Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Noyabr, 2026   |   16 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
06:00
Quyosh
07:19
Peshin
12:15
Asr
15:15
Shom
16:59
Xufton
18:16
Bismillah
26 Noyabr, 2026, 16 Jumadul soni, 1448

Nishonga urilgan nasihat!

09.11.2023   2572   4 min.
Nishonga urilgan nasihat!

Moskva xalqaro aeroporti. Samolyotlar shunqordek parvozga shay. Olis yurtlardan kelgan uchoqlar birin-ketin qo'nmoqda.

Kutish zalida tumonat odam. Kimdir qo'lida pasport bilan betoqat bo'lib navbat kutmoqda, yana kimdir chamadonini olishga oshiqmoqda. Kimdir telefon titkilasa, yana kimdir miriqib kitob mutolaa qilmoqda.

O'rindiqlarning birida o'tirgan yigit atrofga olazarak qarab qo'ydi. Qo'l telefoni uch-to'rt marotaba qayta-qayta jiringladi. Har safar “Dadam” degan yozuv chiqardi. Lekin u javob bermadi.

Yigitning ongi zaharlanib, Suriya safarini mo'ljallagan edi. Yigit xayolan osmonu falakda ucha boshladi.

Eh, tekin pishloq faqat tuzoqda, qopqonda bo'lishini bu yigit bilarmikin? .

Telefoni qisqa jiringladi. Yigit “sms”ni ochdi, unda bunday satrlar yozilgandi: .

“O'g'lim, ikki oydirki xorijga ishlagani boraman, deb holi jonimga qo'ymading. Senga rad javobini berdim. Kecha peshindan so'ng biroz mizg'ib olish uchun xonaga kirgandim. So'ng seni so'rasam, shu atrofda deyishdi, lekin topolmadik. Bilaman, hozir safardasan. Oxirgi paytlarda so'zlaringdan faqat jaholat ufurib turardi, ko'zlaringda yovuzlikni sezardim.

O'g'lim, ogoh bo'l! Ortingga, Vatanga qayt! Seni ota-onang, ukalaring, singillaring, jigarlaring kutmoqda. Ayniqsa, kenja singling Fotima seni kechadan beri so'raydi.

O'g'lim! Tug'ilganingda bir parcha et eding. Onang ikkalamiz qanchalik quvonganimizni bilasanmi?

O'g'lim... yoshligingda “velik” obering deb xarxasha qilding, ona qo'yni sotib “velik” xarid qilganimizda, qanchalik xursand bo'lganing esingdami?

Futbol o'ynagani yangi “butsi” kiyganingda, quvonchingga sherik bo'lganimni sezganmiding?

O'g'lim, qalbimda otalik mehri jo'sh uryapti. Men aytyapman, singling telefonga yozyapti, onangning ko'zlari jiqqa yoshga to'lgan”.

Yigit “sms”ni o'qirkan, qalbida bolalik mehri jo'sh ura boshladi. Yuragida nish ura boshlagan qabohat, razolat o'rnini ezgulik, silai rahm his-tuyg'ulari egallay boshladi.

«O'g'lim! Ogoh bo'l!

Avlodimizdan xoin chiqmagan.

O'g'lim! Ogoh bo'l! Termilgan ko'zlar ortida minglab hiylalar yashiringan, tabassumlar ortiga shaytoniy tuzoqlar qo'yilgan, “dur” misol yoqimli so'zlar ortida qarmoqlar bor».

Yigit “sms”ni o'qigan sayin qaynoq yuragida rahm-shavqat to'lqinlari uyg'ona boshladi.

Yigit boshini mag'rur ko'tardi, qo'lidagi “Moskva – Damashq” yo'nalishidagi chiptani g'ijimladi, ko'zlarida nur va shukronalik uchqunlari porladi va beixtiyor chiptani yirtib uloqtirdi.

Bu vaqtda kutish foyesini mehr bilan artayotgan farrosh ayol yigitga yaqinlasharkan, hayronu lol bo'lib:

– Nu chto, paren', chto sluchilos'?

Yigit farrosh ayolga samimiy boqarkan:

– Spasibo, pape. Bol'shaya oshibka predotvrashena, – dedi va o'rnidan turib, shaxdam qadamlar bilan “kassa” sari yo'naldi.

Farrosh ayol serrayib, labini burarkan:

– Nu-u paren', nu-u paren'... – deya oldi xolos.

Yigitning chipta olishi oson kechdi. “Moskva – Toshkent” yo'nalishidagi chiptani olarkan, qalbida vulqondek otilib kelayotgan his-tuyg'ulari tiliga ko'chdi:

– Rahmat, otajon, mening xaloskorim, katta xatoning oldi olindi, meni zolimlar va o'lim changalidan qutqarib qoldingiz. .

Yigit oyna ortida yurarkan, porlab turgan ko'zlari qo'nish maydonchasidan O'zbekiston uchog'ini izlay boshladi...

 

Tohirjon TUNGATOV,

Chinoz tumani “Hazrat Ali” jome

masjidi imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston delegatsiyasi Istanbuldagi Fatvo kengashlari xalqaro yig‘ilishida qatnashdi

26.11.2026   2888   2 min.
O‘zbekiston delegatsiyasi Istanbuldagi Fatvo kengashlari xalqaro yig‘ilishida qatnashdi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar boshchiligidagi delegatsiya Istanbulda bo‘lib o‘tgan Fatvo kengashlarining xalqaro maslahat yig‘ilishida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda Qatar, Afg‘oniston, Bolgariya, Somali, Mavritaniya, Yaman, Falastin, Suriya, Iroq, BAA, Qozog‘iston, Rossiya, Indoneziya, AQSH, O‘zbekiston va boshqa ko‘plab davlatlardan fatvo markazlari vakillari qatnashdi.

Uchrashuvda Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Safi Arpagush, Somali vaqflar vaziri, Mavritaniya ta’lim va islom ishlari vaziri, Yaman vaqflar va irshod vaziri, Falastin oliy shar’iy qozisi, Suriya bosh muftiysi hamda boshqa diniy ulamolar nutq so‘zladi.

Tadbir fatvo kengashlarining ummat birligini mustahkamlashdagi roliga bag‘ishlandi. Fatvolarni jamoaviy ishlab chiqish, ayni bir diniy masala bo‘yicha zid talqinlar tarqalishining oldini olish va yoshlarni qiziqtirgan e’tiqod masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Oila instituti muammolari, fatvo kengashlarining zo‘ravonlik va terrorizmga munosabati, migratsiya bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ham fikr-mulohaza almashildi.

Shayx Nuriddin Xoliqnazar arab tilida O‘zbekistonda diniy sohada amalga oshirilayotgan davlat siyosati va islohotlar haqida so‘z yuritib, bu boradagi asosiy yo‘nalishlar va rejalar haqida ma’ruza qildi.

Muftiyning ta’kidlashicha, tahdidlar kuchayib borayotgan bugungi davrda ummat hamjihatligi tinchlik va taraqqiyotning muhim omilidir. Fatvo kengashlari zamonaviy muammolarga shariat mezonlari va mo‘tadillik tamoyili asosida yechim topishi lozim. Internet orqali tarqatilayotgan asossiz fatvolarning oldini olish zarur.

Shu bilan birga, Misr Fatvo uyining “Imom Qarofiy” mukofotiga sazovor bo‘lgan O‘zbekiston Fatvo markazining faoliyati va tajribasi haqida ham alohida ma’lumot berildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbarining fatvo hay’atlari tomonidan tasdiqlangan fatvolar uchun yagona raqamli platforma tashkil etish, internetda fatvo e’lon qilish va sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha mezonlarni ishlab chiqish, malakali faqihlarni tayyorlash bo‘yicha qo‘shma dasturlarni amalga oshirish yuzasidan ilgari surgan takliflari ishtirokchilar tomonidan yuqori baholandi.

O‘zbekiston va Turkiya diniy idoralari vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Tomonlar ziyorat turizmi, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik hamda boshqa sheriklik yo‘nalishlari bo‘yicha kelishuvga erishdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari