Alloh taologa shukrki, mamlakatimiz taraqqiyotining yangi davrida Islom dini ma'rifatini keng yoyish, ulug' allomalarimizning boy merosini o'rganish, xalqimizga xos bo'lgan odamiylik, mehr-muruvvat, bunyodkorlik kabi ezgu fazilatlarni targ'ib etish yo'lida tahsinga sazovor ishlar amalga oshirildi.
So'nggi yillarda yurtimizda tashkil etilgan Islom tsivilizatsiyasi markazi, Islom akademiyasi, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda ilmiy maktablarda bu yo'nalishda aniq, manzilli ishlar amalga oshirilayotir.
Bundan tashqari, diyorimiz hududlari bo'ylab yangidan ochilayotgan masjid va madrasalar, qayta chiroy ochayotgan muborak qadamjolar mo'min-musulmonlarimizni cheksiz mamnun etmoqda.
Ta'kidlash joizki, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Burhoniddin Marg'inoniy, Abu Muin Nasafiy, Mahmud Zamaxshariy, Bahouddin Naqshband, Muhammad Horazmiy, Ahmad Farg'oniy, Abu Ali ibn Sino, Alisher Navoiy singari tabarruk zotlarning bemisl xizmatlari nafaqat mintaqamizning ma'naviy rivojida, balki butun jahon ilm-fani ravnaqida muhim o'rin tutadi.
So'nggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan Islom dini ilmlarini tadqiq qilish bo'yicha keng ko'lamli ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, diniy-ma'rifiy sohada olib borilayotgan islohotlardan aholi mamnun, xorijlik mutaxassislar esa yuqori baholamoqda. Bunday ma'naviy-ma'rifiy sohadagi keng ko'lamli ishlar kelgusida o'lkamizdan yana buxoriylar, termiziylar, nasafiylar, naqshbandiylar etishib chiqishiga zamin bo'ladi, inshaAlloh.
Musulmon Renessansi, ya'ni Uyg'onish davriga asos bo'lgan ajdodlarimizning dunyoni hayratga solgan beqiyos meroslarini o'rganish, ular insoniyatga taqdim qilgan ta'limotlarni rivojlantirish, ilmiy xulosalarini boyitish, shubhasiz, navbatdagi Renessansga poydevor bo'ladi.
Haqiqatan, o'rta asrlardayoq Buxoro o'zining madrasalari va ulamolari bilan shuhrat qozonib, haqli ravishda “Islom olamining quvvati” unvoniga sazovor bo'lgan. Samarqand va Buxorodagi madrasalar o'rta asrlarning dorulfununlari vazifasini bajargan.
Din ilmlarini tadqiq etish, ilmu ma'rifatni puxta o'rganish muhim ekanini Hazrat Navoiy quyidagicha ta'riflaganlar:
Azal-azaldan ilmu ma'rifat markazi bo'lib kelgan zaminimizda ilm dargohlari qaytadan tashkil etilib, ularga yuksak maqom berilishi bemisl tarixiy voqea bo'lmoqda. Ayniqsa, Buxoroyi Sharifdagi Mir Arab madrasasiga oliy maqom berilishida katta ma'no, tarixiy haqiqat mujassam. Zero, ushbu ta'lim dargohi besh yuz yil avval ana shunday yuksak maqomda tashkil etilgan ekan. Yillar davomida bu erda yuzlab olimu ulamolar kamolga etgan. Davlatimiz rahbari tomonidan madrasaga oliy maqom berilishi yana bu erdan allomalar, mutafakkirlar etishib chiqishiga umid uyg'otadi.
Darhaqiqat, Islom dini inson manfaatlari va jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiluvchi har qanday ilmiy tadqiqot va yangilikni qo'llab-quvvatlaydi. Buni oyati karimalar va hadisi shariflar ham tasdiqlaydi. Qur'oni karimda “ilm” so'zi 811 o'rinda turli ma'nolarda keladi. Jumladan, ilm egalarini shunday madh etiladi: “Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko'tarur” (Mujodala surasi, 11-oyat).
Hazrati Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ko'p hadisi shariflarida ilm olishga da'vat etganlar. U zoti sharif bir hadisda: “Kim dunyoni xohlasa, tijorat qilsin. Kimki oxiratni xohlasa, zohid bo'lsin. Kimki ikkisini ham xohlasa, ilm olsin”, — deb marhamat qilganlar.
Otashqalb shoir Muhammadrizo Ogahiyning ilmni ulug'lab yozgan quyidagi bayti yuqoridagi hadisi sharifning nazmiy ifodasidir.
Mana shunday quvvatli manbalarga tayangan o'lkamizda ilm-ma'rifatga bo'lgan e'tibor eng yuqori bosqichga ko'tarilmoqda. Barcha islohotlarning asosiy maqsadi — yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalikni asrash, farzandlarimizni buyuk ajdodlarimizga mos tarzda tarbiyalash, xalqimiz hayotini yanada farovon etishdan iborat.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar O'zbekistonning yangi qiyofasini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, bugun ijobiy o'zgarishlarni yurtimizdagi har bir inson o'zining bugungi turmush tarzida, dunyoga bo'y cho'zayotgan bolalari misolida his qilyapti.
Ta'kidlash joizki, mamlakatimizga tashrif buyurayotgan nufuzli mehmonlar ham olib borayotgan ishlarimizni ko'rib, o'z mamnunliklarini bildiryapti. Jumladan, Misr bosh imomi, Al-Azhar majmuasi rahbari, shayx Ahmad Muhammad Toyyib hazratlari Toshkent shahridagi “Hazrati Imom” jome masjidiga tashrif qilgan chog'larida o'z fikr va taassurotlarini shunday izhor qilgan edi:
— Biz O'zbekistonni ziyorat qilar ekanmiz, butun dunyoni o'z ilm nuri bilan nurafshon etgan, Allohning kalomini bizlarga etkazib kelgan ulug' allomalar yurtini ziyorat qilayotganimizdan behad mamnunmiz. Biz ayni damda hozir bo'lib turgan ushbu muborak masjid, Abu Bakr Qaffol Shoshiy nomlari bilan atalar ekan, bu zot o'zining fiqh ilmiga qo'shgan ulug' hissalari bilan islom olamida nom qozongan bo'lib, butun dunyodagi madrasa va islomiy ta'lim dargohlarida asarlari o'qitib kelinadi. Biz Al-Azhar universitetida Imom Moturidiy, Imom Nasafiy, Imom Samarqandiy asarlaridan ta'lim beramiz. Shuningdek, Beruniy, Ibn Sino kabi allomalarning kitoblarini ham tadqiq etamiz.
Demakki, diniy-ma'rifiy jabhada amalga oshirilayotgan ahamiyati beqiyos ishlar, yangidan barpo etilayotgan ilmiy markazlar, masjid-madrasalar, ulug' ajdodlarimiz nomidagi majmualar, xalqaro hamkorlik rivojlanib, chet ellik taniqli ulamolarning diyorimizga tashriflari, nufuzli tashkilotlar bilan aloqalar o'rnatilayotgani yurtdoshlarimizga cheksiz quvonch, g'urur-iftixor bag'ishlamoqda.
Hulosa qiladigan bo'lsak, shunday yuqori e'tiroflarga sazovor bo'lgan ishlarni jadallashtirishdan maqsad dunyo tamadduni beshiklaridan biri bo'lgan O'zbekistonning tarixiy yuksak maqomini qayta tiklash, Vatanimizni ilm-fan markazlaridan biriga aylantirish, shu orqali diyorimizda Uchinchi Renessansni — Uyg'onish davrini yuzaga keltirishdir.
Bugun, 16 iyun kuni poytaxtimizda start olgan «Investitsiyalar barqarorligi: yangi ufqlar, yangi hamkorliklar» mavzusidagi Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida «Toshkent» zalida muhim panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
«Islomiy moliya va sukuk bozorlari: Ko‘rfaz kapitalini rivojlanayotgan iqtisodiyotlarga yo‘naltirish» mavzusiga bag‘ishlangan ushbu sessiyada xalqaro va mahalliy ekspertlar, moliyaviy tashkilotlar va davlat sektori vakillari ishtirok etdi.
Bugungi kunda jahon islomiy moliya bozorining hajmi 3 trillion AQSH dollaridan oshib ulgurdi. Sessiya davomida islomiy moliyaning asosiy vositalari hisoblangan sukuk (islomiy obligatsiyalar), takaful (islomiy sug‘urta) va shariat tamoyillariga muvofiq bo‘lgan boshqa moliyaviy tuzilmalar rivojlanayotgan bozorlar, xususan, O‘zbekiston iqtisodiyoti va infratuzilma loyihalariga suveren kapitalni jalb qilishda qanday rol o‘ynashi mumkinligi atroflicha tahlil qilindi.
Islom taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakili Xusan Xasanov moderatorlik qilgan davra suhbatida yangi moliyaviy mahsulotlar dizaynini yaratish, milliy qonunchilik va tartibga solish tizimini xalqaro shariat standartlari bilan uyg‘unlashtirish hamda yangi emissiyalarga institutsional investorlarning talabini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
Panel sessiyasida sohaning nufuzli ma’ruzachilari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirov, "AD Wealth" boshqaruvchi sherigi Alisher Jumanov, "IMAN" bosh ijrochi direktori Rustam Raxmatov, Ruminiyaning sobiq tashqi ishlar vaziri Ramona Menesku hamda O‘zbekiston iqtisodiy rivojlanish jamg‘armasi vitse-prezidenti Salome Svanadze o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.
Ekspertlarning firicha, O‘zbekistonda islomiy moliya ekotizimining rivojlanishi Ko‘rfaz mamlakatlaridan yirik investitsiya oqimlarini jalb qilish va mamlakatda tadbirkorlik sohasini moliyalashtirishning muqobil manbalarini yaratishda yangi ufqlarni ochib beradi.
Forum doirasidagi muhokamalar va sho‘ba majlislari davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati