Samarqand shahar Bog'ibaland mahallasi hududida joylashgan Ho'ja Ishoqi Vali masjidi yonida Ho'ja Ishoqi Vali ziyoratgohi barpo etiladi. Bu haqda viloyat turizmni rivojlantirish departamenti boshlig'i Dilshod Narziqulov ma'lum qildi.
Unga ko'ra, viloyatda turizm sohasini yanada rivojlantirish maqsadida 2020 yil davomida umumiy qiymati 306,6 milliard so'mlik 74 ta investitsion loyiha amalga oshirildi, 763 nafar yangi ish o'rinlari yaratildi. Jumladan, 17 ta mehmonxona, 29 ta oilaviy mehmon uyi, 3 ta xostel, “turizm qishlog'i”, “turizm ko'chasi”, 9 ta ekoturizm maskani tashkil etildi.
Sayyohlarning belgilangan turizm manzillariga qulay, xavfsiz hamda yuqori sifatli servis ko'rsatilgan holda etib borishlari, erkin sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida Samarqand shahri markazi, temiryo'l vokzali, aeroport va avtovokzallarda turizm bekatlari tashkil etiladi. Samarqand temiryo'l vokzalida shunday bekat faoliyat boshladi.
“Zarafshon” gazetasi xabar berishicha, o'tgan yil respublikamizdagi ilk turizm qishlog'iga aylantirilgan Samarqand tumanidagi “Konigil turizm qishlog'i”da bu yil ikkinchi bosqichda qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshiriladi. Hozirda bu erda 92 ta turistik ob'ekt va xizmat ko'rsatish nuqtalari tashkil etish bo'yicha amaliy ishlar boshlandi. Umumiy uzunligi 2,2 kilometr, maydon 7,1 gektar bo'lgan hudud tanlab olindi. Ushbu hudud lotlarga ajratilgan holda hunarmand va tadbirkorlarga taqdim etiladi.
Samarqand eshkak eshish kanali atrofida tashkil etilayotgan turistik markazdan Konigil turizm qishlog'i bo'ylab Registon maydonigacha bo'lgan hududda piyodalar yo'lagi va veloyo'laklar tashkil etish ko'zda tutilgan. Bu ham mahalliy aholi va sayyohlar uchun katta qulaylik bo'ladi.
Bugungi murakkab sharoitda mazkur loyihalarni o'z vaqtida va sifatli amalga oshirish, ushbu jarayonda tadbirkorlik sub'ektlarini qo'llab-quvvatlash maqsadida byudjetdan tashqari turizm sohasini qo'llab-quvvatlash jamg'armasi mablag'lari hisobidan turizm sohasidagi “startap” loyihalar va innovatsion biznes g'oyalarni, shu jumladan, birinchi navbatda turistlar uchun qulayliklar yaratishga yo'naltirilgan axborot dasturlari va xizmatlari 1,5 milliard so'm miqdorida qisman subsidiyalanadi. Shuningdek, 2020 yil 1 iyundan 2021 yil 31 dekabrga qadar bo'lgan davrda yangi turizm mahsulotlari va yo'nalishlarini ishlab chiqish va targ'ib qilishga gidlar uchun 5 million so'm, turoperatorlar uchun 10 million so'm miqdorida grantlar ajratish orqali qo'shimcha ko'mak ko'rsatilishi ko'zda tutilgan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bir safar aeroportdan mehmonxonaga taksi oldim. Mashina toza, haydovchi xushmuomala edi. O‘zini Ahmad deb tanishtirib, qo‘limga kartochka berdi: “Vaqtingiz xayrli o‘tsin. Mening vazifam – sizni manzilingizga eng tez, eng xavfsiz, eng kam xarajat va eng muhimi – halol xizmat ila yetkazish”.
Yo‘lda menga yana turli qulayliklarni taklif etdi.
— Hamma mijozlar bilan shunday iltifotlimisiz? – degan savolimga biroz tin olib dedi:
— Rostini aytsam, bu tarzda ishlashni ikki yil oldin boshlaganman. Undan oldin ko‘pchilik haydovchilar qatori edim. Vaqti-vaqti bilan haqni oshirib yuborish, mijozga yolg‘on gapirish, nolish va shikoyat qilish oddiy hol edi. Mashina ham, qalb ham toza emas edi.
— Keyin nima bo‘ldi?
— Bir kuni mashinam radiosidan “tanlash kuchi” haqida eshitib qoldim. Hayotimdagi ko‘p narsa tanlovimga bog‘liq ekan. Ishimni yuzaki, nolib emas, vijdon bilan, halol bajarsam, mijozlarim ko‘p, ko‘nglim xotirjam bo‘ladi. Oson yo‘lni tanlasam — pul bo‘lishi mumkin, lekin baraka bo‘lmaydi. Shunda o‘zimga so‘z berdim: endi ishimni halol qilaman. Yo‘lni aylantirib haqni oshirmayman. Vaqtni o‘g‘irlamayman. Mijozga u istaganday xizmat qilaman.
Natijasini Alloh ko‘rsatdi. Birinchi yilning o‘zida daromadim ikki barobar ortdi. Bu yil esa to‘rt barobarga yetdi. Eng muhimi, qalbim xotirjam. Endi mijozlar o‘zlari menga qo‘ng‘iroq qilib, oldindan band qilishadi. Chunki odamlar halol xizmatni zumda anglaydi va qadrlaydi.
Bu so‘zlar meni o‘yga toldirdi. Shunda angladim: halollik — katta shior emas, kundalik eng oddiy odat va qo‘yiladigan eng to‘g‘ri qadam ekan. Aynan shu fazilat insonga baraka va xotirjamlik olib kelar ekan.
Abdulhay XUSHVAQTOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi