Imom Moturidiy fiqhda Imom Abu Hanifa mazhabida bo'lganidek, e'tiqodiy qarashlari ham u zotning aqidaga oid asarlari asosida shakllangan. Shuning uchun ham ba'zi asarlarda moturidiylarni hanafiylar deb ham atalgan. Masalan, Hasan ibn Abdul Muhsin Abu Azba “Ravzatul bahiya fiyma baynal Ashairoti val Moturidiya” (Ash'ariylar va Moturidiylar o'rtasidagi go'zal chamanzor” asarida moturidiylarni hanafiylar deb atagan.
Shu o'rinda modomiki Abu Mansur Moturidiy aqidada Imom Abu Hanifaga ergashgan bo'lsa, nega aqidada ham hanafiya mazhabidamiz deyilmasdan, moturidiya mazhabidamiz deyiladi? degan haqli savol paydo bo'ladi. Bu savolga Doktor Ali Abdulfattoh Mag'ribiy “Imomu Ahlis sunna val jamoa Abu Mansur Moturidiy va aroouhul kalamiya” (Ahli sunna val jamoa imomi Abu Mansur Moturidiy va uning kalom ilmidagi qarashlari) asarida batafsil javob bergan bo'lib, javobning xulosasi quyidagilardir: “Abu Hanifadan keyin u zotning davrlarida bo'lmagan karromiya va botiniya singari yangi firqalar paydo bo'lgan. Bundan tashqari Abu Mansur Moturidiydan ilgari ma'rifatulloh singari ayrim masalalar ehtiyoj bo'lmagani sababli hali tahqiq qilinmagan edi.
Shuningdek, Abu Hanifa davrida Alloh taoloning sifatlari to'g'risidagi hamda tavhidni isbot qilish va unda aqlning tutgan o'rni qay darajada ekani haqidagi masalalar batafsil bayon qilinmagan edi. Bir so'z bilan aytganda kalom ilmi to'liq shakllanib ulgurmagan edi. Qolaversa kalom ilmi Abu Mansur Moturidiydan ilgari Ahli sunna val jamoa ulamolari nazdlarida maqbul ilm sanalmas, balki man qilingan ilm hisoblanar edi. Abu Mansur Moturidiyning tahqiqlari tufayli bu ilm maqbul ilmga aylandi. Demak, Abu Mansur Moturidiy aqidada Imom Abu Hanifaning tutgan yo'llarini faqatgina sharhlab berish bilan kifoyalangan emas, balki alohida o'ziga xos yangi yo'lga asos solgan olimdir. Shunga ko'ra hanafiya mazhabida fiqhda Abu Hanifaga, aqidada Moturidiyga murojaat qilinadi”.
Abdulqodir Abdur Rahim
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti o'qituvchisi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Odatda odamlarda «Qiz bola birovning hasmi, erta-indin erga tegib ketib qoladi. Undan nima foyda bo‘lishi mumkin», degan salbiy fikr bo‘ladi. «O‘g‘il bola esa doimo xizmatda bo‘ladi. Uni uylab qo‘ysang, kelin ham xizmatingni qiladi. U qariganingda ham joningga oro kiradi», kabi tushunchalar bor. Bu noto‘g‘ri fikr. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qizlarga nafaqa qilishning fazli haqida o‘z hadislarida qayta-qayta bayon qilganlar. O‘zlari to‘rt nafar qizlariga qilgan muomalalari bilan barchaga namuna ko‘rsatganlar.
Ushbu hadisi sharif va rivoyatlarda ham shu ma’nolar ilgari surilgan.
عَنِ الزُّهْرِيِّ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «مَنْ كَانَتْ لَهُ بِنْتَانِ فَصَبَرَ عَلَى لَأْوَائِهِمَا وَنَفَقَتِهِ عَلَيْهِمَا كَانَتْ لَهُ بِنَفَقَتِهِ عَلَيْهِمَا الْجَنَّةُ».
Zuhriydan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimning ikki qizi bo‘lsa va ularning mashaqqatlariga va nafaqasiga sabr qilsa, ularga qilgan nafaqasi uchun unga jannat bo‘ladi», dedilar.
Sharh: Qiz boqish oson narsa emas, buni hamma yaxshi biladi. Bu ishni amalga oshirish uchun sabr-matonat kerak, harakat, g‘ayrat kerak, topganini sarflash kerak. Baribir shu qiz ertami, indinmi, birovning uyiga ketishi, kelin bo‘lishi borligini o‘ylab, yurak uvushib ham turadi. Ayniqsa qizi ko‘p bo‘lsa, bu holat aniq bilinadi. Ana shularni bilib turib va sabr etib, qizlarini yaxshi tarbiya qilgan odam o‘zi uchun oxiratning katta bir martabasini kasb qilgan bo‘lar ekan.
Ayni paytda qizlarni nafaqa bilan ta’minlash ham lozim ekan. Bu ish uchun ham sabr-bardosh kerak bo‘ladi.
Ikki qizning tarbiyasidagi mashaqqatlarga, xususan, qizlarning nafaqasini ta’minlashdagi qiyinchiliklarga sabr qilish ota-ona uchun katta savob hamda jannatga kirishga sabab bo‘ladigan amallardan biri hisoblanar ekan.
«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz