OZ-OZ O'RGANIB DONO BO'LUR...
* * *
Zahiruddin Muhammad Bobur xazinalari
* * *
MUBAYYaN VA NASRIY BAYoNI
* * *
IYMON-E_''TIQOD KITOBI
* * *
NAZM
Kimki iymon bularg'a keltursa,
Ushbu deganlar ustida tursa,
Qutular bandaliqtin, o'lmaktin,
Talamoqtin, jihotiy bo'lmaktin.
Dunyaviydur, bularni yod olingiz,
Uxraviyni deyin, quloq solingiz.
Jovidoniy azob ila mehnat
Ko'rmasu oqibat borur jannat.
NASRIY BAYoN
Iymonning natijayu foyidasi haqida
Kimki bularga (Allohga, oxirat kuniga, farishtalariga, Kitoblariga, payg'ambarlariga, taqdirga) iymon keltirsa, shu aytilgan narsalar ustida tursa, u qul bo'lishdan, o'lishdan, talanmoqdan, jihotiy bo'lmoqdan, ya'ni birovning qo'lida mulk bo'lmoqdan qutuladi.
Bular iymonning dunyoviy (bu dunyodagi) natija va foydalaridir, yod olingizlar. Endi uxroviy (oxiratdagi) natijalarini aytayin, quloq solingizlar.
(Iymonning oxiratdagi foydasi shuki,) u inson abadiy azob bilan mehnat-qiynoqda qolmaydi va oqibatda jannatga erishadi.
IZOH. Mo''minlarning jannatga kirib, u erda abadiy qolishiga dalillar.
Baqara surasi, 25-oyat ma'nosi: “(Ey Rasulim!) Iymon keltirgan va solih amallar qilgan zotlarga ular uchun ostidan anhorlar oqib turguvchi jannatlar (tayyorlab qo'yilgani)dan xushxabar bering! U erda ularga qachon rizq qilib bir meva berilsa: «Bu – bundan oldin (dunyoda) bizlarga rizq qilib berilgan narsa-ku!» – derlar. Ularga (ta'mi, lazzati butkul o'zgacha go'zallikda bo'lishi bilan birga, dunyodagi mevalarning) o'xshashlari berilgani uchun (shunday derlar). Ular uchun u erda pokiza juftlar ham bordir. Va ular u erda abadiy qolurlar”.
“Solih amallar” «Solih» so'zi «yaxshi» degan ma'noda bo'lib, istilohda «solih amal», “Alloh uchun qilingan hamda savob qozonishga vasila bo'lgan ibodat va ishlar”dir. Mu'oz ibn Jabal roziyallohu anhu: «Solih amalda ilm, niyat, sabr va ixlos bo'lishi lozim», deganlar.
“Pokiza juftlar” – hayz, kir, noxush hid, yomon xulq kabi narsalardan tamoman pok bo'lgan juftlar bordir (Bayzoviy).
Baqara surasi, 82-oyat ma'nosi: “Iymon keltirib, solih amallar qilgan kishilar esa jannat ahlidirlar, ular u erda abadiy qolurlar”.
Niso surasi, 122-oyat ma'nosi: “Iymon keltirib, solih amallar qilgan kishilarni esa ostidan anhorlar oqib turadigan jannatlarga kiriturmiz, u erda abadiy qolurlar. Allohning va'dasi haqdir (qat'iy bir haqiqatdir), Allohdan ko'ra to'g'ri so'zlaguvchi kim bor?”.
Gunohkor mo''minlar do'zaxda abadiy qolmasligiga esa ushbu oyati karimalar dalildir (ma'nolari):
Oli Imron surasi, 152-oyat ma'nosii: “Alloh mo''minlarga nisbatan behad fazlu karam sohibidir”.
Maryam surasi, 72-oyat ma'nosi: “Keyin muttaqiy bo'lgan (ibodat va itoat bilan gunohlardan saqlangan) kishilarni qutqarurmiz (jannatga kiriturmiz). (Bayzoviy izohi).
Nasriy bayon va sharh muallifi:
Mirzo KYeNJABYeK.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Sarmoyangiz umringizdir...
Alloma Ibn al-Javziy o‘zining «Mudahish» nomli kitobiga bunday yozadi:
Bir kishi bor edi, u bozorda muz sotardi. Ovozini chiqarib bunday derdi: “Sarmoyasi erib ketayotgan odamga rahm qilinglar!”.
Bu kishi odamlarning yuragini yumshatib, ulardan muz sotib olishlarini so‘rardi. Chunki u sotadigan muz — vaqt o‘tishi bilan erib ketardi. Agar u muzini tezda sotib ulgurmasa, butun sarmoyasi yo‘q bo‘lib ketadi. Shuning uchun u bor ovozi bilan: “Sarmoyasi erib ketayotgan odamga rahm qiling!”.
Muzlab qolgan suvning har bir tomchisi sizning tark etgan umr lahzangiz kabidir, u endi hech qachon qaytmaydi.
Hayotingizdagi sanoqli kunlardan foydalaning…
Solihlardan biri aytadi: «Men “Asr” surasini yigirma yil o‘qidim, lekin uning ma’nosini tushunmasdim. “Nima uchun Alloh inson tabiatan ziyonda deb aytyapti va buni qasam bilan ta’kidlayapti?” deb o‘ylardim.
Keyin esa Alloh ziyondan najot topganlarni to‘rtta sifat bilan istisno qiladi:
– iymon keltirganlar,
– solih amal qilganlar,
– haqqa da’vat etganlar,
– sabrni tavsiya qilganlar.
Shunda men “Asr” surasidagi qasamning ma’nosini angladim: “Dunyodagi eng katta sarmoya bu – umringiz. Umringizdan o‘tgan har bir lahza erib ketgan muz kabi qaytib kelmaydi. Shuning uchun sarmoyangizni ehtiyot qiling! U siz yashab turgan vaqtdir. Ajal yetishidan avval tiriklik fursatidan foydalaning».
Alloh umrimizni uzun va xotimamizni chiroyli qilsin.
Sarmoyangizni o‘g‘irlayotganlarga e’tibor bering!
Har birimiz sarmoyamiz ya’ni vaqtimizni kim yoki nimalar zoye qilayotganini yaxshi bilamiz.
Allohni zikr qilishdan yoki U Zotga va Rasuliga itoat qilishdan boshqa narsa bilan vaqtni zoye qilmang.
Unutmang, sarmoyangiz — umringiz!
Maqsudali domla QOSIMOV,
Xo‘jaobod tumani “Yetti chinor” jome masjid imom-xatibi.