بسم الله الرحمن الرحيم
ISLOMDA AYoLLAR HUQUQI
Muhtaram jamoat! Bizning muqaddas Islom dinimizda har bir insonning jamiyatda o'ziga yarasha o'rni va hurmati bor ekanligi bayon etilgan. Islom tarixiga nazar solsak, johiliyatda ayollarning deyarli huquqlari bo'lmagan. Ular nafaqat merosdan mahrum qilingan, balki o'zlari ham buyum sifatida merosxo'rlar o'rtasida taqsimlangan. Alloh taolo Qur'oni karimda barcha insonlar, jinsidan qat'iy nazar, teng ekanini va ularni bir jondan yaratganini bayon qiladi:
يَا أَيُّهَا النَّاسُ اتَّقُوا رَبَّكُمُ الَّذِي خَلَقَكُمْ مِنْ نَفْسٍ وَاحِدَةٍ وَخَلَقَ مِنْهَا زَوْجَهَا وَبَثَّ مِنْهُمَا رِجَالًا كَثِيرًا وَنِسَاءً...
ya'ni: “Ey, odamlar! Sizlarni bir jon (Odam)dan yaratgan va undan jufti (Havvo)ni yaratgan hamda ikkisidan ko'p erkak va ayollarni taratgan Rabbingizdan qo'rqingiz!... ” (Niso surasi 1-oyat)
Ayollar Islomda ona, opa-singil, jufti halol va qiz sifatida hurmatlanadi. Ular meros oladi va meros qoldiradi, nikohda roziligi so'raladi. Ular doim erkak qarindoshlari ta'minoti ostida bo'lishadi. Qur'oni karimning o'ndan ortiq suralarida va ko'plab hadisi shariflarda ayollarga tegishli hukmlar mavjud. Hatto Qur'oni karimning katta suralaridan biri “Niso” (“Ayollar”) deb nomlangan. Bularning hammasi Islom dinida ayollarga bo'lgan yuksak e'tibordir.
Ayollar turli ibodat va yaxshiliklar uchun savob olishda ham erkaklar bilan barobardirlar. Bu haqida Alloh taolo shunday deb marhamat qiladi:
وَعَدَ اللَّهُ الْمُؤْمِنِينَ وَالْمُؤْمِنَاتِ جَنَّاتٍ تَجْرِي مِنْ تَحْتِهَا الْأَنْهَارُ خَالِدِينَ فِيهَا وَمَسَاكِنَ طَيِّبَةً فِي جَنَّاتِ عَدْنٍ ya'ni: “Alloh mo'minlar va mo'minalarga ostidan anhorlar oqib turadigan, mangu yashaladigan jannat (bog')laridagi yoqimli maskanlarni va'da qildi” (Tavba surasi 72-oyat).
Ayol kishiga Alloh taolo ikki masalada mas'uliyat yuklaydi, biri – jufti uchun ruhiy, ma'naviy xotirjamlik, sukunat bo'lish, ikkinchisi – farzand dunyoga keltirish va unga g'amxo'rlik qilish mashaqqatlari. Shariatimizda shu zalvorli mashaqqatlar muqobiliga bir nechta masalalarda ayollarning ruhiy, jismoniy holati e'tiborga olinib, ularga ikrom ko'rsatilgan, engillik berilgan:
الرِّجَالُ قَوَّامُونَ عَلَى النِّسَاءِ بِمَا فَضَّلَ اللَّهُ بَعْضَهُمْ عَلَى بَعْضٍ وَبِمَا أَنْفَقُوا مِنْ أَمْوَالِهِمْ...
ya'ni: “Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig'i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba'zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o'z oilasiga) o'z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir...” (Niso surasi 34-oyat).
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ayollarni kamsitishga chek qo'yish va ularning jamiyatdagi o'rnini anglatish uchun ummatlariga etarlicha ko'rsatmalar berganlar. U Zot alayhissalom yaratilish jihatidan erkak va ayolning asli birligi haqida shunday deydilar:
﴿إِنَّمَا النِّسَاءُ شَقَائِقُ الرِّجَالِ﴾
(رواه الامام أبو داود عن عائشة رضي الله عنها)
ya'ni: “Albatta, ayollar – erkaklarning tug'ishganlari” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Afsuski, hozirgacha qiz farzand dunyoga kelsa, xafa bo'lish, o'g'il tug'mading, deb xotiniga zug'um o'tkazish hollari kuzatilmoqda. Vaholanki, Payg'ambarimiz alayhissalom bizga qiz farzandlarni chiroyli ta'minot qilish, tarbiyalab, turmushga uzatish jannatdagi oliy martabalarga sabab bo'lishini uqtiradilar:
مَنْ عَالَ ابْنَتَيْنِ أَوْ ثَلَاثًا، أَوْ أُخْتَيْنِ أَوْ ثَلَاثًا، حَتَّى يَبِنَّ أَوْ يَمُوتَ عَنْهُنَّ كُنْتُ أَنَا وَهُوَ فِي الْجَنَّةِ كَهَاتَيْنِ - وَأَشَارَ بِاِصْبَعِهِ الْوُسْطَى وَالَّتِي تَلِيْهَا
(رواه الامام ابن ماجه عن أنس ـرضي الله عنه)
ya'ni: “Kim ikki yoki uch qiz, yoki singlisiga g'amxo'rlik qilib tarbiyalasa va ular turmushga chiqib ketsalar yoki o'sha kishining o'zi vafot etsa, men va u jannatda mana shunday bo'lamiz (deb, muborak o'rta va ko'rsatgich barmoqlariga ishora qildilar)” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).
Ayollardagi jismoniy zaiflik qoralanmaydi. Chunki ular bunga aybdor emas. Qalblarining nozikligi, his-tuyg'ularining kuchliligi esa, mo''tadil bo'lsa, maqtovga loyiqdir. Bu narsa ulardagi latofat va go'zallikni ziyoda qiladi.
Payg'ambarimiz alayhissalom ayollardagi mana shu zaiflikni doim e'tiborga olar va ularni himoya qilishga haris edilar. Hatto vidolashuv hajlaridagi mashhur xutbada ham, ayollarga nisbatan yaxshi munosabatda bo'lishni qayta-qayta vasiyat qildilar. U Zot alayhissalom ayollariga qo'l ko'tarmadilar, ularga yaxshilik qilishda ummatga ibrat bo'ldilar va shu ishga targ'ib qildilar:
خَيْرُكُمْ خَيْرُكُمْ لِأَهْلِهِ، وَأَنَا خَيْرُكُمْ لِأَهْلِي
(رواه الامام الترمذي عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رضي الله عنهما)
ya'ni: “Yaxshilaringiz – oila ahliga yaxshi bo'lganidir. Men – ahli ayoliga eng yaxshingizman” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Ayollar Islomda ona sifatida benihoya qadr topdilar. Qur'oni karimda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning jufti halollari Qiyomatgacha keladigan “mo'minlarning onasi”, deb e'lon qilindi. Alloh taoloning roziligi ota-onaning roziligiga bog'liqligi dinimiz ko'rsatmalarida ta'kidlangan. Hatto hadisi shariflarda yaxshilik qilishni onadan boshlashga buyurilgan.
Kunlarning birida Muoviya ibn Johima as-Sulamiy raziyallohu anhu Payg'ambar alayhissalom huzurlariga kelib: “Alloh taolo yo'lida jihod qilmoqchiman”, – deb ruxsat so'raydi. Payg'ambarimiz alayhisalom uning onasi tirikligini bilib, onasiga xizmat qilishni buyuradilar. Yana ruxsat so'rayvergach, U Zot: “Baraka topgur, volidangizning oyog'iga mahkam yopishing, o'sha erda jannat bor!” – deydilar (Imom Ibn Moja rivoyatlari).
Dinimizda kishi o'ziga ham, o'zgalarga ham zulm qilishi katta gunohlardan sanaladi. Hususan, jufti haloli, umr yo'ldoshi va farzandlarining onasiga jabr qilish undan ham yomonroqdir. Bugungi kunda erkaklik hamiyatini yo'qotgan ba'zi kishilar jiddiy bir sababsiz o'z ayolini nafaqasiz va qarovsiz qoldirmoqdalar. Na ularni xotin qiladi, na talog'ini berib ajrashadi. Bu bilan er Alloh taolo bergan oilaviy xotirjamlik, jufti halol va farzand kabi bir qancha katta ne'matlarga noshukrlik qilgan bo'ladi.
Ba'zi nomardlar ochiqchasiga: “Seni umringni oxirigacha talog'ingni bermay, arosatda qoldirib, qiynayman”, – deb po'pisa qiladi. Bu etmagandek, aslida o'zining zimmasida bo'lgan – bolalarining nafaqasini ham xotinining bo'yniga yuklab qo'yadi. Natijada ayol na erli bo'lmay, na eridan ajrasha olmay, yillar davomida sarson-sargardon qolib ketmoqda. Ojizalarning haqlari poymol bo'lmoqda. Shuni ta'kidlab aytamizki, mana shu holatda ayol gunoh yo'lga kirsa, zinoga qo'l ursa, u bilan birga nomard er ham bab-barobar gunohkor bo'ladi.
Islomda ayollarning mehnat qilish huquqlari haqida to'xtaladigan bo'lsak, islomda ayol kishi o'zining latofatiga mos ravishda ishlashiga ta'qiq yo'q, balki bu masala ayol, oila va jamiyatning manfaatlaridan kelib chiqib, hal qilinmog'i lozimligi ko'zda tutilgan. Zero, islom ayollarning hurmat-ehtiromini o'rniga qo'yib, ayollik jozibalarini saqlab qolishlari, vazifalarini to'liq ado etish orqali o'z jamiyati, Vatani va diniga kerakli xizmatni ado etish uchun barcha sharoitni yaratib bergan. Hulosa qilib aytadigan bo'lsak, islom ayollarning qadr-qimmatini o'z o'rniga qo'yib, huquqlarini himoya qilgan.
Ma'lumki, hozirgi kunda ham yurtimizda ayollarning o'zlariga munosib ishlar bilan ta'minlash, tadbirkorlik qilishlari uchun sharoit yaratish, mahallalarda “ayollar daftari” ochilishi va bu bo'yicha nochor ayollarga yordam berilishi, yolg'iz ayollarga imtiyozli uylar ajratilishi kabi ayollarni qo'llab-quvvatlash ishlari olib borilmoqda.
Shunindek, ayollar ehtiromi uchun bizni yurtda ham 8-martni xalqaro xotin qizlar kuni bayrami sifatida belgilangan. Shuni ta'kidlashimiz lozimki, 8 mart kuni sababli faqat shu kun bilan cheklanish kerak emas, balki ularni doimo e'zozlab, hurmat qilishimiz zarur bo'ladi.
Hulosa shuki, bundan 1 asrdan ko'proq 8 mart kunida ayollarni e'zozlab, ularning haq-huquqlari himoya qilib chiqilgan bo'lsa, dinimizning asosiy manbasi Kalomullohda 14 asrdan ziyodroq vaqt avval ayolni e'zozlash ilohiy amr bilan buyurilgan. Shunday ekan, ayol-qiz va onalarimizni nafaqat bir kun, balki yil o'n ikki oy e'zozlashimiz – dinimiz talabidir.
Muhtaram azizlar! Mav'izamiz davomida dolzarb mavzulardan bo'lmish farzandlarning moddiy-ma'naviy ta'minoti otaning zimmasiga vojibligi haqida suhbatlashamiz.
Keyingi paytlarda etimning boshini silab, savob topish o'rniga oilalar buzilib, tirik etimlar ko'payib, o'z farzandlarini ta'minlamayotgan va hukumatimiz tomonidan belgilangan alimentlarni bermayotgan otalar uchramoqda.
Ho'sh, mana shunday holatda shariatimiz hukmlariga ko'ra, bolalarni kim ta'minlashi kerak? Bolani o'zi bilan olib ketgan onami yoki boladan ajralgan otami? Bu haqda Alloh taolo Qur'oni karimda shunday degan:
وَعَلَى الْمَوْلُودِ لَهُ رِزْقُهُنَّ وَكِسْوَتُهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ
ya'ni: “...Ularni (onalarni) me'yoridaoziqlantirishvakiyintirishotaning (erning) zimmasidadir...” (Baqara surasi 233-oyat). Bu oyat taloq oyatlaridan keyin kelgan bo'lib, oyatda bolaning onasi haqida gap ketgan bo'lsa ham (ya'ni taloq qilingan xotin bolani emizib turgani uchun, er uni edirib-ichirib, kiyintirib turadi), bu o'rinda bolani ta'minlash kerakligi xotinni ta'minlashdan ham ko'ra ustunroq turadi.
“Muxtasarul viqoya” kitobida: “Bolalarning nafaqasi otasining zimmasida, unga hech kim bu ishda sherik bo'lmaydi (ya'ni, yordam bermaydi)”, – deyiladi.
Demak, hozirgi kunda tegishli tashkilotlar tomonidan belgilanayotgan nafaqalar (aliment)dan ota bosh tortishi joiz emas, balki bolasini moddiy va ma'naviy jihatdan ta'minlash shar'an uning burchidir. Alloh taolo barchamizni o'z zimmasidagi burchlarni to'liq bajaruvchi bandalaridan qilsin!
Alloh taolo yurtimizni tinch, xalqimizni farovon bo'lishini nasib etsin! Ayol-qizlarimizni shariatimizda ko'rsatilganidek e'zozlashimizda Alloh taolo tavfiq bersin! Omin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma'ruzasi “Amallarning qabul bo'lish shartlari” mavzusida bo'ladi.
Shahardagi Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozor ana shunday tarixiy-ma’naviy maskanlar sirasiga kiradi. Ularning har biri o‘z tarixi, rivoyatlari va xalq xotirasidagi o‘ziga xos o‘rniga ega.
Marg‘ilonning qadimiy ziyoratgohlaridan biri Pir Siddiq majmuasidir. Xalq orasida bu qadamjo bilan bog‘liq turli rivoyatlar avloddan-avlodga o‘tib kelgan. Ziyoratgoh Pir Siddiq nomi bilan bog‘liq bo‘lib, “siddiq” so‘zi arab tilida haqgo‘y, rostgo‘y, haqiqatga sodiq inson ma’nolarini anglatadi. Shu jihatdan ziyoratgoh nomi ham xalq tasavvurida ezgulik, iymon va rostgo‘ylik kabi fazilatlar bilan uyg‘unlashib ketgan. Majmuadagi me’moriy yechimlar, ayniqsa, gumbazli inshootlar va qadimiy qabrlar Marg‘ilonning o‘tmishdagi shaharsozlik va me’morchilik an’analaridan darak beradi.
Pir Siddiq ziyoratgohi nafaqat ziyorat maskani, balki Marg‘ilonning tarixiy xotirasini o‘zida mujassam etgan qadamjolardan biri sifatida ahamiyatlidir. Marg‘ilon tarixi buyuk alloma Burhoniddin Marg‘inoniy nomi bilan chambarchas bog‘liq. XII asrda yashab ijod qilgan alloma islom huquqshunosligi, xususan, hanafiy fiqhi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan. Uning butun islom olamida mashhur bo‘lgan “Hidoya” asari asrlar davomida muhim huquqiy manba sifatida qadrlanib kelgan.
Marg‘ilonda alloma nomi bilan bog‘liq Chillaxona ham xalqning ma’naviy xotirasida alohida o‘rin tutadi. “Chillaxona” atamasi odatda insonning ma’lum muddat xilvatda qolib, tafakkur, ibodat va ruhiy tarbiya bilan mashg‘ul bo‘ladigan joyini anglatadi. Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi bilan bog‘liq rivoyatlar ham allomaning ilm yo‘lidagi mashaqqatli izlanishlari va ma’naviy kamolotini tasavvur qilishga yordam beradi. Bu maskanni faqat ziyoratgoh sifatida emas, balki buyuk allomaning ilmiy-ma’naviy merosini anglashga xizmat qiluvchi tarixiy xotira joyi sifatida ham baholash mumkin.
Marg‘ilondagi yana bir o‘ziga xos maskan – Kaptarli mozor. Uning nomi bilan bog‘liq xalq rivoyatlari turlicha. Ayrim hikoyalarda bu joyda kaptarlar ko‘p bo‘lgani, shu sababli mozor “Kaptarli” deb atalgani aytiladi. Kaptar esa xalq tasavvurida tinchlik, poklik va ezgulik ramzi sifatida qabul qilinadi. Kaptarli mozor haqidagi ma’lumotlarni ilmiy jihatdan chuqur o‘rganish Marg‘ilonning mahalliy tarixini yanada boyitishga xizmat qiladi. Buning uchun arxiv hujjatlari, qadimiy xaritalar, qabrtoshlaridagi yozuvlar, vaqf hujjatlari va xalq orasida saqlanib kelayotgan og‘zaki tarix namunalarini tadqiq etish muhim. Zero, xalq xotirasida asrlar davomida saqlanib kelayotgan rivoyatlar ham tarixiy-etnografik tadqiqotlar uchun qimmatli manba bo‘lishi mumkin.
Uch qadamjo – bir tarix. Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozorni birlashtirib turgan asosiy jihat ularning Marg‘ilonning ma’naviy qiyofasini shakllantirishdagi o‘rnidir. Bu qadamjolar xalqning ajdodlarga hurmat, muqaddas joylarni asrash, ezgulik va ma’rifatni qadrlash kabi an’analarini o‘zida mujassam etadi.
Ularning har biri Marg‘ilon tarixining turli qirralarini namoyon etadi: Pir Siddiq – diniy-ma’naviy merosni, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi – ilm va tafakkur an’analarini, Kaptarli mozor esa xalq xotirasi va mahalliy rivoyatlarning uzviyligini ifodalaydi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati