Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Iyul, 2025   |   24 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:27
Quyosh
05:06
Peshin
12:34
Asr
17:39
Shom
19:56
Xufton
21:27
Bismillah
19 Iyul, 2025, 24 Muharram, 1447

Ahmad Yassaviy muhri haqida bilasizmi?

04.03.2021   4336   9 min.
Ahmad Yassaviy muhri haqida bilasizmi?

Ahmad Yassaviy shajarasi va muhri haqida xilma xil fikrlar aytilyapti. Ayrim mualliflar: bu – Hoja Ahmad Yassaviyning muhri, unda ismlari bitilgan 11 nafar shayx Ahmadlar – Hoja Ahmad Yassaviyning turli taxalluslari, deya dalillamoqchi bo'layotirlar.

Shayxul-mashoyix Hoja Ahmadga taalluqli ushbu mavzuga aniqlik kiritish va chalkashliklarga chek qo'yishni lozim topib, quyidagilarni ilindik.

Bizning aniqlashimizcha, o'sha mashhur muhr maqbaraga tegishli bo'lib, unda nomlari zikr etilgan shayx Ahmadlar – ulug' yurtdoshimizdan avval va keyin yashagan zoti poklardir.

O'tgan asrdagi qatag'onlik va dinga qarshi kurash kasofati tufayli anchagina tariximiz o'zgarib ketgan. Tarixga yuzaki qarashlar hamon uchrab turibdi. Ancha vaqtdan beri ayrim adabiyotchilar hamda tarixchilar Hazrat avlodlari qo'lida saqlanib qolgan ko'hna muhrni: «Hoja Ahmad Yassaviy muhri» deya yozishmoqda va bu yanglish fikr hamon davom etib kelyapti.

Biz aniqlaganimiz bo'yicha ushbu muhr Hazrati Sulton olamdan o'tganidan so'ng, Sohibqiron Amir Temur tomonidan maqbara tiklanganidan keyinroq tayyorlangan.

Ho'sh, nega muhrdagi o'n bir shayx Ahmadni yuqorida biz tilga olgan tarixchilar va adabiyotchilar Hoja Ahmad Yassaviyning turli taxalluslari, deb ham yozishayapti?

Aslida Sulton ul-Orifin o'z asarlarida Miskin Ahmad, Ahmad Yassaviy, Ho'ja Ahmad, Turkistoniy, G'arib Ahmad singari nomlarni ishlatgan. Shoirning «Devoni hikmat» kitobidagi ko'pchilik hikmatlarida ushbu ism-taxalluslar uchraydi.
Shunday ekan, muhrdagi o'n bir nafar shayx Ahmadlar kimlar? Ayni savolga, avvalo, bundan ikki asr muqaddam yozilgan «Chor kitob»ning sahifalaridan javob topamiz. «Yazdah Ahmad» haqida berilgan ma'lumotlarda ushbu muhrda zikr etilgan o'n bir Ahmadning nomlari yozilgan va bu azizlarni yodlarida saqlagan kishilarga ko'p yaxshiliklar bo'ladi, deya xabar berilgan. O'sha arabiy bitikdagi kitobda ham mazkur muhrdagi o'n bir shayx Ahmad nomlari, deyarli, aynan birma-bir zikr etilgan.

Shunisi ham muhimki, Hoja Ahmad Yassaviydan oldin va keyin yashagan, o'z zamonasida mashhur bo'lgan, ilm-u ma'rifat fidoyilari – alloma, vali, shayx Ahmadlar ekanligini tarixiy kitoblarda, jumladan, Hasan Ho'ja Nisoriyning «Muzakkirul ahbob» va Homidjon Homidiyning «Tasavvuf allomalari», shuningdek, «Tazkiratul avliyo» , «Siroj ul-muslimin» (“Muslimlar chirog'i”) kitoblaridan o'qib, aniqlab olishimiz mumkin bo'ldi.

O'n bir Ahmad ro'yxatining boshida AHMAD MURSAL – Payg'ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) bitig'lik. Hammamizga ma'lumki, Sarvari olam Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) (570-632 yillar) Makkada tug'ilgan, otasi Abdulloh, bobolari – Abdumutalib, Abduhoshim, Abdumannop, onalari Omina ekanligidan xabardormiz. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqori otalari Ibrohim Haliyullohga borib taqaladi.

Allomalar demishlarkim, har bir ummatman, degan odam payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomni o'z ota-onasini taniganday bilishi lozim. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o'zlari arab naslining quraysh qabilasi, bani hoshim urug'idan bo'lib, ismi shariflari Muhammad Mustafo (sollallohu alayhi vasallam).

Ulug' kitoblarda ta'kidlanishicha, payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni, uning avlodlarini, sahobalari va allomalarini bilib qo'yish, hurmatlash katta savobdir.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning biz – ummatlariga qilgan mehribonchiliklari, nozil bo'lgan Qur'oni Karimni etkazishi, ummatlari to'g'risida qayg'urib, Olloh taolodan rahmat, ofiyatlar so'raganligi va o'zining go'zal odobi, faoliyati to qiyomatgacha unutilmaydi, biz muslimlarga dasturilamal bo'lib qoladi, inshoAlloh.

Mursal Ahmad sollallohu alayhi vasallamning siyrati va surati to'g'risida katta-katta kitoblar yozilgan. Shu bois biz bu erda bitigimizni muxtasar qildik.

ShAYH AHMAD HANBAL – (vafoti 855 yil). Sunniylikdagi xanbaliylik mazhabining asoschisi, ilohiyot olimi. Bag'dodda tahsil olgan. Ahmad Hanbal Qur'oni Karim, hadis va ijmo'aga asoslanmagan din va hayotga oid yangiliklarni qoralagan. U zot payg'ambar so'zlarini saqlovchi edi. O'z davrining peshqadam imomi, faqih, olim edi. O'ttiz ming hadisni to'plab, «Al-musnad» nomli olti jildlik kitob yozgan.

ShAYH AHMAD HAYR NASSOJ – o'sha muhrda ismlari bitilgan mashhur Ahmadlardan biri. U kishi bag'dodlik, shayxi zamon, «yaxshilarning yaxshisi», axloq masalalarini naql va rivoyatlarda yorqin talqin etgan zotdir. Bu inson to'quvchilik qilib kun kechirgan. 127 yil umr ko'rgan. 946 yili vafot etgan.

ShAYH AHMAD ARQAM – o'tkir kashf va karomat egasi bo'lgan. U kishi O'sh shahrining bino bo'lishida karomat ko'rsatgan, shu erda vafot etgan. Muhrda ismi bitilgan.

ShAYH AHMAD ROVANDA – Bag'dodda yashagan, ilohiyot olimi. U kishi ilohiyotga oid qirqdan ortiq asarlar yozgan, mu'taziliylarning aqidalarini rad etgan. X asr boshida, 80 yoshida vafot etgan.

ShAYH AHMAD MUHTOR – (vafoti 899 yil). Qutb ul-mashoyix, tariqat va haqiqat bilimdoni ekanlar, qabri Hirotda. Aytishlari-cha, u zot Olloh ishqida hosil bo'lgan shavq tufayli tunlarini bedor o'tkazgan.

ShAYH AHMAD KABIR – sohibkaromat avliyo, fiqhshunos, olim-u fuzalo. Buxoroda yashagan, shayx-ush-shuyux, valiyulloh (832 yili vafot etgan).

ShAYH AHMAD SAG'ORIYa – (877 yilda vafot etgan). Shayx Ahmad Kabirning farzandi – Ahmad Sag'oriya karomati haq, valiyulloh, faqihi siddiq, obid-u olim bo'lgan. Buxoroda katta faoliyat yuritgan, tinchlik o'rnatgan.
Shuni ham alohida ta'kidlamoqchimiz-ki, mazkur mashhur o'n bir shayx Ahmadlarning har biri haqida katta kitoblar yozilgan, hali ko'plab yoziladi. Ularning insoniyat uchun o'rnak bo'larli fazilatli hayotlarini o'rganaveramiz. Inshooloh!

HOJA AHMAD YaSSAVIY – Turkiston mulkining shayx ul-mashoyixi, sulton-ul-orifiyn, kutb ul-aqtob. Yassaviy hikmatlarida Qur'oni Karim ma'nolari, islom ahkomlari va tariqat asoslari targ'ibi, ilohiy ishq mavzusi, ezgu axloq, nafs tarbiyasi singari komil muslim fazilatlari talqin etilgan. Ulug' yurtdoshimizning jahonga mashhur «Devoni hikmat» kitobi hayotimizda dasturilamallardan bo'lib qolajak.
Muhrda naqshlangan shayx Ahmadlardan biri AHMAD HUZRAVIYa hazratlaridir. Ahmad Huzraviya VIII asrning oxiri va IX asrning birinchi choragida Balxda yashagan shayxlardandir. U Abuturob Naxshabiy, Ibrohim Adham, Yahyo Maoz hamda Hotam Asimlar bilan hamsuhbat bo'lgan va ulardan ta'lim olgan.
Ahmad Huzraviya bir necha marta Makka va Madinada bo'lgan. Haj safarlaridan birida Nishopur va Bistom shaharlarida bo'lib, mashhur donishmandlar Abu Hafs Haddod, Boyazid Bistomiylarning muborak nafaslaridan fayz topgan. Ahmad muruvvat va futuvvat bobida mislsiz martabaga erishgan.
Fariduddin Attorning «Tazkirat ul-avliyo»sida yozilishi-cha, shayx doim askariy libosda yurarkan. Muhammad Siddiq Rushdiy aytadi: Ahmad Huzraviyaning mingta muridi bor edi, «har biri suv uzra yurmoq, havo uzra uchmoq darajasiga etib erdi», Hotam Asimning muridi Abuturob Naxshabiy bilan ko'p suhbat qurgandi, deya yozib qoldirgan. Shayx Abulhafz: «Ahmad Huzraviya hammadin baland martabalik erdi» – degan ekan.
Ahmad Huzraviya Balx hokimining qizi Fotimaga uylangan va u ham tariqatga kirib, Olloh ishqida javlon urgan.
Yuqorida keltirilgan ma'lumotlardan shu narsa ma'lum bo'ldi-ki, mashhur muhrdagi o'n bir Ahmad ayrim o'zbek, qozoq, rus va boshqa olimlar yozganlaridek, Ahmad Yassaviyning taxalluslari yoxud laqablari emas, balki hazratdan avval va keyin yashagan, islom diniga katta xizmat qilgan ilm-u ma'rifat fidoyilari, zabardast, buyuk zotlar ekan. Mazkur muhr Hoja Ahmad Yassaviy maqbarasi qurilganidan so'ng tayyorlangan.
Ushbu yakuniy xulosani olimlar ham, yozuvchilar ham, tarjimonlar ham kelgusida e'tiborga oladilar, deya o'ylaymiz.

Mirahmad MIRHOLDOR o'g'li,
“Turon” FA akademigi, jarchi.kz.

O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlari uchun namuna – Butunjahon Islom uyushmasi rahbari

16.07.2025   7745   5 min.
O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlari uchun namuna – Butunjahon Islom uyushmasi rahbari

Saudiya Arabistonining Makka shahrida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqov hamda Butunjahon Islom uyushmasi Bosh kotibi Shayx Muhammad bin Abdulkarim al-Issa  ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuv va tashrif Butunjahon Islom uyushmasi taklifiga binoan amalga oshirildi. Unda O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi favqulodda va muxtor elchisi Nodir Turg‘unov ham qatnashdi.

Do‘stona va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda Markaz rahbari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizda bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida jumladan, Markaz doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar, barcha ilmiy va tashkiliy ishlar haqida ma’lumot berdi.

– O‘zbekiston Islom ilmi, fiqh va hadis sohasida yuksak merosga ega. Bu zaminda mashhur ulamolar, buyuk faqihlar, muhaddislar, mutafakkirlar va san’atshunoslar yetishib chiqqan, – dedi Islom uyushmasi bosh kotibi. – Ushbu merosning Islom olamidagi ahamiyati va dolzarbligini ko‘rsatishda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muhim o‘rin tutadi. Bu yurtning taniqli va mashhur allomalari tufayli Islom sivilizatsiyasining asl mohiyati xususan, insonparvarlik va bag‘rikenglik qadriyatlari bugungi kunga qadar saqlanib qolgan. Mazkur megaloyiha bu boy merosni jahon hamjamiyatiga tanitishda asosiy ahamiyatga ega. Biz Butunjahon Islom uyushmasi nomidan ushbu sa’y-harakatlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlar uchun namuna bo‘ladi. Markaz bilan hamkorlik qilishdan benihoyat mamnunmiz! – deya ta’kidladi Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa.

Uchrashuv davomida Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar xususan, Islom sivilizatsiyasi markazining barcha tadbirlari, rejalashtirilgan turli anjumanlarga qiziqish bildirib, bu borada olib borilayotgan ishlarni yuksak baholadi va mamnuniyat bilan e’tirof etdi. Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimi  qanchalik ahamiyatli ekanligiga esa alohida to‘xtaldi. Shu o‘rinda Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqidan quyidagi iqtiboslarni keltirdi: “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi. Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati ham shu maqsadga xizmat qiladi”. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Prezidenti tomonidan BMT minbaridan turib ilgari surilgan mazkur ulkan tashabbus Butunjahon Islom uyushmasi nomidan qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab o‘tdi.

Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Markaz tarkibida Arab-islom xattotlik maktabini ochish yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa ushbu loyihani to‘la-to‘kis qo‘llab-quvvatladi:

– Yangi O‘zbekiston loyihasi bo‘lmish bu xattotlik maktabi orqali Qur’oni karimning har bir surasini maxsus arab xatida, bezaklar bilan boyitilgan tarzda qo‘lda ko‘chirish maqsadga muvofiq, – deya taklif qildi Bosh kotib, – O‘zbekistondagi bo‘lajak Arab-islom xattotlik maktabi faoliyatini yo‘lga qo‘yishda, shuningdek, jahon miqyosida mashhur bo‘lgan katta tajribaga ega xattotlarni ushbu markazga jalb etish, xattotlarning ish faoliyati samarali bo‘lishi uchun ularni rag‘batlantirish va umuman maktab faoliyatini rivojlantirishda astoydil hamkorlik qilishga   tayyormiz.

Delegatsiya a’zolari Makka shahrida joylashgan Hiro madaniyat dahasi, Vahiy muzeyi, “Burj as-sa’a” minorasida joylashgan shu nomdagi muzey, Ka’ba kisvasi uchun qirol Abdulaziz majmuasi va Madina shahridagi “Bo‘ston” muzeyi, Payg‘ambarimiz (s.a.v) siyratlari  va Islom sivilizatsiyasi muzeyi, Jidda shahridagi Islom san’ati muzeyi va kutubxonasiga tashrif buyurdi va hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib bordi.

Bundan tashqari, Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi a’zolari muzey va kutubxonalarga qilgan tashriflari jarayonida Payg‘ambarimizning faoliyat va turmush tarzlarini ifodalovchi videolavhalar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga taqdim etilishi masalasini ham ko‘rib chiqishdi. 

Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Samarqandda yangidan bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi ziyoratchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalasida ham fikr almashildi. Bu borada Saudiya Arabistoni tajribasidan foydalanish maqsadida Butunjahon Islom uyushmasi Tadbirlar va konferensiyalar bo‘limi boshlig‘i Shokir Saloh al-Advaniy bilan muloqot o‘tkazildi. Muloqot davomida Islom uyushmasi vakili bu  masalada Saudiya Arabistonining yetakchi tashkilotlaridan biri “Ilm” kompaniyasi ko‘mak berishini bildirdi. Keyingi muhokamalar videokonferensiya shaklida davom ettirilishiga kelishib olindi. 

Islom sivilizatsiyasi markazi

Dunyo yangiliklari