Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Noyabr, 2026   |   16 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
06:00
Quyosh
07:19
Peshin
12:15
Asr
15:15
Shom
16:59
Xufton
18:16
Bismillah
26 Noyabr, 2026, 16 Jumadul soni, 1448

Qur'ondagi oxirgi nasihat!

09.11.2023   2356   14 min.
Qur'ondagi oxirgi nasihat!

Alloh taolo muborak Kalomida bandalarga juda ko'p pandu nasihat, buyruq va qaytariqlarni nozil qilgan bo'lib, unga kim amal qilsa, ikki dunyo saodati kafolatlagandir. Kalomullohdagi oyatlarni tadabbur qilsak, uning har biri musaffo qalblarni larzaga soladi. Qalbdagi iymon, ishonch urug'lari tafakkur suvi ila sug'orilsa, u kurtak ochishga, o'sib-unib, baquvvat ildiz olishga va hosil qilishga olib keladi. Bu urug'ni o'sishdan to'xtatishga urinadigan turli xil shaytoniy, shahvoniy vasvasalarni o'chiradi, qalbni tozalaydi. Qur'oni karimda bunday marhamat qilinadi: “Ey, odamlar! Sizlarga Rabbingizdan va'z (nasihat), dillardagi narsa (shirk va boshqa illatlar)ga shifo va mo'minlarga hidoyat va rahmat keldi”(Yunus surasi, 57 oyat).

Darhaqiqat, Qur'on oyatlarida keltirilgan eslatma, buyruq va qaytariqlar unga amal qiluvchilarga foydalar manbai hisoblanadi. Kalomullohni doimiy tilovat qilib, oyatlarini tadabbur qiluvchi mo'minlarga buyuk pand-nasihat, qalbidagi o'ziga yashirin illatlariga shifo, ikki dunyoda hidoyat va rahmat manbaidir. Shu bois Alloh taolo Qur'onni o'qib, uning oyatlarini tadabbur qilishga targ'ib qilgan: “Axir ular Qur'onni tadabbur qilmaydilarmi?! Yoki ularning dillarida qulflari bormi?!”(Muhammad surasi, 24-oyat).

Ushbu oyati karima ko'rsatmasiga amal qilib, Payg'ambarimiz alayhissalomga eng oxirgi nozil bo'lgan oyati karima bilan qisqacha tanishib chiqamiz. Ko'pchilik ulamolar Qur'oni karimning oxirgi nozil bo'lgan oyati Baqara surasidagi 281-oyati: “O'zingiz Allohga qaytariladigan kundan qo'rqing. So'ngra har bir jon kasb qilgan narsasini to'liq olur. ularga zulm qilinmas”ni aytadi. Ibn Jurayjga ko'ra, Payg'ambarimiz alayhissalom ushbu oyati karima nozil bo'lganidan so'ng to'qqiz kun yashaganlar, xolos (“Ulumul-Qur'on” kitobi).

Mazkur oyati karimada: “O'zingiz Allohga qaytariladigan kundan qo'rqing...” deyilmoqda. E'tibor bersak, ushbu oyatda Qiyomat kuni nazarda tutilmoqda. Uning o'rniga Alloh taolo: “Qiyomat kunidan qo'rqing”, deyishi mumkin edi. Lekin u kunda har bir banda bir joyga – Olamlarning Robbisi bo'lgan yolg'iz Alloh taoloning huzuriga qaytarilishiga alohida urg'u berilmoqda. Ushbu kunda har bir banda buyuk Robbisi huzurida turishi eslatilmoqda. U kunning dahshati va qo'rqinchidan ogohlantirilmoqda. Boshqa oyati karimalarda ushbu ma'no kengroq ifodalanadi: “Odamlarga hisobot (kun)lari (qiyomat) yaqinlashib qoldi. Ular hanuz g'aflatda, (imon va amaldan) yuz o'giruvchidirlar. Ularga Parvardigorlari (tomoni)dan biror yangi eslatma (oyat) kelsa, uni, albatta, o'ynab (masxaralab) turib tinglaydilar. Dillari esa g'ofildir...” (Anbiyo surasi, 1-3 oyatlar).

Qiyomat kuni holatning og'irligidan har bir jon o'zi bilan ovora bo'lib qoladi. Alloh taolo bu haqda ko'plab oyatlarda qayta-qayta eslatadi. Jumladan: “O'sha kuni kishi o'z birodaridan qochur. Yana onasi va otasidan ham, xotini va o'g'illaridan ham (qochur). (Chunki) u kunda ulardan har bir kishida o'ziga etarli narsa (tashvish) bo'lur. U kunda (ba'zi) yuzlar yorug', shodu xurram (bo'lur). U kunda (boshqa bir) yuzlar uzra g'ubor bo'lib, ularni qoralik qoplar...”(Abasa surasi, 34-41 oyatlar).

Ushbu kunning dahshati buyuk, mashaqqati og'ir bo'ladi. Quyosh xaloyiqqa yaqin keltiriladi. Har bir kishi gunohiga yarasha to'pig'idan tortib og'zigacha terga botadi. Al-Miqdod ibn al-Asvad roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg'ambarimiz alayhissalom bu haqda bunday xabar berganlar: “Qiyomat kuni quyosh odamlarga yaqinlashadi. Hattoki ulardan bir mil (taqriban ikki kilometr) miqdorga keladi. Shunda odamlar amallariga qarab terga botadi. Ulardan kimdir ikki to'pig'igacha, kimdir ikki tizzasigacha, kimdir ikki biqinigacha terga botadi. Kimnidir ter yuganlab oladi”, dedilar va Nabiy sollallohu alayhi va sallam ikki qo'llari bilan og'izlariga ishora qildilar”(Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyati).

Qiyomat kunida butun dunyoda misli ko'rilmagan o'zgarish ro'y beradi. Yer tep-tekis joyga aylanadi. Qabrdan odamlar bosh ko'tarib chiqa boshlaydi. Quyoshning nuri yo'qolib, o'z joyidan qo'zg'aladi. Nurini yo'qotgan yulduzlar ham har tarafga sochilib ketadi. Ulkan tog'lar esa havoda titilgan yung kabi uchib yuradi. Vahshiy hayvonlar ham qo'rqqanidan bir erga to'planib oladi. Dengizu daryolar toshib, suvlari bir-biriga aralashib ketadi. Biz ko'rib turgan bu dunyo intizomi butunlay o'zgarib ketadi.

Qiyomat kunidan qo'rqish deganda – u kunda Alloh taolo huzurida har birimiz berajak hisob-kitobdan qo'rqish va unga tayyorgarlik ko'rish kerakligi tushuniladi. Robbisi huzuriga qaytishini bilgan banda unga o'zini tayyorlab, solih amallar qilishi va dinimizda qaytarilgan ishlardan saqlanishi lozim. Shuning uchun oyati karimaning davomida: “...So'ngra har bir jon kasb qilgan narsasini to'liq olur...” deyilmoqda.

Avvalo, har bir kishining bu dunyoda qilgan ishlarining nomai a'moli hisob uchun keltiriladi. Keyin dunyo hayotida qilgan amalga yarasha yo jazo yoki mukofot beriladi. Bu haqda Alloh taolo boshqa oyati karimada bunday degan: “Biz Qiyomat kuni uchun adolatli tarozilar qo'yurmiz, bas, biror jonga zarracha zulm qilinmas. Agar xantal (o'simligi) urug'idek (yaxshi yoki yomon amali) bo'lsa ham, o'shani keltirurmiz! Biz o'zimiz etarli hisob-kitob qiluvchidirmiz” (Anbiyo surasi, 47-oyat).

Har bir inson o'zining qisqa umri davomida gohida yaxshilik g'olib kela olmagani va yomonlikka yarasha jazo berilmaganini ko'rib, afsus chekadi. Dunyoda ham yaxshilikka yaxshilik, yomonlikka yomonlik qaytadi, lekin haqiqiy jazo va mukofot Qiyomat kuni bo'ladi. Qur'oni karimda bunday deyiladi: “Bas, kimki (dunyoda) zarra miqdorida yaxshilik qilgan bo'lsa, (Qiyomat kuni) uniko'rar. Kimki zarra miqdorida yomonlik qilgan bo'lsa ham, uni ko'rar”(Zalzala surasi, 7-8 oyatlar).  

Alloh taolo boshqa bir oyati karimada bunday xabar beradi: “Bu kun Biz ularning og'izlarini muhrlab qo'yurmiz. Bizga ularning qilib o'tgan ishlari haqida – ularning qo'llari so'zlar, oyoqlari guvohlik berur” (Yasin surasi, 65-oyat).

