Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Iyul, 2025   |   30 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:35
Quyosh
05:12
Peshin
12:35
Asr
17:36
Shom
19:51
Xufton
21:20
Bismillah
25 Iyul, 2025, 30 Muharram, 1447

26.03.2021 y. Ijtimoiy tarmoqdan foydalanish odobi

23.03.2021   8213   16 min.
26.03.2021 y. Ijtimoiy tarmoqdan foydalanish odobi

     بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ للهِ وَكَفَى، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ الْمُصْطَفَى، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أجْمَعِينَ، أَمَّا بَعْدُ.

IJTIMOIY TARMOQLARDAN FOYDALANISh ODOBI

Muhtaram jamoat! Insoniyat jamiyati hech qachon bir joyda to'xtab turmaydi, doimiy ravishda rivojlanish va o'zgarishda bo'ladi... Yigirmanchi asrning eng katta kashfiyotlaridan biri bu – xalqaro tarmoq, ya'ni internet bo'ldi desak, xato bo'lmaydi. Bu tarmoq qisqa yillarda televideniye, radio, gazeta va jurnallarni orqada qoldirdi. Dunyo bo'yicha son-sanoqsiz odamlar internet xizmatlaridan foydalanadilar, axborot almashadilar, turli masalalarni hal qiladilar.

Internet paydo bo'lgandan beri ba'zilar uni ijobiy baholashsa, ba'zilar salbiy tomonlarini gapiradi. Bu mavzudagi maqbul qarash shuki, internet ham televizor, radio kabi bir vosita. Uni yaxshilikka ishlatsak – yaxshi, yomonlikka ishlatsak, yomon narsaga aylanadi. Demak, bizning eng muhim vazifamiz – internetdan yomon maqsadda foydalanayotgan insonlarga, ayniqsa yosh avlodga, to'g'ri yo'lni ko'rsatish, zararli oqibatlardan ogohlantirishdir. Boshqa tomondan esa ijtimoiy tarmoqlarda milliy-diniy qadriyatlarimizga zid narsalarni targ'ib qilayotgan shaxslar ta'siriga tushmaslik yo'llarini o'rgatishdir. Zero Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

  وَذَكِّرْ فَإِنَّ الذِّكْرَى تَنْفَعُ الْمُؤْمِنِينَ

ya'ni:Eslating! Zero, eslatma mo'minlarga manfaat etkazur(Zoriyot surasi 55-oyat).

         Har narsada qonun-qoida bo'lgani kabi, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda ham o'ziga yarasha qoida va odoblar mavjud. Jumladan:

  1. Ijtimoiy tarmoqqa kirishdan avval umrning qadrini yodga olish. Hadisi sharifda umrning qadri haqida shunday marhamat qilinadi:

﴿ لَا تَزُولُ قَدَمَاابْنِ آدَمَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ مِنْ عِنْدِ رَبِّهِ حَتَّى يُسْأَلَ عَنْ خَمْسٍ: عَنْ عُمْرِهِ فِيمَاأَفْنَاهُ وَعَنْ شَبَابِهِ فِيمَا أَبْلَاهُ وَعَنْ مَالِهِ مِنْ أَيْنَ اكْتَسَبَهُ وَفِيمَا أَنْفَقَهُوَمَاذَا عَمِلَ فِيمَا عَلِمَ (رواه الإمام الترمذي عن ابن مسعود رضي الله عنه)

ya'ni: “Qiyomat kuni besh narsa haqida so'ralmagunicha, Odam bolasining qadami Parvardigori huzuridan siljimaydi: umrini qanday o'tkazgani; yoshligida qanday ishlar qilgani; boylikni qayerdan topib, qayerga sarflagani vabilgan narsalariga qay darajada amal qilgani so'raladi” (Imom Termiziy rivoyatlari).

  1. Ijtimoiy tarmoqdagi o'zaro aloqalarda musulmon kishi o'ziga taqvo va chiroyli xulqni lozim tutishi kerak. Taqvo, yaxshilik va husni xulq haqida Abu Zar al-G'iforiy raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda:

﴿اتَّقِ اللَّهَ حَيْثُما كُنْتَ، وَأَتْبِعِ السَّيِّئَةَ الْحَسَنَة تَمْحُهَا، وَخَالِقِ النَّاسَ بِخُلُقٍ حَسَنٍ﴾ (رَوَاهُ الامَامُ الترمذي)

ya'ni:Qayerda bo'lsangiz ham, Allohdan qo'rqing! Yomonlikka yaxshilikni ergashtirinki, yomonlikni yuvib ketadi! Odamlarga chiroyli xulq bilan muomala qiling!, – deyilgan (Imom Termiziy rivoyatlari).

Afsuski, ijtimoiy tarmoqlarda musulmonlar bir-birini haqorat qilishi, tuhmat, hattoki bo'hton qilishi, obro'yiga putur etkazishi, g'iybat qilishi, o'zining ona yurti va jamiyatda fitna urug'larini sochishi kuzatilib turibdi. Eng yomoni – bunday kishilarda xolislik topilmayapti. Ular ba'zi paytlarda “tirnoq ichidan kir qidirish”ga tushmoqdalar. Lekin ko'z o'nglarida turgan yaxshi ishlar, islohotlar va o'zgarishlarni ko'rishmayapti. Gohida o'zlari nima istashayotganini ham anglamay qolishmoqda.

  1. Ijtimoiy tarmoq orqali o'zga jins vakillari bilan munosabat qilishda nomahramlik masalasiga juda ehtiyot bo'lish kerak. Mana shu masalaga beparvo bo'lish ko'p muammolarga sabab bo'lmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda bir-biriga nomahram bo'lgan shaxslarning o'zaro nojo'ya suhbatlari oilalar o'rtasidagi ko'plab ajrimlarga ham sabab bo'lmoqda. Hali oila qurmagan yoshlar orasida ham ijtimoiy tarmoqlarda turli noshar'iy munosabatlar, hayosizlik, zinoning virtual ko'rinishlari kuzatilmoqdaki, bu narsalar shariatimizda qat'iyan man qilingan. To'g'ri, shariat qoidalariga amal qilib, beg'araz maqsadlar bilan, zarurat miqdoricha biror ma'lumot olish, so'rab o'rganish mumkin. Lekin o'zaro “elektron muhabbat” aloqalarini o'rnatish harom hisoblanadi.
  2. Ijtimoiy tarmoq orqali yolg'on xabar va audio hamda uydirma surat va videolarni tarqatmaslik talab qilinadi. Odamlardan eshitgan narsasini surishtirmay gapiraverish gunoh ekaniga quyidagi hadisi sharif ham yaqqol dalil hisoblanadi. Payg'ambarimiz alayhissalom:

﴿كَفَى بِالْمَرْءِ إِثْمًا أَنْ يُحَدِّثَ بِكُلِّ مَا سَمِعَ﴾ (رَوَاهُ الامَامُ مُسْلِمٌ وَالامَامُ أَبُو دَاوُدَ عن أبي هريرة رضي الله عنه.(

ya'ni: “Kishiga gunoh bo'lishi uchun eshitgan narsasini gapirishining o'zi kifoyadir”, – deganlar (Imom Muslim va Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Azizlar! Har narsaning yaxshi va yomon tarafi bo'lganidek, so'ngi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarning ham jiddiy xatarlari yuzaga chiqmoqda. Jumladan:

  1. Kishilarning sha'niga tajovuz qilish avj olmoqda. Eng achinarlisi – ko'pincha tarqatilgan yolg'on ma'lumotlar oqibatida insonning obro' va sha'ni toptalmoqda, ta'na toshlari otilmoqda, shariatimizda qaytarilgan katta gunohlarga yo'l ochilmoqda.

Shariatimizga ko'ra, har bir musulmonning sha'ni va obro'sini to'kish – huddi qonini to'kish yoki molini o'zlashtirish kabi, boshqa musulmon uchun haromdir. Qolaversa, Payg'ambarimiz alayhissalom muborak hadisi shariflaridan birida shunday deganlar:

﴿لَمَّا عُرِجَ بِي مَرَرْتُ بِقَوْمٍ لَهُمْ أَظْفَارٌ مِنْ نُحَاسٍ، يَخْمُشُونَ وُجُوهَهُمْ وَصُدُورَهُمْ، فَقُلْتُ: مَنْ هَؤُلَاءِ يَا جِبْرِيلُ؟ قَالَ: هَؤُلَاءِ الَّذِينَ يَأْكُلُونَ لُحُومَ النَّاسِ، وَيَقَعُونَ فِي أَعْرَاضِهِمْ (رواه الإمام أبو داود عن أنس رضي الله عنه)

ya'ni: “Jabroil alayhissalom meni osmonga olib chiqqanda, bir qavmning oldidan o'tdim. Ularning misdan tirnoqlari bo'lib, u bilan yuzlari va ko'ksilarini timdalashar edi. Men: “Ey Jabroil, bular kimlar?” – deb so'radim. Shunda: “Ular odamlarning go'shtini eb – ularni g'iybat qilib, obro'larini to'kkan kimsalardir”,– deb javob berdilar” (Imom Abu dovud rivoyatlari).

Ushbu hadisi sharifdan dinimizda insonning sha'ni, obro'si qanchalik qadrli ekanligi, uni poymol qilishning oqibati ayanchli ekani ma'lum bo'lmoqda.

  1. Noto'g'ri fatvo va qarashlar tarqalmoqda. Turli oqimlar o'zlarining manfur qarashlarini yoshlar ongiga singdirish uchun ijtimoiy tarmoqlardan keng ko'lamda foydalanmoqdalar. Bu esa dindan, diniy ma'rifatdan yaxshi xabardor bo'lmagan kishilarni, ayniqsa yoshlarimizni, sof aqidadan og'ib ketishiga, fiqhiy mazhablar borasida noto'g'ri fikr va tushunchalar shakllanishiga sabab bo'lmoqda.

Avvalo shuni aytish kerakki, islom ulamolari yosh avlodga ilmlarni tartib bilan o'rgatishga alohida e'tibor berganlar. Ilmni o'rganish – dinni o'rganishdir! Qolaversa, diniy ilmlarni olishda, fatvo olishda shaxsiyatlar muhimdir. Internet orqali, ijtimoiy tarmoqlar orqali dindan, shariatdan gapirayotgan, lekin aslida kimligi ham, kimdan ta'lim olgani ham noma'lum kimsalardan din olinmaydi. Chunki, fatvo bu – din demakdir!  Shariatimizga ko'ra esa, uni kim etkazayotgani muhimdir. Shuning uchun mashhur tobein Muhammad ibn Siyrin rahmatullohi alayhi:

إِنَّ هَذَا الْعِلْمَ دِينٌ فَانْظُرُوا عَمَّنْ تَأْخُذُونَ دِينَكُمْ (رَوَاهُ الإِمَامُ مُسْلِم)

ya'ni: “Ilm bu dindir. Dinlaringizni kimdan olayotganingizga qaranglar", – deganlar (Imom Muslim rivoyatlari).

Imom Abu Lays Samarqandiy rahmatullohi alayhi: “Ilmni ishonchli zotlardan olish lozim, chunki dinning ustuni ilm bilandir. Kishi o'zining jonini ishonadigan kishigagina dinini ham ishonib topshirishi lozim”, – deganlar.

Shuningdek, terrorchilar o'zlariga tegishli veb-sahifa va ijtimoiy tarmoqlarda “shahidlik”, “jihod”, “hijrat”, “takfir”, “xalifalik” kabi tushunchalarni buzib talqin qilish natijasida ayrim yoshlarni o'zlarining tuzoqlariga ilintirishga muvaffaq bo'lishayotgani achinarli hol, albatta.

  1. Fahsh va behayoliklar tarqalmoqda. Yovuz niyatli kimsalar g'arazli maqsadlari yo'lida va xalqning o'zligini emirish uchun turli usullardan foydalanadi. Ulardan biri – jamiyatda axloqiy bu­zuqlikni yoyishdir. Bu yo'lda g'alamislar ijtimoiy tarmoq orqali axloqsizlikni, fahshni keng tarqatishga bor imkoniyatlarini sarflamoqdalar. Behayolikka yo'g'rilgan tasvirlar, video-roliklar tarqatish orqali er yuzida fasod tarqashiga “xizmat” qilmoqdalar.

Bu kabi illatlar jamiyatimizda o'zining salbiy ta'sirlarini ko'rsatmay qolmaydi. Bu illat katta yoshdagilarning ham, o'rta yoshdagilarning ham axloqiy buzilishiga olib kelmoqda. Alloh taolo Qur'oni Karimda shunday marhamat qiladi:

  • قُلْ لِلْمُؤْمِنِينَ يَغُضُّوا مِنْ أَبْصَارِهِمْ وَيَحْفَظُوا فُرُوجَهُمْ ذَلِكَ أَزْكَى لَهُمْ إِنَّ اللَّهَ خَبِيرٌ بِمَا يَصْنَعُونَ

ya'ni:(Ey, Muhammad!) Mo'minlarga ayting, ko'zlarini (nomahram ayollardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar! Mana shu ular uchun eng toza (yo'l)dir. Albatta, Alloh ular qilayotgan (sir) sinoatlaridan xabardordir (Nur surasi 30-oyat).

Salmon Forsiy raziyallohu anhu: “O'lib, qayta tirilishim so'ng yana o'lib, yana qayta tirilishim, so'ng yana o'lib, yana qayta tirilishim – bir musulmon kishining avratiga qarashimdan yoki u mening avratimga qarashidan ko'ra yaxshiroqdir”, – deganlar (Imom Ahmad "Zuhd" kitobida rivoyat qilganlar).

  1. Ahli ilm, imom, ulamo kishilar haqida bo'hton uyushtiruvchi, ularni obro'sizlantirishga urinuvchi guruhlar ko'paymoqda. Ulamolar, imom-domlalarni yaqindan tanimagan, ular haqida aniq ma'lumotga ega bo'lmagan kishilar mazkur bo'htonchi guruhlarning ta'siriga tushib, so'zlariga ishonib, ulkan gunoh bo'lgan – g'iybat balosiga mubtalo bo'lmoqdalar. Bu haqda Hazrati Ibn Abbos raziyallohu anhumo shunday deganlar:

﴿ حَرَّمَ اللهُ أنْ يُغْتَابَ الْمُؤْمِنُ بِشَيْءٍ كَمَا حَرَّمَ الْمَيْتَةَ ﴾

ya'ni: “Alloh ta'olo o'laksa go'shtini harom qilganidek, biror narsadaayblab mo''minni g'iybat qilishni ham harom qildi(Imom Bayhaqiy rivoyatlari).

Ijtimoiy tarmoqlar orqali dinimizga bo'layotgan zararlardan yana biri –  har bir yurtning peshqadam olimlarini tahqirlash, tuhmat-buhton so'zlari bilan obro'sizlantirish, ularni nifoqda, kufrda ayblashdir. Ularning bundan o'ylagan maqsadlari – musulmon ommasini ilmiy rahbarsiz qoldirib, o'zlariga ergashtirish va boshqarishdir.

  1. Kishilarning, xususan yoshlarning ruhiyatiga, axloqiga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda. Ijtimoiy tarmoq orqali fikr bildirish va buning ortidan maqtov (“layk”)larni qo'lga kiritishga urinish bugungi yoshlarini tobora o'z domiga tortmoqda. Buning salbiy tomoni shundaki, foydalanuvchi bunday maqtov (“layk”)larni yana va yana olishni istaydi va rohatlanadi. Buning oqibatida ular virtual dunyoga butkul sho'ng'ib ketadilar va tashqi dunyodan uziladilar. Ijtimoiy tarmoqlarga bog'lanib qolgan yoshlar boshqalar bilan jonli muloqotda qiynaladi, odamovi bo'lib qoladi, do'stlashishda adashadi. Faqat ijtimoiy tarmoqda topgan “do'st”larining fikri bilan ish ko'radigan bo'lib qoladi.

Muhtaram jamoat! Albatta, ijtimoiy tarmoqni butkul yomonga chiqarishga haqqimiz yo'q. Ijtimoiy tarmoq ham televideniye, radio kabi bir vosita. Uni yaxshilikka ishlatsa – yaxshi, yomonlikka ishlatsa – yomon natija beradi.

Shunday ekan, bugungi kunning talabi – internetning ijobiy jihatlaridan foydalanib,  dunyo-oxiratimizni obod qiladigan, xalqimizga manfaat keltiradigan ishlarni qilishdir. Har bir musulmon hayotda qanday umuminsoniy va diniy qoidalarga amal qilishi lozim bo'lsa, internetdan foydalanishda yoki o'zaro aloqada ham shu asoslarga rioya qilishi shart. Aks holda, turli noqulayliklar va gunoh ishlarga aralashib qolinadi. Demak, yaqinlarimiz, ayniqsa yoshlarni ijtimoiy tarmoqning salbiy jihatlari va oqibatlaridan himoya qilish, doimiy tushuntirish ishlarini olib borish – har birimizning burchimizdir!

Alloh taolo barchamizga ijtimoiy tarmoqlardan oqilona foydalanishni nasib qilib, uni ikki dunyomizning obod bo'lishiga sababchi vositalardan aylasin! Omin!

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlari uchun namuna – Butunjahon Islom uyushmasi rahbari

16.07.2025   13253   5 min.
O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlari uchun namuna – Butunjahon Islom uyushmasi rahbari

Saudiya Arabistonining Makka shahrida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqov hamda Butunjahon Islom uyushmasi Bosh kotibi Shayx Muhammad bin Abdulkarim al-Issa  ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuv va tashrif Butunjahon Islom uyushmasi taklifiga binoan amalga oshirildi. Unda O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi favqulodda va muxtor elchisi Nodir Turg‘unov ham qatnashdi.

Do‘stona va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda Markaz rahbari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizda bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida jumladan, Markaz doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar, barcha ilmiy va tashkiliy ishlar haqida ma’lumot berdi.

– O‘zbekiston Islom ilmi, fiqh va hadis sohasida yuksak merosga ega. Bu zaminda mashhur ulamolar, buyuk faqihlar, muhaddislar, mutafakkirlar va san’atshunoslar yetishib chiqqan, – dedi Islom uyushmasi bosh kotibi. – Ushbu merosning Islom olamidagi ahamiyati va dolzarbligini ko‘rsatishda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muhim o‘rin tutadi. Bu yurtning taniqli va mashhur allomalari tufayli Islom sivilizatsiyasining asl mohiyati xususan, insonparvarlik va bag‘rikenglik qadriyatlari bugungi kunga qadar saqlanib qolgan. Mazkur megaloyiha bu boy merosni jahon hamjamiyatiga tanitishda asosiy ahamiyatga ega. Biz Butunjahon Islom uyushmasi nomidan ushbu sa’y-harakatlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlar uchun namuna bo‘ladi. Markaz bilan hamkorlik qilishdan benihoyat mamnunmiz! – deya ta’kidladi Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa.

Uchrashuv davomida Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar xususan, Islom sivilizatsiyasi markazining barcha tadbirlari, rejalashtirilgan turli anjumanlarga qiziqish bildirib, bu borada olib borilayotgan ishlarni yuksak baholadi va mamnuniyat bilan e’tirof etdi. Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimi  qanchalik ahamiyatli ekanligiga esa alohida to‘xtaldi. Shu o‘rinda Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqidan quyidagi iqtiboslarni keltirdi: “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi. Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati ham shu maqsadga xizmat qiladi”. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Prezidenti tomonidan BMT minbaridan turib ilgari surilgan mazkur ulkan tashabbus Butunjahon Islom uyushmasi nomidan qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab o‘tdi.

Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Markaz tarkibida Arab-islom xattotlik maktabini ochish yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa ushbu loyihani to‘la-to‘kis qo‘llab-quvvatladi:

– Yangi O‘zbekiston loyihasi bo‘lmish bu xattotlik maktabi orqali Qur’oni karimning har bir surasini maxsus arab xatida, bezaklar bilan boyitilgan tarzda qo‘lda ko‘chirish maqsadga muvofiq, – deya taklif qildi Bosh kotib, – O‘zbekistondagi bo‘lajak Arab-islom xattotlik maktabi faoliyatini yo‘lga qo‘yishda, shuningdek, jahon miqyosida mashhur bo‘lgan katta tajribaga ega xattotlarni ushbu markazga jalb etish, xattotlarning ish faoliyati samarali bo‘lishi uchun ularni rag‘batlantirish va umuman maktab faoliyatini rivojlantirishda astoydil hamkorlik qilishga   tayyormiz.

Delegatsiya a’zolari Makka shahrida joylashgan Hiro madaniyat dahasi, Vahiy muzeyi, “Burj as-sa’a” minorasida joylashgan shu nomdagi muzey, Ka’ba kisvasi uchun qirol Abdulaziz majmuasi va Madina shahridagi “Bo‘ston” muzeyi, Payg‘ambarimiz (s.a.v) siyratlari  va Islom sivilizatsiyasi muzeyi, Jidda shahridagi Islom san’ati muzeyi va kutubxonasiga tashrif buyurdi va hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib bordi.

Bundan tashqari, Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi a’zolari muzey va kutubxonalarga qilgan tashriflari jarayonida Payg‘ambarimizning faoliyat va turmush tarzlarini ifodalovchi videolavhalar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga taqdim etilishi masalasini ham ko‘rib chiqishdi. 

Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Samarqandda yangidan bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi ziyoratchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalasida ham fikr almashildi. Bu borada Saudiya Arabistoni tajribasidan foydalanish maqsadida Butunjahon Islom uyushmasi Tadbirlar va konferensiyalar bo‘limi boshlig‘i Shokir Saloh al-Advaniy bilan muloqot o‘tkazildi. Muloqot davomida Islom uyushmasi vakili bu  masalada Saudiya Arabistonining yetakchi tashkilotlaridan biri “Ilm” kompaniyasi ko‘mak berishini bildirdi. Keyingi muhokamalar videokonferensiya shaklida davom ettirilishiga kelishib olindi. 

Islom sivilizatsiyasi markazi