.
– Bir ayol ramazon ichida hayzli yoki nifosli bo'lsa, nima qiladi?
– Hayzli va nifosli kunlarda ro'za tutmaydi. Necha kun ro'zasi qolgan bo'lsa, o'shancha kun qazosini tutadi.
"Ibodati islomiya"dan.
Gunohga sabab bo‘lmasa, otaonaning buyurganlarini albatta bajarish; ota-onaga muloyim so‘zlash; uyga kirganlarida, hurmatlari uchun o‘rnidan turish; har tong salom berish, uyqudan oldin xayrli tun tilash; mol-mulklarini saqlash; so‘ragan narsalarini berish; ulardan maslahat so‘rash; ota-ona haqiga duo va istig‘for aytish; ular mehmon kutishsa, yonlarida muntazir bo‘lib turish; ularning aytishlarini kutmay, ularni xursand qiladigan ishlarni bajarish; ularning huzurlarida ovozni baland ko‘tarmaslik; gaplarini bo‘lmaslik; izn berishmagan joyga bormaslik; uxlayotganlarida bezovta qilmaslik; ahli ayoli, farzandlarini ulardan ustun qo‘ymaslik; ota-ona xatoga yo‘l qo‘ysalar, bilmaslikka olish, darhol kechirib, unutish; kulgili gap bo‘lsa ham, ularning huzurlarida o‘zini tutish; ular yaxshi ko‘radigan taomni ilinish; ulardan oldin taomga qo‘l cho‘zmaslik; ularning oldilarida cho‘zilib yotmaslik, oyoq uzatmaslik; uyga ulardan oldin kirmaslik, oldilariga tushib yurmaslik; chaqirganlarida tezlik bilan javob berish; ularning hayotliklarida ham, vafot etganlaridan keyin ham do‘stlarini hurmat qilish; ota-onasining hurmatini qilmaydiganlar bilan do‘stlashmaslik; ularning haqlariga duo qilish; vafotlaridan keyin Allohning quyidagi kalomini ko‘p aytish: «Ey, Rabbim! Meni ular go‘daklik chog‘imda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin!» (Isro surasi, 24-oyat).
Ibrohimjon INOMOV tayyorladi.
“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 10-sonidan
http://hidoyatuz.taplink.ws