Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Iyul, 2025   |   18 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:20
Quyosh
05:01
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
20:00
Xufton
21:33
Bismillah
13 Iyul, 2025, 18 Muharram, 1447

02.04.2021 y. Yoshlarni zararli illatlardan himoya qilish – dinimiz talabi!

30.03.2021   6203   14 min.
02.04.2021 y. Yoshlarni zararli illatlardan himoya qilish – dinimiz talabi!

     بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ للهِ وَكَفَى، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ الْمُصْطَفَى، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أجْمَعِينَ، أَمَّا بَعْدُ.

YoShLARNI ZARARLI ILLATLARDAN HIMOYa QILISh – DINIMIZ TALABI!

Muhtaram jamoat! Bugungi kunda yoshlarning turli mafkuraviy ta'sirlar nishoniga aylanishi va turli oqimlarga kirib qolishlarining asosiy sabablari: diniy ilmlarni o'rganish uchun munosib ustoz tanlamaslik, ishonuvchanlik, ayrim hollarda qaysarlik va shon-shuhratga tez ega bo'lishga harakat qilishlaridir. Bu omillardan esa buzg'unchi g'oyalarning tarafdorlari unumli foydalanib qolmoqdalar.

Muqaddas dinimiz shuning uchun ham farzandlarimizni ham jismoniy, ham ma'naviy ta'lim-tarbiyasiga kuchli ahamiyat berishga undaydi. Hususan, Qur'oni karimda mingdan ortiq oyatlar odob-ahloq, tarbiya va ilmga aloqadorligi insonni barkamollikka etaklaydigan mezon bo'lsa, farzand tarbiyasiga ham alohida e'tibor qaratilishi dinimizni naqadar mukammal ekanligini ko'rsatib beradi. Bu haqda Alloh taolo shunday deydi:

 يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا قُوا أَنْفُسَكُمْ وَأَهْلِيكُمْ نَارًا وَقُودُهَا النَّاسُ وَالْحِجَارَةُ عَلَيْهَا مَلَائِكَةٌ غِلَاظٌ شِدَادٌ لَا يَعْصُونَ اللَّهَ مَا أَمَرَهُمْ وَيَفْعَلُونَ مَا يُؤْمَرُونَ

   (سورة التحريم/6)

ya'ni:Ey iymon keltirganlar! O'zingizni va ahli ayolingizni yoqilg'isi odamlaru toshdan bo'lgan olovdan saqlang (“Tahrim” surasi 6-oyat).

Inson o'zi, ahli ayoli va farzandlarini qanday qilib olovdan saqlashi mumkin? Bu saqlash avvalo o'zidan so'ng ahllaridan jaholatni ketkazib, dunyo hayotida oqibati olovga olib boradigan turli jinoyatu gunohlardan, nodonligu badxulqliklardan ta'lim va tarbiya vositasida saqlash bilan bo'lar ekan.

Bugungi kun yoshlariga juda ko'p imkoniyatlar yaratib berilgan. Yoshlarimiz bu imkoniyatlardan oqilona va to'g'ri foydalanishlari lozim. Lekin, ming afsuslar bo'lsinki, ba'zilarning farzandlari, xossatan maktab yoshidagi yigitlar, vaqtlarining aksarini internet va komp'yuter o'yinlari (playstation) klublarida har xil nojo'ya o'yin o'ynab, insonning qalbi va axloqiga zarar keltiradigan rasm va videolarni tomosha qilib hamda to'g'ri yo'ldan adashtiruvchi notanish kishilar bilan chalg'ib, vaqtlarini ular bilan o'tkazib, umrlarining oltin davrini zoye qilmoqdalar.

Shuningdek, ba'zi oilalarda farzandlarining televizor yoki telefonlardan qanday foydalanayotganiga ahamiyat qaratmaydilar. Ularning farzandlarini o'zlari emas, balki o'sha texnik jihozlar “tarbiyalamoqda”. Har bir ota bolalari tarbiyasi uchun javobgar ekanini unutmasligimiz va oxiratda bu haqda aynan ota so'ralishini yodimizdan chiqarmasligimiz kerak! Bu ishlari esa – ahlini, oyatda aytilganidek, do'zaxdan saqlash emas, balki do'zaxga ro'baro' qilishdir!

