Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Iyul, 2025   |   25 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:29
Quyosh
05:07
Peshin
12:34
Asr
17:38
Shom
19:55
Xufton
21:26
Bismillah
20 Iyul, 2025, 25 Muharram, 1447

Islom.uz portalining mobil ilovalari taqdimoti bo'lib o'tdi

29.03.2021   3281   5 min.
Islom.uz portalining mobil ilovalari taqdimoti bo'lib o'tdi

Bugun axborot texnologiyalari kirib bormagan soha qolmadi. Qaysi bir jabhani olmaylik, qulaylik va tezkorlik bobida zamonaviy axborot texnologiyalari katta ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu texnologiyalar nafaqat ilm sohasida, balki sof Islom ta'limotlarini targ'ib etishda, uni keng ommaga etkazishda ham muhim rol o'namoqda. 2021 yil 27 mart kuni «Hilol-nashr» nashriyotining majlislar zalida fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari asos solgan, Islom ta'limotlarini, shayx hazratlarining boy ilmiy merosini xalqimizga taqdim etib kelayotgan islom.uz portalining mobil ilovalari taqdimoti bo'lib o'tdi.

Tadbir Qur'oni Karimning «Alaq» surasi va yurtimizning mo''tabar go'shalari, shayx hazratlarining ilmiy meroslarini ifoda etuvchi videorolik bilan boshlandi.

Taqdimotga shayx hazratlarining shogirdlari, muxlislari bir qator aziz mehmonlar, jurnalist va blogerlar tashrif buyurishdi.

Ushbu taqdimotni O'zbekiston musulmonlari idorasi mas'ul xodimi Muhammad Ayyub domla Homidov ochib berdi. «Islom.uz» portali bugungi kunda mo'min musulmonlarga mo''tadil Islomni, sof aqiydani, iymon tushunchalarini o'rgatadigan manba sifatida xizmat qilib kelmoqda», deya ta'kidladi Muhammad Ayyub domla.

So'ngra islom.uz portalining mobil ilovalari taqdimoti boshlandi. O'z sohasaning mutaxassisi bo'lgan yosh dasturchilarimiz avval yaratilgan va davom etib turgan mobil dasturlar, shuningdek, ilovalarga kiritilgan yangiliklar, undan qanday foydalanish kerakligi, qulayliklari, kelgusi rejalar haqida ma'lumotlar berib o'tdilar.

Tadbirda «Islom.uz», «Hilol e-Book», «Oltin silsila», «Qur'oni Karim», «Tafsiri Hilol», «Zikr ahlidan so'rang», «Abdurahmon Qur'on», Abdulmalik Qur'on», «Qur'on tartili», «Namoz», «Zikr va duolar», «Javohir (arabcha-o'zbekcha lug'at)» kabi ilovalar taqdim qilindi.

Portalning har bir ilovasi haqida videorolik tayyorlanib, mehmonlarga namoyish etib borildi.

Taqdim etilgan ilovalar haqida jurnalist va blogerlar hamda mehmonlardan yo'llangan savollarga dasturchilarimiz tomonidan etarlicha javoblar berib borildi. Shuningdek, qatnashuvchilar taklif va mulohazalarini ham bildirib o'tdilar.

Yosh dasturchilarimiz xalqimizning diniy savodxonligini oshirish, Islom ziyosini keng ommaga tarqatish, fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning ilmiy merosini chuqur o'rganish, asarlaridagi yuksak insoniy g'oyalarni va muqaddas qadriyatlarimizni o'zida ifoda etgan jihatlarni tadqiq etish, ma'naviy barkamol avlodni tarbiyalash, yoshlarimizni zararli ta'sirlardan himoyalash, zamonaviy axborot vositalari, ilmiy innovatsiyalar sohasidagi yutuqlarni o'rganish va foydalanishni targ'ib qilishga qo'shgan hissalari uchun islom.uz portali tomonidan tashakkurnoma bilan taqdirlandilar. Tashakkurnomalarni «Hilol nashr» nashriyoti va islom.uz portali rahbari, ustoz Ismoil Muhammad Sodiq o'z egalariga topshirdilar.

Islom.uz portali rahbari, ustoz Ismoil Muhammad Sodiq  jurnalist va muxlislar tomonidan ilovalar haqida berilgan taklif va mulohazalarga tashakkur bildirib, kelgusida bo'ladigan rejalar haqida aytib o'tdi.

Shuningdek, taqdimotda Muhammad qori Ayyub yaqinlashib kelayotgan muborak Ramazon oyining fazilatiga oid nashidlar aytib berdi.

Tadbirda «Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf» jome masjidi imom noibi Hasanxon Yahyo Abdulmajid so'zga chiqib, islom.uz portali yaratilish tarixi, ijodkorlari haqida ma'lumotlarni aytib o'tdi. Shu bilan bir qatorda Hasanxon Yahyo qori ilm uchun qo'ldan kelgancha yordam berishga hamda ilm o'rganayotgan va o'rgatayotgan insonlarni imkon bo'lsa moddiy tomonlama qo'llab turishga, ilm rivoji uchun Alloh yo'lida doimo kamarbasta bo'lib xizmat qilishga, yaxshilik yo'lida hamkor bo'lishni ta'kidlab o'tdi.

Shuningdek, islom.uz saytida yangi «minbar.islom.uz» deb nomlanuvchi bo'lim ishga tushishi haqida aytib o'tildi. Ushbu bo'lim yurtimiz ulamolarini bir maydonda birlashtirib, ustozlar, domlalar, imomlar va ilm ahllarining sof Islom ta'limotlariga asoslangan ilmiy-ma'rifiy maqolalari, audio hamda videoroliklari o'zbekzabon dindoshlarimizga taqdim etib borilishi aytildi.

Taqdimot marosimi islom.uz portalining ijtimoiy sahifalarida va onlayn tarzda efirga uzatildi.

Tadbir so'ngida Qur'on tilovati o'qilib, duolar qilindi.

 

islom.uz

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Yomon tush ko‘rganda nima qilinadi?

16.07.2025   5923   2 min.
Yomon tush ko‘rganda nima qilinadi?

Savol: Men tush ko‘rdim va uyg‘onib Ibni Sirinning "Tushlar ta’biri" kitobini ko‘rsam yomonroq chiqdi va siqilib qoldim. Tush ta’biri masalalariga musulmon inson qanday qarashi kerak?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Avvalo shuni aytishimiz kerakki, Ibn Siriyn rahimahullohga nisbat berilgan “Tushlar ta’biri” kitobi u zotga tegishli emas. Shuning uchun bu kitobni u zotga nisbat berib bo‘lmaydi. Dinimizga ko‘ra tushlar uch xil bo‘ladi:
– Alloh taolo tomonidan bo‘lgan, tahorat bilan yotilganda, tongga yaqin ko‘riladigan, solih tushlar.
– Shaytondan bo‘lgan, aniq esda qolmaydigan, kayfiyatni tushiradigan, alahsirashga o‘xshash yomon tushlar.
– Kasbiga yoki qiziqqan narsasiga taalluqli tushlar.

Dinimizda tush ko‘rganda nima qilish kerakligi borasida aniq tavsiyalar kelgan. Agar rost tushlar shariatga mos kelsa, amal qilish mumkin, agar zid kelsa, qat’iy amal qilinmaydi. Yomon tush ko‘rgan kishi tushini birovga aytmasligi va tushning yomonligidan Alloh taolodan panoh so‘rashi kerak. Bu haqida Abdulloh ibn Qatoda roziyallohu anhu otasidan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Rost tush Allohdan, yomon tush shaytondan. Birortangiz qo‘rqinchli tush ko‘rsa, chap tomoniga tuflab qo‘ysin va tushning yomonligidan (Allohdan) panoh so‘rasin. Shunda yomon tush zarar qilmaydi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ya’ni yomon tush ko‘rgan kishi chap tomonga yengilgina tuflab: “Robbim! Ko‘rgan tushimni yomonligidan panoh so‘rayman”, deb qo‘yadi.

Ba’zi ulamolar imkon bo‘lsa o‘rnidan turib, tahorat olib, ikki rakat nafl namoz o‘qigani hamda biroz sadaqa qilib qo‘ygani yana ham yaxshi, deyishgan.
Shuningdek, tush inson taqdirini belgilamaydi. Tushga ortiqcha baho berib, uni hayot mezoniga aylantirish to‘g‘ri emas. Biz dinimiz ko‘rsatmalariga og‘ishmay amal qilsak, ham moddiy, ham ruhiy tarafdan sog‘lom, irodamiz mustahkam bo‘ladi. Vallohu a’lam!

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.