Sayt test holatida ishlamoqda!
10 May, 2025   |   12 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:37
Quyosh
05:10
Peshin
12:24
Asr
17:22
Shom
19:33
Xufton
21:00
Bismillah
10 May, 2025, 12 Zulqa`da, 1446

E'tiqod durdonalari: HOTAMUL ANBIYoNING SIFATLARI

27.03.2021   5150   25 min.
E'tiqod durdonalari: HOTAMUL ANBIYoNING SIFATLARI

Hotamul anbiyo haqida e'tiqodimiz

24- وَخَتْمُ الرُّسْلِ بِالصَّدْرِ الْمُعَلَّى     نَبِيٍّ هَاشِمِيٍّ ذِي جَمَالِ

 

Ma'nolar tarjimasi:

Payg'ambarlarning so'ngisi “sodru muallo” bo'lgan go'zallik sohibi Hoshimiy Nabiydir.

 

Nazmiy bayoni:

“Sodru muallo”dir xotamunnabiy,

Jismiyu xulqi go'zal rasul Hoshimiy.

 

Lug'atlar izohi:

خَتْمُ – mubtado, muzof. Lug'atda forig' bo'lingan ishga nisbatan majozan ishlatiladi.

الرُّسْلِ – muzofun ilayh. Bu kalima الرَّسُولِ ning ko'plik shakli bo'lib, aslida, الرُّسُلِ bo'lgan. Nazm zaruratiga ko'ra mazkur shaklda keltirilgan.

بِالصَّدْرِ – jor majrur mahzuf كَانَ fe'liga mutaalliq. Sodr kalimasi biror qavmning eng afzal kishisiga nisbatan majozan ishlatilgan. 

الْمُعَلَّى – lug'atda “yuksak maqomga ko'tarilgan” ma'nosiga to'g'ri keladi.

نَبِيٍّ – “badal” bo'lgani uchun majrur bo'lib turibdi. Shuningdek, bu kalimani xabar qilib raf o'qish ham joiz bo'ladi. 

هَاشِمِيٍّ – Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bobolari Hoshimga nisbat berib aytilgan.

 ذِي – “sohib” ma'nosini anglatuvchi “asmai sitta”dan biri. نَبِيٍّ ga sifat bo'lgani uchun jor bo'lib turibdi. Ba'zi nusxalarda ذُو kelgan. Bunda ikki xil tarkib joiz bo'ladi:

–  ذُو mahzuf mubtadoning xabari;

  • نَبِيٌّ xabar, ذُو uning ikkinchi sifati. 

جَمَالِ – muzofun ilayh. Rozilikka va lutf ko'rsatishga taalluqli bo'lgan sifatlar jamoliy sifatlar deyiladi.

 

Matn sharhi:

Ko'ks sharafli a'zo bo'lgani va Rasululloh alayhissalom Qur'onda ham shu a'zo bilan xoslanganlari uchun uni istiora[1] qilib keltirilgan. Qur'oni karimda u zotga shunday deyilgan:

﴿أَلَمۡ نَشۡرَحۡ لَكَ صَدۡرَكَ١

“(Ey Muhammad!) Ko'ksingizni (ilmu hikmatga) keng ochib qo'ymadikmi?![2]

Shuningdek, “ko'ks” deya tarjima qilingan “sodr” kalimasi, “old”, “hurmatli maqom” kabi ma'nolarda ham qo'llanadi. Shu ma'noda ushbu bayt: “Payg'ambarlar so'ngisi, eng oldin yaratilgan zotdir” yoki “Payg'ambarlar so'ngisi, hurmatli maqomdagi zotdir” kabi ma'nolarni ifodalaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning eng hurmatli maqomda ekanliklari hamda eng avval yaratilgan payg'ambar ekanliklari xabarlarda kelgan.  

 عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ شَقِيقٍ أَنَّ رَجُلاً سَأَلَ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مَتَى كُنْتَ نَبِيًّا قَالَ  كُنْتُ نَبِيًّا وَآدَمُ بَيْنَ الرُّوحِ وَالْجَسَدِ.  رَوَاهُ اِبْنُ اَبِى شَيْبَةَ

Abdulloh ibn Shaqiyq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan: “Qachon nabiy bo'lgansiz”, – deb so'radi. U zot: “Men nabiy bo'lganimda Odam ruh bilan jasad orasida edi”, – dedilar”Ibn Abu Shayba rivoyat qilgan. 

Sharh: “Alloh taolo Odam bolalarining jismlarini yaratishidan oldin ulardan ahd olganini xabar bergani kabi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning payg'ambarliklari ham u zotning ruh holatlarida, insonlarning jismlari yaratilishidan oldin bo'lganini xabar bergan”[3].

 

Payg'ambarlar so'ngisiga iymon keltirish tushunchasi

Payg'ambarlar so'ngisiga iymon keltirish deganda quyidagilar tushuniladi:

  1. Muhammad alayhissalom Alloh taoloning nabiysi, rasuli, va tanlab olgan bandasidirlar;
  2. Muhammad alayhissalom Qur'on va sunnatda bayon qilinganidek payg'ambarlarning so'ngisidirlar:

﴿مَّا كَانَ مُحَمَّدٌ أَبَآ أَحَدٖ مِّن رِّجَالِكُمۡ وَلَٰكِن رَّسُولَ ٱللَّهِ وَخَاتَمَ ٱلنَّبِيِّ‍ۧنَۗ وَكَانَ ٱللَّهُ بِكُلِّ شَيۡءٍ عَلِيمٗا٤٠

“Muhammad sizlarning erkaklaringizdan birortasiga ota emasdir, balki u Allohning elchisi va payg'ambarlarning muhridir. Alloh barcha narsani biluvchi zotdir”[4].     

  1. Muhammad alayhissalomdan keyin payg'ambarlik da'vosini qilgan har qanday kimsa yolg'onchidir.

عَنْ ثَوْبَانَ قَالَ: قَالَ رَسُولُ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لَا تَقُومُ السّاعَةُ حَتّى تَلْحَقَ قَبَائِلُ مِنْ أُمّتِي باِلْمُشْرِكِينَ وَحَتّى يَعْبُدُوا الأَوْثَانَ وَإِنّهُ سَيَكُونُ فِي أُمَّتِي ثَلاَثُونَ كَذّابُونَ كُلُّهُمْ يَزْعُمُ أَنّهُ نَبِيٌّ وَأَنَا خَاتَمُ النّبِيّينَ لَا نَبِيّ بَعْدِي.   رَوَاهُ التِّرْمِذِىُّ 

Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ummatimdan bir qabilalar to mushriklarga ergashmagunlarigacha qiyomat qoim bo'lmaydi, ular hatto butlarga ibodat qiladilar. Kelajakda ummatimda o'ttizta o'ta yolg'onchilar bo'ladi, ularning har biri o'zini payg'ambar deb hisoblaydi, vaholanki men payg'ambarlarning so'ngisiman, mendan keyin biror payg'ambar yo'qdir”, – dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.    

  1. Muhammad alayhissalom yaxshi ko'riladigan va ergashiladigan insonlarning eng ulug'idirlar:

﴿قُلۡ إِن كُنتُمۡ تُحِبُّونَ ٱللَّهَ فَٱتَّبِعُونِي يُحۡبِبۡكُمُ ٱللَّهُ وَيَغۡفِرۡ لَكُمۡ ذُنُوبَكُمۡۚ وَٱللَّهُ غَفُورٞ رَّحِيمٞ٣١

“Ayting (ey Muhammad!): “Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni mag'firat etadi. Alloh kechiruvchi va rahmlidir”[5]

Qur'oni karimda Nabiy sollallohu alayhi vasallamga salavot va salom aytishga quyidagicha buyruq kelgan:

﴿إِنَّ ٱللَّهَ وَمَلَٰٓئِكَتَهُۥ يُصَلُّونَ عَلَى ٱلنَّبِيِّۚ يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ صَلُّواْ عَلَيۡهِ وَسَلِّمُواْ تَسۡلِيمًا٥٦

“Albatta, Alloh va Uning farishtalari Nabiyga salavot ayturlar. Ey, iymon keltirganlar! Siz ham unga salavot ayting va salom yuboring”[6].

Ulamolar umr davomida bir marta salavot va salom aytish farzligi ushbu oyat bilan sobit bo'lganini, ammo u zotning nomlari zikr qilingan paytda, yo har bir majlisda, yo adadga cheklamasdan doimiy ravishda salavot va salom aytib yurish zarurligi hadislar bilan sobit bo'lganini aytganlar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Alloh taoloning, farishtalarning va odamlarning salavot aytishlari quyidagi ma'nolarga dalolat qiladi:

– Allohning salavot aytishi – u zotga rahmat yuborishi.

– Farishtalarning salavot aytishi – u zot uchun istig'for aytishlari.

– Odamlarning salavot aytishi – u zotning haqlariga duo qilishlari.  

Tashahhudda, xutbada, janoza namozida, azondan keyin, duo qilayotgan paytda va hokazo ko'plab ibodatlarda salavot aytish joriy qilingani salavotning ahamiyati naqadar ulug'ligiga dalolat qiladi.

 

 

Jismi va xulqi go'zal Hoshimiy Nabiy

O'shiy rahmatullohi alayh baytning davomida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni “Jismiyu xulqi go'zal rasul Hoshimiy”, ma'nosida ta'riflagan. Hoshimiy, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ota tarafdan bobolari Hoshimga nisbatdir. Chunki Hoshimiylar Quraysh qabilalari ichida eng afzal urug' bo'lgan.  Tarix kitoblarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tashqi qiyofalari va xulq-atvorlari to'g'risidagi rivoyatlar batafsil keltirilgan. O'sha xabarlarda u zoti bobarakotning tom ma'noda komil inson bo'lganliklari, jismlarining mukammalligi-yu, xulqlarining go'zalligi bilan boshqa insonlardan keskin ajralib turganlari bayon qilingan.

 Abu Hurayra roziyallohu anhu u zoti bobarakotni shunday xotirlagan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ko'ra go'zalroq kishini ko'rmaganman. Go'yo yuzlarida quyosh balqib turgandek bo'lardi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ko'ra ildam yuradigan kishini ko'rmaganman, go'yo er masofasi u zot oyoqlari ostida o'ralib, qisqarib ketayotganga o'xshardi, u zotning bemalol erkin odim tashlab yurishlariga etishib yurish uchun, bizlar jiddu-jahd bilan tez yurib ham ortda qolib ketardik”.

Ka'b ibn Molikdan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biror narsadan xursand bo'lsalar, yuzlaridan xuddi oy parchasi kabi nur taralib ketardi”.

U zotning xulqlari qanday bo'lganini Alloh taoloning O'zi bayon qilib qo'ygan:

﴿وَإِنَّكَ لَعَلَىٰ خُلُقٍ عَظِيمٖ٤

“Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz!”[7].      

Ha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xulqlari ilm bo'lgan, halimlik bo'lgan, hayo bo'lgan, ibodat bo'lgan, saxiylik bo'lgan, sabr bo'lgan, shukr bo'lgan, tavoze' bo'lgan, zuhd bo'lgan, rahmat bo'lgan, shafqat bo'lgan, go'zal muomala bo'lgan, namunaviy odob bo'lgan va bulardan boshqa komil inson uchun lozim bo'lgan qanday oliy xislatlar bo'lsa, ularning barchasi u zotda mujassam bo'lgan. Zero, olamlarga rahmat qilib yuborilgan payg'ambar bulardan boshqacha bo'lishi mumkin ham emas. 

﴿وَمَآ أَرۡسَلۡنَٰكَ إِلَّا رَحۡمَةٗ لِّلۡعَٰلَمِينَ١٠٧

(Ey Muhammad!) Biz Sizni (butun) olamlarga ayni rahmat qilib yuborganmiz”[8].        

Ya'ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam faqat musulmonlargagina emas, butun olamlarga rahmat qilib yuborilganlar. Bu zot olib kelgan ta'limotlar jamodot olamiga ham, ya'ni tog'u toshlar va suvlar kabi olamlarga ham, nabotot olamiga ham, hayvonot olamiga ham, insoniyat olamiga ham va agar yana bulardan boshqa olamlar mavjud bo'lsa, ularning barcha-barchasiga ham Alloh taolo tomonidan hadya qilib berilgan rahmatdir. U zot sollallohu alayhi vasallamning o'zlari bu haqda shunday deganlar:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَنَّهُ قَالَ إِنَّمَا أَنَا رَحْمَةٌ مُهْدَاةٌ.  رَوَاهُ الْبَيْهَقِيُّ

“Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Albatta men hadya qilingan rahmatman”, – dedilar”. Bayhaqiy rivoyat qilgan. 

Nabiy sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning olamlarga yuborgan hadyasidir. Bu hadyani qabul qilganlarga dunyoda baxtli hayot, oxiratda jannat va'dasi berilgan. Qabul qilmaganlar esa baxtu-saodatni o'rni bo'lmagan joydan izlab ovora bo'lib o'tishgan.  

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xulqlari mo'min kishi uchun  namuna hisoblanadi. Quyidagi xulqlarga rioya qilib, ularni o'zining doimiy odatiga aylantirib olgan kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xulqlari bilan xulqlangan bo'ladi:

  1. Barcha yomon so'z va ishlardan tiyilish;
  2. Odamlar bilan muomala qilishda ovozni balandlatmaslik;
  3. Kechirimli bo'lish;
  4. Zimmadagi vazifani bajarishda sustkashlik qilmaslik;
  5. Ko'p kulishdan saqlanish;
  6. Ehtiyojmandlarning hojatlarini ravo qilishni ortga surmaslik;
  7. Ahli oilasiga uy ishlarida ko'maklashish;
  8. Hayitlarda, to'ylarda eng yaxshi kiyimlarini kiyish;
  9. Oz taom bilan kifoyalanish;
  10. Ortiqcha maqtovlarga rozi bo'lmaslik;
  11. Birovga aziyat berishi mumkin bo'lgan so'zlarni hazillashib ham aytmaslik;
  12. Do'stlarining birortasiga ham yomon ko'z bilan qaramaslik;
  13. Shirin so'zli bo'lish;
  14. Faqat rost gapni gapirish;
  15. Insonlarga ham, hayvonlarga ham rahm-shafqatli bo'lish;
  16. Baxillik qilmaslik;
  17. Tungi uyquda erta yotib erta turish;
  18. Jamoat namoziga kechikmaslik;
  19. G'azablanmaslik, g'azabi kelgan paytda “a'uzu billahi minash shaytonir rojiym” deyish;
  20. Ko'p gapirishdan tiyilish;
  21. Qur'oni karimni tushunib, tadabbur bilan qiroat qilish va o'zgalarning tilovatlarini ham tinglab yurish;
  22. Doimo xushbo'yliklar ishlatib yurish;
  23. Doimo misvok ishlatib yurish;
  24. Shijoatli bo'lish, o'zining zarariga bo'lsa ham haqni gapirish;
  25. Insonlarning nasihatlarini qabul qilish;
  26. Ayollari va farzandlari o'rtasida adolat bilan ish yuritish;
  27. Insonlarning aziyatlariga sabrli bo'lish;
  28. O'zi uchun yaxshi ko'rgan narsani boshqalarga ham bo'lishini yaxshi ko'rish;
  29. Salomni ko'paytirish;
  30. Kiyimlari va soch-soqollarini doimo orasta tutish.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning siyratlariga bag'ishlangan kitoblarda u zotning siymolari va xulq-atvorlariga taalluqli ma'lumotlar alohida-alohida go'zal tartibda jamlangan.

  

Hotamul anbiyoning sifatlari

25- إِمَامُ الأَنْبِيَاءِ بِلاَ اخْتِلاَفٍ     وَتَاجُ الأَصْفِيَاءِ بِلاَ اخْتِلاَلِ

 

Ma'nolar tarjimasi:

(U zot) hech bir ixtilofsiz barcha payg'ambarlarning imomidirlar va barcha (yomon sifatlardan) xoli bandalarning nuqsonsiz tojidirlar.

 

Nazmiy bayoni:

Barcha payg'ambarlar imomidirlar,

ulug' afif bandalar tojidirlar.

 

Lug'atlar izohi:

إِمَامُ  – mahzuf mubtadoning xabari. Lug'atda “oldinda turuvchi” ma'nosini anglatadi.

الأَنْبِيَاءِ – ushbu kalimadagi اَلْ istig'roqiyadir. Shunga ko'ra barcha payg'ambarlarning imomi degan ma'no chiqadi.    

بِ – zoida jor harfi.

لاَ – nafiy harfi. 

اخْتِلاَفٍ – jor majrur إِمَامُ ga mutaalliqdir.

تَاجُ – toj bezak navlarining ichida eng yuqorida turuvchi eng oliysi bo'lgani uchun Nozim tojni tashbeh qilib keltirgan.     

