Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Avgust, 2026   |   6 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:09
Quyosh
05:36
Peshin
12:27
Asr
17:16
Shom
19:21
Xufton
20:43
Bismillah
19 Avgust, 2026, 6 Rabi`ul avval, 1448

Tahoratga oid fatvolar

09.11.2023   19023   45 min.
Tahoratga oid fatvolar

 1-FATVO

Tahorat qilayotganda ko'zlar qattiq yumilmaydi. Aks holda, ko'z atroflariga suv etmasligi natijasida tahorat chala bo'lib qolishi mumkin. Ko'zlar erkin yumib turiladi. Ochib, ichiga suv etkazish shart emas.

«Olamgiriya», «Sirojiya», «Qozixon», «Muhit».

 

2-FATVO

Tahorat va g'uslda shol odam oyog'ini, garchi kesganda ham sezmaydigan darajada bo'lsa-da, yuvishi vojibdir.

«Olamgiriya», «Tatarxoniya», «Yatima».

 

3-FATVO

Oyoqlarini yog'lagandan so'ng yuvsa, yog' ostiga suv o'tishiga to'sqinlik qilsa ham, tahorati durust hisoblanadi.

«Olamgiriya», «Zaxira».

(4-FATVO)

 

5-FATVO

Yomg'ir ostida qolgan yoki oqayotgan ariqqa tushgan kishining hamma a'zosiga suv etgan bo'lsa, tahoratga ham, g'uslga ham o'tadi. Faqat og'zi bilan burnini chayishi kerak bo'ladi.

«Olamgiriya», «Sirojiya».

6-FATVO

Boshiga mash tortmasdan yuvsa ham, mash o'rniga o'tadi, lekin bu makruh sanaladi.

«Olamgiriya», «Muhit». 

7-FATVO

Suv bilan istinjo qilishdan oldin ham, undan keyin ham ikki qo'lni uch marta yuvish kerak. «Bismilloh»ni avratni ochmay turib bir marta, istinjodan keyin avratni yopgach, yana bir marta aytish afzaldir.

«Olamgiriya», «Qozixon».

 8-FATVO

Misvok ishlatish erkaklar uchun sunnat. Ayollarning saqich chaynashi misvok o'rniga o'tadi.

«Olamgiriya», «al-Bahrur-roiq».

9-FATVO

Tahoratda har bir a'zoni uch martadan yuvish sunnat. Agar uch marta to'liq yuvganiga shak-shubha qilsa yoki tahorat ustiga tahorat bo'lsin, degan niyat bilan uch martadan ko'p yuvsa, joizdir.

«Olamgiriya», «Nihoya», «as-Sirojul-vahhoj».

 

10-FATVO

Bo'yinga mash tortish – mustahab. Lekin tomoqqa mash tortish – bid'at.

«Olamgiriya», «al-Bahrur-roiq».

  11-FATVO

Masjidda muayyan bir joyni o'zi uchun xoslab olish makruh bo'lganidek, tahorat qilish uchun o'ziga xos idish tutish ham makruhdir.

«Olamgiriya», «al-Vajiz».

 

 12-FATVO

Qulog'idan yiring oqsa, qaraladi: agar og'riq bilan oqsa, tahorat sinadi. Aks holda, sinmaydi. Zero, og'riq quloq ichidagi jarohatdan dalolatdir.

«Olamgiriya», «Muhit», «Zaxira», «Sirojiya».

13-FATVO

Egarsiz ulovga mingan odam uxlab qolsa, qaraladi: agar tekislikda ketayotgan yoki balandlikka o'rmalayotgan bo'lsa, tahorati sinmaydi. Bordi-yu, pastlikka tushayotgan bo'lsa, tahorati ketadi. Egarda uxlab qolsa, tahorati buzilmaydi.

«Olamgiriya», «Muhit».

 

14-FATVO

Cho'zilib yotgan holda mudrash ikki xil bo'ladi:

Biri – qattiq mudrash bo'lib, odamlarning gurungini eshitmay, anglamay qoladi. Oqibatda tahorat sinadi. Ikkinchisi – engil mudrash, bunda odamlarning gurungini eshitib yotadi. Shu bois tahorat sinmaydi. Uxlagandan yoki el chiqqandan keyin tahoratni yangilaganda, suv bilan «istinjo» qilinmaydi.

«Olamgiriya», «Muhit», «Zaxira», «Qozixon».

 

15-FATVO

 G'uslda kindik ichiga barmoq bilan suv kiritib yuvish ham vojib amallardandir.

«Muhit».

 

 16-FATVO

G'usl oldidan tahorat qilganda boshiga mash tortadi. Undan keyin boshiga suv quyib, barcha a'zolarini uch bor yuvadi.

 «Olamgiriya», «Zohidiy».

 

 17-FATVO

 G'usl qilmoqchi bo'lgan odam niyatni dilida qilib, qo'lini yuvish oldidan «Bismilloh»ni aytadi va istinjo qiladi.

«Olamgiriya», «al-Javharatun-nayyira».

 

18-FATVO

G'uslda suvni ortiqcha isrof qilmaslik, shuningdek, haddan ziyod tejab yubormaslik, qibla­ga yuzlanmaslik sunnat darajasidagi amallardandir.

 «Olamgiriya».

 19-FATVO

G'uslda har bir a'zoni uch martadan yuvish, birinchi martasida ishqalab yuvish, yuvinish asnosida imkoni boricha gapirmaslik, yuvinib bo'l­gach, sochiq bilan artinish sunnat amallardandir.

 «Olamgiriya», «Munya».

 

20-FATVO

Junub bo'lgan kishi uxlashdan oldin g'usl qilib olgani yaxshi. Lekin namoz vaqti yaqinlashgunga qa­dar uxlasa yoki ikki qo'li va og'zini yuvib ov­qatlansa, zarari yo'q.

«Olamgiriya».

 21-FATVO

Janobatdagi, ya'ni junub bo'lgan odam namoz vaqti kirgunga qadar g'usl qilmay tursa, gunohkor bo'l­maydi. Zero, tahoratsiz odamga tahorat qi­­­lish, ja­nobatdagi va hayz yoki nifosdan chiqqan ayol­ga g'usl qilish namoz o'qish yoki boshqa tahorat­siz holda qi­lib bo'lmaydigan amallarni baja­rish oldidan vo­jib bo'ladi.

«Olamgiriya», «al-Bahrur-roiq», «Muhit».

  

 22-FATVO

Ishlatilgan suv (obi musta'mal) Imom Mu­ham­mad (r.h.) nazdida, pok-tahoratli odamning qo'l, oyoq yoki badaniga yopishgan loy, xamir yoxud kir­lar­ni ketkazish uchun ishlatgan suvi «obi mus­ta'mal»ga aylanmaydi. Demak, uni tindirib, yana ishlatsa bo'ladi. Salqinlash maqsadida cho'­mi­­­lishga ishlat­gan suvi ham musta'mal hisob­lan­may­di, balki ta­horat, g'usl, najosatni ketkazish ka­bilar uchun ish­la­tilgan suv, Imom Muham­mad­dan (r.h.) bosh­qalar nazdida, nopoklik sifati­ni oladi.

«Olamgiriya», «Qozixon».

 

23-FATVO

Janobatdagi odam g'usl qilayotganida sachragan suv idishdagi suvga tushsa, zarari yo'q. Ammo ba­da­nidan oqayotgan suv idishga quyilib tushsa, uni no­pok qiladi.

«Olamgiriya», «Hulosa».

 

24-FATVO

Agar inson qo'lining kaftini mushuk yalagan bo'lsa, qo'lini yuvib namoz o'qishi lozimdir. Aks holda, namozni makruhlik bilan ado etgan sanaladi.

«Olamgiriya», «Qozixon», «Tabyin».

 

 25-FATVO

Insonning sochi tig' bilan yoki qaychi bilan qir­qib olinsa, toza hisoblanadi. Yulib olingan soch nopokdir.

«Olamgiriya», «Ixtiyor».

 

26-FATVO

Sichqon mushukdan qochib ketayotib, idish ustidan sakrab o'tsa, idish ichidagi suv nopokka aylanadi. Zero, u odatda, mushukdan qo'rqqanidan siyib yuborgan bo'ladi.

 «Olamgiriya», «Muhit», «Hulosa».

 

27-FATVO

Bir marta ishlatilgan suv (obi musta'mal), Imom Abu Hanifa va Abu Yusuf (r.h.) nazdida, najas, ya'ni nopok hisoblanadi. Imom Muhammad (r.h.) nazdida esa, pokdir. Lekin shunga qaramay, obi musta'mal bilan ho'l qilingan sochiq yoki uning badandan tomchilab tushishidan ivigan ki­yim bilan namoz o'qish, har uch imom nazdida ham, joizdir.

 «Olamgiriya», «Badoye».

 

28-FATVO

Tayammum qilishda «Bismilloh»ni o'qib, ikki qo'l barmoqlarini ochiq tutgan holda, panjalarining oldi va orqasi bilan tuproqqa urgandan keyin qo'llarni bir-biriga ishqalab, yopishgan changlarni engillatish, oldin yuzga, so'ngra ikki qo'lning tirsaklarigacha surtib chiqish sunnat hisoblanuvchi amallardandir.

 «Olamgiriya», «al-Bahrur-roiq».

 

29-FATVO

Ota bilan o'g'ilda faqat bir kishiga etadigan suv bo'lsa, u bilan ota tahorat qiladi, o'g'li esa tayammum bilan kifoyalanadi.

«Olamgiriya».

 

30-FATVO

Oyoq kiyimiga mash tortishning shartlaridan biri – poyabzalning kamida uch kunlik safarga yaraydigan bo'lishidir. Yana bir sharti – poyabzal oyoqning oshiqlarini yopib turishidir. Oshiqdan ustki qismi yopilgan bo'lishi shart emas.

«Olamgiriya», «Qozixon».

 

 31-FATVO

Bir oyog'ida jarohati borligidan uni yuvish yoki unga mash tortishning iloji bo'lmasa, ikkin­chi oyog'iga mash tortishi mumkin. Shuningdek, oyo­g'ining oshig'idan pastki qismi kesib tashlangan kishi ham ikkinchi oyog'ini yuvishi va poyabzal us­tidan mash tortishi joizdir. Kesilgan joyda uch barmoq miqdori joy qolgan bo'lsa, o'sha joyga mash tortadi. Undan kam bo'lsa, tortmaydi.

«Olamgiriya», «Muhit».

 

  32-FATVO

Janobatdan g'usl qilganda, badanida tangadek joy suv tegmay quruq qolgan bo'lsa, o'sha erini poyabzal kiygandan keyin yuvsa, hadas (ifloslik) etgandan so'ng tahorat qilganda poyabzalga mash tortaveradi.

 «Olamgiriya», «Hulosa».

 

 33-FATVO

Tahorat qilganda tangadek joy yuvilmay qol­gan bo'lsa, o'sha er yuvilmaguncha oyoq kiyimini ki­yib, mash tortishi joiz emas.

«Olamgiriya», «Tabyin».

 

34-FATVO

Yara ustidagi matoh (bint)ga mash tortish uning ostini yuvish bilan barobardir. Shunga ko'­ra, bir oyog'iga mash tortib, ikkinchi sog' oyog'ini yuvgan odam har ikki oyog'ini yuvgan hisoblanadi.

 «Olamgiriya», «Tabyin».

 

 35-FATVO

Bir oyog'idagi jarohat ustiga mash tortgach, ikkinchi oyog'ini yuvib, shu sog' oyog'iga poyabzal ki­yib olsa, keyingi tahorat qilganda mash torti­shi joiz emas. Ammo ikkala oyog'iga poyabzal kiyib olsa, mash tortaveradi.

«Qozixon», «Olamgiriya», «Muhit».

 

36-FATVO

Oyoq kiyimlariga mash tortib qo'yishni boshqa kishiga buyursa ham joizdir.

 «Olamgiriya», «Hulosa».

 

37-FATVO

Tug'ilgan ikki chaqaloq egizak hisoblanishi uchun ikkinchi chaqaloq ikki oydan kam muddatda tug'ilgan bo'lishi shart. Agar ikkisining ora­li­g'i­dagi muddat olti oy yoki undan ko'p bo'lsa, ular ikki homila va ikki «nifos» bolalari hi­sob­la­nadi.

 «Olamgiriya», «Tabyin».

 

 38-FATVO

Hayzdagi ayol, shuningdek, junub kishiga Qur'­on oyatlaridan o'qish taqiqlanadi. Lekin turli xil duolar, azon javobi, «Qunut duosi» kabilarni o'qishi mumkin.

«Olamgiriya», «Zahiriya», «Sirojiya».

 

 39-FATVO

Junub kishilar, hayz va nifosdagi ayollar Qur'onni o'qimasdan, oyatlariga qarashlari mumkin. Oyatlarni yozishlari ham joiz emas.

«Olamgiriya», «Javhara», «Zaxira».

 

 40-FATVO

Burnidan yoki yarasidan tinmay qon oqayotgan kishi namozni oxirgi vaqtigacha kutadi. Qon to'x­tasa, yaxshi, yo'qsa, vaqt chiqib ketmasidan oldin ta­horat qilib, namozni o'qiyveradi.

 «Olamgiriya», «Zaxira».

 

 41-FATVO

Idishdagi moyga sichqon tushgan bo'lsa, qara­la­di: agar quyuq, qotgan moy bo'lsa, sichqon atrofidagi tegib turgan moylari bilan qo'shib olib tashlansa, qolgan moy toza hisoblanadi. Bordi-yu, moy su­yuq bo'lsa, nopok bo'ladi va ovqatdan boshqa, eyilmaydigan narsalarga ishlatiladi.

«Olamgiriya», «Hulosa».

 

 42-FATVO

Hojatxonadagi pashshalar kiyimga qo'nsa, zarari yo'q. Ammo ular ko'p bo'lsa, kiyimni nopok qiladi.

«Olamgiriya», «Qozixon».

 

43-FATVO

Nopok tuproq suvga yoki nopok suv tuproqqa aralashtirilib loy qilinsa, u najas hukmidadir. Le­kin shu loydan yasalgan idishlarda pishirilgan ovqat toza hisoblanadi.

«Olamgiriya», «Qozixon», «Hulosa».

 

 44-FATVO

Sut sog'ilayotganda hayvonning qumalog'i sutga tushsa, darhol olib tashlansa, sut nopok bo'lmaydi. Ammo u chayilib ketsa, idishdagi bor sut nopok­ka aylanadi.

 «Olamgiriya», «Qozixon».

 

45-FATVO

Istinjoda adad belgilanmagan, balki bir martada toza bo'lsa, shuning o'zi kifoya. Ammo uch martada ham toza bo'lmasa, istinjo chala qilingan hisoblanadi.

«Sirojiya», «Olamgiriya», «Muzmarot».

 

46-FATVO

Istinjoda faqat chap qo'lidan foydalanadi. Uzrli holatlardagina o'ng qo'l ishlatiladi. Olatdan siydik chiqmay qolgunga qadar uchiga chap qo'l­da kesak kabi namlikni o'ziga shimib oladigan nar­sani tutib turish vojibdir. Bu «istib­ro» de­yiladi.

«Olamgiriya», «Zohidiy», «Zahiriya».

 

47-FATVO

Har kim istibroni ko'ngli qaror topgunga qa­dar davom ettiradi. So'ngra shaytonning vasvasasiga e'tibor bermaslikka harakat qiladi. Masalan, ta­ho­rat qilib, namoz o'qib turganida soniga so­vuq nar­sa tekkandek seziladi. Ko'pincha bu siydik tom­chisi emas, balki shaytonning chalg'itish uchun qil­gan ishidir. Shuning uchun suv bilan istinjo qil­gan paytda olati va sonlariga suv sepib qo'yish tavsiya etiladi. Shunda shayton vasva­sa qila olmaydi.

«Olamgiriya», «Qozixon», «Muzmarot», «Zahiriya».

 

 48-FATVO

O'zi tahorat qilishga qodir bo'lmagan bemorga o'g'li yoki birodari tahorat qildirib qo'yadi. Le­kin xotini bo'lmasa, istinjo qildirilmaydi. Bunda istinjo uning zimmasidan soqitdir. Bemor ayol hukmi ham xuddi shunday. Unga qizi yoki opa-sing­lisi tahorat qildiradi. Lekin istinjo soqit bo'ladi.

«Olamgiriya», «Muhit», «Qozixon».

 

49-FATVO

Hojatxonaga chap oyoq bilan kirib, o'ng oyoq ila chiqiladi. U erda gapirilmaydi, salomga alik olinmaydi, azonga, aksirgan kishiga javob aytilmaydi, o'zi aksirsa, dilida «Alhamdu lil­loh» deydi, tilini qimirlatmaydi, avratiga, ax­la­­ti­ga qaramaydi, tupurmay, burnini qoqmay, yo'­tal­may, ko'zini osmonga qaratmay o'tiradi. Ilo­ji boricha uzoq o'tirmaslikka harakat qiladi.

«Olamgiriya», «as-Sirojul-vahhoj».

 

50-FATVO

Quduqdan sichqon yoki qush o'ligi topilsa, qa­ra­ladi: agar go'shti aynib, hidlangan bo'lsa, shu qu­duq suvi bilan tahorat qilib o'qilgan uch kunlik namoz qayta ado etiladi. Bordi-yu, aynimagan bo'lsa, Abu Hanifa (r.h.) so'ziga ko'ra, bir kecha-kunduzgi namoz qayta o'qiladi.

«Qozixon».

 

51-FATVO

Tovuqning yangi tuqqan tuxumi suvga tushsa, suvni nopok qilmaydi.

«Qozixon».

 

Izoh:

Bu fatvoning ahamiyati shundaki, odatda, hech kim tuxum tushgan suvni iste'mol qilmaydi. Lekin ayrim savodxonlar qozonga yoki idishga xom tuxumni chaqib oqizsa, u haromga aylanadi, chunki tuxum po'chog'ining ustki qismi nopok. Unga tegib tushgan suyuqlik ham nopok bo'ladi, deb odamlarni shubhaga solish hollari uchrayotgani uchun mazkur fatvoni to­pib yozishga to'g'ri keldi. Demak, tuxum po'chog'ining ustki qismi shar'an toza hisoblanar ekan.

 

52-FATVO

Daraxt tanasidan chiqqan va turli mevalardan siqib olingan suvlar bilan tahorat qilish mumkin emas.

«Qozixon».

 

53-FATVO

Junub kishi og'zini chaymay turib, suv ichsa, qaraladi: agar u faqih bo'lsa, ichgan suvi og'izni chayish o'rniga o'tmaydi. Zero, faqih kishi suvni og'izning hamma joyiga tegadigan qilib ichmay, istihola bilan so'rib ichadi. Ilmsiz kishi bo'lsa, ichgan suvi og'iz chayish o'rniga o'tadi. Zero, u so'rib ichmay, og'zini to'ldirib, ho'plab ichadi. Natijada, suv og'izning hamma joyiga tarqaladi.

«Qozixon».

 

 54-FATVO

Go'shti halol hayvonlarning siydigi, Imom Abu Hanifa (r.h.) nazdida, najas, Imom Abu Yusuf (r.h.) nazdida, engil najas, Imom Muhammad (r.h.) nazdida, toza hisoblanadi.

«Qozixon».

 

 55-FATVO

Tovuq, o'rdak, g'ozdan boshqa go'shti halol parrandalarning axlati toza hisoblanadi. Inson, it va yirtqich hayvonlarning axlati najasdir. Lochin, kalxat kabi yirtqich qushlarning axlati ki­yimni benamoz qilmaydi. Pashsha, bit, burga qoni ham shunday.

«Qozixon».

 

 56-FATVO

 

Avvalgi davrlarda ovchilar o'zlari ovlagan hayvonlarning tishlarini bo'yinlariga osib olishlari urf bo'lgan. Bundan odamlar o'rtasida o'z kasbidan faxrlanish maqsad qilingan va aslo tumor ma'nosi ko'zlanmagan. Shariatimizga ko'ra to'ng'izdan boshqa har qanday hayvonning tish va suyaklari pok sanaladi. Fuqaholarimiz ushbu masalani quyidagi fiqhiy misol orqali ifodalaganlar: "Bir kishi bo'yniga it yoki bo'ri tishidan yasalgan taqinchoq ilgan holda namoz o'qishi mumkin" (Qozixon). Bu fatvodan ko'zlangan asosiy maqsad, to'ng'izdan boshqa barcha hayvonlarning xoh go'shti halol bo'lsin, xoh harom bo'lsin suyagi va tishi pok ekani, mabodo namoz o'qiguvchi bilan birga (masalan, cho'ntagida) suyak yoki tish bo'lsa, namozi durust bo'lishini bayon qilishdir. Lekin, bu fatvoda it yoki bo'ri tishidan yasalgan taqinchoqlarni taqishga targ'ib yo'q. Aksincha bunday taqinchoqlarni tumor sifatida (noto'g'ri e'tiqodlar bilan) taqish bugungi kunimizda urf bo'ldi. Buni esa mumkin emasligi hammaga ma'lum.

 

 57-FATVO

 Qo'y so'yilganda pichoqni uning yungiga artib, qon izi ketkazilsa, pichoq toza bo'ladi. Shuningdek, metalldan yasalgan qilich kabi boshqa tig'li narsalar ham najosatdan tuproq yoki latta bilan artib tozalanadi.

«Sirojiya», «Qozixon».

 

 

58-FATVO

Qo'yning kallasi qonga belangan bo'lsa-da, uni kuydirib, so'ngra qozonga solib, qaynatib pishirilsa, sho'rvasini ichish mumkin. Kalla uni palid qilmaydi.

«Qozixon».

 

59-FATVO

Go'shtning ustiga so'yilganda oqqan qondan tek­kan bo'lsa, uni yuvmasdan ishlatib bo'lmaydi. Ammo go'shtning o'zida yoki tomirlarida qolgan qon bo'lsa, zarari yo'q.

«Qozixon».

 

 60-FATVO

Qozon qaynab turganida, osmondan qush uchib kelib ichiga tushsa, undagi hamma narsa palid (nopok) bo'ladi va to'kib yuboriladi. Ammo qaynamay sokin turganida tushsa, sho'rvaning suvi to'kib tashlanib, go'shti yuvib, qayta ishlataveriladi.

«Qozixon».

 

61-FATVO

Ikki qo'li shol bo'lib qolgan odam tahoratga ham, tayammumga ham qodir bo'lmasa, ikki bilagini tirsaklari bilan erga, yuzini devorga surtish bilan tayammum qilib, namoz o'qishi mumkin.

«Qozixon», «Naf'ul-muftiy».

  

 62-FATVO

Tahorat qilgandan keyin mo'ylabini, sochini qirsa yoki tirnog'ini olsa, tahorat qaytadan olinmaydi.

«Qozixon».

63-FATVO

Tahorat yoki g'usl qilganda badandagi mavjud kir ustidan yuvilsa, u suvni ostiga o'tkazgani uchun tahorati ham, g'usli ham joiz hisoblanadi. Ammo junub ayolning tirnoqlari ostidagi xamir yoki loysuvoq qilgan kishining tirnoqlari os­tida qolgan loy qoldiqlari yoki bo'yoq asoratlari suv o'tkazishi to'g'risida ixtilof qilishgan. Ba'zi ulamolar suv o'tkazadi, deb fatvo berganlar. «Sirojiya» kitobida tirnoq ostida xamir qol­gan bo'lsa, g'usl o'rniga o'tmaydi, de­yilgan.

«Qozixon», «Sirojiya».

 

64-FATVO

Junub kishiga g'usl qilishdan oldin ovqat­la­nishga to'g'ri kelsa, qo'llarini yuvib, og'iz va burnini suv bilan chayib ovqatlanishi mumkin.

«Qozixon».

 

65-FATVO

Junub kishi peshob qilmay turib yuvingan va namoz o'qigan bo'lsa, namozi durust. Bordi-yu, shundan keyin maniy qoldig'i chiqib qolgudek bo'lsa, Abu Hanifa bilan Muhammad (r.h.)nazdida, g'usl­ni qayta qiladi, Abu Yusuf (r.h.) nazdida esa, bu holda g'uslni ham, namozni ham takrorlamaydi.

«Qozixon», «Sirojiya».

 

66-FATVO

Ishtonbog' (yoki kamar) it yungidan qilingan bo'lsa, kiyimni benamoz qilmaydi.

«Olamgiriya».

 

 67-FATVO

Safarda junub, hayzdan pok bo'lgan ayol va may­yit birga bo'lib qolsa va ularda bir kishining g'usliga yarasha suv bo'lsa, qaraladi: agar suv ulardan biriga tegishli bo'lsa, o'sha ishlatadi. Bor­di-yu, suv uchoviga qarashli bo'lsa, hammasi tayammum qilib, suvni ichishlari mumkin. Agar suv egasiz bo'lsa, junub g'usl, ayol tayammum qiladi. May­yit ham tayammum qildiriladi.

«Qozixon».

 

 68-FATVO

Istinjoni tahoratdan keyin qilsa, tahorati buzilmaydi.

«Sirojiya».

 

 69-FATVO

Tahorat qilgach, ikki oyog'ini nopok erga qo'ysa, qaraladi: agar er qattiq va quruq bo'lib, uzoq turmay, darhol oyoqlarini erdan olsa, zarari yo'q. Ammo oyoqlari qurigan, er esa nam bo'lib, oyoq­lariga o'sha namlik o'tsa, ularni yuvishi lozimdir.

«Sirojiya».

 

 70-FATVO

Gul, qovun, tarvuz suvlari, sut, sirka kabi su­yuqliklar toza hisoblanadi va ular bilan qo'l, kiyimlar yuvilsa, toza bo'ladi, lekin ular bilan tahorat yoki g'usl qilinmaydi.

 «Sirojiya».

 

71-FATVO

Tayammumni barcha er jinsidan bo'lgan narsalar bilan qilish mumkin. Masalan, qum, chang, tosh, ohak, surma, ganch, zirnix (margimush), yoqut, mar­jon, zumrad, firuza, g'isht va boshqalar. Ammo kul, qo'rg'oshin, oltin, kumush, shisha, tuz, loy kabi nar­salar bilan tayammum qilinmaydi. Imom Saraxsiy va Husomiddin (r.h.) so'ziga ko'ra, tog' tuzlari bilan tayammum qilish joiz, suv tuzlari bilan mumkin emas. Oltin, kumush, temir, mis kabi metallar erdan olinib, buyum yasalmay turgan ho­latida ular bilan tayammum qilish mumkin.

«Sirojiya», «Naf'ul-muftiy».

 

 72-FATVO

To'qqiz yoshga etmagan qiz boladan hayz qoni kelsa, u shar'an hayz hisoblanmaydi.

«Sirojiya».

 

 

 73-FATVO

Ro'zador kishi tahoratda og'zini g'arg'ara qilmay chayadi. Suv tomoqqa ketib qolish xavfi bo'lgani uchun g'arg'ara qilish makruh hisoblanadi.

«Naf'ul-muftiy»,

«Hoshiyatul Viqoya».

 

74-FATVO

Qalin soqolli odam tahoratda soqoli ostiga suv etkazishi shart emas, balki ustki qismini yuvib qo'yaveradi. Ammo soqoli siyrak kishi so­qoli ostiga suv etkazishi farz amallardan hi­sob­la­nadi. G'uslda esa, qalin soqol ostiga ham suv etkazish shartdir.

«Naf'ul-muftiy»,

«Sharhi Niqoya», «Badoye».

 

 75-FATVO

Insonning badanidan chiqqan ter shar'an toza hisoblanadi. Ammo muttasil araq ichishga mubtalo bo'lgan kishining teri najasdir.

 «Sirojiya», «Zaxoir».

 

 76-FATVO

Og'iz to'lib qayt qilish tahoratni sindiradi. Ammo ovqat oshqozonga etib bormasidan qayt qilsa, tahorat sinmaydi.

 «Sirojiya»,

«Hizonatur-rivoyot».

 

 77-FATVO

Baliqning ichidan chiqadigan qonga o'xshash narsa qon hisoblanmaydi. U tozadir. Zero, qon qu­yoshga tutilsa, qorayishi kerak. Baliqdan chiq­qan narsa esa oftobda oqaradi.

«Naf'ul-muftiy».

 

 78-FATVO

It suvga belanib silkinganida sachragan suv ki­yimga tegsa, qaraladi: agar suv it yungini ostigacha ivitgan va uning kiyimga tekkan miqdori bir dirhamcha bo'lsa, kiyim nopokdir. Bordi-yu, it yungining ustki qismigina ivigan bo'lsa, sachragan suv kiyimni nopok qilmaydi.

«Naf'ul-muftiy», «Jome'ul-muzmarot».

 

79-FATVO

Kiyimning najosat tekkan eri unutilib, uni topish imkoni bo'lmasa, bir joyi qasd qi­linib, yuvib qo'yilaveradi. Shuningdek, xirmon yanchiyotgan ot-eshaklar tezagini ajratib olib tashlash qiyin bo'lgani sababli bir qism don olib yuvilsa yoki yuvmay ehson qilinsa, yanchilgan donning hamma­si poklangan bo'ladi.

 «Muxtasar», «Naf'ul-muftiy», «Hulosa».

 

 80-FATVO

Gilam, palos kabi suvini siqib chiqarish mumkin bo'lmagan narsalarga najas tekkan bo'lsa, ular bir kecha oqar suvga tashlab qo'yish bilan poklanadi.

«Naf'ul-muftiy», «Fathul-Qadir», «Muxtasar».

 

 81-FATVO

Suyuq asalga najas tushsa, uni poklash uchun o'n­ga ikki miqdorida, ya'ni asalning beshdan biricha suv qo'shib qaynatiladi. Suv bug'lanib tamom bo'­lishi bilan yana suv quyib, ushbu jarayon uch marta takrorlanadi.

«Naf'ul-muftiy», «Qunya».

 

 82-FATVO

Badan, kiyim, idish va boshqa narsalarni pok­lash uchun ishlatiladigan vositalarning turla­ri ko'pdir. Masalan:

  1. Suv. Toza suv poklovchi vosita hisoblanadi. Binobarin, bir marta ishlatilgan suv «musta'mal» bo'lib qolishi sababli uning poklash vositasi bo'lish-bo'lmasligida ixtilof qilingan. Abu Hanifa va Abu Yusuf (r.h.) nazdida, «musta'mal» suv najas sanalib, boshqa narsani poklay ol­maydi. Muhammad (r.h.) nazdida esa, u tozaligi sababli boshqa narsani ham poklashga yaraydi.
  2. Suvdan boshqa suyuqlik turlari. Sirka, ish­qor kabi suyuqliklarning suv o'rniga o'tish shar­ti – suyuq holatda bo'lishi bilan birga najosatni ketkazuvchi, toza suyuqliklar sirasiga kiruvchi bo'lishidir. Shunga ko'ra, yog', sut, qon, siydik kabi suyuqliklar hech narsani poklay olmaydi. O'zi najosat bo'lgach, narsadagi najosatni ketkazgan taqdirda ham, baribir yuvilgan joyini nopok qilib qo'yaveradi. Masalan, siydik bilan kiyimdagi qonni ketkazish mumkin. Lekin qon ketib, siydik asorati saqlanishi oqibatida kiyim nopokligicha qolaveradi.
  3. Yerga surtish. Oyoq kiyimlari ostiga najosat tegsa, Abu Hanifa bilan Abu Yusuf (r.h.) naz­dida, erga ishqash bilan poklash mumkin. Imom Muhammad, Zufar, Shofi'iy, Molik (r.h.) naz­dida, faqat suv bilan yuvish tufayligina tozalanadi. Qu­­rigandan keyin belgisi qolmaydigan su­yuq najosatlar faqat suv bilan yuvib poklana­di. Lekin qaysi vosita bilan bo'lsa-da, najosatning hidi, rangi qolmaguncha tozalansa, har qanday nar­sa to­za bo'laveradi, deb ittifoq etilgan.
  4. Ishqalash. Kiyimda qurib qotib qolgan maniyni ishqalash bilan ham libos pok bo'ladi.
  5. Tuproq. Shisha, pichoq va boshqa qattiq metalldan yasalgan silliq asboblar erga, tuproqqa yoki boshqa matohlarga artish va ishqash bilan pok­lanadi.
  6. Matoh bilan artish. Qon olingan a'zodagi qon yuqini latta, paxta, bint kabi narsalar bi­lan artib tozalash mumkin.
  7. Olov. O'rnida aytib o'tilganidek, so'yilgan hayvon kallasi qonga belangan bo'lsa-da, olovda kuydirilsa, u poklangan holda pishadi. Uning sho'r­vasi ham halol. Qizigan tandirga nopok suv se­pib quritilgach, pishirilgan non toza hisob­la­nadi. Temirdan yasalgan asboblarga tekkan najosat ham olov bilan poklanadi.
  8. Bir jinsdan boshqa jinsga aylanish. Aroq sirkaga aylantirilsa, halol bo'ladi. Tuz koniga singib ketgan eshak, cho'chqa kabi hayvonlar bilan tuz nopok bo'lib qolmaydi. Bu Abu Hanifa bilan Muhammad (r.h.) nazdida shunday. Ammo Abu Yusuf (r.h.) nazdida, tuz nopok bo'ladi. Fatvo oldingi hukmga berilgan.
  9. Kesish. Taxta, yog'och kabi narsalarning najosat tekkan joyi kesib tashlansa, qolgan qismi pok hisoblanadi.
  10. Yerni haydash. Najosat tushgan erni cho­pish, haydash, ag'darish kabi ishlov bilan poklash mumkin.
  11. O'yib olib tashlash. Masalan, qotib qol­gan yog', moy, qaymoq kabi narsalarga sichqon yoki boshqa palid narsa tushsa, o'sha narsa atrofi bi­lan o'yib olib tashlansa, qolgani pok hisob­la­nadi.
  12. Oqar hovuz. Kichik hajmdagi hovuzga suv bir tomondan kirib, ikkinchi tarafdan chiqib ketayotgan bo'lsa, unga najas tushsa, nopok qilmaydi.
  13. Oshlash. O'limtik va go'shti harom hayvon­larning terisi oshlash bilan toza bo'ladi. O'lim­tikning yungi, suyagi, payi ham toza hisoblanadi. Terisi oshlashni qabul qilmaydigan hayvonlar te­risi poklanmaydi. Masalan, ilon, sichqon ka­bi­larning terisi oshlashni qabul qilmaydi. It­ning terisi najas, yungi esa, toza deyilgan.
  14. «Bismilloh» bilan so'yish. Go'shti eyil­may­­digan (cho'chqadan boshqa) hayvonlarni musul­­mon odam «Bismilloh» bilan so'ysa, terisi, go'sh­ti to­za bo'lib qoladi. Ammo eyish uchun halol bo'lmaydi.
  15. Yerning qurishi. Yerga najosat tushgan bo'l­sa, qurib asorati ketishi bilan er toza bo'ladi. Imom Zufar, Ahmad va Shofi'iy (r.h.) naz­dida, yuvilmaguncha toza bo'lmaydi. Yerga yopishib turgan, masalan, devor, daraxt, giyoh, qamishga o'x­shagan nar­salar ham xuddi shunday. Shag'al hukmi ham tup­roq kabidir.

Agar daraxt yoki qamishdan kesib yoki sindi­rib olinsa va unga najas tegsa, faqat yuvish yoki ke­sib tashlash bilan toza bo'ladi. Yerga yotqizib terilgan g'ishtlar ham er hukmidadir.

  1. Suvini chiqarish. Quduq suviga najas tushsa, belgilangan miqdorda suv olib tashlash bilan quduqdagi qolgan suv pok hisoblanadi.
  2. Taqsimlash. Avval aytilganidek, donni yan­chiyotgan hayvonlar siydigi aralashib ketgan don taqsimlab olinsa, yoki bir qismi olib yuvilsa, yoxud birovga berib yuborilsa, qolgan qismi ha­lol hisoblanadi.
  3. Bir qismini yuvish. Agar kiyimning bir eriga najas tegsa, keyin uning qaysi joy ekani ma'lum bo'lmasa, bir o'rni qasd qilib yuvilsa, qolgan qismi ham toza hisoblanadi.

«Naf'ul-muftiy».

 

83-FATVO

Kiyim yupqaligidan yirtilib ketmasin deb yuvganda siqmagan bo'lsa ham, zarurat yuzasidan shu kiyimda namoz o'qish joiz bo'ladi.

«Naf'ul-muftiy»,

«Durrul-muxtor».

 

84-FATVO

Zamzam suvi bilan g'usl qilish joiz, lekin istinjo qilish makruhdir.

«Naf'ul-muftiy»,

«Durrul-muxtor».

 

85-FATVO

Dasht, sahro joylardagi toshlar ustiga si­yish, ular bilan istinjo qilish joiz emas. Zero, toshli joylar jinlar maskani hisoblanadi. Shu­ning­dek, suyak va tezaklar bilan ham istinjo qi­lin­may­di. Zero, suyaklar jinlar ozuqasi, tezak­lar esa (jinlar) ulovlarining ozuqasidir.

 «Naf'ul-muftiy».

86-FATVO

Qasddan betahorat namoz o'qigan kishi kofir bo'ladi. Imom Halvoniy so'ziga ko'ra, tahoratning farzligini bilib turib, betahorat namoz o'qigan kishi zindiqdir.

«Qozixon».

 87-FATVO

Hayz ko'rgan ayol har bir namoz vaqti kirganda tahorat olib, har kuni o'qiydigan joyiga o'tirib, bir namoz o'qiganchalik vaqt mobaynida tasbeh, tahlil o'qib o'tirishi mustahab amallardan hi­sob­lanadi.

«Sirojiya».

88-FATVO

Yirtqich qushlarning og'zidan qolgan suv yoki taom makruhdir. Lekin ular qafas yoki boshqa iho­ta qi­lingan joylarda toza emish bilan boqi­layotgan, tumshuqlari nopok narsadan ifloslanmayotgan bo'l­sa, ularning og'zidan qolgan yoki og'zi tekkan narsa makruh emas. Bu Abu Yusufning (r.h.) so'zlari bo'lib, shunday deb berilgan fatvoni ma­shoyix­lar ma'qullashgan.

«Zaxoir».

89-FATVO

Katta hovuz yoki oqib turgan ariq suviga hayvon tezagi yoki boshqa najosat turlaridan biri tushgan bo'lsa, uni biror idish bilan olib tashlaganda shu idish va uning ichidagi suv nopok bo'ladi. Ho­vuz va ariq suvi esa pokligicha qoladi.

«Zaxoir».

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Payg‘ambarlik vahiy bilan namoyon bo‘ladi

10.08.2026   20693   15 min.
Payg‘ambarlik vahiy bilan namoyon bo‘ladi

Rabbining elchisi ekanini tasdiqlash uchun har payg‘ambarga ham xos kitob nozil bo‘lishi shart emas

 

Olimlar payg‘ambarni bunday ta’riflagan: «Payg‘ambar – shariat vahiy qilingan inson». Demak, payg‘ambarlik Alloh taoloning O‘zi bandalari orasidan tanlab olgan zotga vahiy nozil qilishi orqali yuzaga chiqadi. Alohida kitob tushishi payg‘ambarlik shartlariga kirmaydi. Bunga quyidagi dalillar dalolat bo‘ladi.
 

1. Payg‘ambarlik xabari vahiy orqali yetkaziladi. Alloh taolo biror bandasini payg‘ambarlik yo elchilikka tanlar ekan, unga saylanganini bildirib qo‘yadi. Bu bildirish nubuvvat va risolatning asosi bo‘lgan vahiyning bir turidir. Undan keyin Alloh taolo o‘sha payg‘ambarga kitob nozil qilishi ham, qilmasligi ham mumkin.


Nubuvvat xabari ba’zan kitob tushishi bilan boshlanadi. Masalan, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ilk vahiy bo‘lib Alaq surasining «Yaratgan Zot bo‘lmish Parvardigoringiz nomi bilan o‘qingoyati nozil qilingan. Biroq payg‘ambarlik ko‘pincha kitob tushishidan boshqa yo‘llar bilan boshlangan va aksar payg‘ambarlarda shunday bo‘lgan.


2. Nubuvvatning tasdig‘i payg‘ambarning so‘zlari va u keltiradigan mo‘jizalarga bog‘liq. Alloh taolo tanlagan bandasiga payg‘ambarlik berganidan keyin odamlar orasida bu nubuvvat va risolatning haqiqiyligi faqat ikki hodisa bilan sobit bo‘ladi:


Birinchisi: Payg‘ambar o‘z ummatiga: «Alloh taolo meni sizlarga payg‘ambar va elchi qilib yubordi», deb e’lon qiladi.


Ikkinchisi: Alloh taolo ushbu da’voni tasdiqlash uchun o‘sha zot orqali mo‘jiza ko‘rsatadi.


Payg‘ambarning «Men Allohning elchisiman, Alloh meni sizlarga nabiy qilib yubordi» degan so‘zlari tilovat qilinmaydigan vahiy (ya’ni, muqaddas kitobning bir qismi) bo‘lib, payg‘ambarlikning, elchilikning, shariat va dinga oid barcha hukmlarning haqligini e’tirof etish mana shu so‘zning tasdig‘iga tayanadi.


3. Kitobning ilohiyligi g‘ayri matluv (tilovat qilinmaydigan) vahiy bilan tasdiqlanadi: Alloh taolo biror elchisiga kitob nozil qilganida, u payg‘ambarga tushishi hamono «Allohning huzuridan tushgan kitob» bo‘lib qolmaydi, ya’ni odamlar buni birdan bila qolmaydi. Bu kalom Alloh taoloning huzuridan tushganini sobit qilish elchining «Bu kitob Alloh taoloning huzuridan nozil qilingandir» degan so‘zlari orqali amalga oshadi.


Demak, rasullarning bu guvohligi Alloh taolo ularga bildirgan tilovat qilinmaydigan vahiydir. Kitob ko‘rinishidagi tilovat qilinadigan vahiyning haqligi mana shu tilovat qilinmaydigan vahiy ustiga bino bo‘ladi.


4. Agar payg‘ambarlik faqat kitob tushishi bilan amalga oshadi, deb hisoblansa, unda o‘ziga kitob nozil qilinmagan barcha haq payg‘ambarlarning nubuvvati botil bo‘lib qolgan bo‘lardi. Shuningdek, bunday payg‘ambar minglab mo‘jizalar ko‘rsatib, rostgo‘yligiga minglab dalillar keltirsa ham, hech kim unga imon keltirishga majbur bo‘lmas va bu gunoh sanalmas edi.


Vaholanki, Alloh taolo alohida kitob tushirmasdan minglab payg‘ambarlar yuborgani barchaga ma’lum va ijmo’ qilingan (barcha ulamolar bir ovozdan tasdiqlagan, haq deb ittifoq qilgan) haqiqatdir. Alloh u zotlarga yo tilovat qilinmaydigan vahiy orqali bildirilgan hukmlarga amal qilishni, yo o‘zidan oldingi payg‘ambarlarning kitobiga muvofiq ish tutishni buyurgan. Masalan, Muso alayhissalomdan keyin Bani Isroilga yuborilgan payg‘ambarlar Tavrotga amal qilinishiga mas’ul edi. Alloh taolo Iso alayhissalom haqida bunday deydi: «Iso ibn Maryam: «Ey Bani Isroil, albatta, men o‘zimdan oldin kelgan Tavrotni tasdiqlovchi va mendan keyin keluvchi Ahmad ismli Rasulning bashoratini beruvchi, Alloh sizlarga yuborgan Payg‘ambarman», deganini eslang. (Ahmad) ularga haq bilan kelgan vaqtda esa, bu ochiq-oydin sehrdir dedilar» [Sof surasi, 6-oyat].


Iso alayhissalomga ham Bani Isroilning boshqa payg‘ambarlari kabi Tavrot hukmlariga amal qilish buyurilgan edi. Payg‘ambarlarga kitob tushmagan bo‘lsa-da, ularni yolg‘onchiga chiqargan qavmlarni Alloh taolo turli azoblarga mubtalo qildi va bu jazolarning bir qismini Qur’oni karimda bayon etib ham o‘tdi.


5. Kitoblar va sahifalar faqatgina ba’zi payg‘ambarlar va nabiylarga nozil qilingani, ularning aksariyatiga esa hech qanday kitob ham, sahifa ham tushmagani ijmo’ qilingan haqiqatdir. Ularga faqat vahiyning o‘zi – kitobsiz, sahifasiz – nozil qilingan. Shu bilan payg‘ambarligi mukammal, nubuvvati sobit bo‘lgach, ular yuborilgan qavmlar uchun hujjat-dalil tayyor holatga kelgan va endi odamlar imon keltirish va ergashishga majbur bo‘lgan.


6. Mana Bu qissa Shuaro, Naml, Qasas, Toha va Noziot suralarida bayon qilingan bo‘lib, voqealar Muso alayhissalomga Tavrot nozil qilinishidan oldin yuz bergan. Alloh taolo ushbu qissada Musoning bir qibtiyni (qibtiylar – qadimgi Mirs xalqi) o‘ldirib qo‘ygani sababli Fir’avn va uning qavmidan qochib, Misrdan chiqib ketganini, Madyan tomon yo‘l olganini va u yerdagi solih kishining qiziga uylanganini zikr qiladi. Keyin u ahli ayoli bilan Misrga qaytayotganda Tur tog‘i tomonida bir olovni ko‘rib qoladi. Alloh taolo aytadi: «Bas, u(olov)ga kelganida, nido qilindi: «Ey Muso! Albatta, Men O‘zim sening Rabbingdirman. Kavushlaringni yech. Chunki sen muqaddas Tuvo vodiysidasan. Men seni ixtiyor qilib oldim. Vahiy qilinadigan narsaga quloq os. Albatta, Men, O‘zim, Allohdirman. Mendan o‘zga iloh yo‘q. Bas, Menga ibodat qil va meni zikr etish uchun namozni to‘kis ado et» [Toha surasi, 11-14-oyatlar].


Alloh azza va jalla unga payg‘ambar ekanini xabar qildi va unga vahiy qilinayotgan narsaga quloq tutishni, ibodat qilish va namozni ado etishni buyurdi. So‘ng Haq taolo ikki mo‘jiza bo‘lishi uchun unga qo‘lidagi asoni tashlashni, keyin esa qo‘lini qo‘yniga qo‘yishni buyurdi. Shundan keyin buyuk Zot unga Fir’avn huzuriga borishni amr etdi: «Biz senga buyuk mo‘jizalarimizni ko‘rsatish uchun (shunday qildik). Fir’avnga bor, albatta u tug‘yonga ketdi», dedi». [Toha surasi, 23-24-oyatlar].


So‘ngra Alloh taolo Muso alayhissalom bilan Fir’avn o‘rtasida nimalar bo‘lganini zikr qiladi.


Demak, Fir’avnga Muso alayhissalomning da’vati yetib borishi va bu da’vatga ulkan mo‘jizalar hamroh bo‘lishi bilan hukmdor uchun hujjat qoyim bo‘lgan edi. Vaholanki, u paytda Muso alayhissalomga hali Tavrot nozil qilinmagandi. Chunki, Tavrot u zot Bani Isroil bilan birga Misrdan chiqib ketgani va Fir’avn g‘arq qilinganidan keyin nozil bo‘lgan. Bu Qasas surasidagi oyatlarda bayon etilgan.


Shunday qilib, hujjat vahiy nozil bo‘lganidan keyin da’vatning yetib borishi va unga mo‘jizalar hamrohlik qilishi bilan qoyim bo‘ladi. Faqat kitob bilangina qoyim bo‘lganida edi, Fir’avn uchun hujjat kuchga kirmagan va Alloh taolo tomonidan unga va qavmiga dalilsiz azob berilgan bo‘lar edi. bu esa, Al-Adl bo‘lgan Allohning sifatiga umuman to‘g‘ri kelmaydi.


Yuqorida zikr qilganlardan kelib chiqib aytish mumkinki, vahiylarning hammasi ham tilovat qilinadigan emas, balki ba’zida kitobsiz va sahifasiz ham bo‘lishi mumkin. Payg‘ambarlikning yuzaga chiqishi va sobit bo‘lishida asosiy mezon – vahiyning nozil bo‘lishi. Kitob esa Alloh taolo elchilari orasidan saralab olgan zotlarga xoslab berilgan vahiydir.


7. Payg‘ambarlik kitob tushishi bilan emas, balki vahiy nozil bo‘lishi bilan amalga oshishiga va vahiylarning hammasi ham tilovat qilinadigan emasligiga dalolat bo‘ladigan jihatlardan yana biri – Alloh taoloning biror kitobi borligi ma’lum bo‘lmagan va Alloh taolo kitob ato etmagan payg‘ambarlari bilan so‘zlashganidir. Biz bu so‘zlashuvlarni Haq taolo so‘nggi Kitobida zikr qilgani tufayli bilganmiz. Quyida Qur’oni Karimda Alloh taoloning kitob nozil qilinmagan payg‘ambarlari bilan so‘zlashgani haqida hikoya qilingan voqealardan namunalar keltiramiz.


1. Odam alayhissalom bilan. Alloh taolo aytadi: “Va: “Ey Odam, sen o‘z jufting ila jannatda maskan top. Unda nimani xohlasalaringiz, yenglar, osh bo‘lsin, faqat mana bu daraxtga yaqin kelmanglar, bas, u holda zolimlardan bo‘lasizlar”, dedik” [Baqara surasi, 35-oyat].

Haq taolo dedi: “Rabbi ularga nido qilib: «Sizlarni ana o‘sha daraxtdan qaytargan emasmidim va, albatta, shayton ikkovingizga ochiq-oydin dushmandir, demaganmidim?!» dedi» [A’rof surasi, 22-oyat].

Bu voqealar ular Yerga tushirilishidan oldin, jannatda bo‘lganida yuz bergan.

Ular Yerga tushirilganidan keyin Alloh taolo bunday degan: “Odam o‘z Rabbidan so‘zlarni qabul qilib oldi, keyin U Zot uning tavbasini qabul qildi. Albatta, U tavbani qabul qiluvchi va rahmli Zotdir” [Baqara surasi, 37-oyat].

Bu ham Odam alayhissalomga biror kitob nozil qilinmasdan oldin bo‘lgan ishlar sirasidandir.


2. Nuh alayhissalom bilan. Haq taolo Nuh alayhissalom bilan uning qavmi o‘rtasida kechgan voqealarni zikr qilganidan keyin bunday deydi: “Va Nuhga: «Qavming orasidan avval imon keltirganlardan boshqa hech kim imon keltirmas va ularning qilmishlaridan qayg‘uga tushmagin. Bizning rioyatimiz va vahiyimiz ila kema yasagin hamda zulm qilganlar to‘g‘risida Menga gap ochmagin, albatta, ular g‘arq bo‘lguvchilardir», deb vahiy qilindi. U kema yasamoqda. O‘z qavmidan bo‘lgan zodagonlar qachon oldidan o‘tsalar, uni masxara qildilar. U: «Agar bizni masxara qilsangiz, biz ham xuddi siz bizni masxara qilganingizdek sizlarni masxara qilamiz. Bas, yaqinda kimga sharmanda qiluvchi azob kelishini va kimning ustiga muqim azob tushishini bilib olursiz», dedi. Toki Bizning amrimiz kelib, tannur favvora otganda: «U (kema)ga har narsadan bir juftdan va ahlingdan avval so‘z ketmaganini va imon keltirganlarni ol», dedik. U bilan birga imon keltirganlar juda oz edi. U: «Kemaga mininglar, uning yurishi ham, turishi ham Allohning ismi ila bo‘lur. Albatta, Rabbim mag‘firatli va rahmlidir», dedi. U (kema) ularni tog‘lardek to‘lqinda olib ketayotganida, Nuh bir chetda turgan o‘g‘liga: «Ey o‘g‘lim, biz bilan birga (kemaga) mingin, kofirlar bilan birga bo‘lmagin», dedi. U (o‘g‘il): «Toqqa joylashib olsam, meni suvdan saqlaydi», dedi. U esa: «Bugun Allohning amridan saqlovchi yo‘qdir. Kimga rahm qilsagina (saqlar)», dedi. Shunda ular orasini to‘lqin to‘sdi va u (o‘g‘il) g‘arq bo‘lganlardan bo‘ldi. «Ey Yer, suvingni yutgin, ey osmon, o‘zingni tutgin», deyildi. Suv quridi. Farmon bajarildi va (kema) Judiy (tog‘i)ga joylashdi. «Zolim qavmlar yo‘qolsin!» deyildi. Nuh Rabbiga nido qilib: «Rabbim, albatta, o‘g‘lim ahlimdandir, albatta, va’dang haqdir va Sen hukm qilguvchilarning eng hikmatlisisan», dedi. U Zot: «Ey Nuh, albatta u (o‘g‘il) ahlingdan emas. Albatta, u yaxshi amal emasdir. O‘zing bilmagan narsani zinhor so‘ramagin. Men senga johillardan bo‘lmasligingni nasihat qilaman», dedi. U: «Rabbim, men o‘zim bilmagan narsani Sendan so‘ramoqdan panoh tilayman. Agar meni mag‘firat qilmasang va menga rahm ko‘rsatmasang, ziyon ko‘rguvchilardan bo‘laman», dedi. «Ey Nuh, Bizdan senga va sen bilan birga bo‘lgan ummatlarga tinchlik va barakotlar ila (kemadan) tushgin. Yana bir ummatlar bo‘lur, ularni biroz huzurlantirurmiz, so‘ngra ularni bizdan bo‘ladigan alamli azob tutar», deyildi” [Hud surasi, 36-48-oyatlar].


So‘ng Alloh taolo Payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga dedi: “Ana shu g‘ayb xabarlarini sizga vahiy qilmoqdamiz. Bundan oldin ularni siz ham bilmas edingiz va qavmingiz ham. Bas, sabr qiling, albatta, oqibat taqvodorlarnikidir” [Hud surasi, 49-oyat].


Xo‘sh, Alloh taoloning Nuh alahissalomga bu vahiysi va unga qaratilgan xitobi biror kitobda kelganmidi?! Yoki bu Alloh taolo unga to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘zlagan xitob bo‘lib, u yerda o‘qiladigan hech qanday kitob bo‘lmaganmidi?!


Ushbu oyatlarning uslubi va undagi nidoning yo‘sini Alloh taoloning Nuh alayhissalomga to‘g‘ridan to‘g‘ri xitob qilganini, o‘qiydigan biror kitobni nozil etish orqali amr etmaganini ko‘rsatadi.


3. Yusuf alayhissalom bilan. U quduq tubida yotganda Alloh taolo vahiy qilib, hali akalariga ularning qilmishlari haqida xabar berajagini aytdi: “Bas, uni olib ketishgach va uni quduqning qa’riga tashlashga kelishib olishgach (uni amalga oshirdilar), (Biz) unga: «Bu ishlari to‘g‘risida ularga (kezi kelganda), albatta, xabar berursan, vaholanki, ular (Yusuf ekaningni) sezmaydilar», deb vahiy qildik.” [Yusuf surasi, 15-oyat]. Keyinchalik u Misr azizi (Bosh vaziri) bo‘lganidan keyin ularga bu haqda xabar berdi.


Xo‘sh, u quduqda bo‘lganida kelgan bu vahiy haqiqiy vahiy bo‘la turib, tilovat qilinadigan vahiymidi (muqaddas kitobning bir qismi edimi)? Yo‘q, u g‘ayri matluv vahiy edi.


Alloh taolo payg‘ambarlariga xitobni tilovat qilinadigan vahiy ko‘rinishida (kitob holida) tushirmagani borasidagi oyatlar bular bilan cheklanmaydi. Qur’oni karimda bunday oyatlar juda ko‘p bo‘lib, eslatib o‘tish maqsadida ozginasini keltirish bilan kifoyalandik, xolos.


Demak, payg‘ambarlikning asosi alohida bir kitob nozil bo‘lishiga emas, balki bevosita Alloh taoloning tanlangan bandasiga vahiy yuborishiga bog‘liqdir. Qur’oniy qissalar va tarixiy dalillar ko‘rsatganidek, vahiylar faqatgina kitob shaklidagi (tilovat qilinadigan) matnlardan iborat bo‘lmay, ko‘p hollarda payg‘ambarlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri bildirilgan (tilovat qilinmaydigan) ilohiy xitoblar ko‘rinishida kelgan. Shu sababli insoniyatga haqiqatni yetkazish va ularga qarshi ilohiy hujjatni qoyim qilish uchun faqatgina vahiyning o‘zi yetarli bo‘lgan, kitob esa Alloh taolo O‘zi xohlagan elchilarigagina ato etgan maxsus vahiydir.

Nurmuhammad Matkarimov,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot

markazi ilmiy xodimi


Mazkur maqolaga 

.Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2026 yil 7 iyuldagi 02/2 -sonli xulosasi olingan

Maqolalar