Bobur Mirzoning bu so'zlari hazrati Ali roziyallohu anhuning hikmatli so'zlariga muvofiqdir. “Hadisu arba'iyn” sharhu Usfuriy[1] kitobida kelshicha, u zot xavorij toifasidan kelib bir xil savol bergan o'n kishining “Ilm afzalmi, mol-dunyo afzalmi?” degan savoliga “Ilm afzal” deb javob berdilar va o'n kishiga o'n xil dalil keltirdilar.
Birinchisiga: “Ilm payg'ambarlarning merosidir, mol esa Qorun, Shaddod, Fir'avn va boshqa shunga o'xshaganlarning merosidir!” – dedilar.
Ikkinchisiga: “Ilm seni qo'riqlaydi, molni esa sen qo'riqlaysan”, – dedilar.
Uchinchisiga: “Mol egasining dushmani ko'p bo'ladi, ilm egasining do'sti ko'p bo'ladi”, – dedilar.
To'rtinchisiga: “Molni sarflaganing sari u kamayib boradi, ilmni sarflaganing sari u ko'payib boradi”, – dedilar.
Beshinchisiga: “Mol egasini baxil-qizg'anchiq degan nom bilan malomat qilib chaqirishadi, ilm egasini esa izzat-ikrom va hurmat-ehtirom bilan chaqirishadi”, – dedilar.
Oltinchisiga: “Molni o'g'ridan saqlab yashiriladi, ilmni esa o'g'ridan saqlab yashirilmaydi”, – dedilar.
Yettinchisiga: “Molning egasi qiyomat kuni hisob-kitob qilinadi, ilm egasi esa qiyomat kuni shafo'at qiladi”, – dedilar.
Sakkizinchisiga: “Mol uzoq vaqt turishi va zamonlar o'tishi bilan eskiradi (va qadri ketadi), ilm esa aslo eskirmay va qadri ketmaydi”, – dedilar.
To'qqizinchisiga: “Mol qalbni qoraytiradi, ilm esa qalbni yoritadi – yorug' va nurli qiladi”, – dedilar.
O'ninchisiga: “Molning egasi bora-bora xudolikni da'vo qiladi, ilm egasi esa hamisha bandalik maqomida turadi”, – dedilar.
So'ng dedilar: “Agar mendan yana shu savolni so'rayverishsa, to o'lgunimcha shunday (“Ilm moldan afzal”) deb javobni beraveraman!” Keyin u (xavorij)lar keldilar va hammalari iymon keltirib, musulmon bo'ldilar.
ShOH BOBUR TILAKLARI
Nihoyat, Bobur Mirzo o'z tilak-istaklarini bayon etib, aytadi: «Ulamolardan mening tilagim shuki, bu ishda menga xayrxoh bo'lib, meni qo'llab-quvvatlasalar. Agar bu ilmiy ishimda sahvu xatolar, noaniq o'rinlar o'tgan bo'lsa, agar ularda shafqat bo'lsa, shafqat ko'rsatsinlar. Toki bu ishdan savob topib, afv etagini mening ustimga yopsinlar», deya tavozu' ko'rsatadi. Bu nazmiy ifodadan ulug' shoh va sarkarda, qomusiy alloma Bobur Mirzoning naqadar kamtarin, go'zal xulqli orif va halim zot ekanligi ham anglashiladi.
MA_''RIFIY DUO
Bobur Mirzoning Tasavvuf, ya'ni ruhiy tarbiya maktabiga naqadar ulkan e'tibor bilan qaragani “Mubayyan” asarida kelgan ba'zi duo matnlaridan ayon bo'ladi.
Bobur Mirzo “Haj kitobi”ning Arafot bobida hajning farzi bo'lmish Arafotda turib o'qiladigan duolarning eng afzalini bayon qiladi. Imom G'azzoliyning “Ihyo al-'ulum ad-diyn” kitobidan bu duo alloma tasavvufiy qarashlarining zubdasidir:
Ma'nosi: Ey bir eshitish ikkinchi eshitishdan O'zini mashg'ul qilmaydigan Zot, ey O'zi uchun ovozlar aralashib ketmaydigan (har bir ovoz egasining duosini ijobat qiladigan) Zot, ey so'raladigan narsalarning ko'pligi adashtirib qo'ymadigan Zot, ey (turli millat) tillar(i)ning har xilligi xalaqit bermaydigan Zot, ey hojat so'rab iltijo qiluvchilarning so'rovi malol kelmaydigan Zot, ey hojat so'rovchilarning hojatlari O'zini og'rintirmaydigan Zot! Bizga avfing lazzatini va rahmating halovatini tottir!
Bobur Mirzoning barcha fiqhiy va tasavvufiy g'oyalari ushbu dosida o'z ifodasini opgandir:
Ey qodiri barkamol Tangrim,
Ey qohiri zul-jalol Tangrim!
Ey berguchi Biru bor Tangrim,
V-ey olguvchi girudor Tangrim!..
Manga emdi ko'b orzu yo'qturur,
Yomon nafsima g'ulu yo'qturur.
Ta'alluq aloyiq bila qolmadi,
Ishim bu xaloyiq bila qolmadi.
Shariat ishida meni qodir et,
Tariqat yo'lida meni sobir et.
Ayirg'il meni jumla hamrohdin,
Yuzumni evur mosivallohdin!
So'zimiz muqaddimasida sultonlari olim, olimlari sulton bo'lgan xalqning farzandlarimiz, dedik. Sohibqiron Amir Temur, Mirzo Ulug'bek, Muhammad Rahimxon Firuz, Sulton Mahmud G'aznaviy, Husayn Boyqaro, Amir Umarxon – Amiriy kabi ham olim, ham ijodkor, ham davlat rahbari bo'lgan ko'plab shaxslar hayoti, faoliyati, ma'naviy meroslarini o'rganish va xalqimizga etkazish, ularning ezgu g'oyalarini bardavom saqlash biz ziyolilardan kuch-quvvat, chin safarbarlik, fidolik va g'ayrat-shijoatni talab qiladi. O'ylaymanki, Zahiruddin Muhammad Bobur hayotiga bag'ishlangan ushbu xalqaro anjuman ham ana ulug' va xayrli ishlarning yangi bir muqaddimasi bo'lib qoladi.
Mirzo KYeNJABYeK
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Iymon va tafakkur
Doktor Zag‘lul Najjor shunday deydi:
“Ramazon oyi kirib kelganda inson o‘z nafsi bilan bir lahza to‘xtab, fikr yuritishi va tafakkur qilishi kerak. Chunki har bir Ramazon – Qur’oni karim bilan yangi sayohatdir. Men odatda bir sura yoki bir nechta oyatni tanlab, uning ma’nolari haqida chuqur o‘ylayman, sirlarini anglashga harakat qilaman.
Bu yil esa mening e’tiborimni bir oyati karima o‘ziga tortdi. U qalbimni larzaga soldi va Yaratgan Zotning buyuk qudratini yanada chuqur his qildirdi. Ushbu oyati karima insonni faqat qarashga emas, balki chuqur tafakkur qilishga chorlaydi.
Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
“Axir ular tuyalarga qarab, qanday yaratilganiga boqmaydilarmi – u qanday yaratilgan?” (G‘oshiya surasi, 17–oyat).
Tuya – yer yuzini kezuvchi ajoyib mo‘jizakor hayvonlardan biridir. Keling, uning ba’zi hayratlanarli xususiyatlari haqida mulohaza qilaylik.
Tuya sho‘r suvni ham ichishi mumkin. Ammo shunga qaramay, uning tanasidagi muvozanat buzilmaydi. Chunki uning buyraklari juda mukammal tozalash tizimi kabi ishlaydi: suvni tuzdan ajratib, tanasiga toza holda yetkazadi.
Tuya qattiq tikanlarni ham bemalol iste’mol qila oladi. Bu esa uning og‘zi va hazm tizimi o‘ziga xos tarzda yaratilgani bilan bog‘liq. Shu sababli tikanlar unga zarar yetkazmaydi.
Tuyaning ko‘zlari ham juda ajoyib tarzda yaratilgan. Unda ikki xil qovoq bor: biri oddiy qovoq, ikkinchisi esa shaffof pardaga o‘xshaydi. Qum bo‘roni paytida shu shaffof qovoq yopilib, tuya yo‘lini ko‘rishda davom etadi, ammo ko‘ziga bir dona qum ham kirmaydi.
Uning yana bir ajoyib xususiyati - tanasi haroratini muhitga moslashtira olishidir. Sovuq joyda haroratini ko‘taradi, juda issiq sahroda esa pasaytiradi. Bu darajadagi moslashuv boshqa ayrim jonzotlarda uchramaydi.
Shuning uchun Qur’on karimda: “Ular tuyaga qaramaydilarmi – u qanday yaratilgan?” – deya tafakkurga chaqiriladi.
Bir oz diqqat bilan qaragan inson ushbu maxluqning har bir a’zosida Allohning qudrati namoyon ekanini ko‘radi. Go‘yoki uning har bir hujayrasi: “Bu Allohning yaratishidir”, deb guvohlik berayotgandek.
Olimlar aytadilarki, ushbu oyati karimada Alloh taolo inson e’tiborini tuya yaratilishidagi sirlarga qaratmoqda. Chunki unda tafakkur qilgan inson uchun tavhid (Allohni yagona deb e’tiqod qilish) ga eltuvchi dalillar va ilohiy qudratning belgilarini ko‘rish mumkin.
Haqiqiy ilm ahllari shuni ta’kidlashadi: tuya yaratilishi haqida tafakkur qilgan inson Qur’on karim tabiatiga bekorga ishora qilmaganini anglaydi. U inson aqlini oddiydek ko‘ringan, ammo ajoyib yaratilgan maxluqotlar orqali Alloh taoloning qudratini anglashga chaqirmoqda:
“Ey Robbim, Sen naqadar buyuksan!
Kitobingdagi har bir oyat – nur,
yaratgan har bir maxluqing – dalil,
va har bir tafakkur – iymon eshiklaridan birini ochadi”.
Ilyosxon Ahmedov tarjimasi.