Bir necha yil oldin Shvetsiyaning parlamenti mamlakatda erkaklar uchun jamoat joylari va hojatxonalarida turib siyishni taqiqlaydigan qonun loyihasini ishlab chiqqan edi. Qonun loyihasi mualliflariga ko'ra, ular gigiyena nuqtai nazaridan shunday xulosaga kelishgan. Umumiy hojatxonalarda turib siyish oqibatida hojatxona hududi siydik bilan to'lib, turli noxushliklarni keltirib chiqaradi. O'tirib hojat chiqarilganda esa, bunday holat kelib chiqmaydi.
Ushbu qonun loyihasini qo'llab-quvvatlagan Shvetsiya parlamentidagi So'llar partiyasi fraktsiyasining ma'lum qilishicha, maxsus o'tkazilgan tadqiqot tibbiy xulosalariga ko'ra, o'tirib siyganda prostatit, siydik yo'llari kasalliklarining oldi olinadi, erkakning jinsiy faolligi mustahkamlanadi. Tik turib siyish erkakning jinsiy sog'ligiga yomon ta'sir ko'rsatadi. «Shuningdek, biz odamlarga pokiza hojatxonalardan foydalanishga imkoniyat yaratamiz», — deydi partiya vakili. Bu haqda Islamonline.uz xabar berdi.
14 asr ilgari Payg'ambarimiz Muhammad sollalohu alayhi vasallam ham erkaklarga o'tirib siyishni ta'lim bergan edilar. Oisha roziyallohu anho: «Sizlarga kim: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tik turib siygan edilar, desa ishonmanglar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o'tiribgina siygan edilar» deb aytgan edilar (Imom Ahmad 1/192, Termiziy 1/27, ibn Moja 307).
Ushbu hadis roviysi Termiziy rahimahulloh: «Bu bobda rivoyat qilingan hadislarning eng sahihi shu hadisdir. Chunki bunday qilish avratni to'suvchiroq va peshobning sachrashidan himoya qiluvchiroqdir» – deganlar.
Islomda fan bilan shug'ullanish rag'batlantiriladi, chunki haqiqat islomda ekani, fan esa Qur'on va sunnatda aytilgan narsalarni faqat tasdiqlashini bilishadi.
Buni g'arblik mutafakkir Sh. Mismar ham qayd etgan: "Nasroniylar fan tufayli din-etiqodni yo'qotmoqda, musulmonlar esa aksincha, kuchaytirmoqda". Fan bundan 1400 yil oldin Qur'on va sunnatda aytilgan narsalarni doimo tasdiqlaydi, bu bilan hatto butun boshli fan bo'limi - Qur'on va sunnatda ilmiy e'joz ham shug'ullanadi.
Yaqinda tibbiyotga oid nashrlarda paydo bo'lgan xabarga ko'ra, tik turgan holda siyish siydik yo'llari saratoniga olib kelishi mumkin ekan. Gap shundaki, tik turgan holda siyishda siydik pufagi siydikdan to'laligicha bo'shamas ekan. Siydik qolib ketishi esa saratonga olib kelishi mumkin ekan. O'tirgan holda siyganda esa siydik pufagi to'laligicha siydikdan bo'shaydi.
Payg'ambar Muhammad (s.a.v.) tabib ham, shifokor ham, olim ham bo'lmaganlar, na o'qishni va na yozishni bilganlar. Unday bo'lsa, olimlar endigina kashf qilgan narsani ular qayerdan bilganlar? Chunki buni har narsani bilguvchi Alloh bildirgan. Alloh bizni to'g'ri yo'ldan – sunnatdan adashtirmasin.
***
Siyish bilan bog'liq nozik masalani javobsiz qoldirish mumkin emas, chunki «unitaz» bilan bog'liq muammolar erkaklar sog'lig'i umumiy holati haqida dalolat beradi. Bizning ekspertlar - urolog, seksolog Katerina Komarevtseva va urolog, xirurg Igor' Pirojok qay holatda siyish yaxshiroq ekanligi haqida hikoya qilib berdilar.
Katerina Komarevtseva: «Niderlandiyalik olimlarning tadqiqot natijalari shuni tasdiqlaydiki, o'tirgan holda siyish erkaklar uchun foydali ekan. Bu holatda tos osti mushaklar bo'shashadi, mos ravishda, siydik oqimi yaxshilanadi va siydik pufaygi yaxshiroq bo'shatiladi».
«Erkak kishi shikoyat bilan kelganda siydik qoldig'i qancha qolganligini aniqlash uchun u siyishdan oldin va siygandan keyin UZI tekshiruviga yuboriladi. U umuman qolmagan bo'lishi ham, bir litr chiqishi ham mumkin. Aynan o'tirgan holda siyish siydikning to'liq chiqib ketishini ta'minlaydi», – qo'shimcha qildi urolog.
Mutaxassisning so'zlarini Igor' Pirojok ham tasdiqladi: «Men operatsiyadan keyin mijozlarimga aynan utirgan holda siyishni tavsiya qilaman. Ularning o'zlari ham bu ancha qulay ekanligi haqida hikoya qiladilar – siydik pufagi bunday holatda kamroq og'rirkan. O'tirgan holda siyish erkaklarda siydikni haydaydigan mushaklarga yaxshiroq ta'sir etadi, tos tubi mushaklarining bo'shashini yaxshilaydi. Agar erkak kishi o'tirgan holda siyadigan bo'lsa, siydik pufagidagi bosim pasayadi va siydik qaytariladigan oqim bo'lmaydi – reflyuks ham, piyelonefrit hujumi ham yo'q. Sha sababli bunday muammosi bo'lgan erkaklar o'tirgan holda siyganlari ma'qul. Ehtimol, bu g'ayriodatiy bo'lib tuyular, lekin tibbiyot nuqtai nazaridan bu mutlaqo asoslangandir».
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Nihoyat, Makka fath bo‘ldi. Bir paytlar g‘ordan vahiy dahshatidan titrab-qaltirab yolg‘iz tushib kelgan bir nafargina Inson butun bir ummatga aylandi.
Tun zulmatida Quraysh o‘ldirishga qasd qilgan Inson Makkadan sodiq do‘sti bilan Madina tomon chiqib, bir necha yildan so‘ng Makkaning to‘rt darvozasidan kuppa-kunduz kuni g‘olib bo‘lib kirib keldi! Kuraysh esa, o‘sha kuni o‘zlaridan qasos olinishini kutib, u zotning oldida bosh egib o‘tirardi. Ularni nima qildi deb o‘ylaysiz?
U kishini yolg‘onchiga chiqarganlarni, aziyat berganlarni, Ka’ba atrofida sajda qilayotganida ustiga tuyaning eshini (ya’ni, ko‘p kitoblarda " سَلَى جَزُور"ni tuyaning ichak-chavog‘i deb yozishadi. Ustoz Abdul Azim Ziyouddin domla «Nurul yaqiyn» kitoblarida yozgan izohda bunday tushuntirganlar: «Imom Buxoriy rivoyatida سَلَى جَزُور va Muslim rivoyatida سَلَى جَزُور, ya’ni «tuyaning qog‘onog‘ini» deyilgan. Qog‘onoq — homilani o‘rab turuvchi shilliq parda, yo‘ldosh.) ag‘darganlarni, Abu Tolib darasida qamal qilganlarni, u kishini yolg‘onchi, sehrgar, majnun deb ayblaganlarni, so‘ngra u kishini o‘ldirish uchun har bir qabiladan bittadan kishi tanlab, u kishining qoni barchaga tarqalishi uchun birgalikda o‘ldirmoqchi bo‘lganlarni nima qildi deb o‘ylaysiz?
U zot sollallohu alayhi vasallam ulardan qasos olmadilar. Balki ularga: «Boraveringlar, sizlar ozodsizlar!» dedilar!
Abu Bakr roziyallohu anhu uyiga borib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam duo qilishlari va islomga kirishi uchun qartayib qolgan, oyoqlarini ko‘tarishga ham majoli yo‘q otasi Abu Quhofani olib keldi. U hali-hamon iymon keltirmagan edi. Uni ko‘rgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qariyani ovora qilibsan-ku, uni uyida qoldirsang bo‘lmasmidi, biz o‘zimiz uning oldiga borar edik», dedilar.
Abu Bakr roziyallohu anhu aytdi: «Yo Allohning Rasuli! Sizning borishingizdan ko‘ra otam kelishi to‘g‘riroqdir».
Nabiy sollallohu alayhi vasallam uni o‘tirishga taklif qildilar. Uning ko‘ksini siladilar va: «Musulmon bo‘l», dedilar. Abu Quhofa iymon keltirdi. Abu Bakr roziyallohu anhu yig‘ladi. Qo‘lida ko‘p sahobalar islomga kirgan, ko‘p buyuklar iymonga kirgan buyuk sahobaning otasi endi Islomga kirdi...
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning odoblariga qarang! U kishi yoshi bir joyga borib qolgan qariyaning huzurlariga kelishini noo‘rin bildilar. O‘zlari uning oldiga borishga tayyor ekanliklarini aytdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam doimo yoshi kattalarga shafqatli edilar. Doimo: «Sochlari oqargan musulmonni ikrom qilish Allohni ulug‘lashdandir!» der edilar.
Bir qariya Nabiy sollallohu alayhi vasallamni qidirib keldi. Sahobalar unga yo‘l berishmadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga: «Kichigimizga rahm qilmagan, kattamizni hurmat qilmaganlar bizdan emas!» dedilar.
Qariyalarga xuddi otamiz yoki bobomiz kabi muomalada bo‘lishimiz lozim. Onaxonlarga esa onamiz yoki buvimiz kabi muomalada bo‘lishimiz kerak. Inson qariganda o‘zining zaifligi, bemorligi va ojizligiga qarab qachonlardir yosh bo‘lganini, kuchli bo‘lgan paytlarini eslaydi, eziladi. Garchi boshqalarga ko‘rsatmasa-da, qalbida siniqlikni his qiladi. Bu siniqlikka faqatgina atrofdagilar beradigan e’tibor va hurmatgina davo bo‘la oladi! Ko‘ngil olish ibodatdir!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi