Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Faqir bandaning Alloh taologa iltijo qilib: «Ey Robbim, farzandlarim ko'pligini O'zing bilasan. Qiynalib qoldim, rizqimizni etkaz» deyishi ajablanarli emas. Bundan ham hayratga soladigani boy odamning Alloh taologa iltijo qilib, U Zotga qulligini va muhabbatini izhor qilishidir.
Eng oliy misol Allohnikidir.
Hadisi qudsiyda Alloh taolo: «Ey odam bolasi, sen Menga duo qilding va Mendan umid qilding. Men esa seni gunohingga ahamiyat bermasdan kechirib yubordim. Ey odam bolasi, agar gunohlaring osmon buluticha bo'lsa ham, Menga istig'for aytsang, gunohingni kechirdim. Ey odam bolasi, agar Menga er to'laligicha xatolar bilan kelib, so'ngra Menga biror narsani shirk keltirmasdan yo'liqsang, erning to'laligicha mag'firat bilan boraman», deb aytadi
Katta gunohlardan biri bu: «Gunohim Allohning afvidan kattaroqdir» deb o'ylash va gapirishdir. Chunki, Allohning afv-mag'firati buyukdir va kengdir. Robbimiz Rohman, Rohiym bo'lgan Zotdir. U Zot Qur'oni Karimda:
«…Robbingiz O'z zimmasiga rahmatni yozdi…» (An'om surasi, 54-oyat)
deb marhamat qilgan.
Robbimiz bizni O'z diniga hidoyat qilib, Muhammad sollallohu alayhi vasallamni bizga ulug' Payg'ambar qilib yuborishi Uning bizga ko'rsatgan ulug' marhamatlaridandir.
Muhabbat izhori birinchi kim tomonidan bo'ladi, banda tomonidanmi yoki Robbul olamiyn tomonidanmi?
Allohning bizga bo'lgan muhabbati avval boshlanadi va u muhabbat biznikidan ustundir.
Chunki, U Zot bizni yo'qdan bor qilib yaratdi, bu esa Robbimizning bizga bo'lgan muhabbatining belgisidir.
Alloh taolo Qur'oni Karimda shunday marhamat qilgan:
«U sizlarni bundan oldin va bu(Qur'on)da «musulmonlar» deb nomladi. Toki Rasul sizlarga guvoh bo'lsin, sizlar esa odamlarga guvoh bo'linglar». (Haj surasi, 78-oyat).
Bu Robbimizning bizga bo'lgan muhabbatining belgisidir.
U Zot Qur'oni Karimda yana shunday marhamat qilgan:
«…Va sizga bu dinda hech qanday tanglik qilmadi...» (Haj surasi, 78-oyat).
Bu ham Robbimizning bizga muhabbati belgisidir.
Ikki ishdan birini tanlashda agar gunoh bo'lmasa, engilrog'ini tanlaydigan Payg'ambarni yuborishi ham Robbimizning bizga bo'lgan muhabbatining belgisidir.
Qur'onni O'zi saqlashini va'da qilishi, dinimizni mukammal qilib, ne'matini to'kis qilib, biz uchun Islomning din bo'lishiga rozi bo'lishi ham Robbimizning bizga bo'lgan muhabbatining belgisidir.
U Zot bular haqida shunday marhamat qilgan:
«Albatta, Zikrni Biz nozil qildik va albatta, Biz unga muhofazachimiz» (Hijr surasi, 9-oyat).
«…Bu kun sizga diningizni mukammal qilib berdim. Sizga ne'matimni to'kis qildim. Va sizga Islomni din deb rozi bo'ldim...» (Moida surasi, 3-oyat).
Bularning barchasi Robbimizning bizga bo'lgan muhabbati izhoridir.
Ho'sh, endi biz banda bo'lib, Robbimizga bo'lgan muhabbatimizni qanday izhor qila oldik?!
Bir a'robiy sajdaga bosh qo'yib: «Ey Robbim, men o'zimni qanday osiy va ojizligimni bilaman va shu bilan birga Sening naqadar marhamatli, naqadar kechiruvchi Zotligingni ham bilaman. Men to'xtovsiz gunohlar qiluvchi qulman, Sen esa to'xtovsiz gunohlarni kechiruvchi Robbimsan. Menga fazlingdan ato qilgin, menga adling ila muomala qilmagin! Sen mehribonlarning eng mehriboni bo'lgan Zotsan» deya duo qildi.
A'robiyning Robbi taologa muhabbatini qanday izhor qilishini ko'ring.
Har bir ota-onaning farzandiga mehribonligi, rahm-shafqati qay darajada ekanligi hech birimizga sir emas. Endi olamlar Robbining bandalariga mehribonligi haqida nima deb o'ylaysiz?!
Har kuni Yer Alloh taologa nido qilib: «Ey Robbim, menga Odam bolalarini yutib yuborishimga ruxsat ber, chunki, ular Sen bergan rizqni eb, Senga shukr qilmadilar» deydi.
Dengizlar aytadi: «Ey Robbim, menga Odam bolalarini g'arq qilib yuborishimga ruxsat ber, chunki, ular Sen bergan rizqni eb, Senga shukr qilmadilar».
Tog'lar aytadi: «Ey Robbim, menga ruxsat ber, Odam bolalari ustiga qulab tushay, chunki, ular Sen bergan rizqni eb, Senga shukr qilmadilar».
Osmonlar: «Ey Robbim, menga ruxsat ber, Odam bolalarining ustiga parchalarim tushib, ularni bosib qolsin, chunki, ular Sen bergan rizqni eb, Senga shukr qilmadilar» deb aytadi.
Alloh taolo maxluqlariga qarab: «Ey Men yaratgan maxluqlar, ularni (Odam bolalarini) sizlar yaratganmisizlar?» dedi.
Maxluqlar: «Yo'q, ey Robbimiz» deyishdi.
Shunda Alloh taolo: «Agar ularni (Odam bolalarini) yaratganingizda ularga rahm qilgan bo'lar edingiz. Bandalarimni O'zimga qo'yib beringlar. Agar ular menga tavba qilsalar, Men ularni yaxshi ko'raman. Agar tavba qilmasalar, ularga tavba qilish yo'lini ko'rsataman. Men ularga onaning o'z farzandiga mehribonligidan-da, mehribonroqman. Agar Mening huzurimga bandalarim tavba qilgan holda kelsalar, Men uzoqdan ularni «Marhabo, ey tavba qiluvchilar!» deb kutib olaman. Agar Mendan yuz o'girib, gunoh sari ketsalar, yaqindan ularga: «Qayerga ketyapsizlar? Mendan boshqa Robb topdinglarmi yoki Mendan ko'ra rahmliroq, mehribonroq zot topdinglarmi?» deb aytaman» deya marhamat qildi.
Mana bu Robbimizning biz bandalariga bo'lgan muhabbatidir.
Alloh taolo bandalarini yaxshi ko'ruvchi Zotdir. U G'ofur, Vaduddir. U faqatgina G'ofur emas, balki U Vadud hamdir, ya'ni bandalarining gunohini kechirib, ularni yaxshi ham ko'radi.
Buni quyidagi oyatdan bilib olishimiz mumkin:
«Magar kim tavba qilsa, iymon keltirib, solih amal qilsa, bas, Alloh ana o'shalarning yomonliklarini yaxshiliklarga almashtirur. Alloh o'ta mag'firatlidir, o'ta rahmlidir» (Furqon surasi, 70-oyat).
Alloh taolo tavba qiluvchilarni yaxshi ko'radi.
Alloh taolo biz bandalaridan nimani xohlaydi? Uni Bir va Bor deb, chin ixlosu muhabbat bilan ibodat qilishimizni, chin iymonli bo'lishimizni va O'zining shariati bo'yicha hukm qilishimizni istaydi.
Agar biz dinimizga go'zal amal qilsak, salafi solihlarimiz kabi aziz bo'lamiz.
Sharqshunoslardan biri Andalusiya haqida shunday degan: «Sizlar Allohning hukmlarini tatbiq qiluvchi o'rinbosarlar bo'lgan paytingizda bu erlarda hukmronlik qildingiz. Uning shariatiga amal qilishda sustkashlikka yo'l qo'yganingizda bu erlardan ketdingiz».
Alloh taolo barchamizni dinimizga ixlos bilan to'la amal qiluvchi bandalaridan qilsin! U Zot barchamizni O'zining hidoyatidan ayirmasin, gunohlarimizni mag'firat aylab, xotimamizni chiroyli qilsin!
Doktor Umar Abdulkafiyning videosuhbatlaridan
Nozimjon Hoshimjon tarjimasi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar boshchiligidagi delegatsiya Istanbulda bo‘lib o‘tgan Fatvo kengashlarining xalqaro maslahat yig‘ilishida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda Qatar, Afg‘oniston, Bolgariya, Somali, Mavritaniya, Yaman, Falastin, Suriya, Iroq, BAA, Qozog‘iston, Rossiya, Indoneziya, AQSH, O‘zbekiston va boshqa ko‘plab davlatlardan fatvo markazlari vakillari qatnashdi.
Uchrashuvda Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Safi Arpagush, Somali vaqflar vaziri, Mavritaniya ta’lim va islom ishlari vaziri, Yaman vaqflar va irshod vaziri, Falastin oliy shar’iy qozisi, Suriya bosh muftiysi hamda boshqa diniy ulamolar nutq so‘zladi.
Tadbir fatvo kengashlarining ummat birligini mustahkamlashdagi roliga bag‘ishlandi. Fatvolarni jamoaviy ishlab chiqish, ayni bir diniy masala bo‘yicha zid talqinlar tarqalishining oldini olish va yoshlarni qiziqtirgan e’tiqod masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Oila instituti muammolari, fatvo kengashlarining zo‘ravonlik va terrorizmga munosabati, migratsiya bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ham fikr-mulohaza almashildi.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar arab tilida O‘zbekistonda diniy sohada amalga oshirilayotgan davlat siyosati va islohotlar haqida so‘z yuritib, bu boradagi asosiy yo‘nalishlar va rejalar haqida ma’ruza qildi.
Muftiyning ta’kidlashicha, tahdidlar kuchayib borayotgan bugungi davrda ummat hamjihatligi tinchlik va taraqqiyotning muhim omilidir. Fatvo kengashlari zamonaviy muammolarga shariat mezonlari va mo‘tadillik tamoyili asosida yechim topishi lozim. Internet orqali tarqatilayotgan asossiz fatvolarning oldini olish zarur.
Shu bilan birga, Misr Fatvo uyining “Imom Qarofiy” mukofotiga sazovor bo‘lgan O‘zbekiston Fatvo markazining faoliyati va tajribasi haqida ham alohida ma’lumot berildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi rahbarining fatvo hay’atlari tomonidan tasdiqlangan fatvolar uchun yagona raqamli platforma tashkil etish, internetda fatvo e’lon qilish va sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha mezonlarni ishlab chiqish, malakali faqihlarni tayyorlash bo‘yicha qo‘shma dasturlarni amalga oshirish yuzasidan ilgari surgan takliflari ishtirokchilar tomonidan yuqori baholandi.
O‘zbekiston va Turkiya diniy idoralari vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Tomonlar ziyorat turizmi, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik hamda boshqa sheriklik yo‘nalishlari bo‘yicha kelishuvga erishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati