Qur'on ota-bobolarga, boshliqlarga va yo'l-boshchilarga ko'r-ko'rona taqlid kilishdan qaytarish bilan birga, faqat bir taraflama fikrlashdan ham qaytaradi va biror narsa qilmoqchi bo'lsa, o'sha narsaning yaxshisini tanlab olishga chaqiradi. Chunki, ko'pgina kishilar biror narsani bir marta eshitsa yoki o'qisa, shunga ishonib ketaveradilar. Lekin o'sha narsani chuqurroq o'ylab, yaxshi tarafini tanlash maqsadga muvofiq bo'ladi. Bu haqiqatga Qur'on bundan 15 asr avval chaqirgan:
“Ular gapni eshitib, eng go'zaliga ergashadiganlardir. Ana o'shalar Alloh hidoyat qilganlardir. Ana o'shalar, ha, o'shalar aql egalaridir” (Zumar surasi, 18-oyat).
Mana shu oyatda Alloh taolo musulmonlarni barcha gaplarni eshitib, tushunib, so'ngra yaxshilariga ergashishga buyuradi. Alloh shunday qilgan insonni «hidoyatga erishganlar» va «o'tkir aql egalari» deb ataydi.
Shu bilan birga, Islom yaxshilikni ta'riflab ham beradi va unga amal qilishga chaqiradi. Odatda, odamlar yaxshilik matlub ekanligi haqida ixtilof qilmaydilar. Yaxshilik nima ekanligi haqida ixtilof qiladilar. Har kim o'zining yo'lini yaxshi deb tushunadi. Yaxshilik ma'nosiga o'zicha ta'riflar keltiradi, chegaralar qo'yadi, belgilar belgilaydi. Islom dinida yaxshilik – Alloh yaxshi degan narsalardir. Ularning nima ekanini Alloh taolo Qur'oni karimning “Baqara” surasi 177-oyatida oyati karimasida to'liq ta'riflab bergan:
«Yaxshilik yuzingizni mashriq yoki mag'rib tomonga burishingizda emas. Lekin yaxshilik Allohga, oxirat kuniga, farishtalarga, kitobga, Payg'ambarlarga iymon keltirish va yaxshi ko'rgan molini qarindoshlarga, etimlarga, mis kinlarga, vatangadolarga, tilanchilarga, qul ozod qilishga berish, namozni qoim qilish va zakot berishdir. Ahd qilganda ahdiga vafo qiluvchilar, kambag'allik, qiyinchilik paytida va shiddat vaqtida ham sabr qiluvchilar, ana o'shalar sodiq bo'lganlardir. Ana o'shalar taqvodorlardir».
Oyati karimada ko'rinib turibdiki, yaxshilik ma'lum bir harakat yoki gap-so'zlarni o'zicha qilish va aytish bilan bo'lib qolmasligini ta'kidlamokda
Imon keltirish yaxshilikning boshi va asosidir. Busiz, ya'ni imonsiz hech qanday yaxshilik bo'lishi mumkin emas. Asl imoni bor inson buzg'unchilik, terrorchilik, fitnakorlikga ruju qilmaydi. Chunki, kimning Allohga, oxirat kuniga, farishtalarga, kitoblarga, Payg'ambarlarga imoni yo'q bo'lsa, undan yaxshilik chiqmaydi. Chiqsa ham, doimiy bo'lmaydi.
Musulmonlarning boy-badavlatlari mollaridan ma'lum miqdorini extiyojmandlariga moliyaviy ibodat sifatida beradilar. Bu amal mol egasiga Alloh tomonidan farz qilingan. Shu farz-ni ado etadigan odam yaxshilik qiluvchidir.
Ahdiga vafodorlik musulmonlikning, imonning ko'zga ko'ringan belgilaridan bo'lib, Qur'oni karimda qayta-qayta takrorlangandir. Kim ahdiga vafo qilsa, Alloh ta'riflagan yaxshilikdan nasibador bo'lgan bo'ladi.
Sabrlilik ham imonli, musulmon kishilarning alohida oliy va zaruriy sifatlaridan hisoblanadi. U hakda avvalgi oyatlar tafsirida batafsil so'z yuritildi. Demak, turli qiyin holatlarda sabr qiluvchilar Alloh ta'riflagan yaxshilik sohiblaridan bo'lar ekan.
Bahodir BOTIROV,
Chust tumani “Oxun bobo” jome
masjidi imom-xatibi
Savol: O‘qilgan namozimdan ko‘nglim to‘lmadi. Shu namozni qayta o‘qishim kerakmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu masalaning biroz tafsiloti bo‘lib, unga ko‘ra namoz quyidagi holatlarda qayta o‘qilishi lozim:
• Namozda biror farz amal bajarilmay qolib ketgan bo‘lsa;
• Namozda biror vojib amal qasddan bajarilmay qolib ketsa;
• Namozda biror vojib amal unutib bajarilmasa va namoz oxirida sajdai sahv ham qilinmay tugatilgan bo‘lsa.
Agar namozda sunnat amallar tark qilingan bo‘lsa yoki namoz makruhlik bilan o‘qilgan bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qish vojib emas, balki mustahab (chiroyli sanalgan) ish hisoblanadi. Ushbu holatda qaytadan o‘qimasa ham gunohkor sanalmaydi.
Savolda so‘ralgan holatga kelsak, ko‘ngil to‘lmasligi yuqorida sanab o‘tilgan farz yoki vojib amal tark qilingan holatlar sababli bo‘lsa, namoz qayta o‘qilishi kerak. Ammo haqiqatda sobit bo‘lmagan shubha-gumonlar, vasvasalar sababli ko‘ngil to‘lmayotgandek bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qilmaydi. Chunki ko‘p hollarda “ko‘nglim to‘lmayapti”, deb namozni qayta-qayta o‘qiyverish insonni o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi va vasvasa kasaliga chalinishiga olib keladi.
Shunday ekan, namozda bajariladigan farz, vojib, sunnat amallar haqida yaxshi o‘rganish, eng asosiysi turli xayollarga chalg‘imasdan namozni e’tibor bilan ado etish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.