O'zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi hamda Qoraqalpog'iston musulmonlari qoziyoti Ulamolari Kengashi diniy sohada ko'p yillar samarali xizmat qilgan Qoraqalpog'iston musulmonlari qoziyotining sobiq qozisi Qidirniyoz domla Alimbetovning vafoti munosabati bilan chuqur ta'ziya izhor etadi.
Rahmatli Qidirniyoz domla eng og'ir va sinovli yillarda Qoraqalpog'iston Respublikasi hududidagi masjidlar faoliyatini yaxshilash va imom-xatiblar faoliyatini jonlantirish borasida sa'y-harakatlar qilgan edilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi ushbu musibatga chin qalbdan sherik ekanini izhor etadi. Barchamizni Alloh taolo yaratgan. Taqdirlarimizni ihota qiluvchi yagona Zot ham faqatgina Robbimizning O'zidir. Qur'oni karimda: “…Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz Uning huzuriga qaytuvchilarmiz…” (Baqara, 156) deyilgan.
Alloh taolo oxirat safariga kuzatilayotgan bu din xizmatchisini mag'firatiga olsin, yaqinlariga sabru jamil berib, qazoi qadarini imon ila, rozilik ila qarshi olganlar qatorida ajru mukofotlar ato etsin.
Hadisi qudsiylardan birida aytiladi: “Ey Odam farzandi! …Albatta, Men sizlarning suratingizga ham, chiroyingizga ham qaramayman. Balki qalbingizga qarayman va sizlardagi yaxshi xislatlardan rozi bo'laman”. Rahmatli Qidirniyoz domla ham ana shunday yaxshi xislatlar egasi edi.
Haq taolo marhum olimning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to'ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so'raymizki, marhum olimni o'zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog'lariga doxil etsin.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji'uun.
O'zbekiston musulmonlari idorasi,
Qoraqalpog'iston musulmonlari qoziyoti
2025 yilgi Haj safarida ishtirok etgan yurtdoshlarimiz “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” tashabbusi doirasida faol ish olib bormoqdalar. Ushbu tashabbus doirasidagi navbatdagi namunaviy-amaliy tadbir Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Farg‘ona viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirok etib, tadbirga boshchilik qildi. “Sayyid Ahmadxon hoji” jome masjidida o‘tkazilgan yig‘ilishda tajribali imom-xatiblardan iborat Ishchi guruh tuzilib, ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Ishchi guruh uch yo‘nalishda faoliyat olib bordi. Jumladan:
– Hajdan qaytgan ziyoratchilar ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etildi;
– 65 ta oilaga borilib, ma’naviy suhbat va amaliy yordamlar ko‘rsatildi;
– 9 ta xonadondagi ruhiy-ma’naviy qiyinchiliklar o‘rganilib, maslahatlar berildi.
– Oilaviy kelishmovchilik sababli notinch bo‘lib turgan oilalarga suhbat va nasihatlar o‘tkazildi. Natijada 2 ta arazlashgan oila yarashtirilib, 1 ta ajrimning oldi olindi;
– Sudlanganlar, jazo muddatini o‘tayotganlar hamda ularning oilalari bilan muloqot qilindi.
– Nogiron va ehtiyojmandlar holidan xabar olinib, moddiy-ma’naviy ko‘mak ko‘rsatildi.
Tumanning Taptiqsaroy mahallasida yong‘in oqibatida zarar ko‘rgan xonadonni qayta ta’mirlash ishlari homiylar va hojilar ko‘magida boshlab yuborildi. Bosh imom-xatib Ubaydulloh domla ushbu xonadonga tashrif buyurib, muloqot qildi hamda tavsiyalar berdi.
Bundan tashqari, “Doimobod” mahallasidan bo‘lgan, nogironligi bor fuqaroning uyiga ham tashrif uyushtirilib, tugallanmagan uy qurilishi uchun zarur qurilish materiallari yetkazildi.
Peshin namozidan so‘ng Ishchi guruh tarkibidagi iqtidorli imom-xatiblar jamoatga ma’ruza qilib, tinchlik, osoyishtalik va xalq farovonligi uchun duo qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati