Turkiyada tadqiqot olib borayotgan vatandoshimiz — O'zbekiston Halqaro islom akademiyasi va Anqara universiti bitiruvchisi, falsafa doktori A.Tuychiboyevning Ali ibn Sa'id ar-Rustufag'niyga mansub «Muxtasar Favoyid ar-Rustufag'niy» asarining ilmiy-tanqidiy nashri Istanbuldagi «Haşimî Yayınları» nashriyoti tomonidan chop etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Mazkur asar ulug' ajdodimiz Imom Moturidiyning eng yaqin shogirdlaridan hisoblangan Ali ibn Sa'id ar-Rustufag'niyga mansub bo'lib, bugungi kungacha Ahmad ibn Muso al-Keshshiyning «Majmu' al-havodis va an-navozil va al-voqe'ot» nomli asari tarkibida etib kelgan.
Ma'lumotlarga qaraganda, ar-Rustufag'niy Samarqand viloyatining Ishtixon tumanidagi Boyli ota mahallasida tug'ilib, voyaga etgan. Voyaga etgach, ar-Rustufag'niy Samarqand shag'rida o'z davrining eng zabardast ulamolari – Abu Ahmad al-Iyodiy, Abu Mansur al-Moturidiy va al-Hakim as-Samarqandiydan ilm olgan. Olimning Balx shahriga borib, hanafiy fiqhining yorqin namoyandasi, kichik Abu Hanifa deya e'tirof etilgan Abu Ja'far al-Hinduvoniydan ham istifoda etgani naql qilinadi.
O'rta asrlarga oid tabaqot, ya'ni biografiya asarlarida ar-Rustufag'niy fiqh bobida «Samarqandning shayxi» bo'lgani keltirilgan. U shu darajada e'tibor qozondiki, hatto Buxoroga borib, ilm majlislari o'tkazar, xalq vakillariga va'z-nasihatlar qilardi. Ar-Rustufag'niy mahalliy e'tiqod va mazhablarga xos bo'lmagan yondashuvlarni tanqid ostiga olish, ustozi Imom al- Moturidiyning sof islom aqidasiga oid qarashlarini muhofaza etishga katta hissa qo'shdi. Olimning turli yot firqalar bilan bo'lgan munozaralari «Muxtasar Favoyid ar-Rustufag'niy» asarida ham ko'zga tashlanadi.
Mazkur asar fiqh, kalom, tafsir, hadis, tasavvuf, axloq va hikmat kabi keng qamrovli mazularga oid bo'lib, X asrda mamlakatimiz hududidagi eng yorqin ilm va ma'rifat markazlaridan biri bo'lgan Samarqanddagi ma'naviy-ma'rifiy muhitni baholash, Moturidiylik ta'limotining ilk taraqqiyot bosqichini o'rganish nuqtai nazaridan o'ta muhim ahamiyat kasb etadi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
حدثنا ابن عفان العامري نا ابن نمير عن الأعمش عن شقيق قال: قال عبد الله قال رسول الله صلى الله عليه وسلم عليكم بالصدق فإن الصدق يهدي إلى البر والبر يهدي إلى الجنة وإن الرجل ليصدق حتى يكتب عند الله صديقا وإياكم والكذب فإن الكذب يهدي إلى الفجور والفجور يهدي إلى النار وإن الرجل ليكذب حتى يكتب عند الله كذابا.
Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallam bunday dedilar: “Rostgo‘ylikni lozim tuting. Chunki rostgo‘ylik ezgulikka boshlaydi, ezgulik esa jannatga boshlaydi. Kishi faqat rost gapiraversa, Allohning huzurida rostgo‘y deb yoziladi. Yolg‘ondan saqlaning. Chunki yolg‘on fisq-fujurga boshlaydi, fisq-fujur esa do‘zaxga boshlaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida kazzob deb yozilib qoladi”.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi