Unda Markaz tadqiqotchilari, yurtimizda diniy-ma'rifiy yo'nalishda faoliyat ko'rsatayotgan tashkilot va muassasalarning yosh olimlari ishtirok etdi.
Seminarda turkiyalik adabiyotshunos olim – Anqara Yildirim Boyazid universiteti dotsenti O'g'uzxon Aydinning mazkur mavzudagi ma'ruzasi tinglandi.
Olim Movarounnahrdan etishib chiqqan mashhur mutafakkir ijodkorlar, ularning mashhur asarlari, o'tmishda va zamonamizda adiblarning jamiyat hayotida tutgan o'rni haqida so'z yuritdi. Islom tsivilizatsiyasi ravnaqida ularning ijodi g'oyat muhim ahamiyatga ega bo'lganini, hali-hanuz o'zining ma'naviy-ma'rifiy qimmatini saqlab kelayotganini alohida qayd etdi.
O'g'uzxon Aydin Ahmad Yassaviyning “Devoni hikmat”idan parchalar o'qib, xalqchil uslubda bitilgan bu misralarning o'zi islomning asl mohiyati tinchlik, ezgulik va taraqqiyot ekanidan dalolat berishini, movarounnahrlik barcha ijodkorlar asarlarida bu jihatlar yorqin aks etishini ta'kidladi.
– Butun er yuzida quyosh falakdan erga qarab nur sochadi, Movarounnahr diyorida esa, nur erdan falakka qarab sochiladi, – dedi turkiyalik olim. – Samarqandning “Ro'yi zamin sayqali”, uch qubbatul islomning biri bo'lgan Buxoroning “Ro'yi zamin quvvati” deb e'zozlanishida, avvalo, mumtoz adiblarning xizmati katta bo'lgan esa, ajabmas. Islomning etti piri ham mana shu diyorda tavallud topgan. Bularning barchasi muqaddas dinimizning Makkada paydo bo'lib, Movarounnahrda taraqqiy topgani to'g'risidagi fikrlarni yaqqol tasdiqlaydi.
Turkiyalik olim Sohibqiron Amir Temurning buyuk davlat arbobi va etuk sarkarda bo'lib etishishida ham aynan adiblarning ta'siri muhim o'rin tutganini alohida qayd etdi.
Seminar so'ngida turkiyalik olim tadqiqotchilarni qiziqtirgan savollarga Navoiyning “Muhokamatul lug'atayni”, Lutfiyning “Navro'zi”, Rumiyning “Masnaviysi”, Boburning “Boburnomasi”, Shoshiyning “Bahristoni” kabi asarlar asosidagi namunalar bilan atroflicha javob qaytardi.
G'.HASANOV
Mashina yo‘liga chiqib ketgan odamni ko‘rib haydovchi zo‘rg‘a to‘xtatib qoldi. Undan ham oldin yonidagi do‘sti tushasolib yo‘lovchining yoqasidan oldi. Uzr so‘rab dovdirayotgan odamni ko‘rib, haydovchi tez tushdi-da, do‘stidan uning yoqasini qo‘yib yuborishini so‘radi.
– Bu nima deganing?! Sal bo‘lmasa qamalib ketarding-ku buni deb, – yanada jahli chiqdi do‘stining.
– Sen uni qo‘yib yuboraver, gap bor... Bo‘ldi, aka, hushyor bo‘lib yetib oling... Yo‘q, shoshmang...
Haydovchi hatto u odamning qo‘liga pul ham berdi. Do‘stini hayron qoldirib, mashinaga qaytdi.
Do‘stining savol nazari bilan qarab turganini ko‘rib, izoh bera boshladi:
– Bir soatcha oldin dorixonaga kirgandim. Shu odamga ko‘zim tushgandi. Qo‘lida dorilar ro‘yxati yozilgan qog‘oz, puli yetmaganidan mung‘ayib turgan edi. Dorilar narxini eshitib, og‘ir qadamlar bilan chiqib ketgandi. Ortidan chiqib yordam bergim keldi. Lekin pulimni qizg‘ondim. Tashqariga chiqqanimda u onasi bilan gaplashib turgan ekan. Haligi odam onasi bilan gaplashib bo‘lgach: “Shuncha pulni qayerdan topaman? Yo Alloh! O‘zing yo‘l ko‘rsat, deganini eshitib ham indamay ketaverdim. Go‘yo unga pul bersam o‘zim och qoladiganday... Holbuki, Alloh taolo O‘z Kalomida: “Shayton sizlarni (xayr-ehson qilishda) kambag‘al bo‘lib qolishdan qo‘rqitadi” (Baqara surasi, 268-oyat) deya ogohlantirganini bilardim. Yana “Kimki (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga o‘n barobar (ko‘paytirib yozilur)” (An’om surasi, 160-oyat) degan va’dasini ham o‘qigandim. Baribir xomlik qildim. Sal bo‘lmasa o‘sha xasislik qilgan pulimdan o‘n, yuz hissasi chiqib ketadigan bir musibatga duchor bo‘lardim. Mayli, hechdan ko‘ra kech bo‘lsa ham, Alloh imkon berdi. Shuning uchun ayb u odamdamas, o‘zimda, deb bildim...
Ha, azizlar! Hayotimizda bunday holatlarga duch kelib turamiz. Avvalo, birov bilan tushunmovchilik bo‘lib qolsa u odamning ahvolini so‘raylik. Balki biror musibat yo tashvishda yurgandir. Darhol tilimizga kelgan so‘zlar bilan xaqorat qilib, urishib ketmaylik. Bunaqa vaziyatlarda shayton vasvasa qilishini unutmaylik. Xulosa qilishga shoshilmaylik. Hazrati inson degan nomga munosib ish tutaylik.
Akbarshoh Rasulov