Adiy ibn Hotim roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Sizlardan har biringiz bilan Parvardigori Qiyomat kunida o'rtada tarjimonsiz gaplashadi. U (banda) o'ng tomoniga qarab, faqat o'zi qilib o'tgan ishlarni ko'radi, chap tomoniga qarab ham faqat o'zi qilib o'tgan ishlarni ko'radi, oldi tomoniga qarab, ro'parasida do'zaxdan boshqa narsani ko'rmaydi. Shunday ekan, yarimta xurmo (ni sadaqa qilish) bilan bo'lsa-da do'zaxdan saqlaningiz!”(Imom Buxoriy  rivoyati).

Biz o'rganayotgan oyati karima so'ngida: “...ularga zulm qilinmas” deyilmoqda. Darhaqiqat, Alloh subhanahu va taolo rahmati, karami va bandalariga mehr-shafqati tufayli O'ziga zulmni harom qildi, bandalari orasida ham zulmni harom qildi. Qur'oni karimda ushbu ma'no ta'kidlanib, bunday marhamat qilinadi: “Shubhasiz, Alloh bir zarra misqolicha ham (birovga) zulm qilmas. Agar (o'sha miqdorda) yaxshilik bo'lsa, uni (bir necha barobar) ko'paytirur va O'z huzuridan ulug' mukofot (jannat) ato etur” (Niso surasi, 40-oyat).  

Abu Zar al-G'iforiy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi qudsiyda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taolodan rivoyat qilib aytganlar: “Alloh taolo dedi: “Ey bandalarim, Men zulmni O'zimga harom qildim. Uni sizlarning o'rtangizda ham harom etdim. Bas, bir-birlaringizga zulm qilmangiz”” (Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyati).

Alloh jalla va alo odildir, oliyjanobdir. Halqlaridan birontasiga ham zulm qilmaydi. Aksincha bandaning ixlos bilan qilgan kichik bir amaliga ham tog'dek ajru savoblar bilan siylaydi. Robbimizning bizga bo'lgan mana shunday marhamatini bilib turib ham unga osiy bo'lamizmi?! Parvardigorimizning mana shunday oliyjanobligiga munosib javob qaytarib, o'zimizni isloh qilmaymizmi?! Biz mana shu savollarni o'zimizga berishimiz darkor.

Yuqorida o'rgangan oyati karimadan xulosa shuki, Qiyomat kunini yodimizdan chiqarib qo'ymaylik. Ushbu buyuk kun uchun har birimiz tayyorgarlik ko'rib, dunyo hayotida ko'plab solih amallar qilib qolaylik. Buning uchun, avvalo, farz amallarini vaqtida bajarib, nafl ibodatlar bilan undagi kamchiliklarimizni to'ldiraylik. Tilimizni doimo Alloh taoloning zikriga o'rgatib, turli g'iybat va behuda gaplardan saqlanaylik. Jamiyatdagi muhtoj va yo'qsillar  holidan xabar olishga odatlanaylik. Hasrat va nadomat foyda bermaydigan kunda ulug' Hojamiz huzurida hisobga tortilmasdan turib, bugun o'zimizni hisob qilaylik.

Imom Ahmad va Imom Termiziylar rivoyat qilishicha, umar ibn xattob roziyallohu anhu bunday deganlar: “Ey odamlar! Hisob qilinishdan oldin o'zingizni hisob qilingiz, (amallar) taroziga qo'yilishdan oldin nafsingizni taroziga qo'yingiz! chunki, (bugun) nafsingizni hisob qilishingiz ertaga (qiyomatda) hisobingizni engillashtiradi. Katta hisob-kitob kuniga o'zingizni hozirlangiz!”.

Shu bois salafi solihlarimiz o'zini hisob-kitob qilar, Qiyomat kuni Alloh taoloning  huzuriga borish uchun tayyorlanishar edi. Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadi: “Hazrati Umar o'zlarini hisob qilib, shunday deyayotganlarini eshitdim: “Umar ibn Hattob – mo'minlarning amiri”, deydilar. eh..! Allohga qasamki, ey Hattobning o'g'li, Alloh seni yo azoblaydi yoki azobdan saqlab qoladi”.

 Yazid ibn Raqshoviy rahimahulloh har kuni o'zini hisob-kitob qilib yig'lar va bunday der edi: “Ey Yazid, holingga voy! Vafot etganingdan keyin sening nomingdan kim ro'za tutadi?! Ey Yazid, holingga voy! vafot etganingdan keyin sening nomingdan kim sadaqa qiladi?!...”.  

Ahnaf ibn Qays rahimahulloh shamning oldiga kelib, barmoqlarini olovga tutib ko'rardi. Olovning taftidan barmoqlari kuyganda alamdan “Uxx!” derdi. Keyin o'ziga xitob qilib: “Ey Ahnaf, falon kuni, falon ishni qilishga sani nima undadi?! Falon kunidagi ishingchi?!” deya koyirdi.

Robiy' ibn Axsam rahimahulloh uyida o'ziga qabr qazib, ba'zan unga tushib turar, u erda “Yo Robbim! Meni qaytar! Yo Robbim! Meni qaytar!” deb nido qilardi. keyin u erdan chiqib “Ey nafs! Ana qaytding! Endi g'ayrat qilib, solih amallar qil!” der edi.

Alloh taolo barchamizni o'zining solih bandalari qatorida qilib, Qiyomat kunida hisobimizni engil etsin! Bu dunyo hayotiga aldanib, Qiyomatni unutib qo'ygan bandalardan bo'lib qolishdan panohida asrasin!   

Abdullatif domla Tursunov

O'zbekiston musulmonlari idorasi

Fatvo markazi bosh mutaxassisi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston delegatsiyasi Istanbuldagi Fatvo kengashlari xalqaro yig‘ilishida qatnashdi

26.11.2026   3333   2 min.
O‘zbekiston delegatsiyasi Istanbuldagi Fatvo kengashlari xalqaro yig‘ilishida qatnashdi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar boshchiligidagi delegatsiya Istanbulda bo‘lib o‘tgan Fatvo kengashlarining xalqaro maslahat yig‘ilishida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda Qatar, Afg‘oniston, Bolgariya, Somali, Mavritaniya, Yaman, Falastin, Suriya, Iroq, BAA, Qozog‘iston, Rossiya, Indoneziya, AQSH, O‘zbekiston va boshqa ko‘plab davlatlardan fatvo markazlari vakillari qatnashdi.

Uchrashuvda Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Safi Arpagush, Somali vaqflar vaziri, Mavritaniya ta’lim va islom ishlari vaziri, Yaman vaqflar va irshod vaziri, Falastin oliy shar’iy qozisi, Suriya bosh muftiysi hamda boshqa diniy ulamolar nutq so‘zladi.

Tadbir fatvo kengashlarining ummat birligini mustahkamlashdagi roliga bag‘ishlandi. Fatvolarni jamoaviy ishlab chiqish, ayni bir diniy masala bo‘yicha zid talqinlar tarqalishining oldini olish va yoshlarni qiziqtirgan e’tiqod masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Oila instituti muammolari, fatvo kengashlarining zo‘ravonlik va terrorizmga munosabati, migratsiya bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ham fikr-mulohaza almashildi.

Shayx Nuriddin Xoliqnazar arab tilida O‘zbekistonda diniy sohada amalga oshirilayotgan davlat siyosati va islohotlar haqida so‘z yuritib, bu boradagi asosiy yo‘nalishlar va rejalar haqida ma’ruza qildi.

Muftiyning ta’kidlashicha, tahdidlar kuchayib borayotgan bugungi davrda ummat hamjihatligi tinchlik va taraqqiyotning muhim omilidir. Fatvo kengashlari zamonaviy muammolarga shariat mezonlari va mo‘tadillik tamoyili asosida yechim topishi lozim. Internet orqali tarqatilayotgan asossiz fatvolarning oldini olish zarur.

Shu bilan birga, Misr Fatvo uyining “Imom Qarofiy” mukofotiga sazovor bo‘lgan O‘zbekiston Fatvo markazining faoliyati va tajribasi haqida ham alohida ma’lumot berildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbarining fatvo hay’atlari tomonidan tasdiqlangan fatvolar uchun yagona raqamli platforma tashkil etish, internetda fatvo e’lon qilish va sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha mezonlarni ishlab chiqish, malakali faqihlarni tayyorlash bo‘yicha qo‘shma dasturlarni amalga oshirish yuzasidan ilgari surgan takliflari ishtirokchilar tomonidan yuqori baholandi.

O‘zbekiston va Turkiya diniy idoralari vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Tomonlar ziyorat turizmi, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik hamda boshqa sheriklik yo‘nalishlari bo‘yicha kelishuvga erishdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari