U kishi Abu Abdulloh Ahmad ibn Hanbal ibn Hilol ibn Asad ash-Shayboniy al-Marvaziy, so'ngra al-Bog'dodiydirlar. Onalari Marv shahridan u kishiga homiladorlik vaqtlarida chiqqanlar va 164 hijriy yilda Bog'dodda tug'ilganlar, shu erda voyaga etganlar.
Imom Ahmad ibn Hanbal rahimahulloh sunnatni jamlashga va uni yod olishga butun vujudlari bilan kirishdilar, natijada o'z asrining muhaddislarining imomiga aylandilar. U kishi Ko'fa, Basra, Makka, Madina, Shom va Yamanda bo'lganlar. Hadislarni Hoshim, Ibrohim ibn Sa'd, Sufyon ibn Uyayna va boshqalardan rivoyat qilganlar. Fiqhni Imom Shofe'iydan u kishi Bog'dodga kelgan vaqtlarida olganlar. Shofe'iyning bag'dodlik shogirdlari ichida eng kattasi bo'lganlar, so'ngra o'zlari mustaqil tarzda mujtahid bo'lganlar.
Imom Ahmad ibn Hanbal o'z yaqinlari orasida sunnati nabaviyani yodlash, uni to'qima hadislardan tozalash va ularni jamlash bilan ko'zga tashlandilar. Buning dalili sifatida qirq mingdan ziyod hadisni o'z ichiga olgan “Al-Musnad” kitoblarini ko'rishimiz mumkin. Ahmad ibn Hanbal rahimahullohga boshqalarda bo'lmagan quvvai hofiza berilgan edi. Abu Zar'a aytadilar: “Ahmad ibn Hanbal vafot qilgan kuni men u kishidan qolgan kitoblarini chamalab ko'rsam, roppa-rosa o'n ikki haml chiqdi (bir haml 249,6 kg.), mana shularning hammasini u kishi yoddan bilar edilar. Ahmad ibn Hanbalning o'g'illari Abdulloh aytadilar: Otam menga: “Vaki'ning kitobidan xohlaganingni tanlab ol va undagi xohlagan hadisni so'ragin, men uni isnodini senga aytib beraman, yoki xohlagan isnodni so'ragin, men undagi hadisni aytib beraman”, dedir edilar. U kishi o'z zamonasining g'oyatda taqvoli va zohid kishisi edilar. Imom Shofe'iy rahimahulloh aytadilar: “Men Bog'doddan chiqib ketdim va ortimda Ibn Hanbaldan ko'ra faqihroq, taqvodorroq, zohidroq va olimroq kishi qolmadi”.
Ahmad ibn Hanbal xalifalar Ma'mun, Mu'tasim va Vosiq zamonlarida boshlaridan ko'p mashaqqatli sinovlarni o'tkazdilar. U kishini Qur'onni maxluq deyishga majburlashdi, ammo u kishi bundan bosh tortdilar. Bu azoblar u kishini qat'iyatliklarini sindira olmadi va shu sababli Islom ummatining buyuk yo'lboshchisiga aylandilar. Agar Ahmad Ibn Hanbal biror kishi haqida: “Bu juda yomon odam desalar, xaloyiq u kishini hattoki janozasiga ham bormas edi, agar biror olim haqida: “Bu juda ham yaxshi inson”, desalar odamlar ham u olimni sevib hurmat qilishar edi.
Ahmad ibn Hanbalning o'z e'tiqodlariga sodiq va sobit bo'lishlari boshlariga tushgan va musulmonlarning boshidagi g'am tashvishni bartaraf bo'lishiga sabab bo'ldi. Ibn al-Madiniy aytadilar: “Alloh taolo islomni ikki kishi bilan quvvatlantirdi: birinchisi, arablar dindan qaytib murtad bo'lgan kunda Abu Bakr Siddiq bilan quvvatlantirgan bo'lsa, ikkinchisi, Qur'onni maxluq deyilgan musibatli kunda Ahmad ibn Hanbal bilan quvvatlantirgan.
Kur'onni maxluq demaganliklari uchun Ahmad ibn Hanbalga xalifa Mu'tasim tomonidan darra urdirilgan. Darra urgan xodim aytadi: “Allohga qasamki, Ahmad ibn Hanbalni urgan darajada agar tuyani urganimda u o'lgan bo'lar edi”. Ahmad ibn Hanbalga darra urilganidan keyin o'sha davrda yashagan tariqat peshvolaridan bo'lmish Bishr al-Hofiyga: “Siz Ahmad gapirgan gaplarni gapira olasizmi? deyishganda, u: “Yuk, men unday qilishga qurbim etmaydi, Ahmad hozir payg'ambarlarning maqomida turibdi”, - degan.
Bir kuni u kishini yonlariga Al-Marvaziy keldilar va: “Ey ustoz! ular Sizni kaltaklashga olib kelishdi, axir Alloh taolo Qur'onda “O'zlaringizni o'ldirmangiz!” degan-ku (ya'ni, o'zingizni halokatga tashlab kaltak ostida qolgandan ko'ra Qur'onni maxluq deb qo'yaqolsangiz bo'lmaydimi?” - dedilar. Shunda Ahmad ibn Hanbal al-Marvazifga: “Tashqariga chiqib qara”, dedilar. Al-Marvaziy aytadilar: “Tashqariga chiqib xalifaning hovlisiga qarasam, u erda tumonat odam to'plangan bo'lib, har birining qo'lida qalam va qog'oz bor edi. Men ulardan: “Nima qilayapsizlar?” - deb so'radim. Ular: “Biz Ahmadni og'zidan chiqadigan gapni kutib turibmiz, nima desalar, shuni yozib olmoqchimiz, - deyishdi. Keyin men Ahmadni oldilariga bordim va bo'lib o'tgan gapni aytdim. Shunda menga qarab: “Ey al-Marvaziy, ular zalolatdamilar? Yuq, hech qachon, men o'lsam o'laman, lekin ularni zalolatga boshlamayman”, - dedilar. Al-Marvaziy aytadilar: “Ahmad Allohni yo'lida o'z jonini tikkan kishidir”.
Halifa Al-Mutavakkil davrida mazkur sinovlarga barham berildi. Halifa tomonidan Ahmad ibn Hanbalga izzat-ikrom ko'rsatildi, mol-dunyo hadya qilindi. Lekin shunga qaramay Ahmad ibn Hanbalga nisbatan Alloh taolo bandaning jismida o'rnashgan, Alloh taolo mujassam zot, Alloh biror bir jihatga mansub, degan e'tiqodni ilgari suradi kabi tuhmatlar davom etdi. Harflar va ovozlar qadimdan mavjuddir, degan aqidani ham u kishiga nisbat berishgan. Lekin bu gaplarning hammasi yolg'on. Ahmad ibn Hanbal bu masalalarda salaf ulamolarining mazhablaridan yurib, masalalarni asl mohiyatini Allohning o'ziga havola qiladilar, uni ta'vil qilishdan (ya'ni, o'zlaricha ma'no berishdan) tiyiladilar. Masalan, “Istivo” (ya'ni qasd qilish) “yad” (ya'ni qo'l) va “uluv” (ya'ni oliy bo'lish)larni Allohning sifatlari deb bilib, Allohni har qanday aybu-nuqsondan poklash maqsadida ularning kayfiyatlarini noma'lum deb e'tiqod qilganlar.
HANBALIY MAZHABINING TUZILIShI
Ahmad ibn Hanbalning ijtihod usullari Shofe'iyning ijtihod usullariga juda yaqin. Chunki u kishi fiqhni Shofe'iydan olganlar.
Ibn al-Qayyum o'zlarining “A'lomul muaqqe'iyn” kitoblarida aytadilarki: “Ahmad ibn Hanbalning fatvolari quyidagi usullarga asoslangan:
Imom Ahmad ibn Hanbal rahimahulloh 241 hijriy yilda Bag'dodda vafot qildilar.
AHMAD IBN HANBALNING IZDOShARINI OZLIGI VA UNING SABABI
Ahmad ibn Hanbalning mazhablarini o'ziga xos jihati shuki, asosan rivoyatga mahkam suyanadi, fatvo berishda shari'at nususlaridan (ya'ni Qur'on va sunnat) yoki sahobiylardan vorid bulgan narsalardan chetga chiqmaydi. Ahmad ibn Hanbal mazhablarida ijtihodiy masalalarda fikr bildirish va qiyosga amal qilinganligini kamdan-kam uchratish mumkin. Bu haqda yuqorida u kishining mazhablarini tuzilish usuli bobida ko'rib o'tdik.
Imom Ahmad va u kishidan keyin kelgan izdoshlarini qiyosga keng yo'l bermasligi ikkinchi tomondan ularda nususlarni va sahobalarning gaplarini jamlashlikka bo'lgan qiziqishlarini ortishiga sabab bo'ldi. Bu esa, o'z-o'zidan fiqh bilan shug'ullanuvchilar uchun keng yul ochib berdi. Bu narsalarni hozirgi asrimizda ham yaqqol ko'rishimiz mumkin. Chunki hozirgi kunda islomiy qonunlarni ishlab chiquvchi kishilar biror bir masala hususida nassga muhtoj bo'lib qolsalar yoki odamlarni birorta ishlarini hal qilib berishda qiyinchilikka uchrab qolsalar, darhol Imom Ahmadning mazhablariga murojaat qilib, undan yo'l axtaradilar, ya'ni undagi rivoyatlardan foydalanadilar. Masalan, bir lafz bilan uch taloq aytilganda bir taloq tushishi borasida fatvo berayotgan shar'iy mahkamalar, fatvo hay'atlarining dalillari asosan, Hanbaliy mazhabi ulamolaridan bo'lmish Ibn Taymiya va Ibn al-Qayyumning rivoyatlariga tayanadilar.
Ahmad ibn Hanbalning izdoshlari to'rtinchi asrda Bog'dodda juda ham ko'p bo'lganlar, shuning oqibatida ular kuch-quvvatlarini o'z mazhablarini kuchaytirishga sarfladilar. Shariatga xilof deb topgan har bir ishlarida odamlarga qarshi chiqib, dag'allik bilan muomala qila boshladilar. Dindagi qattiqko'lliklarini qo'llashlikda omni xosdan ajratmadilar, balki ustiga ustak Bog'doddagi Shofe'iy mazhabidagi kishilarga ham qarshi chiqishgacha borib etdilar. Ularga aziyat etkazishliqda xaddan oshishlari natijasida Bog'dodda odamlarni ham, hokimlarni ham darg'azab qiladigan fitnani yuzaga keltirdilar. Oqibatda xalifalar ularga qarshi qo'zg'aldilar. Ularni tutgan yo'llarini yomonladilar. Boshqalarga qarshi qilayotgan qattiqqulliklaridan qaytmaganlariga tahdid qildilar. Ahmad ibn Hanbalning izdoshlari tomonidan sodir etilgan bunday harakatlar ularning jumud, ya'ni fikr doiralari tor va qotib qolganligidan dalolat berar edi va bu odamlarni unday kishilardan nafratlanishlariga sabab bo'ldi.
O'zlarini Hanbaliy mazhabida ekanligini da'vo qiladigan ba'zi kishilar tomonidan bildiriladigan fikrlarda mutashaddidlik (qattiqlik) kayfiyati sezilib turganligi uchun mazhabning asl mohiyatini tushunib etmagan ba'zi avom xalqning nazarida hozirgi kunda ham ushbu mazhabga nisbatan o'ziga xos tushuncha saqlanib qolgan. Aslida esa, Ahmad ibn Hanbalning mazhablari dindagi engillikni va har qanday aybu-nuqsonlardan pok bo'lgan shari'atning oynasi ekanligini yorqin misolidir. Mazhabning imomining o'zi uning mazhabiga nisbatan aytilgan gaplarni yolg'on ekanligiga kafildir.
Ahmad ibn Hanbalning mazhablariga ergashuvchilarning ozligiga yana bir sabab, Muhammad ibn Sa'ud davriga qadar bu mazhabga birorta ham hukumat taqlid qilmagan. Ayyubiylar hukumati Misrda Shofe'iy mazhabini tarqatishga xizmat qilgani kabi, Hanbaliy mazhabini rivojlanishiga birorta ham hukumat xissa qo'shmagan. Shu tariqa bu mazhab Islom diyorlarida juda ham tor doirada, unga ergashuvchilarning soni ozligicha qolavergan. Nihoyat, Hijozda Saudiya hukumati barpo bo'lganidan keyingina ba'zi siyosiy omillar sabab bu mazhab o'sha erda qaror topdi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
raisining birinchi o'rinbosari
Homidjon Ishmatbekov
Qirol Abdulaziz nomidagi Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirq oltinchi xalqaro tanlovning saralash bosqichi 7 avgust kuni Makka shahridagi musobaqalar o‘tkaziladigan joyda 133 davlatdan 334 nafar ishtirokchi (erkak va ayollar) ishtirokida boshlandi.
IQNA "Minbar" gazetasiga tayanib xabar berishicha, Qirol Abdulaziz nomidagi Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirq oltinchi xalqaro tanlovning saralash bosqichi bir kun avval Makkadagi musobaqalar o‘tkaziladigan joyda boshlangan va final bosqichini Masjidul Haromda o‘tkazish uchun zamin tayyorlagan.
Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va hidoyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirning saralash bosqichida hakamlar hay’atlari eng yuqori aniqlik va shaffoflik standartlariga rioya qilgan holda, Qur’on tilovati uslublari va qoidalariga ixtisoslashgan taniqli xalqaro hakamlar guruhi nazorati ostida erkak va ayol ishtirokchilarning chiqishlarini tinglab, final bosqichiga kimlar o‘tishini aniqladi.
Tanlovning joriy bosqichi 133 mamlakatdan 334 nafar ishtirokchi (erkak va ayollar) ishtirokida o‘tkazilmoqda, ular besh toifa: "Shatibiya" usuli bo‘yicha yetti xil qiroat asosida Qur’oni Karimni to‘liq yodlash (qiroat va nazariy bilimlarni, shuningdek, tajvid qoidalarini a’lo darajada bajarish va rioya qilishni o‘z ichiga oladi); a’lo darajada ijro etish, tajvidga rioya qilish va so‘zlarni sharhlash bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket o‘n beshta juzni yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket beshta juzni yodlash bo‘yicha bellashmoqda.
Vazirlik ushbu global qur’oniy tadbirning muvaffaqiyatini ta’minlash uchun elektron hakamlik tizimini joriy etish, ishtirokchilarni baholashda adolat va aniqlikni ta’minlash uchun tashkiliy va keng qamrovli platformani yaratish, shuningdek, ularga turli xil xizmatlarni taqdim etish kabi barcha imkoniyatlarini ishga solishda davom etadi.
Qirol Abdulaziz nomidagi xalqaro musobaqa dunyodagi eng yirik Qur’on musobaqalaridan biri hisoblanib, uning umumiy pul mukofotlari miqdori 10 million saudiya rialidan oshadi.
Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, "Sayyid Muhiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda "Xadichai Kubro" qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari himoya qilishi haqida avval xabar berilgan edi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati