Taqvo Qur'oni karimda eng ko'p ta'kidlangan amal. Sizning ham ko'p oyatlardan o'qiganingiz – taqvo haqidadir. Tasavvufning eng muhim mavzularidan biri ham taqvodir. Hatto tasavvufni qisqacha: «taqvo yo'li» deydilar. Tasavvuf taqvo yo'lidir... Bu yo'ldan yurgan eng yaxshi mutasavvif bo'ladi. Eng yaxshi mutasavviflar eng taqvoli insonlardir.
Shuning uchun taqvoni o'rganmoq va taqvoga amal qilmoq lozim. Ya'ni Allohdan doimo qo'rquvdasiz, Haq yo'lini bilasiz... «Ajabo, Alloh menga marhamat etmasmi?.. Ajabo, bu so'zni so'ylaganda Allohim mendan rozi bo'lmasmi?.. Ajabo, Alloh menga qahr qilmasmi?», – deb doimiy bir taraddud ichida bo'lishingiz kerak. Bu – «Alo hozirin», ya'ni doimo xavf ichida bo'lmoq deyilur... Kishi ehtiyotli, tadbirli, diqqatli, g'amxo'r, talabchan va e'tinoli musulmon bo'lishi zarur.
... إِنَّمَا يَتَقَبَّلُ اللّهُ مِنَ الْمُتَّقِينَ (سورة المائدة:27)
Innamo yataqabbalullohu minal muttaqiyn ( «Al-moida»,27) – «Alloh faqat taqvodorlardangina qabul qilur» deb buyuriladi mazkur oyati karimada. Ibodatlarning qabul bo'lishiga sabab shu — taqvodir. Namozni taqvo bilan qilsang qabul bo'ladi. Zakotni, sadaqani taqvo yo'lida bersang, qabul bo'ladi.
Hazrati Odam alayhissalomning ikki o'g'li bor ekan. Ikkisi ham qurbonlik qilibdi. Birisiniki qabul bo'libdi, ikkinchisiniki bo'lmabdi. Sababi Qur'oni karim: «Alloh faqat taqvodorlardangina qabul qilur», – deydi. Taqvosizdan qabul qilmas. Taqvosiz, fikri buzuq, qalbi notoza, niyatida qusur bo'lsa qabul qilmas. Shuning uchun tasavvufni bir jihatdan «Taqvo yo'li» deydilar. Bu gunohlardan saqlanib, savobli ishlarni orqaga surmay, nazardan qochirmay yashash yo'lidir. Buni o'rganishingiz kerak.
"Islom va axloq" kitobidan olindi
Ovqatlanish paytida, ayniqsa, bolalarga multfilm qo‘yib berib ovqat yedirish ovqat hazm qilish tizimi buzilishiga, semirishga va bola rivojlanishining sekinlashishiga olib keladi.
Ushbu odatning asosiy zararlari:
1. To‘yish va och qolish signallarining buzilishi: Miya butunlay multfilmga qaratilgani sababli, oshqozondan kelayotgan “to‘ydim” signalini qabul qilmaydi. Bu kelajakda semirish yoki aksincha, surunkali vazn yetishmovchiligiga sabab bo‘ladi.
2. Ovqatning ta’mini his qilmaslik: Bola nima yeyayotganini, uning ta’mi shirin yoki sho‘rligini, issiq yoki sovuqligini anglamaydi. Buning oqibatida unda sog‘lom ovqatlanish madaniyati shakllanmaydi.
3. Chaynash va yutish refleksining sustlashishi: Ekranga tikilib qolgan bola ovqatni yaxshi chaynamay yutadi yoki og‘zida uzoq vaqt ushlab turadi. Bu esa tishlarning chirishiga va oshqozon-ichak kasalliklariga (dam bo‘lish, qabziyat) yo‘l ochadi.
4. Nevrologik va diqqat muammolari: Tez almashadigan kadrlar bola asab tizimini toliqtiradi. Natijada bola real hayotda diqqatini bir joyga jamlay olmaydigan, tez achchiqlanadigan bo‘lib qoladi.
5. Ishtahasizlik va injiqlikning ortishi: Ota-onalar “telefon qo‘ysam ko‘p yeydi” deb o‘ylashadi, lekin aslida bola faqat ekran uzatilayotgandagina ovqatlanadigan majburiy odatni (refleksni) orttirib oladi. Telefon olib qo‘yilsa, umuman ovqat yemay injiqlik qiladi.
Ota-onalarga tavsiya
1. Ovqatlanish vaqtida telefon, planshet va televizorni o‘chiring.
2. Oila a’zolari bilan bir dasturxon atrofida ovqatlanishga harakat qiling.
3. Bolangiz bilan suhbatlashing, taom haqida gapiring va uni mustaqil ovqatlanishga rag‘batlantiring.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam taomlanish paytida butunlay sukut saqlamaganlar, balki sahobalari bilan go‘zal va foydali suhbatlar qurib, birgalikda ovqatlanganlar. Shu bois, Islom madaniyatida ovqat ustida yaxshi gaplardan gapirish sunnat amallardan hisoblanadi.
Davron NURMUHAMMAD
Ma’lumotlar linki:
1. https://mylittlescholars.com.au/disadvantages-of-watching-tv-while-eating
2. https://www.jewelautismcentre.com/blog-detail/does-watching-mobile-while-eating-affect-a-childs-brain-development
3. https://yourkidstable.com/turn-off-tv
4. https://yebonutrition.com/2025/12/29/are-screens-at-mealtime-always-bad-for-kids
5. https://famedico.com/is-it-good-to-use-mobile-phones-or-tv-while-eating
6. https://www.parentcircle.com/should-children-be-allowed-screen-time-watching-tv-while-eating/article
7. www.mayoclinichealthsystem.org/hometown-health/speaking-of-health/children-and-screen-time