O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi, mazkur oliy bilim yurti huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Germaniyaning Myunster universiteti qoshidagi Islomshunoslik markazi vakillari o'rtasida muloqot o'tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Onlayn shaklda tashkil etilgan tadbirda o'zbekistonlik va germaniyalik islomshunos olimlar 2018 yilda o'rnatilgan hamkorlik aloqalarining rivojlanish jarayonini tahlil qilgan holda, avval kelishilgan loyihalarning istiqbolini muhokama qildi, kelajakda o'zaro manfaatli hamkorlikning yangi yo'nalishlarini belgilab olish yuzasidan fikr almashdi.
Jumladan, islom dunyosining buyuk allomasi, vatandoshimiz Imom Moturidiy asarlarini birgalikda o'rganish, yoshlar orasida diniy radikalizm g'oyalariga qarshi samarali kurashishda aynan ushbu o'zbek mutafakkir olimining ilmiy me'rosidan foydalanish, uni dunyoga tarqatish, ushbu tadqiqot markazlarida islomshunoslikka oid chop etiladigan nashrlarda Moturidiy asarlari va boshqa islom dinini o'rganishga qaratilgan izlanishlar natijalari, ilmiy maqolalar chop etib borish yuzasidan o'zaro kelishuvga erishdi.
Tomonlar mazkur doirada O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Imom Moturidiy markazida germaniyalik islomshunoslarning tahsil olishi va ilmiy izlanishlar yuritishi, o'zbekistonlik professor-o'qituvchilarning esa nemis kasbdoshlariga kasb mahorati ko'rsatish maqsadida Myunster universitetida tajriba almashishi hamda ushbu loyihalar uchun o'zaro stipendiyalar ajratish masalalarini atroflicha muhokama qildi.
Uchrashuv yakunida ikki oliy bilim yurti vakillari hamkorlikning navbatdagi loyihasi sifatida joriy yil oktyabr' oyida dunyo bo'yicha Imom Moturidiy me'rosini o'rganayotgan yosh olimlarga o'zaro aloqalar o'rnatish va yanada rivojlantirishga imkon beruvchi xalqaro anjuman tashkil etishga kelishdi.
Sermahsul va amaliy kelishuvlarga boy bo'lgan uchrashuv yakunida tomonlar bundan buyon ham loyihalarni amalga oshirilishini muntazam monitoring qilib borish to'g'risida ahdlashib, hamkorlikni kengaytirishga doir qo'shimcha ma'lumotlar almashdi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Shu kunlarda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar Diniy idoralari huzuridagi Fatvo kengashining navbatdagi seminari Turkiya poytaxti Anqara shahrida bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston, Turkiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Ozarbayjon davlatlaridan kelgan mutaxassislar ishtirok etmoqda.
Tadbir Turkiy davlatlar tashkiloti kotibiyati tashabbusi va Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan yig‘ilish olti kunlik maxsus seminar shaklida o‘tkazilmoqda.
Mazkur yig‘ilishda yangi oyni kuzatish, namoz vaqtlari, taqvim tuzish, ozuqa mahsulotlariga qo‘shiladigan jelatin moddasining hukmi, safar masofasi, zakot nisobini aniqlashga oid masalalar bo‘yicha har bir yurt vakili o‘z tajribalarini bayon qilib, fikr-mulohaza almashmoqda. Shuningdek, tadbir qatnashchilari Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi ish faoliyati bilan ham yaqindan tanishmoqda.
Yig‘ilishdan ko‘zlangan maqsad Turkiy davlatlar o‘rtasida diniy-ma’rifiy aloqalarni yanada mustahkamlash, fatvolar chiqarishda o‘zaro yakdillik va birxillikni ta’minlashdir.
Ushbu xalqaro seminarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi ulamolari G‘ulomiddin domla Xolboyev, Hikmatulloh domla Toshtemirov, Abdulatif domla Tursunov qatnashmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati