O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov Dinlar va tsivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirish bo'yicha N.Nazarbayev markazi rahbari Bulat Sersanbayev janoblarini qabul qildi.
Uchrashuvda Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari yurtimizda diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan yangilanishlar va Qozog'iston bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar hamda Diniy idoraning faoliyati haqida so'zlab berdilar.
Jumladan, Davlatimiz rahbari tomonidan diniy sohaga berilayotgan e'tibor, diniy soha vakillariga ko'rsatilayotgan g'amxo'rlik, xorij mamlakatlaridagi musulmonlar idoralari, xususan, Qozog'iston musulmonlari idorasi bilan turli yo'nalishlarda hamkorlik aloqalari rivojlanib borayotgani, ziyorat turizmi yo'nalishida aloqalarni yo'lga qo'yilayotgani, yoshlar ta'lim-tarbiyasi borasida qilinayotgan ishlar to'g'risida ham alohida to'xtalib o'tdilar.
Bulat Sersanbayev o'z so'zida ushbu markaz Nursulton Nazarbayev tashabbusi bilan tashkil etilgani, hukumat qaroriga ko'ra, yaqinda unga Bulat Sersanbayev rahbar etib tayinlangani, o'zi bungacha Misr, Suriya, Iroq, Iordaniya, Hindiston va Hitoy kabi mamlakatlarda faoliyat yuritib, katta tajriba orttirganini ma'lum qildi.
Mehmon Qozog'istonda diniy-ma'rifiy sohada ishlar rivoj topib borayotgani, masjidlar bunyod etilayotgani, mo'min-musulmonlarga keng imkoniyatlar berilayotganini alohida ta'kidlab o'tdi. Ayniqsa, Nur-Sulton shahrida juda katta masjid qurilayotgani, Turkiston viloyatida tarixiy obidalarni obod etish va zamonaviy infratuzilmalarni yaxshilash borasida keng ko'lamli ishlar amalga oshirilayotgani to'g'risida ma'lumot berdi. Ayni paytda mamlakatda 3 ming masjid va aholisining 80 foizi musulmonlar ekanini qo'shimcha qildi.
Bulat Sersanbayev bugungi murakkab vaziyatda, ekstremizm va radikalizm kabi tahdidlar kuchaygan davrda o'zaro hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ta'kidladi. Shu maqsadda 2022 yilda Qozog'istonning Nur-Sulton shahrida dunyo va ana'naviy dinlar etakchilarining VII s'ezdi o'tkazilishi ma'lum qilib, muftiy hazratlarini rasman taklif etdi.
Uchrashuv do'stona va samimiy ruhda o'tdi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
#xabar #tashabbus
Bu yil yurtimizdan hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muftiy, shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiliklarida yurtga qaytgach, «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari bo‘lamiz» degan ezgu tashabbusni ilgari surgan edilar.
Ana shu ezgu tashabbus amalga ko‘chib, yurtimiz bo‘ylab qizg‘in pallaga kirmoqda. Jumladan, hojilar kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ilm-ma’rifatga homiylikda namuna bo‘lish, to‘ylar, oilaviy tadbir va marosimlarda me’yorga amal qilgan holda kamxarj va ixcham o‘tkazishda bosh-qosh bo‘lish, tarbiyasida muammosi bor yoshlar o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borish, mehr-oqibat kabi xayrli ishlarini amalga oshirishda jonbozlik ko‘rsatishmoqda.
11 iyul, muborak juma kunida Andijon, Namangan viloyatlari hamda Toshkent shahri hojilari, imom-xatiblar, mahalla faollari bilan birgalikda xonadonlarga, oilalarga kirib borishdi. Tashabbus doirasida joylardagi yuzga yaqin ijtimoiy va ma’naviy ko‘makka muhtoj xonadon xolidan xabar olinib, ma’naviy va moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Ajrim yoqasida turgan oilalar saqlab qolinib, ularga oila mustahkamligi bo‘yicha tushunchalar berildi, yoshlarga pandu nasihatlar qilindi.
Hojilar ishtirokida o‘tkazilayotgan bunday ezgu tadbirlar tufayli moddiy-ma’naviy ko‘makka muhtoj oilalar vakillari, bemor fuqarolar o‘zlarining yolg‘iz emasliklarini, davlatimiz, xalqimiz har doim ular bilan yelkadosh ekanini teran his etishmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati