Shu munosabat bilan ushbu oliy ta'lim muassasasida tashkil etilgan tadbirda universitet kengashi qaroriga muvofiq janob elchiga ta'lim va ilm-fan rivojiga qo'shgan salmoqli hissasi uchun faxriy professor unvoni topshirildi.
Mehmet Sureyya Er ilmiy faoliyati davomida AQShning qator universitetlarida o'rta asrlar Usmonli turk qo'lyozmalarini tadqiq qilish borasida katta yutuqlarga erishgan. Matnshunoslik bo'yicha yuqori ilmiy qiymatga ega bo'lgan doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
U Turkiya hamkorlik va koordinatsiya agentligi (TIKA) Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlari boshqarmasi boshlig'i sifatida Markaziy Osiyo, xususan, O'zbekiston madaniyati, tarixi tadqiqi borasida katta tajribaga ega bo'lgan. Turkiya Respublikasining O'zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlanganidan so'ng o'zbek tilini qisqa muddatda mukammal o'zlashtirgani esa o'zbek xalqiga bo'lgan cheksiz ehtiromi namunasidir.
Mehmet Sureyya Erning tashabbuskorligi natijasida universitetning Turkiya oliy ta'lim muassasalari bilan aloqalari rivoji yangi bosqichga ko'tarildi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti Turkiyaning Anqara Hoji Bayram Vali universiteti, Istanbul Madaniyat universiteti, Marmara universiteti kabi nufuzli ta'lim muassasalari bilan o'zaro hamkorlik memorandumlarini imzoladi. Bugun ana shu hamkorlik natijasida ikki davlat oliy ta'lim muassasalari o'rtasida ilk bor xalqaro qo'shma magistrlik dasturi yo'lga qo'yildi. Bu O'zbekiston va Turkiya oliy ta'lim tizimidagi hamkorlikning yangi sahifasi sifatida tarixga kirdi.
Inson hayotida eng qimmatbaho ne’matlardan biri vaqtdir. U nihoyatda tez o‘tadi, biror narsaga bog‘lab, to‘xtatib, ortga qaytarib bo‘lmaydi. Har lahza inson umridan bir bo‘lakdir. Shuning uchun vaqtni samarali o‘tkazish, uni qadrlash har bir aqlli inson uchun juda muhim.
Har insonga bir umr berilgan. U yillar, oylar, kunlar, daqiqalar bilan hisoblanadi. Bir soat bekorga ketsa, umrimizdan bir qism bekor ketgan bo‘ladi. Ko‘pincha biz "ertaga qilib qo‘yaman", "keyinroq boshlayman" deya o‘zimizni aldab qo‘yamiz. Aniq reja asosida hayot kechirish, har bir kunni maqsadli va mazmunli o‘tkazish vaqtdan unumli foydalanishning asosiy yo‘lidir. Ilm o‘rganish, mehnat qilish, sog‘liqqa e’tibor qaratish, oila va yaqinlarga vaqt ajratish — bularning bari vaqtning to‘g‘ri taqsim qilinishi bilan bo‘ladi.
Tan olish kerak, zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va axborot oqimi vaqtimizni o‘g‘irlab, bizni chalg‘itmoqda. Lekin ayb o‘zimizda. Ba’zan keraksiz narsalarga soatlab vaqt sarflaymiz, keyin esa "vaqtim yetmadi" deb shikoyat qilamiz. Shuning uchun ham hayotda "nimalar muhim, nimalar esa vaqt sarflashga arzimaydi" degan savolga aniq javob topib olish lozim. Vaqtga e’tiborli inson – mas’uliyatli insondir. U har bir vazifani o‘z vaqtida bajaradi, orzulari sari qat’iyat bilan intiladi va hayotini nazorat qila oladi.
Islom dinida ham vaqtga alohida ahamiyat berilgan. Qur’oni karimdagi Asr surasida Alloh taolo asr (vaqt)ga qasam bilan insonning zararda ekani ta’kidlagan. Bu esa vaqtning beqiyos ekanini yana bir bor yodga soladi. Faqat iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan, bir-birlariga Haq (yo‘li)ni tavsiya etgan va bir-birlariga (mana shu Haq yo‘lida) sabr-toqat qilishni tavsiya etgan zotlargina najot topishi aytilib, ulgurib qolishga da’vat etilgan. Demakki, vaqtni to‘g‘ri sarflay olgan insongina yutuqqa erishadi. Hayotimizdagi har bir daqiqa – bebaho xazina. Undan oqilona foydalanib qolish kerak, azizlar.
Abdulvohid ISAQOV,
Namangan shahridagi
“Miryoqubboy Mirhakimboy”
jome masjidi imom xatibi