بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ للهِ وَكَفَى، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ الْمُصْطَفَى، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أجْمَعِينَ، أَمَّا بَعْدُ.
IJTIMOIY TARMOQLARDAN FOYDALANISh ODOBI
Muhtaram jamoat! Insoniyat jamiyati hech qachon bir joyda to'xtab turmaydi, doimiy ravishda rivojlanish va o'zgarishda bo'ladi... Yigirmanchi asrning eng katta kashfiyotlaridan biri bu – xalqaro tarmoq, ya'ni internet bo'ldi desak, xato bo'lmaydi. Bu tarmoq qisqa yillarda televideniye, radio, gazeta va jurnallarni orqada qoldirdi. Dunyo bo'yicha son-sanoqsiz odamlar internet xizmatlaridan foydalanadilar, axborot almashadilar, turli masalalarni hal qiladilar.
Internet paydo bo'lgandan beri ba'zilar uni ijobiy baholashsa, ba'zilar salbiy tomonlarini gapiradi. Bu mavzudagi maqbul qarash shuki, internet ham televizor, radio kabi bir vosita. Uni yaxshilikka ishlatsak – yaxshi, yomonlikka ishlatsak, yomon narsaga aylanadi. Demak, bizning eng muhim vazifamiz – internetdan yomon maqsadda foydalanayotgan insonlarga, ayniqsa yosh avlodga, to'g'ri yo'lni ko'rsatish, zararli oqibatlardan ogohlantirishdir. Boshqa tomondan esa ijtimoiy tarmoqlarda milliy-diniy qadriyatlarimizga zid narsalarni targ'ib qilayotgan shaxslar ta'siriga tushmaslik yo'llarini o'rgatishdir. Zero Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
وَذَكِّرْ فَإِنَّ الذِّكْرَى تَنْفَعُ الْمُؤْمِنِينَ
ya'ni: “Eslating! Zero, eslatma mo'minlarga manfaat etkazur” (Zoriyot surasi 55-oyat).
Har narsada qonun-qoida bo'lgani kabi, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda ham o'ziga yarasha qoida va odoblar mavjud. Jumladan:
﴿ لَا تَزُولُ قَدَمَاابْنِ آدَمَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ مِنْ عِنْدِ رَبِّهِ حَتَّى يُسْأَلَ عَنْ خَمْسٍ: عَنْ عُمْرِهِ فِيمَاأَفْنَاهُ وَعَنْ شَبَابِهِ فِيمَا أَبْلَاهُ وَعَنْ مَالِهِ مِنْ أَيْنَ اكْتَسَبَهُ وَفِيمَا أَنْفَقَهُوَمَاذَا عَمِلَ فِيمَا عَلِمَ ﴾ (رواه الإمام الترمذي عن ابن مسعود رضي الله عنه)
ya'ni: “Qiyomat kuni besh narsa haqida so'ralmagunicha, Odam bolasining qadami Parvardigori huzuridan siljimaydi: umrini qanday o'tkazgani; yoshligida qanday ishlar qilgani; boylikni qayerdan topib, qayerga sarflagani vabilgan narsalariga qay darajada amal qilgani so'raladi” (Imom Termiziy rivoyatlari).
﴿اتَّقِ اللَّهَ حَيْثُما كُنْتَ، وَأَتْبِعِ السَّيِّئَةَ الْحَسَنَة تَمْحُهَا، وَخَالِقِ النَّاسَ بِخُلُقٍ حَسَنٍ﴾ (رَوَاهُ الامَامُ الترمذي)
ya'ni: “Qayerda bo'lsangiz ham, Allohdan qo'rqing! Yomonlikka yaxshilikni ergashtirinki, yomonlikni yuvib ketadi! Odamlarga chiroyli xulq bilan muomala qiling!”, – deyilgan (Imom Termiziy rivoyatlari).
Afsuski, ijtimoiy tarmoqlarda musulmonlar bir-birini haqorat qilishi, tuhmat, hattoki bo'hton qilishi, obro'yiga putur etkazishi, g'iybat qilishi, o'zining ona yurti va jamiyatda fitna urug'larini sochishi kuzatilib turibdi. Eng yomoni – bunday kishilarda xolislik topilmayapti. Ular ba'zi paytlarda “tirnoq ichidan kir qidirish”ga tushmoqdalar. Lekin ko'z o'nglarida turgan yaxshi ishlar, islohotlar va o'zgarishlarni ko'rishmayapti. Gohida o'zlari nima istashayotganini ham anglamay qolishmoqda.
﴿كَفَى بِالْمَرْءِ إِثْمًا أَنْ يُحَدِّثَ بِكُلِّ مَا سَمِعَ﴾ (رَوَاهُ الامَامُ مُسْلِمٌ وَالامَامُ أَبُو دَاوُدَ عن أبي هريرة رضي الله عنه.(
ya'ni: “Kishiga gunoh bo'lishi uchun eshitgan narsasini gapirishining o'zi kifoyadir”, – deganlar (Imom Muslim va Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Azizlar! Har narsaning yaxshi va yomon tarafi bo'lganidek, so'ngi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarning ham jiddiy xatarlari yuzaga chiqmoqda. Jumladan:
Shariatimizga ko'ra, har bir musulmonning sha'ni va obro'sini to'kish – huddi qonini to'kish yoki molini o'zlashtirish kabi, boshqa musulmon uchun haromdir. Qolaversa, Payg'ambarimiz alayhissalom muborak hadisi shariflaridan birida shunday deganlar:
﴿لَمَّا عُرِجَ بِي مَرَرْتُ بِقَوْمٍ لَهُمْ أَظْفَارٌ مِنْ نُحَاسٍ، يَخْمُشُونَ وُجُوهَهُمْ وَصُدُورَهُمْ، فَقُلْتُ: مَنْ هَؤُلَاءِ يَا جِبْرِيلُ؟ قَالَ: هَؤُلَاءِ الَّذِينَ يَأْكُلُونَ لُحُومَ النَّاسِ، وَيَقَعُونَ فِي أَعْرَاضِهِمْ﴾ (رواه الإمام أبو داود عن أنس رضي الله عنه)
ya'ni: “Jabroil alayhissalom meni osmonga olib chiqqanda, bir qavmning oldidan o'tdim. Ularning misdan tirnoqlari bo'lib, u bilan yuzlari va ko'ksilarini timdalashar edi. Men: “Ey Jabroil, bular kimlar?” – deb so'radim. Shunda: “Ular odamlarning go'shtini eb – ularni g'iybat qilib, obro'larini to'kkan kimsalardir”,– deb javob berdilar” (Imom Abu dovud rivoyatlari).
Ushbu hadisi sharifdan dinimizda insonning sha'ni, obro'si qanchalik qadrli ekanligi, uni poymol qilishning oqibati ayanchli ekani ma'lum bo'lmoqda.
Avvalo shuni aytish kerakki, islom ulamolari yosh avlodga ilmlarni tartib bilan o'rgatishga alohida e'tibor berganlar. Ilmni o'rganish – dinni o'rganishdir! Qolaversa, diniy ilmlarni olishda, fatvo olishda shaxsiyatlar muhimdir. Internet orqali, ijtimoiy tarmoqlar orqali dindan, shariatdan gapirayotgan, lekin aslida kimligi ham, kimdan ta'lim olgani ham noma'lum kimsalardan din olinmaydi. Chunki, fatvo bu – din demakdir! Shariatimizga ko'ra esa, uni kim etkazayotgani muhimdir. Shuning uchun mashhur tobein Muhammad ibn Siyrin rahmatullohi alayhi:
إِنَّ هَذَا الْعِلْمَ دِينٌ فَانْظُرُوا عَمَّنْ تَأْخُذُونَ دِينَكُمْ (رَوَاهُ الإِمَامُ مُسْلِم)
ya'ni: “Ilm – bu dindir. Dinlaringizni kimdan olayotganingizga qaranglar", – deganlar (Imom Muslim rivoyatlari).
Imom Abu Lays Samarqandiy rahmatullohi alayhi: “Ilmni ishonchli zotlardan olish lozim, chunki dinning ustuni ilm bilandir. Kishi o'zining jonini ishonadigan kishigagina dinini ham ishonib topshirishi lozim”, – deganlar.
Shuningdek, terrorchilar o'zlariga tegishli veb-sahifa va ijtimoiy tarmoqlarda “shahidlik”, “jihod”, “hijrat”, “takfir”, “xalifalik” kabi tushunchalarni buzib talqin qilish natijasida ayrim yoshlarni o'zlarining tuzoqlariga ilintirishga muvaffaq bo'lishayotgani achinarli hol, albatta.
Bu kabi illatlar jamiyatimizda o'zining salbiy ta'sirlarini ko'rsatmay qolmaydi. Bu illat katta yoshdagilarning ham, o'rta yoshdagilarning ham axloqiy buzilishiga olib kelmoqda. Alloh taolo Qur'oni Karimda shunday marhamat qiladi:
ya'ni: “(Ey, Muhammad!) Mo'minlarga ayting, ko'zlarini (nomahram ayollardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar! Mana shu ular uchun eng toza (yo'l)dir. Albatta, Alloh ular qilayotgan (sir) sinoatlaridan xabardordir” (Nur surasi 30-oyat).
Salmon Forsiy raziyallohu anhu: “O'lib, qayta tirilishim so'ng yana o'lib, yana qayta tirilishim, so'ng yana o'lib, yana qayta tirilishim – bir musulmon kishining avratiga qarashimdan yoki u mening avratimga qarashidan ko'ra yaxshiroqdir”, – deganlar (Imom Ahmad "Zuhd" kitobida rivoyat qilganlar).
﴿ حَرَّمَ اللهُ أنْ يُغْتَابَ الْمُؤْمِنُ بِشَيْءٍ كَمَا حَرَّمَ الْمَيْتَةَ ﴾
ya'ni: “Alloh ta'olo o'laksa go'shtini harom qilganidek, biror narsadaayblab mo''minni g'iybat qilishni ham harom qildi” (Imom Bayhaqiy rivoyatlari).
Ijtimoiy tarmoqlar orqali dinimizga bo'layotgan zararlardan yana biri – har bir yurtning peshqadam olimlarini tahqirlash, tuhmat-buhton so'zlari bilan obro'sizlantirish, ularni nifoqda, kufrda ayblashdir. Ularning bundan o'ylagan maqsadlari – musulmon ommasini ilmiy rahbarsiz qoldirib, o'zlariga ergashtirish va boshqarishdir.
Muhtaram jamoat! Albatta, ijtimoiy tarmoqni butkul yomonga chiqarishga haqqimiz yo'q. Ijtimoiy tarmoq ham televideniye, radio kabi bir vosita. Uni yaxshilikka ishlatsa – yaxshi, yomonlikka ishlatsa – yomon natija beradi.
Shunday ekan, bugungi kunning talabi – internetning ijobiy jihatlaridan foydalanib, dunyo-oxiratimizni obod qiladigan, xalqimizga manfaat keltiradigan ishlarni qilishdir. Har bir musulmon hayotda qanday umuminsoniy va diniy qoidalarga amal qilishi lozim bo'lsa, internetdan foydalanishda yoki o'zaro aloqada ham shu asoslarga rioya qilishi shart. Aks holda, turli noqulayliklar va gunoh ishlarga aralashib qolinadi. Demak, yaqinlarimiz, ayniqsa yoshlarni ijtimoiy tarmoqning salbiy jihatlari va oqibatlaridan himoya qilish, doimiy tushuntirish ishlarini olib borish – har birimizning burchimizdir!
Alloh taolo barchamizga ijtimoiy tarmoqlardan oqilona foydalanishni nasib qilib, uni ikki dunyomizning obod bo'lishiga sababchi vositalardan aylasin! Omin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi 2025-2026 o‘quv yili uchun oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish sanalarini e’lon qiladi:
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti,
Mir Arab oliy madrasasi,
Hadis ilmi maktabi,
Imom Termiziy nomidagi islom instituti va
barcha o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga
2025 yil 25 iyundan 20 iyulgacha davom etadi.
Oliy diniy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishni istagan abituriyentlar qabul hay’atiga quyidagi hujjatlarni topshiradi:
ta’lim muassasasi rektori nomiga ariza;
pasport yoki ID karta nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasini tamomlagani to‘g‘risidagi hujjat (diplom) va uning ilovasi nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
3,5 x 4,5 hajmdagi 6 dona rangli fotosurat (so‘nggi uch oyda olingan va orqa foni oq rangda bo‘lishi talab etiladi);
Xorijiy davlatlardagi diniy ta’lim muassasalarini tamomlagan va mamlakatimizda nostrifikatsiyadan o‘tkazilgan diplomga ega bo‘lgan abituriyentlar (O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari) ham hujjat topshirishlari mumkin.
O‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish istagida bo‘lgan abituriyentlar qabul hay’atiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
ta’lim muassasasi rahbari nomiga ariza;
pasport yoki ID karta nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
ma’lumoti to‘g‘risida attestat yoki diplom nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
3,5 x 4,5 hajmdagi 6 dona rangli fotosurat (so‘nggi uch oyda olingan va orqa foni oq rangda bo‘lishi talab etiladi);
chet tilini bilishi to‘g‘risidagi hujjat asl nusxasi (ma’lumoti to‘g‘risidagi hujjatda ko‘rsatilgan chet tilidan boshqa tilda imtihon topshiruvchilar uchun).
Ma’lumot o‘rnida: Oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining test sinovlarida ishtirok etishi uchun abituriyentlardan bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari miqdorida to‘lov undiriladi. Joriy yilda o‘qishni tamomlab, o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga hujjat topshirayotgan abituriyentlardan esa to‘lov undirilmaydi.
2025-2026 o‘quv yili qabul jarayonlari haqidagi so‘nggi yangiliklarni @qabulmuslimuz (https://t.me/qabulmuslimuz) telegram sahifasida kuzatib boring.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati