Ispaniyaning etakchi onlayn nashri "Ejecutivos" Migel' De Servantes nomidagi Ispaniya madaniyat uyushmasi rahbari Fernando Lens va iqtisodiy masalalar bo'yicha ekspert, xalqaro sharhlovchi Eduardo Guaylupolarning "Abadiy O'zbekiston: Ipak yo'lidagi globallashuv"maqolasini chop etdi, deb xabar beradi "Dunyo" axborot agentligi.
"O'zbekistonning tarixiy shaharlari: Samarqand, Buxoro va Hivadan o'tgan Ipak yo'li tinchlik, bilim va farovonlik yo'li bo'lib, savdo-sotiq, madaniyatlarning shakllanishi va xalqlarning birlashuvi orqali rivojlangan. Shuning uchun O'zbekistonning ushbu yo'nalishining globalizatsiya markazi sifatida katta ahamiyati bor. O'zbekiston dunyodagi uchinchi yirik oltin ishlab chiqaruvchi va oltinchi yirik paxta ishlab chiqaruvchi va eksport qiluvchi ("oq oltin"deb ham ataladi). Gaz, mis va boshqa mahsulotlar ham eksport qilinadi", deya yozadi nashr.
Mualliflar maqolani mamlakat poytaxti yoshi 2 200 yil bo'lgan 2,5 million aholisi bor Toshkent shahri bilan boshlaydi. Unda jumladan bunday deyiladi:
– 70 gektar maydonni o'z ichiga olgan Hazrat Imom majmuasi XVI asrda qurilgan va 1997 yilda qayta qurilgan Qaffol Shoshiy, Imom Buxoriy Islom instituti XVI asr maqbarasidan iborat. Uning fasadida mozaika va Qur'on yozuvlarini ko'rish mumkin. XVI asrga mansub Baroqxon madrasalari ham shu erda joylashgan. Bu erda mehmonlarga turli xil mahsulotlarni taklif etadigan bir nechta hunarmandchilik do'konlari bor.
Mo'yi muborak madrasasida Halifa Usmon yozgan va musulmonlar tomonidan dunyodagi eng qadimiy hisoblangan Qur'on mavjud.
Uchta masjid bor: Namozgoh (1845-1867), Tilla Shayx (1856-1857). Va nihoyat, 2007 yilda qurilgan va XVI asr masjidlari uslubini saqlab qolgan Hazrat Imom masjidi. Balandligi 53 metr bo'lgan ikkita minoraga ega.
O'z tarixi davomida madaniyatga berilgan bu ahamiyat Toshkentni 2007 yilda ISESCO tomonidan Islom madaniyati poytaxti deb e'lon qilinishiga sabab bo'ldi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Yomg‘irdan keyin nogironlik aravachasida ko‘chaga chiqqan onaxon yo‘ldagi ko‘lmakda yotgan non bo‘lagini ko‘rib, olib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Ammo yo‘l o‘rtarog‘iga yetganida aravachaning oyog‘i bir chuqurga tushib, siqilib qoldi.
Ko‘chadan tezlikda o‘tayotgan bir moshinaning onaxonga suv sachratib o‘tgani mayli, non bo‘lagini bosib ketganidan dili xufton bo‘ldi. Avtoulov sal nariga borib to‘xtadi. So‘ng orqalab onaxonning yaqiniga qaytdi. Undan bir yigitcha tushib, boshini biroz egib, aybdorona qiyofada onaxonning oldiga keldi.
– Men sizga suv sachratib o‘tdim, shekilli. Kechiring, hoji ona, telefonga chalg‘ibman.
Yigit onaning biroz titrab turgan qo‘llaridan tutib o‘pdi va peshonasiga surdi. Aravachani dast ko‘tarib yo‘lning chetiga oldi. Onaxon bir zumda erib tushdi. Yigitdan judayam minnatdor bo‘ldi va nasihat qildi:
– Menga sachragan suv-ku, qurib ketadi. Ammo sen nonni bosib o‘tding, bolam. Bizlar bolaligimizda to‘yib non yesak, o‘sha bizga katta bayram edi. O‘zing tarbiyali yigit ekansan, yo‘lda bunaqa tez haydama. Har narsaning uvoli bor, shuni unutma.
Yigit, “Xo‘p bo‘ladi”, der ekan, Ramazon oyining fazlidan dillar mum kabi erishini, qo‘ldan kelgancha yaxshilik qilish, odamlarning ko‘nglini ranjitmaslikka harakat qilish kerakligini dildan his etdi.
Akbarshoh Rasulov