Sayt test holatida ishlamoqda!
11 May, 2025   |   13 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:35
Quyosh
05:09
Peshin
12:24
Asr
17:22
Shom
19:34
Xufton
21:01
Bismillah
11 May, 2025, 13 Zulqa`da, 1446

MUQADDAS DARGOH: Yomon xulqdan saqlanish. HOTIMA.

31.03.2021   5567   34 min.
MUQADDAS DARGOH:  Yomon xulqdan saqlanish.  HOTIMA.

 

MUQADDAS DARGOH

Oila qo'rg'onining poydevori, uning mustahkam qal'asi, er-xotinni mahkam bog'lovchi rishta nikohdir. Nikoh insonlar jamiyatida eng muqaddas bitim hisoblanadi. Chunki hayotda halol va haromni ajratish, er-xotinning haq-huquqlariga rioya etish, oila tuzish, inson naslining davomiyligini ta'minlash, yosh avlod tarbiyasi kabi muhim masalalarning bari shar'iy nikohga bog'liqdir. Shuning uchun dinimiz nikoh asosida oila qurishga alohida ahamiyat beradi. Alloh taoloning er-xotin juftligini yaratishdan irodasi ham inson naslini ko'paytirib, er yuzini obod qilish edi:

«Alloh sizlar uchun o'zlaringizdan juftlar yaratib, juftlaringizdan sizlar uchun o'g'illar va nabiralar paydo qildi va sizlarni pok narsalardan rizqlantiradi...» (Nahl,72).

Payg'ambarimiz (alayhissalom) bir hadislarida: “Nikoh mening sunnatimdir, kim sunnatimdan yuz o'girsa, u mendan emas” (ya'ni ummatimdan emas), deganlar. Demak, nikoh asosida turmush qurish Alloh taoloning buyrug'i, Payg'ambarning (alayhissalom) sunnatlari ekan, musulmon kishi nikoh asosida oila qurishi, turli sabablarni ro'kach qilib, uni paysalga solmasligi lozim. Nikoh tufayli inson o'z nasl-nasabining pokligini saqlaydi, iffatini asraydi, buzuqlik, zino singari harom ishlardan tiyiladi.

Abdulloh ibn Mas'uddan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ey yoshlar jamoasi, sizlardan kim nikohga qodir bo'lsa, uylansin, chunki bu ko'zning tiyilishi va farjning pokligidir. Kim bunga qodir bo'lmasa, unda ro'za tutsin, chunki bu bilan shahvat so'ndiriladi”, dedilar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari).

Islom ta'limotiga ko'ra, oila Yaratganning roziligini topish, Payg'ambarimiz (alayhissalom) axloqlari, islomiy odob bilan ziynatlanish maqsadida quriladi. Alloh taolo shu bois er va xotinning oila qurib, ko'payishi uchun ularga totuvlikda, ahillikda bir-birlariga shafqat va mehribonlik ko'rsatib umrguzaronlik qilishni buyurgan. Alloh taolo aytadi:

«Uning alomatlaridan (yana biri) – sizlar (nafsni qondirish jihatidan) taskin topishingiz uchun o'zlaringizdan juftlar yaratgani va o'rtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomatlar bordir» (Rum, 21).

Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan 2012 yil “Mustahkam oila yili” deb ataldi. Hukumatimiz jamiyatimizning asosiy bo'g'ini – oila institutini mustahkamlash va rivojlantirish, yosh oilalarni moddiy va ma'naviy qo'llab quvvatlash, bu borada mahallaning o'rni va ahamiyatini kuchaytirish, jismonan sog'lom, ma'nan etuk va barkamol avlodni tarbiyalashdek muhim masalalarga katta e'tibor qaratmoqda.   

Mamlakatimizda bu yil bejiz “Mustahkam oila yili” deb e'lon qilingani yo'q. Chunki oila mustahkam bo'lsa, jamiyat totuv, ahil va barqaror bo'ladi, unga hech narsa rahna sololmaydi. Agar oilalar janjal-mojarolardan bo'shamay qolsa, jamiyatning ham tinchi buziladi, yurtdan baraka ko'tariladi, farzandlar tarbiyasi buziladi va insonlar o'rtasidagi munosabatlar izdan chiqadi.

Ko'pincha yangi turmush qurayotgan kelin-kuyovlarni ko'rgan yoshi ulug'lar beixtiyor: “Iloho, yangi turmush qurayotgan kelin-kuyov baxtli bo'lishsin, oilasida totuvlik, ahillik oshyon qursin”, deb duoga qo'l ochishadi. Afsus, kelin-kuyovlarning hammasi ham umrlari davomida oila nomli oshyonlarini avaylab asray olishmaydi. Bo'lar-bo'lmas gap-so'zlar, arzimas bahonalar bilan shirin turmushlarini og'uga aylantirishadi. Bir-birlarini tushunmaslikdan, murosa ilmini bilmaslikdan bir oilada yashayotgan ikki kishi dushman-g'animga aylanadi. Qancha oilalar buzilib, kishilar aziyat chekadi, bolalar etim bo'ladi, asablar qaqshaydi. Ajrashishmagan taqdirda ham, butun umrlari g'urbat, g'am va iztirobda o'tadi.

Oilaning totuvligi bir kishiga yoki bir sababga bog'liq emas. Buning uchun hamma – kelin-kuyov ham, ota-onalar ham, oila tashqarisidagilar ham, keng jamoatchilik ham baravar jon koyitmasa, ko'zlangan maqsadga erishib bo'lmaydi. Yangi oila qurgan kuyovning ota-onalari birinchi kunlardanoq ko'ngilchanlik qilib kelinni taltaytirib yubormay, turmush sinoatlariga tayyorlab borsa, hayot faqat o'yin-kulgi va ko'ngilxushliklardan iborat emasligini unga tushuntira olsa, xotinning eng asosiy burchi erga itoat ekanini etkaza olsa, orada urush-janjallar kelib chiqmaydi, ikki yoshning baxti zavol topmaydi.

Kelin odobli bo'lib, erining yaqinlarini hurmat qilsa, ular bilan murosa qilish yo'llarini axtarsa, yoshi ulug' qaynonasini e'zozlab, xizmatini ayamasa, oila inqirozga uchramaydi, o'rtada bolalar tirik etim bo'lmaydi.

Yoki oiladagi kattalar, ayniqsa, qaynonalar sal bag'rikengroq, sabrliroq, adolatliroq bo'lishsa, qaynotalar tajribalari va mavqelaridan kelib chiqib, yoshlarga nasihat qilishsa, oilaning boshqa a'zolari kelin-kuyovning turmushiga aralashishmasa, ishlar chappasiga ketmaydi. Jinday murosasizlik ham ba'zan qimmatga tushadi. Shuning uchun ham dinimiz yoshlar o'rtasida ahillik yo'qolsa, ularni yarashtirishga, buning uchun har ikki tomondan xolis, adolatli hakamlarni jalb qilishga buyuradi. Alloh azza va jalla aytadi:

«Agar ular (er-xotin)ning oralari buzilib ketishidan qo'rqsangiz, er oilasidan bir hakam, xotin oilasidan bir hakam yuboringiz. Agar (er-xotin) islohni xohlasalar, Alloh o'rtalarini muvofiqlashtirgay. Albatta, Alloh bilimdon va xabardor zotdir» (Niso, 35).

Ali ibn Abu Tolibdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Odamlarning arazlashganlarini yarashtirib qo'yish bir nafl namoz o'qishdan va nafl ro'za tutishdan ko'ra savobliroqdir”, deganlar” (Imom Tabaroniy rivoyati).

Ko'pincha oilada ota-ona va farzandlar, oilaning boshqa a'zolari orasida ham turli kelishmovchilik, bir-birini tushunmaslik kabi holatlar uchrab turadi. Arzimagan sabab-bahonalar bilan tinch xonadonlar urush-janjallar, jang va mojarolar maskaniga aylanadi. Bir-biriga yaqin, qadrdon, qarindosh odamlar o'rtasida mehr-oqibat ko'tariladi. Munosabatlar buzilib, axloq-odob qoidalari poymol qilinadi, jamiyat osoyishtaligiga putur etadi.

Halqimiz: “Oila qurish igna bilan qasr barpo qilishga teng”, deydi. Darhaqiqat, oilaning, turmushning, ro'zg'orning ming bir mashaqqati, sinovi bor. Ko'pincha oilaviy munosabatlar haqida so'z borar ekan, uni buzilishga olib boruvchi  omil va sabablarni har kim o'zicha har xil sharhlaydi. Kimdir oiladan tinchlik va xotirjamlikning ketishida butun aybni erning lapashangligiga, xotiniga so'zini o'tkazolmayotganiga to'nkaydi. Kimdir xotinning o'tkirligi, makkorligi, itoatsizligini hamma ixtilof va kelishmovchiliklar sababchisi deb hisoblaydi. Boshqalar oilaviy kelishmovchiliklar ko'proq zolim qaynonalarning yovuzligi yoki gapuqmas kelinlarning qaysarligi bois sodir bo'ladi, deb hisoblashadi. Ayrimlar asosiy janjal moddiy etishmovchiliklardan, qo'l kaltaligidan kelib chiqadi, deb o'ylaydi. Kimlardir bola tarbiyasiga e'tiborsizlik qilgani tufayli u ulg'ayganida endi buning azobini tortayotganidan zorlanadi. Aslida, bunga kim yoki nima aybdor?

Shayx Muhammad Abu Zahra oilani uch qismga bo'ladi: birinchi qism – er-xotin, ikkinchi qism – farzandlar, uchinchisi esa – yaqin qarindoshlar (ya'ni, ota-ona, aka-uka, opa-singil va boshqalar)dir. Ana shu uch qism ahil-totuv bo'lgandagina oila tinch-osoyishta va fayzli bo'ladi, aks holda urush-janjaldan boshi chiqmaydi. Atoqli mutafakkir olima Olimatul Banot: “Oilaviy masalalarda er bilan xotin o'rtasida totuvlik va maslahatlashib ish tutish bo'lmasa, bunday oila azob va mashaqqat maskaniga aylanadi”, deydi.

Eng alam qiladigan joyi, hozir oilaviy urush-janjallar, qo'ydi-chiqdilarga sabab bo'layotgan narsalar juda arzimasdir. Birida ovqatning sho'rligidan, boshqasida kelinning qaynonaga salom bermaganidan, yana birida hayit yo'qlovida tog'oraning bitta kam qilinganidan, boshqasida kuyovning ishdan kech kelishidan boshlangan behuda gaplar bora-bora oilaning buzilishiga sabab bo'ladi. Odamlar oila taqdiriga, ikki yoshning baxtiga shunchalar beparvo va engil qaraydigan bo'lib ketishganmi?

Keyingi paytda yangi turmush qurganlar o'rtasida bo'lar-bo'lmas, mayda narsalar sababidan xotinini taloq qilish yoki kelinlarning erlaridan talog'ini so'rashi kabi ko'ngilsiz holatlar ko'payib boryapti. Nahotki, taloq nihoyatda jiddiy narsa ekanini, bu so'zdan Allohning Arshi larzaga kelishini tushunishmasa? Savbondan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Qaysi bir ayol eridan sababsiz taloq so'rasa, jannat hidi unga haromdir”, deganlar (Imom Ahmad rivoyati).

Ko'pincha ikki yosh baxtiga ularning ota-onalari ham zomin bo'lib qolishadi. Kelin-kuyov turmushiga har bir mayda-chuyda xususida aralashaverish, kelinning qiliqlaridan, ishlaridan xato topaverish yoki kuyovning qanday ro'zg'or tutishida aql o'rgatish, umuman, yoshlarni bo'lar-bo'lmasga tergayverish ham ular o'rtasiga sovuqchilik tushishiga sabab bo'ladi.

Insonning eng yaxshi fazilatlaridan biri uning kechira olish xislatidir. Kechirish dinimizda maqtalgan sifatlardan hisoblanadi. Bir qarashda oniy yutqazishday ko'ringan kechira olish katta mojarolarning oldini oladi, kelgusidagi g'alabani ta'minlaydi. “Er-xotinning urishi – doka ro'molning qurishi” deganlariday, ikki oshufta qalbning arazi uzoqqa bormasligi kunday ravshan narsa. Sal ixtilof chiqdimi, bir tomon darrov murosa-kelishuv yo'lini tanlab, ziddiyatni daf qilish chorasini ko'rishi kerak. Shunday holatlarda bir tomonning andishaga rioya qilishi, aql-idrok bilan ish tutishi shaytonning bo'ynini sindirib, jinday murosaga yurishi katta mojarolarning oldini olibgina qolmay, oilada chinakam saodat gulshanini barq urdirib, yashnatib yuboradi.

Rivoyat qilishlaricha, bir kishi xotinining murosasizligidan, itoatsizligidan to'yib ketib, hazrat Umarga shikoyat qilish uchun u kishining uyiga boribdi. Eshikka yaqinlashsa, ichkaridan ayol kishining qattiq-qattiq gapirayotgani eshitilibdi. Shunda boyagi kishi: «Halifaning uyida ham bu mojaro bor ekan, yaxshisi, indamay  ketaqolay», deb ortiga qaytmoqchi bo'libdi. Shu payt ichkaridan hazrat Umar chiqib qolibdilar. Yumush bilan kelgan odamning iziga qaytib ketayotgani sababini so'rabdilar. Arzga kelgan odam: “Hotinimning zulmidan shikoyat qilib keluvdim, qarasam, bu mashmasha sizning ham boshingizda bor ekan, shunga qaytib ketmoqchi bo'lib turuvdim”, deb javob qilibdi. Shunda hazrat Umar: “Qiziq odam ekansan-ku, axir ayollar ovqatimizni pishirsa, kir-chirlarni yuvsa, bolalarimizni tarbiya qilsa, butun ro'zg'or ishlarini zimmasiga olgan bo'lsa-yu, onda-sondagi noroziliklariga sabr qilmasak, insofdan bo'larmikin”, degan ekanlar». 

Endi masalaning boshqa tomoniga e'tiborni qarataylik. Qiz eri ustidan ota-onasiga shikoyat qilib keldi, deylik. Ota-ona ko'pni ko'rgan, mulohazali, aqlli bo'lsa-ku, yaxshi. «Qizim, oilada nimalar bo'lmaydi, agar ering bilan bir umr birga bo'lishni istasang, uning tanbehlariga rozi bo'l, sabr qil, hammasi yaxshi bo'lib ketadi», deb pand-nasihatlar bilan iziga qaytarib yuborishadi. Aksari hollarda esa, ota yoki ona qizining topib kelgan gapini ro'kach qilib, kuyovni «tartibga chaqirishga», «tavbasiga bir tayantirib qo'yishga» kirishadi, hatto u bilan yoqalashishgacha boradi. Ayniqsa, bu hol qiz tomon boylik, martaba va nasabda bir pog'ona balandroq oilalarda ko'p uchraydi. Oqibatda kuyov bilan qaynota-qaynona o'rtasida, qudalar o'rtasida «parda ko'tariladi». Ho'rlangan, izzati toptalgan yigitning ko'ziga hech narsa, hatto sevib uylangan ayoli, shirindan-shakar farzandlari ham ko'rinmay qoladi. Uyiga gap tashib, «dedi-dedi»lari bilan oilasi baxtini poymol qilgan xotinidan voz kechishga majbur bo'ladi. Hotinining jinday farosatsizligi tufayli shirin turmushga xotima qo'yiladi. Asmo binti Yazid ansoriyadan (roziyallohu anho) rivoyat qilinadi: «Tengdosh qizlar bilan o'tirgan edim, oldimizdan Payg'ambar (sollallohu alayhi va sallam) o'tdilar. U zot salom berdilar va: “Valine'matlaringizga noshukrlikdan ehtiyot bo'linglar”, dedilar. Men dugonalarim ichida savol berishga jur'atlirog'i edim va: “Ey Allohning Rasuli, valine'matlarga noshukrlik nima?” deb so'radim. “Biringiz ota-ona bag'rida uzoq vaqt ersiz o'tiradi. So'ng Alloh unga er ne'matini ato qiladi, farzand beradi. (Ammo ayol) jahl ustida “Sendan hech yaxshilik ko'rmadim», deb kufroni ne'mat qilib qo'yadi”, dedilar» (Imom Buxoriy rivoyati, Al-Adab al-mufrad).

Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va salam): «Ayollarning yaxshisi – nazar solsang, xursand qiladigan, amr qilsang, itoatda bo'ladigan, yo'qligingda o'z nomusini va sening molingni muhofaza qiladiganidir», deganlar (Imom Tabariy va Ibn Abu Hotim rivoyatlari).

 Dinimiz talabiga ko'ra, er oilaning rahbari, uning hamma tomoniga mas'ul hisoblanadi. Ammo bu ayrimlar o'ylaganidek, «deganim degan» qabilida ish tutish, oilaning boshqa azolariga zulm o'tkazish huquqi berilgani emas. Aksincha, er xotinining haqlarini to'la ado etadi, ota-onani o'zi va xotini tomonidan hurmat-ehtirom qilinishini ta'minlaydi, ro'zg'or ta'minoti bilan shug'ullanadi, oilasini halol rizq bilan boqadi. Bu degani – o'zi eganini oilasiga ediradi, o'zi kiyganini kiydiradi, ro'zg'orning kerakli jihozlarini xarid qiladi. Hotiniga yaxshi muomalada bo'ladi. Uning belgilab qo'yilgan haqlarini to'la ado etadi. Agar ayol qaysarroq bo'lsa, uni pand-nasihat, tanbeh bilan asta-sekin yo'lga soladi. 

Erlarning yana bir vazifasi – xotinlari xato yoki kamchilikka yo'l qo'ysa, kechirimli bo'lish, qusurini tuzatish, aybini berkitish, xotini va oilaning boshqa a'zolari o'rtasida ixtilof chiqsa, buni isloh qilish va murosaga keltirishdir.

«Kelin olish oson, qaynona bo'lish qiyin», deyishgan momolarimiz. Kelin kelishi bilan qaynona hamma yumush-tashvishlardan forig' bo'lib, rohat-farog'atga o'tib qolmaydi. Aksincha, uning zimmasiga o'zga xonadon farzandi o'z oilasida palak otishi, ne mashaqqat bilan tiklangan oilaning kamolga etishi, o'g'li va kelini totuv turmush kechirishi yo'lida katta mas'uliyat yuklanadi. Axir “Kattalar yoshlar uchun bir ko'prik”, deb bejiz aytishmagan. Kelinni bir erdan boshqa bir erga ko'chirib o'tqazilgan niholga o'xshatishlari ham bejiz emas, unga alohida mehr-muhabbat, alohida parvarish kerak.

 O'zbek xonadonlarida, yaxshi tarbiya ko'rgan oilalarda qadim-qadimdan qizlarni boradigan eridagi issiq-sovuqqa, achchiq-tiziqqa ko'nikishga o'rgatadilar. “Endi uying o'sha er, u joydan gap tashib kelma, qaynonang bilan murosa qil, sen yaxshi bo'lsang, xizmatingni ayamasang, ular ham boshiga ko'tarib yuradi”, qabilida nasihatlar qilingan. Bunday tarbiya olmagan qizlar esa ba'zan o'z baxtlariga o'zlari zomin bo'lishadi.

Donishmandlar bunday deyishadi: “Er bilan xotin oilaning ikki xojasi, xonadonning ziynatidir. Er va xotinning birgalikdagi vazifalari bir-birlariga sadoqat, ishonch, ehtirom, muhabbat, xotir saqlash va yordam qilmoqdir. Sadoqat uylanishning ruhidir. Noo'rin harakatlar, g'avg'o-janjallar uylanish ruhini buzib, oila saodatini barbod etadi. Turmush va uy-ro'zg'orga tegishli ishlarni er-xotin bir-birlaridan yashirmasliklari kerak. Er ba'zida xotinining noo'rin ishini bilsa, unga muloyimlik bilan nasihat qilishi, bu ishining xato yoki gunoh ekanini tushuntirishi zarur. Hotin ham erining ehtiyojini, sa'yi va kasbida yalqovligini sezsa, uni to'g'ri yo'lga solib ko'nglini ko'tarsin, tasalli bersin, g'ayrat bag'ishlasin. Ikki tomon har qanday holatda ham bir-birlarini tashlamaslikka ahd-paymon qilishlari talab etiladi. Masalan, ulardan biri kasal bo'lsa, ikkinchisining iltifotsiz qarab, uni o'z holiga tashlab qo'yishi kechirilmas holdir”.

Oilaviy turmush bejiz “umr savdosi” deyilmagan. Bu savdo sotuvchi va oluvchining roziligi asosiga qurilsagina, g'irromlik va aldov aralashmay halol bo'lsagina, ikkala tarafga baravar foyda keltiradi. Yo sotuvchi faqat o'z foydasini ko'zlab, xaridor haqida o'ylamasa yoki aksincha bo'lsa, bu savdoning umri qisqa bo'ladi. Oila hayotida ham er-xotin “halol savdo” qilishsagina turmushlari fayzli, hayotlari farog'atli kechadi.

 Ayniqsa, hozirgi paytda molparastlik, boylikka ruju qo'yish, kimo'zarga dunyosini ko'z-ko'z qilish xalqimizga qimmatga tushyapti. Qancha oilalar arzimas matohlar deb boshlangan janjallardan parokanda bo'lyapti. Nahot, kulfatlarga sabab bo'luvchi molparastlik balosidan qutulish, har ishda qanoatli, kamtar bo'lish shunchalik mushkul ish bo'lsa?!

Oila hayoti hech qachon sidirg'asiga faqat shodu xurramlik, baxt-saodatdan iborat bo'lmaydi. Turmushda ixtilof va tashvishlar, qiyinchilik va etishmovchiliklar, musibat va g'am-anduhlar keragicha uchraydi. Er-xotin birgalashib, qarshi kurashsagina ularni engish oson kechadi, oila xotirjamligi barqaror bo'ladi. Agar bunday qiyin paytlarda murosa buzilsa, o'zaro samimiyat chekinsa, birining tashvishiga ikkinchisi tomoshabin bo'lib tursa, bu oilada totuvlik oshyon qurishi amri­mahol. Alloh taolo barchamizni oila totuvligi haqida jon kuydiradigan, bir-birimizga mehr-muruvvatli solih bandalaridan etib, ikki dunyo saodatiga musharraf aylasin. Oilalarimizda tinchlik-xotirjamlik, o'zaro ahillik, murosa va sadoqat barqaror bo'lishini nasib etsin.

 

Yomon xulqdan saqlanish

Farzand tarbiyasiga katta e'tibor qaratish eng muhim vazifadir. Zero, yoshlikda o'rgangan odob bilan bola o'sib-ulg'ayadi. Yosh bolalarda uchraydigan tajanglik, urushqoqlik, shoshqaloqlik, pala-partishlik, qo'rslik kabi salbiy odatlar o'z vaqtida to'xtatib qolinmasa, katta bo'lganida bularni tashlashi qiyin kechadi. Bunday yomon sifatlar unda mustahkam o'rnashib, buzuq axloqlarga aylanadi. Natijada inson qanchalik hushyor bo'lishga urinmasin, kun kelib, uning bu yashirin odatlari yuzaga chiqadi. Shu tufayli ba'zi kishilarni bu kabi xunuk holatlarda uchratib qolamiz. Bu holat ularning noto'g'ri tarbiya olgani oqibatidandir. Shuningdek, bolani behuda ishlar va keraksiz gap-so'zlardan uzoq qilish kerak. Albatta, bular hech qachon bolaning odobiga ijobiy ta'sir o'tkazmagan.

Bolani yolg'onchi bo'lishdan saqlash kerak. Agar ota-ona bolaga yolg'on va xiyonat yo'lini qulaylashtirsa, uning dunyo va oxirat saodatiga xavf solgan, hamma yaxshilikdan mahrum etgan bo'ladi.

Bolani yalqov, bekorchi, erinchoq va doimo rohatda bo'lishga tashlab qo'ymasdan, unga faqat etarlicha kuch to'plab oladigan darajada orom beriladi. Zero, dangasalik va bekorchilikning oqibati pushaymonlikdir. Mehnatdan toliqishning dunyo va oxiratda maqtovli natijasi bor. Buyuk mufassir Yahyo ibn Abu Kasir ham: “Ilmga jismning rohati bilan erishilmaydi”, deb bejiz aytmagan.

Farzandni ilm va ibodatga rag'batli qilib tarbiyalash kerak. Ana shunda bola katta bo'lganda vaqtining ko'p qismini ilm olish, kasb-hunar o'rganish hamda ibodat bilan mashg'ul bo'lishga ajratadi. Albatta, yoshligidan bularning barchasiga odatlangan bola katta bo'lganida hayotda qiynalmaydi.

Shuningdek, bolani ortiqcha ovqatlanish, gapirish va ko'p uxlashdan yiroq qilish kerak. Zero, ziyon mana shu narsalarning keragidan ortig'idadir. Uni qorni va farjiga taalluqli shahvatlarning zararlaridan uzoqlashtirish, ular ortidan kelib chiqadigan zararlarning oqibatini yaxshilab tushuntirib berish maqsadga muvofiq bo'ladi.

Ko'p kishilar farzandlarini o'z hollariga tashlab qo'yadilar, odob-tarbiya bermaydilar, ularning xohish-istaklarini amalga oshiriga harakat qiladilar. Bu yordamlari bilan ba'zida bolaning baxtiga zomin bo'ladilar. Holbuki, ular bolani e'zozlayapmiz, deb, aslida esa kelajakda xor bo'lishiga sababchi bo'ladilar, unga rahm-shafqat qilyapmiz, deb, aslida unga zulm qilgan hamda yaxshilikdan mahrum etgan bo'ladilar. Shuningdek, og'zi shaloq,  xulqi buzuq kimsa bilan suhbatlashishdan ham bolani ehtiyot qilish kerak.

Otaning bolalariga loqayd bo'lishi oxiri hunuk oqibatlarga sabab bo'ladi. Loqaydlik yomon illat bo'lib, u bola tarbiyasining buzilishiga katta yo'l ochadi. Ota sustkashlik qilib, burchini ado etmagani va manfaatli ilm hamda solih amaldan o'rgatmagani oqibatida o'z farzandidan manfaat topa olmaydi. Farzand ham otasining yaxshiligidan va manfaatidan mahrum bo'lib o'sadi. Hususan, agar farzand o'g'il bo'lsa, unga ipakdan tayyorlagan kiyim kiygazish mumkin emas. Bu uning jismi hamda tarbiyasiga salbiy ta'sir etib, uni ayoltabiat qilib qo'yadi. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Ipak va tilla ummatimning erkaklariga harom qilindi, ayollariga halol qilindi”, deya marhamat qilganlar (Imom Abu Dovud, Nasoiy va Ibn Moja rivoyatlari). Go'dak mukallaf bo'lmasa-da, ota-ona mukallafdir. Ularning bolani harom yo'lga kirib ketishi uchun imkoniyat yaratib berishlari nojoiz, albatta. Negaki, bola nimaga odatlansa, undan ajralishi og'ir bo'ladi.

Bolaning qobiliyati va qiziqishiga qarab ish tutish, uni qaysi ishga qobiliyati bor, qanday ishlarni uddalay olishini nazarda tutish zarur. Ota-ona farzandlarini fahm-farosatli, xotirasi kuchli, tezda ilg'ab oladigan va bilimga rag'batli deb bilishsa, bu uning ilmni qabul qilishga tayyor ekani alomatidir. Modomiki, qalb lavhasi bo'm-bo'sh ekan, unga ilmni naqsh qilishsin va bu bilan ilm uning qalbiga muhrlanib, rivojlanib borsin. Agar bolada bahodirlik va shunga o'xshash sport turlariga qobiliyati sezilsa, uni o'zi yoqtirgan sport turi bilan muntazam shug'illantirish maqsadga muvofiq bo'ladi.

 

HOTIMA

Aziz ota-onalar! Zimmangizda naqadar og'ir mas'uliyat turganini his qilyapsizmi? Bu ishda yo'l qo'yilgan birgina xato qanchalar yomon oqibatlarga olib kelishini unutmang. Tarbiyaning yaxshi-yomonligi, nazoratingiz qat'iy yoki sustligi, farzandingizning imoni, aqli, ilmiy salohiyati, xulq saviyasi jamiyatdagi o'rniga nechog'li ijobiy yoki salbiy ta'sir ko'rsatishini angladingizmi? Shu choqqacha bu yo'lda bajargan ishlaringizning salmog'ini boshdan do'ppini olib qo'yib, mulohaza qilib ko'rdingizmi? Haqiqiy ota-ona bo'la olish vazifasini qay darajada bajarayotganingiz haqida o'zingizga savol berib, qoniqish hosil qildingizmi yoki yo'qmi? 

Agar bu savollarga qoniqarli javobingiz bo'lmasa, demak, siz o'z mas'uliyatingizga etarli yondasha olmayapsiz. Izlanishda, topishda davom eting. Agar muammolar changaliga tushmasdan, savollarga ijobiy javob topgan bo'lsangiz, demak, to'g'ri yo'ldasiz va bu yo'lda yanada mustahkam bo'ling!

Bu o'ta murakkab vazifani uddalab, yoqimli va totli hissini tuyib, huzurini ko'rayotgan baxtli ota-onalar bunga qanday erishdi ekan? Bu qadar zalvorli ishni eplagan muhtaram ota-onalar bu jarayonda asosiy e'tiborlarini nimalarga qaratdilar?

Bu singari savollar, oldilarida farzand tarbiyasidek nozik, jiddiy, mas'uliyati, ulkan vazifa turgan har bir ota-onani o'yga toldirishi tabiiy, albatta. Quyidagi ikki narsaga e'tibor qaratilsa, bu mashaqqatli yo'lni bosib o'tish engilroq kechadi:

  1. Avvalo, har bir ota-ona yuqorida bayon qilingan tarbiya va odoblarni farzandi qalbiga to'g'ri, samimiy, sekinlik bilan, bosim o'tkazmasdan singdirib borishi hamda tarbiyaning har bir jabhasi bolalarga qay darajada ta'sir etayotganini kuzatib borishi kerak. Farzandlarining aqliy va xulqiy jihatidan doim xabardor bo'lib, o'z vazifasini nechog'li bajarayotganini ham xolis baholab borsin.
  2. Yana bir e'tiborli jihat, farzandning bo'sh vaqtidan unumli foydalanish. Farzand bo'sh paytida unga o'ziga xos vazifa belgilab qo'yish maqsadga muvofiq. Ana shunda ota-ona uyda bo'lsa-bo'lmasa ham, bola o'z zimmasidagi vazifalar bilan band bo'ladi.

Agar ota-ona farzand bo'sh vaqtida u bilan birga shug'ullanishga vaqt  ajrata olsalar, nur ustiga nur. Bu vaziyat farzandga doimo bir xil emas, balki turli mashg'ulotlarni bajarish imkonini beradi. Bir xil ishga mashg'ul bo'lish farzandni zeriktirib, rag'batini so'ndirib boradi. Ota-ona ko'magida farzand yoshiga doir qo'shimcha kitob va gazetalar o'qiydi, qiziqarli masalalarni muhokama qiladi, ibratli rivoyat va voqealar eshitadi va o'zini qiziqtirgan savollarga javob oladi. Tabiiy, bularning barchasi maktabda olayotgan bilimlarini mustahkamlaydi, ongini o'stiradi, fikrining teran, to'g'ri yo'lda dadil va bardavom bo'lishini ta'minlaydi. Natijada, farzand solih, dono va fozil bo'lib, faqat o'zini emas, balki ko'pchilik manfaatini ham ko'zlaydigan, xalqparvar inson bo'lib etishadi.

Afsuski, ayrim ota-onalar o'z dilbandlarining kelajakda ana shunday komil inson bo'lib voyaga etishini hatto o'ylab ham ko'rishmaydi. Ular vaqtlarini maishatbozlik, o'tkinchi hoy-havaslarga sarf qilishni ma'qul ko'rishadi. Farzand ham ota-onasining yo'lidan izma-iz kelishi esa hatto xayoliga kelmaydi. Bunday befarq ota-onalar nafaqat o'ziga, balki o'g'il-qizi, kelajak avlodiga ham zulm qilgan bo'ladi.

Ota-onaning holati shu bo'lsa, boshqa kim ham uning farzandini imon va e'tiqodda sobitqadam qilib tarbiyalaydi? Axir kim ularga yaxshi xulq, go'zal odob, izzat-hurmatni o'rgatadi? Kim ham ularni sog'lom va dovyurak qilib o'stirardi? Yana kim ularning qalbida ilm-ma'rifatga rag'bat uyg'otib, diyonatli qilib voyaga etkazadi? Kim ularga boshqalar haqini ado qilishni, jamiyat, xalq va Vatan oldidagi burchlarni bajarish mas'uliyatini singdiradi? Kim ularning murg'ak qalblariga bu kabi ezgu xislatlar urug'ini ekadi?

Axir ularning dunyoga kelishiga sabab bo'lgan ota-ona shuncha beg'am bo'lishsa, kim ular uchun jon kuydirib, qayg'uradi? Bunday ota-onalarning farzandlari ziyoli inson bo'lishga haqqi yo'qmi?

Shunday ekan, muhtaram ota-ona, farzand tarbiyasida sizdan doimo ogoh va sergak bo'lish talab etilishini unutmang! Ota-onaning yuksak vazifalarini yodga solib, Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) muborak hadisilarini yana bir bor keltirishni lozim ko'rdik:

قَالَ رَسُول الله - صلى الله عليه وسلم - والرَّجُلُ رَاعٍ في أهْلِهِ وَمَسْؤُولٌ عَنْ رَعِيَّتِهِ ، وَالمَرْأةُ رَاعِيَةٌ في بيْتِ زَوْجِهَا وَمَسْؤُولَةٌ عَنْ رَعِيَّتِهَا. (متفق عليه)

«Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Erkak o'z ahliga boshliq va u qo'l ostidagiga mas'uldir. Ayol erining uyida boshliq va u o'z qo'l ostidagiga mas'uldir...”, dedilar».

ما نحل والد ولدا من نحل أفضل من أدب حسن (رواه الترمذي)

“Ota farzandiga go'zal odobdan yaxshiroq narsa berolmaydi” (Imom Termiziy rivoyati).

Alloh taolo oila rahbarlarini inson tasavvuriga sig'dira olmaydigan darajadagi ulkan azobdan ogoh etib, shuning barobarida ularning zimmalariga ulkan mas'uliyat yukladi. Tarbiyaga mas'ul har bir kishining qalbida va ko'z o'ngida mudom ushbu oyat jaranglab turishi lozim:

يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ قُوٓاْ أَنفُسَكُمۡ وَأَهۡلِيكُمۡ نَارٗا وَقُودُهَا ٱلنَّاسُ وَٱلۡحِجَارَةُ عَلَيۡهَا مَلَٰٓئِكَةٌ غِلَاظٞ شِدَادٞ لَّا يَعۡصُونَ ٱللَّهَ مَآ أَمَرَهُمۡ وَيَفۡعَلُونَ مَا يُؤۡمَرُونَ٦

«Ey imon keltirganlar! O'zlaringizni va oila a'zolaringizni yoqilg'isi odamlar va toshlar bo'lmish do'zaxdan saqlangizki, unda dag'al va qattiqqo'l, Alloh buyurgan narsaga itoatsizlik qilmaydigan, faqat buyurilgan ishni qiladigan farishtalar (xizmat qilurlar)»(Tahrim, 6).

Darhaqiqat, dunyoda ayovsiz bir “qilich” bor, bu vaqtdir. U tig'i shunday o'tkirki, Allohning mahbub bandalari bo'lmish payg'ambarlarni ham ayamadi. U shunday ayovsizki, hatto haybatu vajohatlari dunyoni larzaga solgan jahongir, sarkardalarga ham shafqat qilmadi.

Ammo ularning ustunligi bor: Parvardigor in'om etgan vaqtning bir bo'lagi hisoblanmish umrdan oqilona foydalanib, “qilich”ning domiga tushmasdan burun uni kesishga ulgurganlaridir. Shu bois ularning umrlari poyoniga etganida ham bu “qilich” ayovsiz tarzda emas, balki muloyim va ohistalik bilan ishini bajargan. Tilsimotlarga to'la bu umrning zavoli, qanchalar ayanchli bo'lishiga qaramasdan, vaqtni ham o'z domiga yutguvchi ajaldir. Har bir insonga poyma-poy, nafasma-nafas ta'qib qilayotgan, rizq tugashini intizorlik bilan kutayotgan bu ajal to'satdan keladi. Shuning uchun har bir ota-ona zimmasidagi vojib  amallarni paysalga solmasdan, vaqtida ado etishi shart. Hullas, qiladigan ishlarimiz, echimini kutayotgan muammolarimiz talaygina. Zero, dunyodagi sharmandalikdan va oxiratdagi azobdan qutilishning birdan-bir chorasi ham shundan iboratdir.

Inchunin, Alloh taolo bandalarini ogoh etib, bunday deydi:

وَأَنِيبُوٓاْ إِلَىٰ رَبِّكُمۡ وَأَسۡلِمُواْ لَهُۥ مِن قَبۡلِ أَن يَأۡتِيَكُمُ ٱلۡعَذَابُ ثُمَّ لَا تُنصَرُونَ٥٤ وَٱتَّبِعُوٓاْ أَحۡسَنَ مَآ أُنزِلَ إِلَيۡكُم مِّن رَّبِّكُم مِّن قَبۡلِ أَن يَأۡتِيَكُمُ ٱلۡعَذَابُ بَغۡتَةٗ وَأَنتُمۡ لَا تَشۡعُرُونَ٥٥

«Sizlarga azob kelib, so'ngra yordam berilmay qolishidan ilgari Rabbingizga qaytingiz va unga bo'yin suningiz! Sizlarga, o'zlaringiz sezmagan holingizda to'satdan azob kelib qolishidan ilgari, Rabbingiz (tomoni)dan sizlarga nozil qilingan go'zal narsa (Qur'on)ga ergashingiz!» (Zumar, 54–55).

So'zim oxirida, ota-onadek ulug' maqomga, ulkan baxtga musharraf bo'lgan va barcha dindosh, imondosh, qibladosh katta-kichik, yoshu qari, erkak-ayol va barcha azizlarimga kamoli hurmat ila shuni aytamanki, ushbu tarbiya uslublari nafaqat farzandlarimizga, balki barchaga barobar taalluqlidir. Avvalo tarbiyaga o'zi amal qilgan murabbiy haqiqiy murabbiydir! Shu yo'l bilan ruhiyatni pok tutib, so'ngra bu ezgu sifatlarni farzandlarga singdirilsa, manfaati ulug' bo'ladi, inshaalloh. Yaratgan Rabbimiz bu xizmatlar evaziga ikki dunyo saodati hamda bitmas-tuganmas ajr-savoblariga musharraf aylaydi, inshaalloh!

Alloh taolo bandalarining har bir qilgan amallaridan xabardor – “Hobiyr”, bilguvchi – “Aliym”, jazo yoki mukofot berguvchi Ulug' Zot:

وَقُلِ ٱعۡمَلُواْ فَسَيَرَى ٱللَّهُ عَمَلَكُمۡ وَرَسُولُهُۥ وَٱلۡمُؤۡمِنُونَۖ وَسَتُرَدُّونَ إِلَىٰ عَٰلِمِ ٱلۡغَيۡبِ وَٱلشَّهَٰدَةِ فَيُنَبِّئُكُم بِمَا كُنتُمۡ تَعۡمَلُونَ١٠٥

«Ayting: “Ishlangiz! Albatta, Alloh, Rasuli va mo'minlar ishlaringizni ko'rajaklar. Shuningdek, albatta, g'oyib va oshkora (ishlar)ni biluvchi (zot) huzuriga qaytarilursiz. Bas, (o'shanda) sizlarga qilgan ishlaringiz xabarini berur» (Tavba, 105), deya marhamat qilgandir.

Alloh taolo butun insoniyatga to'g'ri yo'lni ko'rsatuvchi, saodatga etaklovchi Islom dinini hidoyat yo'li qilib tanladi. Kim bu yo'lga egashsa, itoat qilsa, haqiqiy saodat, farog'at va halovatga musharraf bo'ladi.

 

KITOB BITDI (barchamizni boamallardan qilsin...)

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Fatvoning o‘zgarishiga sabab bo‘luvchi omillar

07.05.2025   6396   9 min.
Fatvoning o‘zgarishiga sabab bo‘luvchi omillar

         Islom shariatida ijtihod (ya’ni shariat hukmlarini aniqlashda ilm va dalil asosida izlanish olib borish) juda muhim o‘ringa ega. Shariat o‘z samarasini berishi uchun shaxs, oila, jamiyat va ummat hayotida maqsadlariga erisha olishi uchun, u har tomonlama va har darajada ijtihodning amalga oshirilishiga muhtojdir. Bu — yangi masalalarda ijtihod bo‘ladimi, mavjud fikrlardan tanlab olinadigan ijtihodmi, umumiy yoki qisman, yakka tartibda yoki jamoaviy bo‘ladimi — barchasi shariat faoliyatida zarur sanaladi. 
 

         Ijtihodning turli ko‘rinishlari mavjud. Ulardan biri — qozilikdagi ijtihod bo‘lib, bu qozilar tomonidan amalga oshiriladi. Ayniqsa, islomda ijtihod faol davrlarda va hukmlar qonun sifatida rasman qayd etilmagan, qozilar majburiy ravishda ularga amal qilishga buyurilmagan davrlarda bu juda keng tarqalgan edi.


         Ijtihodning yana bir shakli — qonunlashtirishdir. Ya’ni, fiqh hukmlarini huquqiy moddalar shaklida ifoda etish. Masalan, oila qonunchiligi, fuqarolik qonunchiligi, jinoyat qonunchiligi, ma’muriy va moliyaviy qonunchilik kabi sohalarda. Masalan, Usmonlilar imperiyasining oxirgi davrlarida hanafiy mazhabi asosida tayyorlangan mashhur "Majallatul ahkom" ana shunday qonunlar to‘plamining namunasi bo‘lgan. Bugungi kunda ham shariat hukmlarini yangi ijtihod asosida tartiblash mumkin, bu ijtihod umumiy ham bo‘lishi mumkin, yoki qisman, yangi yoki mavjud fikrlardan tanlangan holda bo‘lishi mumkin.


         Bu amaliyot oila qonunchiligida (yoki "shaxsiy holatlar" deb ataluvchi sohada) amalga oshirilgan. Avvalida bu hanafiy mazhabi asosida bo‘lsa-da, keyinchalik to‘rt mazhab doirasiga kengaydi va yanada ilgarilab, islom fiqhining barcha imkoniyatlaridan bahra olishga o‘tildi. Bu yo‘lni Misrda al-Azhar shayxi — shayx Muhammad Mustafo al-Marog‘iy boshlagan, uni ba’zi mazhab mutaassiblari va taqlid tarafdorlari tanqid qilganlar, lekin u shariat dalillari bilan ularga munosib javob qaytargan.


         Ijtihodning yana bir ko‘rinishi — fiqhiy tadqiqotdir. Bu islom ulamolari o‘z halqalarida shogirdlari bilan birga bajargan ishlar bo‘lib, masalalarni bayon qilish, savollarga javob berish va buni shariat matnlari, qoidalari va maqsadlari asosida olib borishni o‘z ichiga oladi. Bugungi kunda buni universitetlardagi professorlar yoki ilmiy daraja (magistrlik, doktorlik) ishini yozayotgan talabalar amalga oshirmoqdalar. Ana shunday izlanishlar asosida kitoblar yoziladi.


         Ijtihodning yana bir shakli — fetvo berishdir. Fuqaholarga odamlar turli hayotiy masalalarda murojaat qilishadi va muftiy unga javob berishi shart, ayniqsa boshqa muftiy bo‘lmasa yoki u davlat tomonidan tayinlangan bo‘lsa. Muftiyning fatvosi tahqiq va ijtihod asosida bo‘lishi kerak, ya’ni real holatga mos ravishda qaror chiqariladi.


         Har bir mazhabda voqealarga mos tushgan fatvolar kitoblari mavjud bo‘lib, ularda barcha fiqh bo‘limlari qamrab olingan. Bu kitoblar mazhab qoidalari asosida tuzilgan va "ahkamun navozil" (yangi masalalarga oid hukmlar) deb ham ataladi.


         Ulamolarning so‘zlariga ko‘ra, fatvo zamon, makon, urf-odat va insonlarning ahvoliga qarab o‘zgarishi mumkin. Biz ham bu tadqiqotimizda fatvo beruvchi zamondosh ulamolar uchun ushbu omillarni e’tiborga olishni vojib, deb bildik. Ilg‘or zamon talabiga ko‘ra, oldingi ulamolar ta’riflagan to‘rt omilga yana olti omil qo‘shdik. Ya’ni, hozirgi zamonda fatvoning o‘zgarishiga ta’sir qiluvchi o‘nta omil bor:


1. Makonning o‘zgarishi

2. Zamonning o‘zgarishi

3. Holatlarning o‘zgarishi

4. Urf-odatning o‘zgarishi

5. Ma’lumotlar o‘zgarishi

6. Insonlar ehtiyojining o‘zgarishi

7. Insonlar imkoniyat va iqtidorining o‘zgarishi

8. Ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sharoitning o‘zgarishi

9. Ommaviy muammolarning yuzaga kelishi

10. Fikr va qarashlar o‘zgarishi


         Albatta, Islomda fatvo berish ulkan mas’uliyatdir. Bu vazifani ilmi va taqvosi yetarli bo‘lmagan odamlarga topshirish mumkin emas. Salafi solihlarimiz bu masalada juda qat’iy bo‘lishgan. Fiqhda va fikrda bilimsiz kishi fatvo bermasligi kerak. Imom Shotibiy shunday deydi: fatvo beruvchi kishi ummat ichida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘rnida turadi — odamlarga Allohning shariati hukmlarini bayon qiladi. Imom Ibn al-Qayyim rahimahulloh fatvo beruvchi haqida shunday deydi: u Alloh taolo nomidan hukm chiqaradigan odamdir, xuddi podshoh va amirlar nomidan qaror chiqaradigan vakillar kabi. Shu sabab, u kishi “I’lom al-mo‘aqqiyn ’an Rabb al-’Alamiyn” (Olamlar Robbisi nomidan imzo qo‘yuqchilarni ogohlantirish) deb nomlangan kitobini muftiylar uchun yozgan.


         Qur’oni Karimda Alloh taolo ba’zi masalalarda fatvoni O‘zi beradi. Masalan: “Sendan meros haqida so‘raydilar. Ayt: Alloh sizlarga kalala haqida fatvo beradi” (Niso surasi,176-oyat). “Ayollar haqida sendan so‘raydilar. Ayt: Alloh ular haqida fatvo beradi” (Niso surasi,127-oyat).


         Qur’onda “So‘raydilar” degan ibora o‘nlab oyatlarda keladi. Alloh taolo unga “Ayt” (Qul) degan javob bilan murojaat qiladi. Masalan: “Sendan may ichimlik va qimor haqida so‘raydilar. Ayt: ularda katta gunoh bor…” (Baqara surasi, 219-oyat) va shunga o‘xshash oyatlar. Bu ham fatvo va fatvo berishning ahamiyati, ulug‘ligi va mas’uliyatini ko‘rsatadi. Allohning O‘zi fatvo bergan bo‘lsa, bu qanday ulug‘ ish!


         Hech bir tadqiqotchiga sir emaski, musulmonlar — dunyodagi yagona ummatdirki, shariat hukmlari haqida savol beradi, ibodatlarida va muomalalarida halol-haromni aniqlamoqchi bo‘ladi. Boshqa bironta millatda — hatto kitobiy yoki butparast bo‘lsin — bunday intizom yo‘q. Shu sababli musulmon davlatlarda fatvo muassasalari tashkil etilgan. Shuningdek, ko‘pgina mamlakatlarda “Muftiy” lavozimi joriy etilgan. U ayrim mamlakatlarda diniy va ilmiy eng oliy mansab sanaladi. Misrda esa “Shayx al-Azhar” eng yuqori mansab hisoblanadi.


         Shu tufayli, muftiyning shartlari, odoblari va fatvo so‘rovchining ham odoblari haqida kitoblar yozilgan, hozirgi zamonda esa fatvo masalalariga bag‘ishlangan xalqaro anjumanlar o‘tkazilmoqda. Ayniqsa, zamonaviy ommaviy axborot vositalari, televideniyelar paydo bo‘lganidan so‘ng “ijtimoiy tarmoq orqali fatvo beradigan” ba’zi shaxslar ko‘paydi, ular har qanday masalada o‘zini bilimdon qilib ko‘rsatadi. “Bilmayman”, “Bu masala tahqiq talab qiladi”, “Kengash qilishim kerak” demaydi. Holbuki salafi solihlarimizdan biri aytganidek: “Kimki ‘bilmayman’ deyishda xatoga yo‘l qo‘ysa, u halokatga yuz tutgan bo‘ladi”.


         Shu maqsadda biz avvalroq «Fatvo: intizom va beqarorlik o‘rtasida» nomli kitobimizni nashr etgan edik. Endi esa ushbu «Fatvoning o‘zgarishiga sabab bo‘luvchi omillar» nomli risolamizni taqdim etyapmiz. Bu orqali fatvo egalarini to‘g‘ri yo‘l — nurli sirotul mustaqim — bilan yurishga yordam berishni, imkoni boricha haq va to‘g‘rilikni izlab topishga undashni, haqiqatni aniqlash uchun harakat qilishni va eng oxirida muftiyning Allohdan tavfiq so‘rab, U zotdan ko‘mak so‘rashini istaymiz. Chunki salafi solihlardan biri shunday degan: “Agar bir masala sen uchun  qiyin kelsa, ayt: ‘Ey Ibrohimga ilm o‘rgatgan Zot, menga ham ilm o‘rgat!’”. Alloh taolo shunday deydi: «Kimki Allohga iymon keltirsa, Alloh uning qalbini hidoyat qiladi» (Tag‘obun surasi, 11-oyat), «Kimki Allohga suyansa, bas u to‘g‘ri yo‘lga hidoyat etildi» (Oli Imron surasi, 101-oyat).


         Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham bizga bunday duoni o‘rgatganlar: “Ey Jabroil, Mikoil va Isrofilning Parvardigori! Osmonlar va yerning yaratuvchisi! Yashirin va oshkora narsalarning bilguvchisi! Sen bandalaring o‘rtasida kelisha olmayotgan masalalarda hukm chiqarasan. Sening izning bilan menga haq yo‘lni ko‘rsat, chunki Sen istagan kimsani to‘g‘ri yo‘lga hidoyat etasan”.


         Yevropa Fatvo va Tadqiqotlar Kengashining Bosh kotibiyati mendan uning madaniy risolalar silsilasiga muqaddima sifatida bir risola yozishimni so‘radi. Men esa mana shu risolani tanladim. Umid qilamanki, bu risola ko‘zlangan maqsadga xizmat qiladi, musulmonlarni umuman, ayniqsa, ozchilikda yashayotgan musulmonlarni fahm va hidoyatga yetaklaydi. Niyatimiz Alloh uchun. Uning O‘zi bizga yetarli va qanday yaxshi vakildir U.

 

Allohga muhtoj bandasi —

Yusuf al-Qarazoviy

Do‘ha shahri,

Rabi’ us-soniy, 1428 hijriy

May, 2007 milodiy

 

Homidjon domla Ishmatbekov

tarjimasi

MAQOLA