Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Imom ibn Qoyyim rahimahulloh dedi: «O'nta zoye bo'ladigan, behuda narsa borki, ulardan manfaat yo'qdir:
1. Amal qilinmaydigan ilm.
2. Ixlos bo'lmagan va (sunnatga) iqtido qilinmagan amal.
3. Undan infoq qilinmaydigan mol-dunyo. Uning jamlovchisi dunyoda (baxillik qilib) bahramand bo'lmaydi va oxirati uchun ham o'zidan oldinga (sadaqotlar ko'rinishida) taqdim etmaydi.
4. Allohning muhabbatidan xoli bo'lgan, Unga intilib shavq qilmaydigan va U bilan sirdosh bo'lmaydigan qalb.
5. Uning toati va xizmatidan ajralgan jism.
6. Mahbubning rizosiga bog'lanmagan va uning amrlariga muvofiq yurmaydigan muhabbat.
7. Behuda ketayotgani idrok qilinmagan, yaxshilik va qurbatni g'animat bilinmagan vaqt.
8. Bekorchi, foydasi bo'lmagan narsalarga mashg'ul bo'lgan fikr.
9. Unga xizmat qilish seni Allohga yaqinlashtirmaydigan va dunyoingga salohiyat bo'lib qaytmaydigan insonni xizmatini qilish.
10. Tutqichi Allohning qo'lida bo'lgan bir bandadan qo'rqishing va umid qilishing. U Uning qabzasida asir bo'lsa va hatto o'zigada zarar yoki foyda, o'lim yoki hayot bera olmasa. Bularning bari foydasiz va zoye narsalardir.
Manba: @arabicuz
Hayotda ko‘pincha to‘g‘ri yo‘nalish emas, balki tezlashish o‘rgatiladi. Tezroq yurish, tezroq yetib borish, hamma narsani tezroq bajarish... Lekin hech kim to‘xtab: “Bunchalik shoshilishdan maqsad nima?” deb so‘ramaydi. Inson tinimsiz harakatda bo‘lishni erishish, tabiiy hayot tarzi deb o‘ylab, sarflanayotgan umri evaziga aslida nimaga erishayotgani haqida o‘ylamay qo‘yadi.
Ba’zan yo‘lni yo‘qotdik, deb o‘ylaymiz. Holbuki, yo‘qoladigan narsa yo‘l emas, balki to‘g‘ri yo‘nalishdir. Bu yo‘nalish xaritadagi chiziqlar yoki telefondagi yo‘l ko‘rsatkich emas, balki Alloh taolo borlig‘imizga jo qilgan ichki yo‘naltirgich, ya’ni fitratimizdir.
Bu ichki yo‘naltirgich ba’zan to‘g‘ri tomonni ko‘rsatmayotgandek tuyuladi. Dunyo tashvishlari, nafs istaklari ko‘payib ketganida, u sarson bo‘ladi yo qotib qoladi. Shunda biz uni buzildi deb o‘ylaymiz. Lekin fitrat buzilmaydi, shunchaki biz unga ahamiyat bermay qo‘ygan bo‘lamiz. Ba’zilar bu yo‘naltirgichni boshqalarning qo‘liga berib qo‘yadi...
Yo‘nalishini yo‘qotgan odam to‘g‘ri yo‘lga qaytishi kerak. Bu qaytish shunchaki bir manzilga qaytib borishmas, balki ichki dunyomizdagi tarqoqlikni jamlash, fitratimizga qaytishdir. Shunda inson dunyoning “hammasiga erishish” vasvasasidan xalos bo‘ladi. O‘tmishdagi xato va sinovlardan ibrat oladi, ammo ularni o‘ziga og‘ir yuk qilib olmaydi. Boshqalardan va hayotdan juda ko‘p narsa kutishni to‘xtatadi...
Haqiqiy xotirjamlik – hamma narsa mukammal bo‘lishi deganimas. Inson o‘z harakat doirasi chegarasiga yetganida Allohning qazo va qadariga rozi bo‘lsa xotirjamlik topadi. Bu loqaydlik emas.
Musulmon kishi ham xursand bo‘ladi, qayg‘uradi, boshqalar kabi yashaydi. Lekin u o‘tkinchi tuyg‘ular, orzu-havaslar aro sarson bo‘lib qolmaydi. Chunki dunyodagi har bir holat vaqtinchalik sinov ekanini yaxshi anglaydi.
Inson o‘zligiga qaytganida boshqalarning yukini yelkasiga olishga urinmaydi. Yordam beradi, lekin har kim o‘z qismati va qilmishi uchun o‘zi mas’ul ekanini tushunadi. Boshqalarning aybiga qaramay, o‘z xatolarini tuzatish bilan band bo‘ladi. Muhimi, har ishida shoshqaloqlik qilmaydi. Chunki oxiratga va ma’naviy kamolotga eltuvchi yo‘lni shoshib bosib o‘tib bo‘lmasligini biladi.
Aytilganidek: “Kim o‘zini tanisa, Rabbini taniydi”. Bu martabaga erishgan qalb esa hech qachon adashmaydi.
Abdulatif ABDULLOH