Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Iyul, 2025   |   25 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:29
Quyosh
05:07
Peshin
12:34
Asr
17:38
Shom
19:55
Xufton
21:26
Bismillah
20 Iyul, 2025, 25 Muharram, 1447

MUBAYYaN VA NASRIY BAYoNI: E'tiqodiyya kitobining xotimasi (Qirq oltinchi mavzu)

07.03.2021   1803   8 min.
MUBAYYaN VA NASRIY BAYoNI: E'tiqodiyya kitobining xotimasi (Qirq oltinchi mavzu)

OZ-OZ O'RGANIB DONO BO'LUR...
* * *
Zahiruddin Muhammad Bobur xazinalari
* * *
MUBAYYaN VA NASRIY BAYoNI
* * *
IYMON-E_''TIQOD KITOBI

NAZM

Kitob xotimasi

Shukri lilloh, murodima ettim,
Farzi avval so'zin tamom ettim.
Bu edi sunniy elga mu'taqidot –
Kim, bayon ayladim borini bot.
Bu masoyilki, men bayon ettim,
Bu aqoyidki, men ayon ettim,
Derlar asliyyayi e'tiqodiyya,
Munkir o'lg'ay inodiyya.
Qolgan u to'rt farzi shar'iyya,
Amaliyya deyildi, far'iyya.
Tengri tavfiqi bo'lsa, dey barini,
Ko'rsatay anda har amal erini.

NASRIY BAYoN

Allohga shukr bo'lsinkim, murodimga etdim, birinchi farz haqidagi so'zni tamom qildim. Sunniy elning (Ahli sunnat val-jamoatning) e'tiqodlari (ishonib e'tiqod qiladigan narsalari) ana shular edi, hammasini tez bayon qildim.

Men bayon etgan bu masalalar, men ayon etgan – ravshan tushuntirgan bu aqidalarni asliyyayi e'tiqodiyya deydilar, ya'ni iymon-e'tiqodning asli-asosi, asos-poydevori deydilar, buni inod bilan – sarkashlik bilan qasdan rad etuvchilar munkir, ya'ni inkor etuvchi (kofir) bo'ladi.

Qolgan u shar'iy to'rt farz (namoz, ro'za, zakot va haj) esa far'iy amallar, ya'ni asldan o'sib chiqqan tarmoqlar deb ataladi. Allohning tavfiqi – yordami va madadi bo'lsa, endi hammasini aytayin va unda har bir amalning o'rnini alohida-alohida ko'rsatayin.

Nasriy bayon va sharh muallifi:
Mirzo KYeNJABYeK.
* * *
QISQA ILOVA

Aziz va muhtaram ilmu-ma'rifat muhiblari! Alhamdulillah, olimlari podshoh, podshohlari olim bo'lgan xalqning farzandlarimiz.
Mana, shoh va shoir, sulton va darvish, qomusiy alloma, buyuk faqih Zahiruddin Muhammad Boburning “Mubayyan” asari nasriy bayoni va sharhining “E_''TIQODIYYa” (“Iymon-e'tiqod kitobi”) qismini o'qib tugatdik.
Siz azizlar uchun o'tgan mavzularning hammasini jamlab, bir hujjat tashkil etamiz.
E'tiqodiyya bo'lmining xulosasi: Qanday kishi mo''min sanaladi? Iymoni mufassal nimalardan iborat? Alloh taoloni qanday sifatlari ila taniymiz? – ana shularni bilmog'imiz zarur ekan.
Bobur Mirzoning “Mubayyan” asari – ham adabiyot, ham ilm xazinasidir.Chin dildan o'qib, o'zlashtirib, hayotlariga taqdim etganlar dunyoyu oxiratda ulug' sa'odatga musharraf bo'lsinlar!
Endi “KITOBUS-SALOT” (“Namoz kitobi”) boshlanadi. Marhamat, bahramand bo'ling!

Avval taqdim etgan “Muhim izoh”imizni do'stlar uchun eslatma o'laroq qayta taqdim etamiz.

MA_''MURIYaT

 


O'TA MUHIM IZOH
(Rabbimiz Alloh taoloni qaysi sifatlari ila taniymiz?..)

بسم الله الرحمن الرحيم
Alloh taologa cheksiz hamdu sano, janob Rasulullohga so'ngsiz salotu salom bo'lsin.
Assalomu alaykum, sevikli do'stlarimiz.
Mana, bir necha kundan beri Bobur Mirzoning “Mubayyan” asaridan bahramand bo'lmoqdamiz. Muqaddimada aytganimizdek, bu asar besh kitobdan iborat: 1) Iymon-e'tiqod kitobi; 2) Namoz kitobi; 3) Zakot kitobi; 4) Ro'za kitobi; 5) Haj kitobi.

Shoh va shoir, alloma va sarkarda Boburning shunday go'zal kitob yozgani – millatimizning sharafidir.

Birinchi kitob – E'tiqodiyya bo'lmining xulosasi shuki, Alloh taoloni sakkiz sifati bilan taniymiz. Bular Allohning O'z Zoti bilan sobit bo'lgan – subutiy sifatlaridir.

Bobur Mirzo bu sifatlarni ettita deganlar va Takvin – Yaratish sifatini qudrat sifatiga doxil qilganlar. Sharhda aytganimizdek, biz Takvin sifatini alohida o'rganamiz. Buyuk Yaratganning bu sakkiz sifatini bilishimiz shart ekan.

1. HAYoT SIFATI. Alloh taolo abadiy tirikdir, o'lim bilmas hayotga egadir. Lekin Uning tirikligi jism va jon bilan emas, balki O'z Zotidan Hayydir – tirikdir.

2. ILM SIFATI. Alloh ta'olo zamon va makondan xoli holda, mavjud va nomavjud, bo'lgan va bo'ladigan, kattayu kichik, butun va bo'lak, mumkin va nomumkin, yashirin va oshkor – hamma narsani va har bir hodisani eng yaxshi tarzda biluvchi va butun bilimlarning manba'i bo'lgan Zotdir.

3. IRODA SIFATI. Dunyoda nimaiki bor bo'lsa, boshdan-oxir Allohning xohish-irodasi bilan bo'ladi. Butun insoniyat to'planib, bir zarrani harakatga keltirishga yoki harakatini to'xtatishga urinsa, Allohning iroda sifati tajalliy etmagunicha, bunga aslo kuchlari etmaydi.

4. QUDRAT SIFATI. Butun qudrat va butun quvvat Allohdadir. U Zot hamma narsani bilishi bilan birga hamma ishni qilishga ham qodirdir. Har ishni qilishga Uning qudrati etadi, sabab va vositalarga ehtiyoji yo'qdir.

5. SAM_'' – EShITISh SIFATI. Alloh taolo eshitguvchidir. U zot yashirin yoki o'ta pinhon bo'lgan hamma narsani eshitadi. Uning eshitmog'iga uzoqlik mone' bo'la olmaydi. Eshitadigan narsalarning ko'pligi Unga xalal bermaydi.

6. BASAR – KO'RISh SIFATI. Alloh taolo ko'rguvchidir. U Zot katta yoki kichik bo'lgan hamma narsani ko'radi. Uning ko'rmog'iga qorong'ulik va masofalar mone' bo'la olmaydi. Ko'radigan narsalarning ko'pligi Unga xalal bermaydi.

7. KALOM SIFATI. U zot mutakallimdir – so'z bilan so'zlovchi va gapiruvchidir, lekin Uning so'zlashi (insonlarda bo'lganidek) til, og'iz, tanglay vositasi bilan emas. Alloh ta'oloning hukmlari O'z Zoti bilan qoim bo'lgan azaliy kalomining tajalliysi bilan bo'lib, bu esa mo''jiza Kitobi – Qur'oni karim orqali namoyon bo'ladi.

8. TAKVIN – YaRATMOQ SIFATI. Bu Allohning bilfe'l yaratmoq sifatidir. Butun bu borliqlarning haq yaratuvchisi Alloh ta'olodir.

Aziz do'stlarimiz bilan birga, “Bu qiyin ilmlar ekan” demasdan, Yaratgan Egamizning mana shu sakkiz sifatini o'rganib, bir umr yodda tutishimiz zarur. Bu bilim – ma'rifat eshigi, saodat kalitidir. Yana Asmoi Husnada – Allohning eng go'zal ismlarida barcha sifatlari ifoda etilgan. Nasib etsa, bu haqda alohida suhbatlashamiz.

“Mubayyan va nasriy bayoni” asarining davomini diqqat-e'tibor bilan o'qib-kuzatib borishlarini aziz do'stlarimizdan umid qilamiz.

Faqir Mirzo KYeNJABYeK.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Nima uchun Allohga hamd aytishim kerak?

16.07.2025   4955   2 min.
Nima uchun Allohga hamd aytishim kerak?

Osmonlaru yerni yaratgan  Zotning qarshisiga ma’siyatlar ila chiqa ko‘rmang, g‘azabiga toqatingiz, iqobiga sabringiz va azobiga qudratingiz yetmaydi.

Doktor Abdul Muhsin Ahmad o‘zining bir qarindoshi bilan bo‘lgan voqeani aytib berdi. Voqeaga ko‘ra bir yigit ukasiga doim “Allohga hamd aytgin” desa, ukasi: “Nima uchun Allohga hamd aytishim kerak?” – der, Yaratganga bo‘yin eggisi kelmasdi.

Axir uning bu gapini olamlar Rabbi bo‘lgan Zot eshitib turibdi! Alloh uni ikki oyog‘i bilan yurg‘izib qo‘yibdi, qancha odamlar yura olishmaydi. Necha-necha insonlar ko‘rish ne’matidan mosuvo bo‘lganida, uning ko‘zlari ko‘rib turibdi.

Vaqt o‘tib yigit avtohalokatga uchraydi. Uning a’zolari qattiq shikastlanadi. Operatsiyadan so‘ng doktor Abdul Muhsin Ahmad uni bir umr nogiron bo‘lib qolganligini, tanasining yarmi ishlamasligini, aniqrog‘i, bir o‘limdan qolganligini aytadi.

Alloh buyuk! Uning ne’matlari cheksiz. Biz bandalar doim shukrda bo‘lmog‘imiz lozim. Zero, Alloh taolo aytadi: «...Albatta, Uning ushlashi alamli va shiddatlidir»[1].

Tasavvur qiling, bordi-yu, siz do‘zaxiylardan bo‘lsangiz, u yerdagi azobga chiday olasizmi?!  Albatta, yo‘q.

Shunday ekan Allohga tavba qiling! U Zotga xush kelmaydigan ishlardan qayting. Solih amallar ila Rabbingizga yaqinlashing.

Alloh bergan ne’matlarga shukr qiling. Gunoh va ma’siyatning kichikligiga qaramang. Allohning buyukligini nazaringizdan qochirmang. 

Alloh buyuk! U Zot sizni kutilmaganda ushlamasidan avval qalbingizni qo‘rquv ila to‘ldiring. Qazoingiz yaqinlashmasidan avval poklaning.  O‘lim kelgandagi pushaymondan naf yo‘q va buning uchun imkon berilmas...


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.

 


[1]  Hud surasi, 102-oyat.