Hurmatli jamoat! Barchamiz yosh avlod ta'lim-tarbiyasi borasidagi davlatimiz olib borayotgan izchil islohotlarni amalga oshirishda o'zaro hamjihatlik ruhida say-harakat qilsak, bu boradagi dunyoqarash va tasavvurlarni tubdan o'zgartirsak, ko'zlangan maqsad va natijalarga erishamiz. Alloh taolo marhamat qilib aytadi:

إِنَّ اللَّهَ لَا يُغَيِّرُ مَا بِقَوْمٍ حَتَّى يغَيِّرُوا مَا بِأَنفُسِهِمْ ...

  (سورة الرّعد/11)

ya'ni: “...Albatta, biror qavm o'zlarini o'zgartirmagunlaricha, Alloh ularni o'zgartirmas...” (Ra'd surasi 11-oyat)

Dunyoda ilm-fan shiddat bilan rivojlanmoqda, har kuni kashfiyotlar qilinmoqda. Lekin shu kashfiyotlarning qancha qismi musulmonlar hissasiga to'g'ri kelmoqda? Afsuski, bu nisbat juda kam bo'lib, bizni ogohlikka, ilm-fan bilan yanada jiddiyroq shug'ullanishga undaydi va turtki bo'lishi kerak. Tarixda esa musulmon olimlari dunyo xalqlariga ko'plab kashfiyotlarni taqdim etganlar.

Yoshlarimiz esa hukumatimiz tomonidan yaratib berilayotgan ushbu imkoniyatlardan to'g'ri foydalanish o'rniga “gap”, “sumalak” va boshqa marosimlarni tashkil qilish, ijtimoiy tarmoqlarda soatlab o'tirishlar orqali  vaqtlarini o'tkazmoqdalar va mol-dunyolarini behuda sarflamoqdalar. Bunday yig'ilishlar ko'pincha buzuqchiliklarga ham sabab bo'layotganini internet orqali tarqalayotgan ma'lumotlardan hammamizga ayon bo'lmoqda. Ota-onalar farzandlarining bu kabi holatlaridan bexabarliklari yoki ko'z yumishlari aslo to'g'ri kelmaydi!

 Har bir ota-ona farzandi dunyoda baxt-saodatli, ilm-ma'rifatli, obro'-e'tiborli bo'lishini xohlaydi, oxiratda esa jannatiy bo'lishi orzusida bo'ladi. Shunday ekan, har birimiz yoshlarimizni odob-axloqli, ilm-ma'rifatli qilish bilan birgalikda, Yaratganni tanitib, Payg'ambari kim, dini nima, imon kalimasini biladimi, mazhabi qaysi, mazhabida mahkam turish lozimligi, har xil buzg'unchi oqimlardan jiddiy ehtiyot bo'lish kabi zaruriy narsalarni o'rgatishimiz ham kerak. Chunki musulmonning farzandi bularni bilmasligi ota-onalarining kamchiligi hisoblanadi. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: 

﴿لأن يؤدب الرجل ولده خير من أن يتصدق بصاع ﴾

(رواه الإمام الترمذي عن جابر بن سمرة رضي الله عنه)

ya'ni:Kishi farzandiga odob berishi – bir so'  ehson qilishidan afzaldir”(Imom Termiziy rivoyatlari). (Bir so' – taqriban 4 kilogrammdir).

Farzandlarga ilm berish borasida esa Mu'oz ibn Jabal raziyallohu anhu shunday deydilar:

تعليم العلم لمن لا يعلمه صدقة

ya'ni: “Bilmaganga ilm o'rgatish sadaqadir”.

Farzandlarini yomon xulqli kimsalar ta'siridan himoya qilish ham – ota-onaning burchidir! Ota-ona farzandlariga yaxshi, rostgo'y do'st tanlashda yordam berishi kerak. Chunki o'spirinlik vaqti insonning fe'l-atvori va ruhiyati shakllanadigan asosiy davr hisoblanadi. Bunday paytda do'stlarning ta'siri katta bo'ladi.

Bu borada hazrati Umar o'g'illariga shunday nasihat qildilar: “Imon-e'tiqodli, aqlli va odobli kishi bilan do'stlashgin! U muhtojligingda – yordamching, qiyin kunlaringda qo'llovching, ma'yusligingda quvonching, xotirjamligingda ziynating bo'ladi”.

Yoshlarni ilm-ma'rifat va ta'lim-tarbiyani mukammal olish o'rniga hoyu havaslarga berilib ketishlaridan, afsuski, manfur kuchlar juda yaxshi foydalanib qolmoqdalar. Ular yoshlarni ijtimoiy tarmoqlar orqali “jihod”, “takfir”, “shahidlik”, “hijrat” tushunchalarini noto'g'ri talqin etgan holda o'z Vatanlarini tark etishga urinmoqda.

Islom tarixiga nazar solsak, dastlab Payg'ambarimiz alayhissalom tazyiqqa uchragan musulmonlarni ikki marta Habashistonga jo'natdilar. Keyinchalik Alloh taoloning buyrug'i bilan Payg'ambarimiz alayhissalom boshchiligida sahobalar Makkadan Madinaga hijrat qilganlari ma'lumdir. Mana shu hijrat dinimizdagi ulug' hodisa sifatida qamariy yil hisobining boshlanish sanasi sifatida tanlangan.

Mazkur hijratlarda musulmonlar o'z yashab turgan erlaridan boshqa yurtlarga ko'chib ketishga jonlari, e'tiqodlari va mol-mulklariga nisbatan xatarning o'ta kuchayganligi oqibatida sodir bo'lgan. Abu Usmon Mujoshi' ibn Mas'ud rivoyat qilgan hadisi shirifda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar:

لا هِجْرَةَ بَعْدَ الْفَتْحِ، وَلَكِنْ جِهَادٌ وَنِيَّةٌ 

(رواه الإمام البخاري)

ya'ni:“Makka fathidan keyin hijrat yo'q” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

 Mazkur hadisi sharifni  o'zidan oldin kelgan hijrat haqidagi hadislarni bekor (nasx) qiluvchi ekanini ulamolarimiz ta'kidlaganlar.

Hurmatli jamoat! Vatanni sotish, o'z yurti va vatandoshlariga zarar etkazish, ota-onani norozi qilib “oq” bo'lish esa islom ta'limotida og'ir gunoh hisoblanadi.

Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda aytiladi:

جاء رجُلٌ إلى رسولِ اللهِ صلَّى اللهُ عليه وسلَّمَ فقال: جِئتُ أُبايِعُكَ على الهِجرةِ، وترَكتُ أبَوَيَّ يَبكيانِ. فقال: ارجِعْ عليهما، فأضحِكْهما كما أبكَيْتَهما 

(رواه الإمام النسائي عن عبدِ اللهِ بنِ عَمرٍو رضي الله عنهما)

ya'ni: “Rasululloh sallallohu alayhi va sallmaning huzurlariga bir kishi kelib: “Ey Allohning Rasuli, men ota-onamni yig'lagan holda tashlab, hijrat qilish uchun sizning huzuringizga keldim”, dedi. U Zot alayhissalom esa: “Ota-onangiz oldiga qaytib, ularni qanday yig'latgan bo'lsangiz, shunday kuldiring”, – deb javob berdilar (Imom Nasoiy rivoyatlari).

Shuningdek, ayrim kimsalar tomonidan maqsadli ravishda islom mohiyatiga zid bo'lgan turli xil asossiz axborotlar, manbasi aniq bo'lmagan diniy xabarlar yoki kishilarni vahimaga soluvchi foto va videolavhalar keng targ'ib etilmoqda. Ba'zi yoshlarning bu kabi dinimizga zid bo'lgan xabarlar, aniq manbasi ko'rsatilmagan ma'lumotlarga ishonib qolishayotgani  biz – musulmonlarni tashvishlantirmoqda.

Ma'lumki, dinimizda ham naql qilingan biror xabarga ishonishdan avval uni tekshirib, aniqlab olish talab etiladi. Bu borada Qur'oni karimda shunday deyiladi:

 يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا إِنْ جَاءَكُمْ فَاسِقٌ بِنَبَأٍ فَتَبَيَّنُوا أَنْ تُصِيبُوا قَوْمًا بِجَهَالَةٍ فَتُصْبِحُوا عَلَى مَا فَعَلْتُمْ نَادِمِينَ

ya'ni: “Ey, mo'minlar! Agar sizlarga biror fosiq kimsa xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biror qavmga aziyat etkazib qo'yib, (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon bo'lmasligingiz uchun (u xabarni) aniqlab (tekshirib) ko'ringiz! (Hujurot surasi 6-oyat).

Bu haqida Qur'oni karimning yana bir oyatida insonlar uchun muhim ko'rsatma kelgan bo'lib, unda ham turli vositalar orqali olinayotgan xabar va ma'lumotlarga ko'r-ko'rona ergashishdan qaytariladi:

 وَلَا تَقْفُ مَا لَيْسَ لَكَ بِهِ عِلْمٌ إِنَّ السَّمْعَ وَالْبَصَرَ وَالْفُؤَادَ كُلُّ أُولَئِكَ كَانَ عَنْهُ مَسْئُولاً  

(سورة الإسراء/36)

ya'ni:  “(Ey, inson!) O'zing (aniq) bilmagan narsaga ergashma! Chunki quloq, ko'z, dilning har biri to'g'risida (har bir inson) mas'ul bo'lur (javob berur)” (Isro surasi 36-oyat).

Demak, har bir olingan ma'lumotni tekshirib, asosli yoki asossiz ekanini aniqlamay turib, o'sha ma'lumotga qarab ish tutish, islom mohiyatiga ko'ra, shayton yo'liga kirish hamda yolg'onchi bo'lib qolish bilan barobar bo'ladi.

Diniy ekstremizm va terrorizm tarafdorlari ham muayyan “bilim”larga tayanadi va uni omma ongiga singdirishga harakat qiladi. Demak, fuqarolarimizning asl islom haqida xolis va etarli bilimga ega bo'lishlari diniy mutaassiblikka qarshi immunitetni shakllantirishning asosiy shartlaridan biri hisoblanar ekan.

“Ilm” deganda faqat diniy emas, balki dunyoviy, aniqrog'i insonlarga foydasi tegadigan ilm tushunilgan. Yoshlarning dunyoviy va diniy bilimlarning uyg'unlikda xolis o'rganishi ularning kelajakda barkamol inson bo'lishiga tayanch bo'ladi.

Alloh taolo yurtimiz yoshlarini ulug' bobokalonlarimiz ishlarining munosib davomchilari bo'lib voyaga etishlarida O'zi madadkor bo'lsin va diyorimizni turli-tuman g'arazli maqsadlarda kirib kelayotgan fitnalardan salomat qilsin! Omin!

 

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma'ruzasi “Ramazon oyi fazilatlari”mavzusida bo'ladi, inshaalloh.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

​Jamoat haqining gunohi og‘ir!

10.07.2025   8213   4 min.
​Jamoat haqining gunohi og‘ir!

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xabar berishicha, may oyining 13-sanasida bir kunda 3 mlrd so‘mlik energoresurslarini talon-toroj qilish holatlari aniqlangan. Afsuski, bugun bunday gaz va elektr energiyaga yashirincha ulanib, davlatga milliardlab zarar yetkazgan kimsalar haqidagi xabarlarni tez-tez o‘qib qolamiz.
 

Birovning, ayniqsa, xalq haqidan qo‘rqmay o‘g‘rilik orqali manfaat topmoqchi bo‘layotgan insonlar oramizda ko‘plab topiladi. Bundaylarning nazdida gaz, suv, elektr energiya tuganmas boylik. Undan har kim o‘z manfaati yo‘lida foydalanishi mumkin. Biroq bu ne’matlar xonadonlarga kirib borishi uchun minglab insonlar mehnat qilishini, davlat esa milliardlab mablag‘ sarflashini, ular ham bir kun tugab qolishini xayoliga ham keltirmaydi.


Aslida ushbu ne’matlardan oqilona foydalanish, isrof qilmaslik nafaqat fuqarolik majburiyatimiz, balki insoniy vazifamiz, mo‘minlik burchimizdir.


Aytish joizki, uyda, ishda, ko‘chada kommunal to‘lovlar atrofida aylanayotgan qator muammolar haqida ko‘p eshitamiz, ba’zan o‘zimiz uning guvohi yoki bevosita ishtirokchisiga aylanamiz. Lekin bu muammolar to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmaslik yoki ayrim nobop kimsalarning qilmishi oqibatida yuzaga chiqayotgani yodimizga ham kelmaydi. To‘lovlarni imkon bo‘la turib asossiz bahonalar yoki o‘z vaqtida to‘lamaslik yoki hisoblagich jihozlarini teskariga aylantirish yoxud har xil hiylalar ishlatib, ularni to‘lashdan qochish davlatning va xalqning haqini yeyish hisoblanadi. Chunki tabiiy boyliklar davlat va xalq mulkidir.


Qolaversa, kommunal xizmatlardan foydalanish uchun har bir xonadon ta’minotchilar bilan shartnoma tuzib, qo‘l qo‘ygan va o‘zaro kelishuvda to‘lovni o‘z vaqtida ado etishga kelishgan. Shu bois to‘lovlarni vaqtida ado etishimiz shar’an ham joiz. 


Ta’kidlash lozimki, xalqning mulkida barcha fuqarolar, xususan, kam ta’minlanganlar, nogironlar, yetim-yesirlar, keksalarning haqi bor. Ulardan foydalanishga kelganda faol bo‘lib, to‘lovga kelganda qochayotgan, paysalga solayotganlar yuqorida zikr etilgan qatlamlarning ham haqini o‘zlashtirib, nohaq yeyayotganini bilib olsinlar. Zero, Qur’oni karimda: Ey iymon keltirganlar, bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan yemanglar (Niso surasi 29-oyat), deya ogohlantirilgan. Shunday bo‘lgach, har bir fuqaro o‘zgalarning moliga, ayniqsa, jamoat mulkiga xiyonat etmasligi darkor! Bunga e’tiborsizlik oxiratda yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin.


Havla binti Amr roziyallohu anho rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: Ba’zi bir odamlar Allohning mulki (jamoat pullari)ga xiyonat qiladi. Qiyomat kuni ular jahannamga ravona bo‘lishadi (Imom Buxoriy rivoyati). Shunday ekan, bu masalaga jiddiy yondashishimizga to‘g‘ri keladi.


Shuningdek, gaz, elektr energiya va suv kabi ne’matlardan oqilona foydalanish ham dinimiz talabidir. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Iqtisod qilgan kimsa kambag‘al bo‘lmas, maslahat qilgan pushaymon bo‘lmas” (“Mushkotul nasobih”), deb tavsiya  berganlar.


Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Solih hidoyat, go‘zal ko‘rinish va iqtisodli bo‘lish nabiylikning yetmishdan bir juzidir”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).


Demak, doim ahli solihlardan bo‘lib, tejamkor bo‘lish, isrofga yo‘l qo‘ymaslik, har bir narsani o‘z o‘rnida, me’yorida tasarruf qilish, keragidan ortiq, behudaga sarflamaslik nabiylikning yetmish juzidan bir juz, yetmish bo‘lagidan bir bo‘lak ekan. Buni har bir mo‘min-musulmon yaxshi anglab, hayotiga tatbiq qilishi lozim.


Xulosa qilib aytganda, halollik inson hayotini xotirjam, osoyishta va farovon qiladi. Shunday ekan, kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab, xalq haqiga xiyonat qilmaylik, azizlar!

 

G‘ayrat BOZOROV,

Dehqonobod tumani

“Oqrabot ota” jome masjidi

imom-xatibi

Maqolalar