
(2 mart 1992 yildan beri bayrog'imiz BMTda)
“Ey imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga
kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz!
Albatta u sizlarga aniq dushmandir”.
Qur'oni Karim, Baqara surasi 208 oyat
Birlashgan Millatlar Tashkiloti (ingliz.United Nations) BMT – Yer yuzida tinchlikni va xavfsizlikni ta'minlash, davlatlarning va millatlarning o'zaro xamkorligini rivojlantirish maqsadida 1945 yil 24 oktyabrda fashizm ustidan g'alaba qozongan mustaqil davlatlarning ixtiyoriy birlashish asosida tuzilgan eng yirik xalqaro tashkilot.
BMT Ustavida ko'rsatilgandek, u xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash, xalqlarning tengxuquqlili bo'lishi va o'z taqdirini o'zi belgilashi qoidasiga amal qilib, millatlar o'rtasida do'stlik munosabatlarini rivojlantirishni, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy muammolarni xal etishda xalqlar o'rtasida xamkorlik bo'lishini ta'minlashni ko'zda tutib, shu umumiy maqsadlarga erishishda millatlar xarakatini uyg'unlashtirib turadigan markazi xisoblanadi.

BMT Ustavi – barcha davlatlar rioya etilishi shart bo'lgan yagona xalqaro xujjatdir.
Bugungi kunda er yuzida 270 dan ortiq mamlakat mavjud bo'lib, ulardan 193 tasi BMTga a'zo bo'lgan.
O'zbekiston Respublikasi 1992 yilning 2 martida BMTga a'zo bo'ldi. Dunyodagi eng nufuzli tashkilot bo'lmish BMTning Bosh Assambleyasi binosi oldida O'zbekiston Respublikasining Davlat bayrog'i shu kuni 2 mart 1992 yildan beri yuqoriga samoga ko'tarilgan. 1993 yilning 24 avgustida BMTning Toshkentdagi vakolatxonasi ochildi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining va Birlashgan Millatlar Tashkilot taraqqiyot Dasturining O'zbekistondagi doimiy vakili xamda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishiga binoan O'zbekiston Respublikasining Birlashgan Millatlar Tashkiloti (N'yu-York shahri) dagi doimiy vakili faoliyat yuritadilar.
O'zbekiston Respublikasi BMTning teng xuquqli a'zosi sifatida bu eng nufuzli xalqaro tashkilotning maqsad va qoidalariga qat'iy amal qilib kelmoqda.
1948 yil 10 dekabrda Bosh Assambleyasi Inson xuquqlari Umumjaxon Deklaratsiyasini e'lon qildi va qabul qildi. “Har bir odam uchun insonning umumiy xuquqlari ilk bor o'z ifodasini topgan ushbu xujjat bugungi kunda 360 dan ortiq tilda chop etilgan va jaxondagi eng ko'p tarjima qilinadigan xujjat xisoblanadi. Bu uning universal xususiyatga ega ekanligi va keng tarqalishidan dalolatdir. Mazkur xujjat ko'plab yangi, mustaqil davlatlar konstitutsiyalari va yangi demokratiyalar uchun namuna bo'lib xizmat qilmoqda, ongimizda ezgulik va yovuzlik xaqida fikr yuritish imkonini beradigan mezonga aylandi,” – deb tarifladi BMTning Bosh kotibi.
Ushbu deklaratsiya mustaqil O'zbekiston Respublikasi imzolagan eng birinchi xalqaro xujjatdir. 1991 yil 30 sentyabr'. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining “Inson va fuqarolarning asosiy xuquqlari, erkinliklari va burchlari” deb atalgan ikki bo'limi mazkur deklaratsiya talablariga to'la mos bo'lib, unda O'zbekiston Respublikasi barcha fuqarolari teng xuquq va erkinliklarga ega bo'lishi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqesidan qatiy nazar, qonun oldida tengligi ta'minlangan. Respublikamizda inson xuquqlariga oid yuzdan ortiq qonunlar qabul qilingan va ular xalqaro me'yorlar va andozalarga muvofiqlashtirilgan.
BMT Bosh Assambleyasida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti muxtaram Prezidentimiz tomonlaridan mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik muammolarini hal etish yo'l-yo'rig'i dunyo miqyosidagi muammolar bilan birga qo'shib ochib berildi. Hamda O'zbekistonning keng ko'lamli hamkorlikka oid hamma takliflarida uni BMT faoliyati va bu tashkilotning ixtisoslashgan muassasalari orqali amalga oshirish tamoyillari ilova qilindi.

Hammamizning xabarimiz bor, Muhtaram Prezidentimiz o'z nutqlarida muborak Islom dinimizning asl insonparvarlik mohiyatini butun jahon jamoatchiligiga etkazish oldimizda turgan muhim vazifa ekanini alohida qayd etdilar.
Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida jaxonning eng yuqori minbaridan turib, mustaqil O'zbekiston tashqi siyosatining ma'naviy yo'nalishi insonparvarlik, insoniylik, oshkoralik, xurriyat, o'z imkoniyatlariga tayanish va insoniyatning yagona oilasida o'z taraqqiyot yo'liga ega bo'lishligini ta'kidlab, bayon qildilar.
Shuningdek, davlatimiz Rahbari aslida Islom dini ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarga rioya etishga da'vat etishini alohida ta'kidlab o'tdilar. Jumladan, Muhtaram Prezidentimiz shunday dedilar: «Biz butun jahon jamoatchiligiga Islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini etkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamligining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo'ravonlik va qon to'kish bilan bir qatorga qo'yadiganlarni qat'iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da'vat etadi”.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti – tinchlikni va xalqaro xavfsizlikni qo'llab quvvatlash, davlatlararo xamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan universal tashkilotdir.
BMT har bir insonni xuquqlarini qo'llab quvvatlash, kengaytirish va ximoya qilish majburiyatini o'z zimmasiga olgan dunyodagi yagona tashkilot sifatida dunyoning “umujaxon parlamenti” sifatida kalendarning ma'lum bir kunini insoniyat uchun, xalq uchun, umumjamiyat uchun zarur bo'lgan masalalarga bag'ishlab qo'ygan.
“Dinlararo bag'rikenglik xaftasi”, “Saraton bilan kurashish xalqaro kuni”, “Halqaro ijtimoiy adolat kuni”, “Halqaro ona tili kuni” fevral' oyida. Mart oyida “Kamsitishga nol' kuni”, “Halqaro yovvoyi tabiat”, “Halqaro irqiy kamsitilishni bartaraf etish kuni”, “Irqchilik va irqiy kamsitilishlarga qarshi kurashayotgan xalqlar bilan birdamlik xaftasi”, “Halqaro sil kasalligiga qarshi kurashish kuni”, “Halqaro inson xuquqlari poymol bo'lishida xaqiqatni o'rnatish kuni”. Aprel' oyida “xalqaro sport, tinchlik va taraqqiyot yo'lida kuni”, “Yo'l harakatlarida sodir etilgan xodisalarda xalok o'lganlarni xotiralash kuni”, iyun' oyida “Halqaro atrof muxitni muxofaza qilish kuni”, “Halqaro qochoqlar kuni”, “Giyohvandlikka qarshi kurashish kuni”, “Halqaro muruvvat kuni”, sentyabr' oyida “Halqaro tinchlik kuni” bo'lib deyarli 365 kun insonlarning turli muammolarini engillashtirishda, ba'zi muammolarni echilishida o'z samarasini bermoqda.
BMT o'z taraqqiyot dasturini amalga oshirishda dunyoning turli chekkalarida va er yuzining barcha mintaqalarida BMTning ko'plab ixtisoslashgan tashkilotlari va muassasalari orqali ham tinchlikni saqlashda, insonlar hayotidagi muammolarni bartaraf etishda salmoqli hissa qo'shib kelmoqda. Zero Birlashgan Millatlar Tashkilotining XIX ta boblaridagi 111 ta moddalarining barchalari ham er yuzida xalqlararo tinchlik va xavfsizlikni barpo etish bilan yo'g'irilgan.
BMT Ustavida ta'kidlangan xalqaro tinchlik va xavfsizlikni barpo etishda O'zbekiston Respublikasining hissasi beqiyos va betakror. Jannatmakon yurtimizni tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, dono xalqimiz salomatligi va farovonligi, muborak dinimiz kamoli va masjidu madrasalarimiz obodligi uchun muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoev raxnamoliklarida xukumatimiz, Diniy idoramiz rahbariyati tomonlaridan oqilona olib borilayotgan xayrli, savobli ishlarni amalga oshirish maqsadida viloyatlarimiz raxbarlari hamda shahar, tuman rahbarlarining boshchiliklarida istiqlolimiz sharofati bilan mehnatkash xalqimiz ko'p ishlarni amalga oshirdi va shu olijanob islohotlar xali xamon bajarilib kelinmoqda. Bunga dunyo tan bermoqda...
Ibrohimjon INOMOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari
Bugunning gapi
“Uch xonali xonadonimni ta’mirlatish uchun ikki oy muddatga kelishib usta tushirgandim, olti oyda zo‘rg‘a chala-chulpa qilib ishini tugatdi...”
“Ustalar nega bunaqa-a? Uyini ta’mirlatib, ustalardan roziman, degan odamni uchratmadim...”
“Ko‘pchiligi odamga firib beradi: ishni vaqtida bajarmaydi, ta’mir ishlari tugagach, boshida kelishilgan narxdan ikki barobar ko‘p mablag‘ so‘raydi...”
Yuqoridagi gaplar – uyini, xonadonini ta’mirlatib, ustalardan kuygan kishilarning dod-faryodlari.
Bugungi kunda jamiyatda ayrim ustalarning o‘z ishini vijdonan bajarmasligi, sifatsiz materiallar ishlatishi, vaqtni cho‘zishi yoki turli nayranglar bilan buyurtmachini aldashi, afsuski, ko‘pchilikni tashvishga solish barobarida shu kasb egalariga nisbatan ishonchning susayishiga yoki butunlay yo‘qolishiga olib kelyapti.
Yaxshi niyatda uyini, xonadonini ta’mirlatmoqchi bo‘lgan kishi usta ishlatgan tanishlaridan so‘rab-surishtirishi tayin. Yaqinda men ham xonadonimni ta’mirlatmoqchi bo‘lib usta izladim. Tanish-bilishlardan, do‘stlarimdan so‘rasam, yarmidan ko‘pi ustalardan nolidi. Bu holat nafaqat moliyaviy zarar, ayni paytda insonlar o‘rtasidagi ishonchning yo‘qolishiga ham sabab bo‘lmyaptimi?!
Islom ta’limotida halol mehnat, omonatdorlik va rostgo‘ylik yuksak fazilat ekani ta’kidlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Darhaqiqat, Alloh omonatni o‘z egalariga topshirishingiz va odamlar o‘rtasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishingizga buyurar. Albatta, Alloh sizlarga yaxshigina nasihat qilur. Albatta, Alloh eshituvchi va ko‘ruvchi Zotdir” (Niso surasi, 58-oyat).
Ustalik – yaxshi kasb. Usta omonatdor bo‘lsa, odamlarning hojatini ravo qiladi, ko‘pga foydasi tegadi. Buyurtmachi o‘z molini, mablag‘ini ustaga ishonib topshiradi. Usta shu ishonchni oqlashi, ishni puxta va vijdonan bajarishi shart.
Uy – insonning boshpanasi. Uning har bir g‘ishti ezgu niyat bilan qo‘yiladi, har bir devori umid bilan ko‘tariladi. Ammo, afsuski, ba’zan ayrim ustalar imorat qurish yoki ta’mirlashda nayrang qiladilar. Usta tashqi tomondan devorni silliq suvaydi, ammo ichidagi yoriqlarni berkitadi. Bo‘yoqning yaltirog‘i ko‘zni quvnatadi, lekin ortidagi nuqson vaqt o‘tishi bilan ko‘zga tashlanadi.
Yangi ta’mirlangan xonadondan hali bo‘yoq hidi ketmay turib shiftda yoriqlar paydo bo‘ladi, eshiklar qiyshayib qoladi, pol esa g‘ichirlab imorat egasining asabini buzadi. Buyurtmachi ustaga bergan mablag‘iga ichi achiydi.
Ba’zi ustalar sifatli qurilish materiali olish uchun berilgan pulga arzon mahsulot sotib oladi. Qolgan mablag‘ni esa “mehnat haqim” deb o‘maradi. Sementga qumni ortiqcha qo‘shadi, temir yoki armaturani ingichkarog‘iga almashtiradi, mis simlar o‘rniga alyuminini tortadi.
Yana shunday ustalar ham borki, bir haftada tugatishga kelishilgan ishni bir oygacha cho‘zadi. Bahona ham tayyor: “Material kelmadi”, “Yordamchim betob bo‘lib qoldi”, “Ertaga tugatib beramiz” va hokazo.
Eng yomoni, ustaning qo‘lidan chiqqan uy bir yil o‘tar-o‘tmas yana ta’mirga muhtoj bo‘lib qoladi. Bu hunar emas, hiyladir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim bizni aldasa, bizdan emas”, deganlar (Imom Muslim rivoyati). Bu hadis har qanday sohadagi firibgarlikni qamrab oladi. Agar usta arzon yoki sifatsiz materialni qimmatbaho deb ko‘rsatsa, ishni ataylab chala bajarsa yoki keyin yana ta’mirga muhtoj bo‘ladigan qilib ishlasa, bu aldamchilikdan, firibgarlikdan boshqa narsa emas. Afsuski, bugun ko‘pchilik ustalar hiyla va nayrangni kasb qilib olganlar. Buning oqibatida na o‘zlari baraka topadilar, na buyurtmachi ularga bergan mablag‘iga rozi bo‘ladi.
Haqiqiy usta, o‘z ishini vijdonan qiladigan kishi boshqacha bo‘ladi. U har bir ishini bekamu ko‘st bajaradi. Chunki u odamlardan yashirgan nuqsonni, albatta, Alloh taolo ko‘rib, bilib turishini yaxshi anglaydi. Unday ustalar o‘zlariga Alloh taoloning: “Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Baqara surasi, 195) oyatini hamda Nabiy alayhissalomning: “Alloh taolo o‘z ishini chiroyli, puxta qiladigan kishini yaxshi ko‘radi” (Imom Tabaroniy rivoyati), degan muborak hadislarini o‘zlariga shior qilib olgan bo‘ladilar. Lekin, afsuski, hozir bunday ustalarni topish amrimahol. Borlari ham “qo‘lma-qo‘l”.
Omonatdor ustalar qurgan uylar, yillar o‘tsa ham, yaxshilik bilan eslanadi. Ularning haqlariga xayrli duolar qilinadi. Birgina misol, bizning Sangijumon qishlog‘imizdagi ko‘p uylarni pachirlik usta Turdimurod bobo (Alloh makonini jannat qilsin!) qurgan. O‘sha paytlarda (1960–1990 yillar) vassajuft qilingan shiftlarga ustaning imoratni qurib bitirgan sanasini bitish an’ana bo‘lgan. Har safar qishloqqa borib uyga kirsam, usta boboning “imzosi”ga ko‘zib tushadi va Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilib, u kishining ruhlariga bag‘ishlayman.
Bugun ba’zi ustalarning ishni kelishilgan muddatda tugatmasligi; sifatsiz qurilish materiallaridan foydalanishi; narxni asossiz oshirishi; kamchiliklarni yashirishi; bir necha oy o‘tib yana ta’mir qilishga majbur bo‘ladigan darajada ish tutishi katta gunohdir. Bunday xatti-harakatlar oqibatida buyurtmachi moddiy zarar ko‘radi, asabiylashadi, vaqt yo‘qotadi va eng achinarlisi, odamlar o‘rtasidagi ishonch susayadi.
Halol rizqning barakasi uning ko‘pligida emas, balki pokligidadir. Aldamchilik bilan, hiyla-nayrang ishlatib topilgan mablag‘ foyda bo‘lib ko‘rinsa-da, unda baraka bo‘lmaydi. Shuning uchun har bir usta o‘z qo‘li bilan topayotgan rizqining halolligi haqida o‘ylashi, har bir mix, har bir g‘isht, har bir sim yoki har bir ta’mir uchun qiyomat kuni hisob berilishini unutmasligi kerak.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh:
O‘ttiz foiz haqiqiy ustalar bor. Ular o‘z kasbi bilan faxrlanadi. Guruhlari bor, shogirdlari, ustozlari bor. Hammasini qoyillatib, asbob-anjomlarini chiroyli qilib qo‘yishgan. Shartnopmani tuzadi, vaqtida ishga keladi, belgilangan muddatda qurilishni yoki ta’mir ishlarini tugatadi, ish haqini olib ketadi. Buyurtmachi ham rozi, usta ham rozi. Bunday kishilarning ishida unum, baraka bo‘ladi. Topgan pullari barakali bo‘ladi.
Haqiqiy usta faqat qurilish yoki ta’mirlashni emas, balki odamlarning ishonchini ham qozonadi. Vijdon bilan qilingan har bir ish ibodatga aylanadi. Aldamchilik va nayrang bilan bajarilgan ish esa vaqtinchalik foyda keltirsa ham, dunyoda obro‘ni to‘kadi, rizq qiyilishiga sabab bo‘ladi, oxiratda esa javobgarlikni keltiradi.
Tolibjon NIZOM