الأَصْفِيَاءِ – bu kalima صَفِيِّ ko'plik shakli bo'lib, “ma'naviy kirliklardan pok bandalar”, ma'nosini anglatadi. Shuning uchun ulug' afif bandalar deb tarjima qilindi. 

اخْتِلاَلِ – jor majrur تَاجُ ga mutaalliq. Bu kalima lug'atda zaif gaplarga va nomuvofiq ishlarga nisbatan ishlatiladi. 

 

Matn sharhi:

O'shiy rahmatullohi alayh Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sifatlarini bayon qilishda davom etib, u zotni payg'ambarlarning imomi, ulug' afif bandalarning toji deya vasf qilgan. Bu vasfdan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qiyomat kunida barcha payg'ambarlardan  muqaddam turishlariga ham ishora bor. Bu haqida  quyidagi rivoyat kelgan:

عَنْ أَبِى سَعِيدٍ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَنَا سَيِّدُ وَلَدِ آدَمَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ وَلَا فَخْرَ وَبِيَدِى لِوَاءُ الْحَمْدِ وَلاَ فَخْرَ وَمَا مِنْ نَبِىٍّ يَوْمَئِذٍ آدَمُ فَمَنْ سِوَاهُ إِلاَّ تَحْتَ لِوَائِى وَأَنَا أَوَّلُ مَنْ تَنْشَقُّ عَنْهُ الْأَرْضُ وَلَا فَخْرَ. سُنَنُ التِّرْمِذِىِّ

 Abu Sa'iyddan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Men qiyomat kunida Odam bolasining sayyidiman, lekin maqtanish emas. Hamd bayrog'i mening qo'limda bo'ladi,  lekin maqtanish emas. O'sha kunda Odammi, undan boshqasimi, mening bayrog'im ostida bo'lmagan biror payg'ambar bo'lmaydi. Men er uning ustidan yoriladigan birinchi kishiman, lekin maqtanish emas”, – dedilar”.  “Sunani Termiziy”da kelgan.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Barcha afif bandalarning tojidirlar” deya vasf qilindi. Afif insonlar deganda qalblari nafsiy illatlardan xoli bo'lgan olimlar, shahidlar va boshqa taqvodor mo'minlar tushuniladi. Toj bezak turlarining ichida eng ko'zga ko'rinib turadigan va eng qiymati yuksak  bo'lganidek, Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham afif insonlarning eng ko'zga ko'rinib turadigani va eng qiymatlisidirlar. 

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yaxshi ko'rish iymon taqozosi hisoblanadi. Ya'ni Islom dinini bino deb tasavvur qilinadigan bo'lsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yaxshi ko'rish o'sha binoni tutib turadigan poydevor maqomidagi tushuncha hisoblanadi. Bu haqida u zotning o'zlari shunday xabar berganlar:

عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ لَا يُؤْمِنُ أَحَدُكُمْ حَتَّى أَكُونَ أَحَبَّ إِلَيْهِ مِنْ وَلَدِهِ وَوَالِدِهِ وَالنَّاسِ أَجْمَعِينَ.  رَوَاهُ مُسْلِمُ

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan biringiz toki men unga bolasidan, otasidan va barcha insonlardan sevikli bo'lmagunimcha mo'min bo'la olmaydi”, – dedilar”. Muslim rivoyat qilgan. 

Dunyoda hech bir inson Rasululloh sollallohu alayhi vasallamchalik yaxshi ko'rilib, maqtov bilan yod etilmagan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning doimiy maqtalgan, ulug'lanib madh etilgan zot ekanlari Muhammad deb nomlanishlarida ham o'z aksini topgan. U zotni Alloh taoloning O'zi ulug'lab madh etgan, farishtalar ham, payg'ambarlar ham madh etganlar, er yuzidagi barcha aqli bor insonlar doimo u zotni maqtab, madh etib kelganlar. Chunki u zotning sifatlari do'stu dushman – hammaning huzurida eng maqtovli sifatlar bo'lgan.  Bu haqida u zotning o'zlari shunday xabar berganlar:

عَنْ أَبِى سَعِيدٍ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ أَنَا سَيِّدُ وَلَدِ آدَمَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ وَلَا فَخْرَ.   رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ

Abu Sa'iyddan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Men qiyomat kunidagi Odam bolasining sayyidiman, lekin maqtanish emas”, – dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.

Sayyidul basharga salavot va salomlar bo'lsin.

 

KYeYINGI MAVZULAR:

SO'NGGI MUKAMMAL ShARIAT;

ISRO VA MYe_''ROJ BAYoNI;

 

[1] Istiora lug'atda: “Foydalanishga olib turish” ma'nosini anglatadi. Istilohda: Bir lafzni o'z o'rni bo'lmagan joyda, ko'zlangan ma'no bilan iste'mol qilingan ma'no orasida aloqa bo'lganligi uchun, asliy ma'nosidan burib turuvchi qarina bilan birga ishlatish istiora deyiladi. Qarang: Hulosa fi ulumil balog'a. “Maktabatush shomila”. – B. 43.

[2] Sharh surasi, 1-oyat.

[3] Zaynuddin Abdur Rauf Munoviy. Taysir bisharhi Jami'is-sog'ir, 2-juz. “Maktabatush shomila”. – B. 437.

[4] Ahzob surasi, 40- oyat.

[5] Oli Imron surasi, 31-oyat.

[6] Ahzob surasi, 56-oyat.

[7] Qalam surasi, 4-oyat.

[8] Anbiyo surasi, 107-oyat.

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Fatvoning o‘zgarishiga sabab bo‘luvchi omillar

07.05.2025   5149   9 min.
Fatvoning o‘zgarishiga sabab bo‘luvchi omillar

         Islom shariatida ijtihod (ya’ni shariat hukmlarini aniqlashda ilm va dalil asosida izlanish olib borish) juda muhim o‘ringa ega. Shariat o‘z samarasini berishi uchun shaxs, oila, jamiyat va ummat hayotida maqsadlariga erisha olishi uchun, u har tomonlama va har darajada ijtihodning amalga oshirilishiga muhtojdir. Bu — yangi masalalarda ijtihod bo‘ladimi, mavjud fikrlardan tanlab olinadigan ijtihodmi, umumiy yoki qisman, yakka tartibda yoki jamoaviy bo‘ladimi — barchasi shariat faoliyatida zarur sanaladi. 
 

         Ijtihodning turli ko‘rinishlari mavjud. Ulardan biri — qozilikdagi ijtihod bo‘lib, bu qozilar tomonidan amalga oshiriladi. Ayniqsa, islomda ijtihod faol davrlarda va hukmlar qonun sifatida rasman qayd etilmagan, qozilar majburiy ravishda ularga amal qilishga buyurilmagan davrlarda bu juda keng tarqalgan edi.


         Ijtihodning yana bir shakli — qonunlashtirishdir. Ya’ni, fiqh hukmlarini huquqiy moddalar shaklida ifoda etish. Masalan, oila qonunchiligi, fuqarolik qonunchiligi, jinoyat qonunchiligi, ma’muriy va moliyaviy qonunchilik kabi sohalarda. Masalan, Usmonlilar imperiyasining oxirgi davrlarida hanafiy mazhabi asosida tayyorlangan mashhur "Majallatul ahkom" ana shunday qonunlar to‘plamining namunasi bo‘lgan. Bugungi kunda ham shariat hukmlarini yangi ijtihod asosida tartiblash mumkin, bu ijtihod umumiy ham bo‘lishi mumkin, yoki qisman, yangi yoki mavjud fikrlardan tanlangan holda bo‘lishi mumkin.


         Bu amaliyot oila qonunchiligida (yoki "shaxsiy holatlar" deb ataluvchi sohada) amalga oshirilgan. Avvalida bu hanafiy mazhabi asosida bo‘lsa-da, keyinchalik to‘rt mazhab doirasiga kengaydi va yanada ilgarilab, islom fiqhining barcha imkoniyatlaridan bahra olishga o‘tildi. Bu yo‘lni Misrda al-Azhar shayxi — shayx Muhammad Mustafo al-Marog‘iy boshlagan, uni ba’zi mazhab mutaassiblari va taqlid tarafdorlari tanqid qilganlar, lekin u shariat dalillari bilan ularga munosib javob qaytargan.


         Ijtihodning yana bir ko‘rinishi — fiqhiy tadqiqotdir. Bu islom ulamolari o‘z halqalarida shogirdlari bilan birga bajargan ishlar bo‘lib, masalalarni bayon qilish, savollarga javob berish va buni shariat matnlari, qoidalari va maqsadlari asosida olib borishni o‘z ichiga oladi. Bugungi kunda buni universitetlardagi professorlar yoki ilmiy daraja (magistrlik, doktorlik) ishini yozayotgan talabalar amalga oshirmoqdalar. Ana shunday izlanishlar asosida kitoblar yoziladi.


         Ijtihodning yana bir shakli — fetvo berishdir. Fuqaholarga odamlar turli hayotiy masalalarda murojaat qilishadi va muftiy unga javob berishi shart, ayniqsa boshqa muftiy bo‘lmasa yoki u davlat tomonidan tayinlangan bo‘lsa. Muftiyning fatvosi tahqiq va ijtihod asosida bo‘lishi kerak, ya’ni real holatga mos ravishda qaror chiqariladi.


         Har bir mazhabda voqealarga mos tushgan fatvolar kitoblari mavjud bo‘lib, ularda barcha fiqh bo‘limlari qamrab olingan. Bu kitoblar mazhab qoidalari asosida tuzilgan va "ahkamun navozil" (yangi masalalarga oid hukmlar) deb ham ataladi.


         Ulamolarning so‘zlariga ko‘ra, fatvo zamon, makon, urf-odat va insonlarning ahvoliga qarab o‘zgarishi mumkin. Biz ham bu tadqiqotimizda fatvo beruvchi zamondosh ulamolar uchun ushbu omillarni e’tiborga olishni vojib, deb bildik. Ilg‘or zamon talabiga ko‘ra, oldingi ulamolar ta’riflagan to‘rt omilga yana olti omil qo‘shdik. Ya’ni, hozirgi zamonda fatvoning o‘zgarishiga ta’sir qiluvchi o‘nta omil bor:


1. Makonning o‘zgarishi

2. Zamonning o‘zgarishi

3. Holatlarning o‘zgarishi

4. Urf-odatning o‘zgarishi

5. Ma’lumotlar o‘zgarishi

6. Insonlar ehtiyojining o‘zgarishi

7. Insonlar imkoniyat va iqtidorining o‘zgarishi

8. Ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sharoitning o‘zgarishi

9. Ommaviy muammolarning yuzaga kelishi

10. Fikr va qarashlar o‘zgarishi


         Albatta, Islomda fatvo berish ulkan mas’uliyatdir. Bu vazifani ilmi va taqvosi yetarli bo‘lmagan odamlarga topshirish mumkin emas. Salafi solihlarimiz bu masalada juda qat’iy bo‘lishgan. Fiqhda va fikrda bilimsiz kishi fatvo bermasligi kerak. Imom Shotibiy shunday deydi: fatvo beruvchi kishi ummat ichida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘rnida turadi — odamlarga Allohning shariati hukmlarini bayon qiladi. Imom Ibn al-Qayyim rahimahulloh fatvo beruvchi haqida shunday deydi: u Alloh taolo nomidan hukm chiqaradigan odamdir, xuddi podshoh va amirlar nomidan qaror chiqaradigan vakillar kabi. Shu sabab, u kishi “I’lom al-mo‘aqqiyn ’an Rabb al-’Alamiyn” (Olamlar Robbisi nomidan imzo qo‘yuqchilarni ogohlantirish) deb nomlangan kitobini muftiylar uchun yozgan.


         Qur’oni Karimda Alloh taolo ba’zi masalalarda fatvoni O‘zi beradi. Masalan: “Sendan meros haqida so‘raydilar. Ayt: Alloh sizlarga kalala haqida fatvo beradi” (Niso surasi,176-oyat). “Ayollar haqida sendan so‘raydilar. Ayt: Alloh ular haqida fatvo beradi” (Niso surasi,127-oyat).


         Qur’onda “So‘raydilar” degan ibora o‘nlab oyatlarda keladi. Alloh taolo unga “Ayt” (Qul) degan javob bilan murojaat qiladi. Masalan: “Sendan may ichimlik va qimor haqida so‘raydilar. Ayt: ularda katta gunoh bor…” (Baqara surasi, 219-oyat) va shunga o‘xshash oyatlar. Bu ham fatvo va fatvo berishning ahamiyati, ulug‘ligi va mas’uliyatini ko‘rsatadi. Allohning O‘zi fatvo bergan bo‘lsa, bu qanday ulug‘ ish!


         Hech bir tadqiqotchiga sir emaski, musulmonlar — dunyodagi yagona ummatdirki, shariat hukmlari haqida savol beradi, ibodatlarida va muomalalarida halol-haromni aniqlamoqchi bo‘ladi. Boshqa bironta millatda — hatto kitobiy yoki butparast bo‘lsin — bunday intizom yo‘q. Shu sababli musulmon davlatlarda fatvo muassasalari tashkil etilgan. Shuningdek, ko‘pgina mamlakatlarda “Muftiy” lavozimi joriy etilgan. U ayrim mamlakatlarda diniy va ilmiy eng oliy mansab sanaladi. Misrda esa “Shayx al-Azhar” eng yuqori mansab hisoblanadi.


         Shu tufayli, muftiyning shartlari, odoblari va fatvo so‘rovchining ham odoblari haqida kitoblar yozilgan, hozirgi zamonda esa fatvo masalalariga bag‘ishlangan xalqaro anjumanlar o‘tkazilmoqda. Ayniqsa, zamonaviy ommaviy axborot vositalari, televideniyelar paydo bo‘lganidan so‘ng “ijtimoiy tarmoq orqali fatvo beradigan” ba’zi shaxslar ko‘paydi, ular har qanday masalada o‘zini bilimdon qilib ko‘rsatadi. “Bilmayman”, “Bu masala tahqiq talab qiladi”, “Kengash qilishim kerak” demaydi. Holbuki salafi solihlarimizdan biri aytganidek: “Kimki ‘bilmayman’ deyishda xatoga yo‘l qo‘ysa, u halokatga yuz tutgan bo‘ladi”.


         Shu maqsadda biz avvalroq «Fatvo: intizom va beqarorlik o‘rtasida» nomli kitobimizni nashr etgan edik. Endi esa ushbu «Fatvoning o‘zgarishiga sabab bo‘luvchi omillar» nomli risolamizni taqdim etyapmiz. Bu orqali fatvo egalarini to‘g‘ri yo‘l — nurli sirotul mustaqim — bilan yurishga yordam berishni, imkoni boricha haq va to‘g‘rilikni izlab topishga undashni, haqiqatni aniqlash uchun harakat qilishni va eng oxirida muftiyning Allohdan tavfiq so‘rab, U zotdan ko‘mak so‘rashini istaymiz. Chunki salafi solihlardan biri shunday degan: “Agar bir masala sen uchun  qiyin kelsa, ayt: ‘Ey Ibrohimga ilm o‘rgatgan Zot, menga ham ilm o‘rgat!’”. Alloh taolo shunday deydi: «Kimki Allohga iymon keltirsa, Alloh uning qalbini hidoyat qiladi» (Tag‘obun surasi, 11-oyat), «Kimki Allohga suyansa, bas u to‘g‘ri yo‘lga hidoyat etildi» (Oli Imron surasi, 101-oyat).


         Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham bizga bunday duoni o‘rgatganlar: “Ey Jabroil, Mikoil va Isrofilning Parvardigori! Osmonlar va yerning yaratuvchisi! Yashirin va oshkora narsalarning bilguvchisi! Sen bandalaring o‘rtasida kelisha olmayotgan masalalarda hukm chiqarasan. Sening izning bilan menga haq yo‘lni ko‘rsat, chunki Sen istagan kimsani to‘g‘ri yo‘lga hidoyat etasan”.


         Yevropa Fatvo va Tadqiqotlar Kengashining Bosh kotibiyati mendan uning madaniy risolalar silsilasiga muqaddima sifatida bir risola yozishimni so‘radi. Men esa mana shu risolani tanladim. Umid qilamanki, bu risola ko‘zlangan maqsadga xizmat qiladi, musulmonlarni umuman, ayniqsa, ozchilikda yashayotgan musulmonlarni fahm va hidoyatga yetaklaydi. Niyatimiz Alloh uchun. Uning O‘zi bizga yetarli va qanday yaxshi vakildir U.

 

Allohga muhtoj bandasi —

Yusuf al-Qarazoviy

Do‘ha shahri,

Rabi’ us-soniy, 1428 hijriy

May, 2007 milodiy

 

Homidjon domla Ishmatbekov

tarjimasi

MAQOLA