Koson tumanidagi eski uy devorlaridan arab tilida yozilgan qadimiy qo'lyozma topilgan.
«Novosti Kashkadar'i», nashri habariga ko'ra, qo'lyozma va boshqa bir qancha qog'oz to'plamlar devorda maxsus qurilgan tokchada joylashgan bo'lib, buning natijasida quruvchilar darhol topilmani topishgan, biroq, qog'ozga birozgina zarar etkazishgan.
– Holam bu uyda 60 yildan ortiq yashab, keyin uyini singlimga bergan, – deydi Maqsuda Boboqulova. – Opamning iltimosiga ko'ra, eski uy-joyni buzib, yangisini qurishga qaror qildik. 3 xonali uyning devorlaridan birini buzish paytida quruvchilar bo'shliqni payqab, ular eski qo'lyozmani va yana bir nechta qog'oz to'plamlarni topdilar. Bu uyni kim va qachon qurgani noma'lum. Holasining so'zlariga ko'ra, bu uyni otasi Hasan Sultonov kichikligida sotib olgan.
Qarshi Davlat universiteti filologiya fanlari doktori, professor Nafas Shodmonovning aytishicha, ko'hna uy devoridan topilgan qo'lyozma 18-asrning ikkinchi yarmiga to'g'ri keladi. Professor, shuningdek, qo'lyozma muallifi ayol ekanligini ta'kidladi. Bu 200 yil oldin Koson tumanida ayol kotiblarning avlodi yashaganini ko'rsatadi. Topilmani oldindan tekshirib ko'rib, filologiya fanlari doktori bir emas, bir-biriga aralashib ketgan bir necha qo'lyozmalar borligini aytdi. Ko'rinib turibdiki, bu kitobni devordan chiqarish paytida sodir bo'lgan.
Tarixchilar va pedagoglar qo'lyozmaning nima uchun devorga yashiringanini va unda qimmatli narsalarni o'rganishlari kerak.
Hullas, Mug'jagul mahallasidagi 90 kvadrat metr maydonda joylashgan ko'hna uy-joy egalari ilmiy izlanishlar yakunida topilmani Qashqadaryo viloyati Tarix va madaniyat davlat muzeyiga topshirishga qaror qilishdi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Takfir iborasi arab tilidagi “kufr” so‘zining o‘zagidan olingan bo‘lib, lug‘atda inkor qilish, osiy bo‘lish, tan olmaslik kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa ikki xil ma’noda keladi. Biri – dinda, ya’ni, Alloh va Uning Rasuliga itoatsizlik ikkinchisi, in’om etilgan ne’matni mensimay, inkor etishga nisbatan qo‘llanilgan.
Islom tarixida, takfir tushunchasi xalifa Ali roziyallohu anhu davrida paydo bo‘lgan xorijiylar firqasi tomonidan o‘zlariga ergashmaganlarga nisbatan qo‘llanilgan. Ular dastlab xalifa Alining ashaddiy tarafdorlari bo‘lib, “Siffiyn” jangidan so‘ng hazrati Alidan o‘n ikki minglik qo‘shin bilan ajralib chiqib, unga va Muoviyaga qarshi barobar kurash boshlagan. Bugungi kunda mutaassiblar musulmonni asossiz kofirga chiqarib g‘uluvga ketmoqdalar.
Shariatda musulmonni uning musulmon ekanligiga qarshi dalil topilmagunicha musulmon, deb hukm qilinadi. Zero, Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)dan bunday deydilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Bir musulmonni kofirga chiqarishdan oldin kufrga sabab deb o‘ylanayotgan u gapirgan so‘zi yoki ishiga qarash, uni yaxshilab o‘rganish shartdir. Zero, barcha fosid so‘z yoki ish kufr qiluvchi emasdir. Shuningdek, barcha insonlar o‘zgalarni kofirga chiqarishdan saqlanmoqlari, bu ishdan qochib, bu juda nozik masala bo‘lgani uchun ham uni olimlarga havola etish vojibdir. Ibn Umar (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Bir kishi birodariga “ey kofir!” desa bu gap aniq ikkisidan biriga tegishli bo‘ladi.
Agar u kishi rostan ham kofir bo‘lsa, unga qaytadi. Ammo unday bo‘lmasa, gapiruvchining o‘ziga qaytadi”, deb aytdilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati). Abu Zarr (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. U zot Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni bunday deyayotganlarini eshitgan: “Kim bir kishini “kofir” deb chaqirsa yoki “Allohning dushmani” desa, aslida u odam bunday bo‘lmasa, gaplari o‘ziga qaytadi” (Imom Muslim rivoyati). Tahoviy aqidasida: “Qibla ahlidan bo‘lgan biror-bir musulmonni gunohi kabira tufayli kofir sanamaymiz”, deyiladi. Shuningdek, boshqa aqida va ularga yozilgan sharhlarda katta gunoh qilgan kishilar garchi uni sodir etish paytida vafot etsa ham, qilgan ishini halol sanamasa, kofir bo‘lmasligi, agar o‘z uqubatlarini dunyoda olsa katta gunohi uchun kafforot bo‘lishi, mabodo vafot etsa, bu – Allohning xohishi: xohlasa azoblashi, xohlasa kechishi bayon etilgan.
Aqida ilmining yetuk bilimdoni Abul Hasan Ash’ariy aytadilar: “Men ahli qibladan birortasini kofirga chiqarmayman. Chunki ularning barchalari yolg‘iz ma’budga ibodat qiladilar”. Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, o‘zga insonni kofir deyish, unga jahannamda abadiy qolasan, deyishga teng gapdir. Buning ustiga jamiyat kishilari orasida uning o‘rnini o‘z bilganicha belgilab berish demakdir. Alloh taolo barchamizga o‘z dinimizni yaxshi anglab yetishimizni, oshkora va maxfiy fitnalarning barchasidan asrashini so‘raymiz.
Sayfiddin Boboqulov,
Mir Arab oliy madrasasi talabasi