Joriy yilning 1-2 mart kunlari Vaqf xayriya jamoat fondi rahbari Yahyo qori Abdurahmonov, Qoraqalpog'iston Respublikasiga tashrif buyurib, bir qancha xayriya tadbirlarini amalga oshirdi.
Jumladan, Qo'ng'irot tumani “Hakim Sulaymon” jome masjidi imom-noibi bo'lib islom ma'rifatini yoyishda jonbozlik ila mehnat qilgan, pandemiya davrida “Covid” sabab vafot etgan Mahammad-Ali qori Mamutovning oila a'zolari – ayoli va uch nafar voyaga etmagan go'dak farzandlariga, Nukus shahrida qurib bitkazilgan barcha qulayliklarga ega ko'p qavatli uylardan, 3 xonali yangi xonadon, homiylarni jalb qilgan holda hadya qilindi.
Zotan, mamlakatimizdagi masjid xodimlarini, xususan imom-xatiblar, imom noiblari, mutavallilar, muazzinlarni moddiy va ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, fondning asosiy vazifalaridan hisoblanadi.
“Alloh taolo bizni og'ir musibat bilan sinadi. Uchta go'dak etimlarim bilan ijarada, nima qilishga hayron bo'lib mahzunlikda yashardim. Ammo, Allohdan takror va takror yolvorib so'radim, umid qildim. Shukrlar bo'lsinki, o'zim kutmagan vaqtda, Vaqf fondi tomonidan bugun bizga, Nukus shahri markazidan, tayyor, uy-ro'zg'or buyumlari va mebellari bilan 3 xonali yangi xonadon hadya qilindi. Buning uchun fond rahbar-xodimlariga, xayriya qilgan insonlarga rahmat deyman. Insha alloh farzandlarimni ham huddi otasi kabi dinga, xalqqa, vatanga xizmat qiladigan inson bo'lib ulg'ayishiga harakat qilaman”, dedi, marhum imom-noibning ayoli.
Ummu Sa'iyd binti Murra Fihriydan, u otasidan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «O'z etimini yoki begonaning etimni kafolatiga olgan, agar Allohga taqvo qilsa, men bilan jannatda mana bunday bo'ladi», deb ikki barmoqlariga ishora qildilar».
Mazkur xayrli tadbirda xizmati va saxovati bilan ishtirok etgan barcha saxiy insonlarni Alloh taoloning O'zi mukofotlasin!
“Yaxshilikning mukofoti, faqat yaxshilikdir”!
Vaqf xayriya jamoat fondi matbuot xizmati
Ko‘hna va boqiy Buxoro shahridagi Mir Arab o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida navbatdagi 57-xatmona marosimi bo‘lib o‘tdi.
Qur’oni karim tilovati va xayrli duolar bilan boshlangan tadbirni ta’lim muassasasi direktori Jaloliddin domla Saburov ochib berib, yig‘ilganlarni qutladi va bitiruvchi talabalarning o‘qish davrida qo‘lga kiritgan yutuqlariga to‘xtalib o‘tdi.
Marosimda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Buxoro viloyati vakili Jobir domla Elov, taniqli ulamo Abdulg‘ofur Razzoq Buxoriy hamda viloyat hokimi o‘rinbosari Azizbek Qalandarov so‘zga chiqib, bitiruvchilarni qutlug‘ qadam bilan muborakbod etdilar va ularning kelgusi diniy-ma’rifiy faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tiladilar.
Tantanali tadbir davomida ustozlar va ota-onalarga cheksiz minnatdorlik izhor etgan bitiruvchilar orasidan Qur’oni karimni to‘liq yod olgan qorilar, xususan, Kalomullohni bir o‘tirishda yoddan tilovat qilib topshirgan iqtidorli talabalar alohida taqdirlandilar.
Muqaddas kitobni qalbiga jo qilgan bu yoshlarga ta’lim muassasasining tashakkurnomalari va qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati