Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Iyul, 2025   |   19 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:21
Quyosh
05:02
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:59
Xufton
21:33
Bismillah
14 Iyul, 2025, 19 Muharram, 1447

Mutakabbirlik - 58 qism

10.11.2023   2873   3 min.
Mutakabbirlik - 58 qism

Mag'rur nafs – kasallikka chalingan nafsdir. Bu illat bir lahzalik zavq olish istagida va o'z xohish-istaklarini qondirish uchun boshqalarning xohishlariga zarar etkazishda namoyon bo'ladi.

Muolaja uslubi

Shuni unutmaslik kerakki, Alloh taolo boyligi bilan odamlarni kamsituvchi, ularga pastnazar bilan qaraydigan insonlarni yoqtirmaydi. Bu haqda Alloh taolo aytadi: «Albatta, Qorun Muso qavmidan edi. Bas, u (qavm)larga kibr qildi. Biz xazinalardan unga kalitlari baquvvat jamoatga ham og'irlik qiladigan narsalarni ato etgan edik. O'shanda qavmi unga: Mag'rurlanmagin! Chunki Alloh mag'rurlanuvchilarni suymas» (Qasos surasi, 76-oyat).

Qorun Muso alayhissalomga amakivachcha edi. Tavrotni yaxshi o'qib, o'rgangan bo'lsa-da, Somiriyga o'xshab munofiq, hasadgo'y va mutakabbir edi. Boyligi shu qadar behisob ediki, xazinalarining kalitlari oltmishta xachirga yuk bo'lardi. Ammo imtihon o'laroq berilgan mol-dunyosi bilan g'ururga ketdi. Alloh va Muso alayhissalomga osiylik hamda mutakabbirlik qilgani uchun uni er yutdi. Alloh taoloning lutf va ehsoniga noshukrlik qilgan va kibrga ketgan insonlar ana shu Qorunga o'xshatiladi.

Demak, mo'min kishi o'tkinchi dunyoning zeb-ziynatlariga muhabbat qo'ymasligi, mol-dunyosi bilan odamlarga mag'rurlanmasligi, ulardan o'zini ustun deb bilmasligi kerak ekan. Balki o'z nafsini poklash, axloqini sayqallash bilan mashg'ul bo'lishi, qilgan gunohlariga afsus-nadomat chekishi va Allohning oldida har bir amali uchun javob berishini unutmasligi lozim. Hamisha o'z nafsini hisob-kitob qilgan, ayb-nuqsonlarini yodidan chiqarmagan insonning qalbi siniq bo'ladi. Bunday bandada mag'rurlanish, kibrlanish illati yo'qoladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o'ziga xos axloqlari – doimo kamtar holda yurardilar.

Buyuk olim Molik ibn Dinor aytadi: "G'amgin bo'lmaydigan qalb halok bo'ladi, xuddi hech kim yashamaydigan uyga o'xshaydi".

Ato Sulaymoniydan: “Nima uchun g'amgin ko'rinasiz?”deb so'rashganida, u kishi: “Axir o'lim – bo'ynimdagi (aniq yo'liqadigan) haq narsa bo'lsa, qabr – uyim bo'lsa, Qiyomat kuni har bir amalim uchun hisob-kitob qilinsam, jahannam ko'prigi esa o'tishim kerak bo'lgan yo'lim bo'lsayu, shu holda mening holim endi nima bo'lishini bilmay tursam, qandoq mahzun bo'lmayin?”deb javob berdilar.

Abu Abdurahmon as-Sulamiyning
“Nafs illatlari va ularning muolajasi” kitobidan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi.

 

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Men qabrimga ketaman...

11.07.2025   4300   2 min.
Men qabrimga ketaman...

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayhmurid va yaqinlariga «safar qilsangiz va yukingiz sizga bepul olib ketishingizga ruxsat bergan miqdordan ortiq bo‘lsa, albatta, ortiqcha yukning haqqini ado eting va keyin safar qiling», deya ko‘rsatma berar edilar.

Bir kuni u kishi safar qilish uchun vokzalga yetib keldilar. Poyezd kelishiga yaqin qolgan edi. Hazrat yuklarini olib, yuklar tortiladigan joyga yetib keldilar va navbatga turdilar. Tasodifan poyezdda birga ketadigan konduktor u yerga keldi va hazratni tanib qoldi. Darhol: «Hazrat, siz bu yerda nega turibsiz?» deb so‘radi.

Hazrat: «Yukimni torttirish uchun kelganman», dedilar.

Konduktor: «Sizga yukingizni torttirishga zarurat yo‘q. Hech qanday muammo bo‘lmaydi. Men siz bilan birga poyezdda ketaman. Ortiqcha yuk uchun haq to‘lashingiz shart emas», dedi.

Hazrat: «Siz men bilan birga qayergacha borasiz?» deb so‘radilar.

Konduktor: «Falon bekatgacha boraman», dedi.

Hazrat: «Keyin u yog‘iga nima bo‘ladi?» deb so‘radilar. Konduktor: «U bekatda boshqa konduktor keladi. Men unga bu hazratning yuklari, deb aytib qo‘yaman», dedi.

Hazrat: «U konduktor men bilan birga qayergacha boradi?» deb so‘radilar.

Konduktor: «U uzoqqa ketadi. Undan ancha oldin sizning bekatingiz keladi», dedi.

Hazrat: «Yo‘q, men ancha uzoqqa ketaman, oxirat tarafga ketaman, qabrimga ketaman. Qaysi konduktor men bilan birga ketadi?» dedilar. Keyin: «Oxiratda mendan bir davlatga oid poyezdda yukning haqqini ado qilmay qilgan safaring va o‘g‘irliging hisobini ber degan talab bo‘lsa, u yerda qaysi konduktor menga yordam bera oladi?!» dedilar.

«Nasihatlar guldastasi» kitobidan