OZ-OZ O'RGANIB DONO BO'LUR...
* * *
ZahiruddinMuhammad Bobur xazinalari
* * *
MUBAYYaN VA NASRIY BAYoNI
* * *
IYMON-E_''TIQOD KITOBI
* * *
NAZM
Daraja jannat ichradur sekkiz,
Tengri gar lutf qilsa, etkaysiz.
Tengri jannatqa kimnikim tergay,
Amalig'a yarasha er bergay.
Anda huru qusuru g'ilmondur,
Necha lazzatki, aql hayrondur.
Har farog'atki el xayol etar,
Andin ortiq bihisht eliga etar.
Jovidon erlarida bo'lg'aylar,
G'am bila g'ussadin qutulg'aylar.
Barchadin yaxshi lazzati diydor,
Bizga qilg'ay nasib, yo G'affor!
NASRIY BAYoN
Jannat (haqligi) bayoni
Jannat ichida sakkizta daraja bor, agar Alloh lutfu karam qilsa, unga etgaysizlar. Alloh jannat uchun kimni tanlasa, unga amaliga yarasha (jannatdan) joy beradi. U erda hurlar, qasrlar, g'ilmonlar bor, yana aql hayron qoladigan necha lazzatlar bor.
Odamlar xayol qilgan har neki farog'at – rohat-halovat bor bo'lsa, jannat ahliga undan ortiqrog'i tegadi. (U mo''minlar) jannat erlarida abadiy qoladilar, g'am va g'ussadan (mangu) qutuladilar.
Hammasidan yaxshisi Allohning diydori lazzatidir. Ey G'affor – mag'firati cheksiz bo'lmish kechirimli Zot! Bizga ham u ne'matni nasib ayla!
IZOH. Ahli sunnat e'tiqodiga ko'ra, mo''minlar oxiratda Allohni ko'radilar, kofirlar ko'rmaydilar (Bayzoviy). “Barchadin yaxshi lazzati diydor” satriga dalil ushbu oyati karimalardir:
Qiyomat surasi, 22-23-oyatlar Ma'nosi: «Bir qancha yuzlar u kun Rabbilari (jamoli)ga boqib, yal-yal yashnab turguvchidir».
Yunus surasi, 26-oyat ma'nosi: «Yaxshilik qiluvchilar va go'zal harakat etuvchilar uchun yanada go'zalrog'i va ziyodasi (Allohning jamoli) bordir».
“Bu oyati karimadagi «ziyoda» so'zi Allohni (oxiratda) ko'z bilan ko'rmoq degan ma'noda tafsir qilingan” (Muhammad Zohid Qo'tqu ibn Ibrohim al-Bursaviy: «Ahli sunnat val-jamoat aqoidi», 1-kitob, s. 39).
Nasriy bayon va sharh muallifi:
Mirzo KYeNJABYeK.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
حدثنا الحسن بن علي بن عفان العامري نا أبو أسامة عن الأعمش عن شقيق قال: كنت جالسا مع عبد الله وأبي موسى وهما يتحدثان فقالا: قال رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم: ”إن بين يدي الساعة أياما يرفع فيهن العلم وينزل فيهن الجهل ويظهر فيهن الهرج والهرج: القتل.“
Shaqiq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Abdulloh va Abu Muso bilan birga o‘tirgan edim, ular gaplashayotgan edilar, bunday deyishdi: Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallam: “Qiyomat oldidan shunday kunlar bo‘ladiki, unda ilm ko‘tarilib, jaholat yog‘iladi, harj zohir bo‘ladi, harj – qatldir”, deganlar.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi