Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Avgust, 2026   |   7 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:10
Quyosh
05:37
Peshin
12:26
Asr
17:15
Shom
19:19
Xufton
20:41
Bismillah
20 Avgust, 2026, 7 Rabi`ul avval, 1448

TINChLIKNI SAQLASh – ISLOMGA HOS

02.04.2021   4427   8 min.
TINChLIKNI SAQLASh – ISLOMGA HOS

Bugungi kunda dunyoning ayrim etakchi davlatlari “tinchlik uchun” shiori ostida amalga oshirayotgan zo'ravonlik, qo'poruvchilik va bosqinchilikka asoslangan ba'zi hatti-harakatlari tinchlikka olib bormasligi aniq bo'lib bormoqda. Aksincha, tinchlikka urush va nizolarga barham berish orqali erishiladi. Davlatlar va xalqlar o'rtasidagi o'zaro munosabatlarning umume'tirof etilgan umuminsoniy qoidalar asosida tashkil etilishi tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashning eng to'g'ri va samarali yo'li hisoblanadi.

Ammo turli ziddiyatlarni keltirib chiqarish va shu yo'l bilan o'z maqsadlariga erishishni ko'zlaydigan kuchlar borligini ham yoddan chiqarmaslik lozim. Shunday kuchlar bor ekan, nizoli vaziyatlarni sun'iy ravishda vujudga keltirishga qaratilgan harakatlar ham to'xtamaydi. Bu har bir aqli raso kishidan doimo ogohlik va xushyorlikni, sodir bo'layotgan hodisalarga ziyrak ko'z bilan qarashni talab etadi.

Tinchlikka rahna solish, jamiyat ravnaqi va xalq farovonligiga ziyon etkazish, toifalarga bo'linib o'zaro nizolashishning qoralanishi ham islomning tinchlik haqidagi ta'limotining asosini tashkil etadi. Hususan, Qur'oni karim “Hujurot” surasining 9-oyatidagi o'zaro nizolarni yarashish, kelishish yo'li bilan hal etish, jamiyatdagi tinchlikka tahdid qilishda, tajovuzkorlik va zo'ravonlikda davom etadiganlarga nisbatan qat'iy va tezkor choralar ko'rish zarurligi qayd qilinganini ta'kidlash muhimdir.

Qur'oni karimdagi “Ezgulik va taqvo (yo'li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo'li)da hamkorlik qilmangiz!” (Moida,2), degan oyat ham yuqoridagi mulohazaning o'rinli ekanini ko'rsatadi.

Halq orasida fitna qo'zg'atish, to'hmat va ig'vo tarqatish yo'lidagi urinishlar tinchlik va xotirjamlikni izdan chiqaruvchi hodisalardan hisoblanadi. Shuning uchun ham bunday harakatlar islomning mohiyatiga mutlaqo zid ekani Qur'oni karim “Baqara” surasining 191-oyatidagi “Fitna qotillikdan ham ashaddiyroqdir”, degan ko'rsatma hamda “Nur” surasining 11-21-oyatlarida mish-mish tarqatganlar uchun bu dunyo va oxiratda tayinlangan jazolar haqida xabar berilib, unga ishonganlar ham qattiq malomat qilingani haqidagi qaydlar yuqoridagi fikrlarning to'g'ri ekanini tasdiqlaydi.

Tinchlikni saqlash uchun har bir kishi mas'ul, uni saqlab qolish va mustahkamlash uchun har kim o'z hissasini qo'shishi lozim. Hususan, halol mehnat bilan sifatli va mo'l hosil etishtirgan dehqon, odamlar yoki yuklarni qoidalarga amal qilgan holda beshikast, eson-omon o'z manziliga etkazish oddiy haydovchining barqarorlik va osuda hayotni mustahkamlashga qo'shgan munosib hissasi ekani isbot talab qilmaydigan haqiqatdir. Jumladan, Qur'oni karimda: “Agar mo'min bo'lsangiz (bilib qo'yingizki), Allohning (halol kasbdan) qoldirgani sizlar uchun yaxshidir. Men esa, sizlarga (boyliklaringizga) qo'riqchi emasman”(Hud, 86), deya qayd etilgan.

Bu oyat bilan halol mehnat, peshona teri bilan orttirilgan boylikning barakali bo'lishi haqida bayon etilmoqda. Shu bilan birga, xoh moddiy, xoh ma'naviy boylik bo'lsin uning qo'riqchisi – halol kasb, halol mehnat ekani ta'kidlanmoqda. Demak, o'z kasbi va burchiga vijdonan yondashuv tinchlik va barqarorlikni ta'minlashning zaruriy sharti hisoblanadi.

Qo'shnilar o'rtasida o'zaro hurmat, samimiyat va do'stlik osoyishta hayot, yurt tinchligini ta'minlashning asosidir. Zero, qo'shnilar o'rtasidagi o'zaro mehr-oqibat mahalladagi ahillikka, o'z navbatida, bu yurt tinchligiga zamin yaratadi. Shuning uchun ham, islomda qo'shnichilik munosabatlariga ham alohida e'tibor qaratilgan. Bu haqda Qur'oni karim “Niso” surasining 36-oyatida shunday deyiladi: “Shuningdek, qarindoshlar, etimlar, miskinlar, qarindosh qo'shni-yu, begona qo'shni, yoningizdagi hamrohingiz, yo'lovchi (musofir)ga va qo'l ostingizdagi (qaram)larga ham (yaxshilik qiling)! Albatta, Alloh kibrli va maqtanchoq kishilarni sevmaydi”.

Hadislarda ham “Qo'shnisi uning yomonliklaridan omonda bo'lmagan kishi jannatga kirmaydi”, deb ta'kidlanadi. Demak, inson qo'shnilari bilan tinch-totuv va o'zaro mehr oqibat bilan hayot kechirishi, uning ikki dunyo saodatiga erishishiga sabab bo'ladi.

Yuqoridagi kabi da'vatlar ayrim hududlarda notinchlik, beqarorlik, xunrezlik va xudkushliklar hukm surayotgan hozirgi davrda mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalikni ta'minlash o'z-o'zidan bo'lmayotganini anglashga, o'zaro yanada inoq va ahil bo'lib yashashga undaydi.

Ogoh va hushyor bo'lib yashash tinchlikni ta'minlash, turli xil ko'ngilsizlik va xavfu xatarlarni oldini olishning zaruriy sharti hisoblanadi. Zero, g'ofillik va beparvolik turli noxushlikliklarga zamin yaratadi. Shuning uchun ham Alloh taolo tafakkur qilmaydigan, o'zining kim ekanini anglab etmaydigan, bugunning huzur-halovati bilan yashab, ertasi haqida qayg'urmaydigan, beparvo va beg'am kimsalarni “A'rof” surasining 179-oyatida: “… Ularda qalblar bor, (lekin) ular bilan “anglamaydilar”. Ularda ko'zlar bor, (lekin) ular bilan “ko'rmaydilar”. Ularda quloqlar bor, (lekin) ular bilan bilan “eshitmaydilar”. Ana o'shalar hayvonlar kabidirlar. Balki ular (yanada) adashganroqdirlar. Aynan o'shalar g'ofillardir”, deb ta'riflaydi.

Islom olamining e'tiborli ulamolari tomonidan mo''tabar manbalar asosida berilayotgan raddiyalarni tan olmayotgan turli yo'nalish va firqalarning a'zolari ham yuqoridagi oyatda keltirilgan kimsalarga qiyoslash mumkin.

Tinchlikni ulug' ne'mat deb e'lon qilgan dinimizda bu yo'lda nafaqat amal bilan, balki so'z bilan ham zarar keltirishdan qaytarilgan.

Rivoyat qilishlaricha, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Musulmon kishi shuki uning tilidan va qo'lidan musulmonlar ozor chekmaydilar!”, deb marhamat qilganlar. Bu bejiz emas, albatta. Zero, so'z, ya'ni tildan etadigan zarardan avval zikr etilishi, qo'l bilan boshqalarning faqat bu dunyosi – salomatligi, oilasi, mulkiga zarar etkazish mumkinligiga, til bilan insonlarni turli buzg'unchi g'oyalarga targ'ib qilish, kishilarni to'g'ri yo'ldan chalg'itish orqali ikki dunyosini barbod etish mumkin ekani ta'kidlanmoqda. Shu nuqtai nazardan qaraganda, bugungi kunda ayrim firqa va toifalarning musulmonman, deb turgan xalqning ichida parokandalik, oilasida ziddiyatlarni keltirib chiqarishga qaratilgan urunishlar islomning asl mohiyatiga butunlay ziddir.

Demak, bunday harakatlarga qarshi kurashish, jaholatga qarshi ma'rifatni qo'yish ham tinchlikni mustahkamlashga qo'shilgan munosib hissa hisoblanadi.

Yuqoridagilarning zamirida shuni anglash lozim bo'ladiki, Islom dini nafaqat firqalarga bo'linish va jamiyatdagi hamjihatlik va barqarorlik, tinchlik va xotirjamlikni izdan chiqarib, o'zaro tushunmovchilik, adovat va nizolarni keltirib chiqarishga, balki unga zamin yaratilishiga ham qarshi ekani ayon bo'ladi.

 

Ma'rufxon Aloxodjayev,
“Abdulqodir qori” jome
masjidi imom xatibi

Boshqa maqolalar
Maqolalar

“TAKFIR” – MUSULMON JAMIYATINI ICHIDAN YEMIRUVCHI FITNA

11.08.2026   28764   10 min.
“TAKFIR” – MUSULMON JAMIYATINI ICHIDAN YEMIRUVCHI FITNA

Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.

“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.

Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:

﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾

“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).

Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.

Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:

‏ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ:‏ الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.

«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).

Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.

Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.

“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:

﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾

“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).

Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.

«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).

Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.

Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.

Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.

Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.

Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.

Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).

Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.

Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:

وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.

“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.

Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.

Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:

قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ

فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.

Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).

Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.

Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar

﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾

“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.

Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.

Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.

Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.

Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA